Ilm maskanida bahor shukuhi

Aprel oyi oxirlab qolayotgan bo'lsa-da, yurtimizda Navro'z shukuhi, zavqi hanuz sezilib turibdi. Tabiat go'yo yangi nafas olgandek, ko'kalamzorlar yana gul-gul yashnab, kun-kunora tabiat o'zining bahoriy yomg'irlari ila siylamoqda. Bahor — yashillik, yashnash, ezgulik, mehr-oqibat va birlik fasli. Ana shunday chiroyli va jo'shqin kayfiyatda kuni kecha poytaxtimizdagi Toshkent menejment va iqtisodiyot institutida Navro'z shodiyonasi yuqori saviyada, o'ziga xos tarzda nishonlandi.

Bayram tadbiri Prezidentimizning 2025 yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori asosida tashkil etildi. Oliy ta'lim maskanidagi tadbir “Navro'z bayrami — bahoriy zavq va an'analar birlashuvi” shiori ostida o'tkazildi.

Go'zal bahoriy tantanani institut rektori Hojiakbarxon Ahmedov ochib, Navro'zning tarixi va mazmuniga qisqacha to'xtaldi. Barcha ustozlar, talabalar va mehmonlarni shukuhli bayram bilan qutladi. Ezgu tilaklar qatnashchilarda ko'tarinki ruh, iftixor va Vatanga bo'lgan mehr-muhabbat tuyg'usini yanada oshirdi.

Bayram dasturi davomida taniqli san'atkorlar va institutning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan milliy raqslar, kuy-qo'shiqlar, sahna ko'rinishlari taqdim etildi. Bu chiqishlar orqali yurtimizning turli hududlariga xos milliy urf-odatlar, liboslar, qadriyatlar, rang-barang taomlar va xalq an'analari namoyish etildi.

Tadbirda turli vazirlik va tashkilotlardan nufuzli mehmonlar ham ishtirok etdi. Xususan, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, Oliy Majlis Senati a'zosi Shavkat Ayupovning tashrifi institut pedagogik jamoasini, talaba-yoshlarni to'lqinlantirib yubordi. Bu e'tibor barcha ishtirokchilarga chuqur ruhiy ko'tarinkilik baxsh etdi.

E'tiborlisi, bayram doirasida talabalar o'rtasida turli sohalar bo'yicha tanlovlar tashkil etilgan bo'lib, g'oliblar institut rektori tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Bu talabalarni yanada faol va bilimli bo'lishga, o'z ustida ishlashga undashiga shubha yo'q.

Navro'z — bu faqat bayramgina emas, u yurtga, insonga, tabiatga bo'lgan hurmat va muhabbatni yanada oshiruvchi qadriyat. U ezgulikka, do'stlikka, yaxshilikka chorlaydi. Ana shu bois ham bu ayyom yurtimizda yildan-yilga keng nishonlanmoqda, uning ruhi va mohiyati xalqimiz hayotida tobora chuqurroq o'rin egallab bormoqda.

Institut jamoasi, talaba-yoshlar, mehr-oqibat va ezgulik ayyomini nishonlash bahonasida miriqib dam olishdi, bir-birlariga eng ezgu tilaklar, yorug' niyatlarini bildirdilar.

Darhaqiqat, nafosat va yangilanish shodiyonasi — Navro'z faqat bahorni sevinib qarshi olish emas, balki, birdamlik va hamjihatlikni yanada oshiruvchi mo''tabar meros. Shunday go'zal kayfiyat, shodu xurramlik ila aytiladigan pokiza niyatlar yurtimizdagi har bir xonadonga, har bir inson qalbiga yuz tutaversin!

Sodirjon YaKUBOV,

Toshkent menejment va iqtisodiyot

instituti professori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 2 =