Inson qalbining muhandislari

15 aprel — Madaniyat va san'at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo'lib o'tdi

Dunyoda kasblar ko'p. Har biri hayotda o'z o'rni va ahamiyatiga ega. Shifokor bemorni shirin so'z va malhami ila davolasa, madaniyat va san'at xodimlari inson qalbini o'z san'ati ijodi bilan davolaydi. Bejizga Prezidentimiz ijod ahlini “Inson qalbining muhandislari”, deya ta'riflamaganlar.

Zero, madaniyat va san'at ahli odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, ular qalbida olijanob fazilatlar, go'zal his-tuyg'ularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, do'stlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham azal-azaldan xalqimiz ijodkorlarga, san'atkorlarga juda katta hurmat va ishonch bilan qaraydi. Ayniqsa, so'nggi yillarda soha vakillariga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik har qachongidan ham yuksak, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.

15 aprel — Madaniyat va san'at xodimlari kuni munosabati bilan “Zo'r-TV”ning  “Renessans holl” zalida soha xodimlari uchun bayramona dastur bo'lib o'tdi. Unda Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov soha xodimlarini bayram bilan tab­rikladi.

“Barcha sohalar qatori madaniyat sohasida ham raqobat tobora kuchayib bormoqda. Inson ongi, hissiyotlari uchun kurash ketmoqda. Qadriyatlarga ta'sir o'tkazishga, uni o'zgartirishga urinishlar bo'lmoqda. Shunday murakkab bir davrda aynan madaniyat va san'at sohasi qalb himoyachisi, tafakkur himoyachisi, qadriyatlar himoyachisi bo'lib katta maydonda o'zini ko'rsata olishi kerak. Boshqacha aytganda, xalqning uyg'oqligi bevosita madaniyatga, ma'naviyatga bog'liq. Shu ma'noda, jamiyatimizda ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, millatlararo do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarimizni vatanparvar va fidoyi qilib tarbiyalash masalalari barchamiz uchun dolzarb vazifadir”, – dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o'z nutqida.

Madaniyat vazirligi tomonidan jabhada fidokorona mehnat qilayotganlarni rag'batlantirish maqsadida “Madaniyat va san'at fidokori” ko'krak nishoni ham ta'sis etilgan bo'lib, 2023 yil davomida (yil davomidagi bayramlar arafasida) 250 nafarga yaqin soha fidokorlari ushbu ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.

– Ma'lumki, madaniyat va san'at sohasiga qaratilayotgan alohida e'tiborning yorqin ifodasi o'laroq, 2021 yil 7 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O'zbekiston Respublikasi madaniyat va san'at  xodimlari kunini belgilash to'g'risida”gi qarorga imzo chekildi. Ya'ni, xalqimiz hayotining yanada fayzli, maroqli o'tishi yo'lidagi sa'y-harakatlarda eng faol, fidoyi, kasbiga sadoqatli insonlar munosib e'tirof, e'zozga sazovor  bo'lishdi. Xususan, turli shodiyonalarda, kasb bayramlarida hamda xalqimizning bo'sh vaqti mazmunli o'tishini ta'minlaydigan turfa xil madaniy-ma'rifiy tadbirlarda xizmatda turadigan madaniyat va san'at xodimlarining ham o'z bayramlarini nishonlashlariga shart-sharoit yaratildi, – dedi O'zbekis­ton xalq artisti Farrux Zokirov.

Bu yil uchinchi bor nishonlanayotgan mazkur sana munosabati bilan  50 nafarga yaqin madaniyat va san'at fidoyilari “Madaniyat va san'at fidokori” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Tadbir davomida bayramona konsert dasturida taniqli madaniyat va san'at xodimlari o'z chiqishlari bilan yig'ilganlarga madaniy hordiq va bayramona kayfiyat ulashdi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three − two =