Korrupsiyaga qarshi kurash — tizim barqarorligi garovi

Xalq banki Qashqadaryo viloyat mintaqaviy markazida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish va xodimlar mas'uliyatini oshirishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi. Tanqidiy va tahliliy ruhda o'tgan davra suhbatida sohadagi islohotlar samaradorligi barobarida, tizimda uchrayotgan kamchiliklar va ayrim “og'riqli nuqtalar”ga alohida e'tibor qaratildi.

Korrupsiya illatining salbiy oqibatlari haqida to'xtalar ekan, Xalq banki Qashqadaryo viloyat mintaqaviy markazi rahbari K.Nurxonov xodimlar mas'uliyatiga alohida to'xtalib o'tdi. Bank tizimida birinchi navbatda halollik va qonuniylik faoliyatning bosh mezoni bo'lishi shart.

Shuningdek, muloqot davomida mamlakatimizda 2017 yildan buyon izchil amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi islohotlar, xususan, Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunning ahamiyati xususida so'z yuritildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda bank tizimida “ISO 37001” xalqaro standarti asosida komplaens-nazorat faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, bu korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirishda hamda oldini olishda muhim omil bo'lmoqda. Shuningdek, manfaatlar to'qnashuvini tartibga soluvchi mexanizmlar ham amaliyotga joriy etilgan.

Bank tizimida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda masofaviy va tezkor qayta aloqa kanallari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “1106” qisqa raqami va raqamli platformalar orqali kelib tushayotgan xabarlar tezkorlik bilan o'rganilib, ijrosi qat'iy nazoratga olinmoqda. Bu esa sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim bo'g'in bo'lib xizmat qiladi.

Viloyat prokuraturasi vakili B.Po'latov bank-moliya sohasida qonuniylikni mustahkamlashning dolzarb jihatlariga e'tibor qaratdi. U bank xizmatlari ko'lami kengayayotganini e'tirof etar ekan, sohadagi ayrim tizimli kamchiliklarni ham tanqidiy tahlil qildi.

— Shuni unutmaslik kerakki, talon-toroj qilingan har bir so'm — xalqning mulki. Bunday holatlarga nisbatan barchamiz birdek murosasiz bo'lishimiz shart, — dedi prokuratura vakili.

Muloqot davomida Yakkabog' bank xizmatlari markazida kuzatilgan mansab vakolatini suiiste'mol qilish holati keskin tanqid ostiga olindi. Qayd etilganidek, ortiqcha qog'ozbozlik va mijozlarni sarson qilish kabi sun'iy to'siqlar korrupsiya uchun qulay sharoit yaratadi. Bu kabi holatlarga chek qo'yish maqsadida xizmat ko'rsatish jarayonlarini soddalashtirish va tizimni raqamlashtirishni jadallashtirish eng dolzarb vazifa sifatida belgilandi.

Davra suhbati yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqiy savodxonlikni oshirish, faoliyat ochiqligini ta'minlash hamda halol mehnat qilayotgan mutaxassislarni rag'batlantirish tizimini kuchaytirish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Xalq banki Axborot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 19 =