Ezgulik urug'lari
Xalqimizda “Yaxshidan bog' qoladi” degan hikmatli maqol bor.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Sergeli tumani, “Xontepa” mahallasida “Vatan bog'lari” shiori ostida hashar-seminar uyushtirildi. Hashar-seminarda vazirliklar, idora va tashkilotlar hamda tuman hokimliklarining davlat tili bo'yicha maslahatchilari ishtirok etdi.
— Obrazli zaylda aytsak, bugun ezgulik urug'ini tuproqqa ekayapmiz. Zero, kun kelib bu nihollar shovullab barg yozganida, o'sib kelayotgan avlod bu bog'ni ko'rib ibrat olsa, ezgu ishlar qilishga ruhlansa, biz maqsadimizga yetgan bo'lamiz. Bu bog'ning nomini “O'zbek tili” bog'i deb nomlashni ham niyat qildik. Bu bog' tafakkur bog'i bo'ladi! Chunki biz bilamizki, birgina so'zning sehri qalblarni o'zgartirishga qodir. Ayniqsa, yoshlarimizda ona tilimizni asrab-avaylash tuyg'usini shakllantirishni dolzarb masala deb bilaman, — dedi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Jonuzoqov.
“Kimki yerga umid bilan bir nihol qadabdi, o'ziga bardavom yaxshilik qilibdi”, deydi mashoyixlar. Bu ekilgan nihollar bilan birga qilingan ezgu duolar, yorug' niyatlar ham tobora ko'kka bo'y cho'zaveradi.
— Kun kelib farzandlarimiz “O'zbek tili” bog'iga boramiz, deya qo'l ushlashib kelishsa, qanday baxt! Bu bog'da milliy tilimizni ulug'lovchi iqtiboslarni ko'rishsa, atoqli o'zbek adib va shoirlarining jonajon Vatanimizga, ona tilimizga atalgan hikmatli she'rlarini o'qishsa, bu ularning qalbida Vatanga, ona xalqimizga, milliy tilimizga bo'lgan sadoqat, muhabbat tuyg'ularini ham tarbiyalashi shubhasiz, — dedi hashar-seminarda faol ishtirok etgan Toshkent shahar hokimining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi Akmaljon Ro'zitoyev.
Vatan tuprog'iga ekilgan ezgulik urug'lari ertaga ma'naviyat, ma'rifat bog'iga aylanib, yashillik asnosida tafakkur ziyosini ham taratishiga ishonamiz.
Ozoda BEKMURODOVA,
jurnalist.