Olmosning komil farzandi

Turnako'z buloqlaring,

huzurbaxsh quchoqlaring,

Qor arimas tog'laring maftuniman,

Olmosim!

Mevalarim bol desang,

mendan ilhom ol desang,

Og'ushimda qol desang,

mumkinmikan qolmasim?!

 

Shoir, taniqli jurnalist, jamoat arbobi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Ermuhammad Nurmatov o'zi tavallud topgan, o'sib-ulg'aygan, Serquyosh O'zbekistonimizning bebaho durdonasi, so'lim va go'zal go'shalaridan biri Olmos qishlog'ini ijodiy asarlarida jo'shib kuylaydi. Olmosning bir tomoni o'rkach-o'rkach tog'lar, qir-adirlar bilan tutashib ketsa, ikkinchi tomoni yam-yashil dalalar, o'tloqlar, ming dardga davo mevali bog'lar bilan burkangan, toza havosi ila mashhur maskandir. Qishloqning qoq o'rtasidan Olmossoy oqib o'tadi. go'zal tabiat qo'ynida qad rostlagan bu qishloq odamlari yuzlari tiniq, bag'rikeng, mufarrih, mard, bir so'zli kishilardir. Bobo-momolarimizning aytishlaricha, qishloq qizlari farishtaday bo'lib, o'zga qishloqlarga uzatilmas ekanlar. Bu gapda ham jon borki, go'yo Olmosdan tashqariga uzatilganlardan dunyoga keladiganlarning chiroyiga, nasl-nasabiga putur yetar emish.

Olmos qishlog'ining tabiati betakrorligi ijod ahliga ham cheksiz ilhom bag'ishlaydi. O'zbekiston Qahramoni, yozuvchi Said Ahmad ham o'z asarlarida Olmosning ta'rif-tavsifini tilga olib o'tgan. Mashhur yozuvchi, jurnalist Yo'ldosh Shamsharov, shoir Ermamat Nurmatov, O'zbekiston xalq artisti Zanjirali Mirzatov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Nasiba Qambarova va boshqa nomdor kishilar shu go'zal maskanning farzandlaridir.

Olmos qishlog'ining bahor oylari ham o'ta fayzli bo'ladi. Hali baland tog'lar cho'qqisidagi qorlar erib ulgurmagan, ko'zni qamashtiradi. Tog' yonbag'irlaridagi qir-adirlar ko'm-ko'k maysalarga burkangan. Ariq bo'yidagi yalpizlar, jiydalar gulining dillarni yayratuvchi bo'yi kishiga huzur bag'ishlaydi. Majnuntollar sochlarini taram-taram yoyib, Olmossoyga bosh qo'ygan-u, sir-asrorlarini ma'yus so'zlashayotganday.

Karimjon o'rta maktabni bitirib, oliy o'quv yurtiga birinchi qadamini qo'ygan ilk kunlardanoq qishlog'idagi maktabda o'qituvchilik qiladi. Maktab o'quvchilari bilan hamohang ularning ota-onalari o'rtasida ham hurmat qozonishga erishgan. Mehnatlari evaziga sazovor bo'lgan bunday ehtiromlar haqida o'ylab, maktab darvozasidan kirib kelganini ham sezmay qoldi. Salom-alikdan so'ng sinfxonaga yo'l oldi. Bugun ham darsni amaliy misollar bilan qiziqarli olib bordi. Tanaffus qo'ng'irog'i chalinishi bilan maktab direktorining kotibasi shitob bilan yugurib keldi-da: “Domla, ayamiz ko'zi yorib, o'g'il ko'ribdilar, muborak bo'lsin!” — deya uni tabrikladi. Karimjon o'z xursandchiligini yashirmay shoshib  tug'uruqxona tomon jo'nadi. Doya qizlar: “Karimjon domla, o'g'il muborak bo'lsin, suyunchisini cho'zavering!” deya hazil-huzul qilishdi. Atab qo'yganiga qo'shib, turmush o'rtog'i Hidoyatxonga sog'liq tilagan xatini ham doya qizlar orqali kiritib yubordi. O'zi esa ota-onasi huzuriga oshiqdi. Chaqaloq tantanali kutib olindi, rasm-rusumlar boshlandi. Padari buzrukvori Rayimjon ota Karimjonga esh-qo'sh, komil inson bo'lsin deya nabirasiga Komiljon ismini qo'ydi.

Komiljonning dunyoga kelishi qutlug' bo'ldi, birin-ketin uka-singillar tug'ilib, serfarzand oilaga aylandi. To'ng'ich farzand ulg'ayib maktabga bordi, maktabni “oltin medal” bilan bitirdi. Maktab o'quvchiligidanoq “Men ham gazetada ishlayman, radio va televidenieda gapiraman”, degan orzusi bilan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirdi. Diplomni olishi bilanoq harbiy xizmatga chaqirildi. Yigitlik burchini ham a'lo darajada bajarib, Toshkentga qaytdi. Olmosga ishga joylashgandan so'ng borish maqsadida talabalik amaliyotini o'tagan televidenie rahbariyatiga uchrashdi. Bo'sh o'rin yo'qligi uchun uni radioga yuborishdi…

…1976 yilning may oyi. Tahririyatda o'sha davr tinglovchilarining nazariga tushgan “O'zbekiston ishchisi” radiojurnalining navbatdagi soni muhokama qilinmoqda. Xona eshigidan ohista mo'ralab, bir yigit xijolatli ko'rinishda kirib keldi. Suhbat bo'linmasligi uchun uni bo'sh o'rindiqqa ishora qildim. Askar kiyimidagi yigit bizning bahs-munozaralarimizni diqqat bilan tingladi. So'ng unga yuzlandim. Oq-sariqdan kelgan yigitning yelkasidagi harbiy pogoniga ko'zim tushdi, katta leytenant. Kamina hayron bo'lganimni sezib, gap boshladi:

— Men Komiljon Karimjonov bo'laman. ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika bo'limini bitirib, harbiy xizmatda bo'ldim. Rossiyaning Chita viloyatida rota komandirining o'rinbosari, shtab boshlig'ining yordamchisi bo'lib xizmat qildim. Xizmat sabab Gruziya, Armaniston, Ozarbayjonda ham bo'lish nasib etdi.

— Juda yaxshi, o'zingiz haqingizda ma'lumot berdingiz, endi maqsadga o'ting, — dedim.

— Aslida, amaliyot o'tagan televidenieda ishlamoqchi edim. Rahbariyat avval radioda ishlab turing, so'ng ko'ramiz deyishdi-da, Sizga yuborishdi, — dedi u.

Hayolimdan: “Rahbariyat bu yigitni tahririyatimizga katta maqsad bilan yuborgan bo'lishi mumkin. Chunki tahririyatimizda ko'plab shogirdlar yetishtirgan tajribali Boris Itkin, Muzaffar Saidov, Abdukarim Abduazimov, Stella Slivkina singari ustoz jurnalistlar ishlashiga ishonib yuborishgan”, degan fikr o'tdi.

— Mayli, ukajon, avval ishimizni o'rganing, radioning studiya hamda montajxonalari bilan tanishing. Bizga ham, sizga ham ma'qul bo'lsa, ishlashingiz mumkin. Hozircha dam oling, Toshkentni tomosha qiling. Eshigimiz ochiq, — dedim-da, tanishuvga nuqta qo'ydim. Lekin bu yigit bilan atroflicha tanishib chiqishga harakat qildim. Asli Namanganning Olmos qishlog'idan ekanligi, ziyoli oilada tarbiya topganligi, jurnalistika sohasiga havasi balandligini e'tiborga olib, yo'q joydan ish o'rni ochib, safimizga qabul qildik. Matn yozish, reportyor bilan hamsuhbatlarning ovozini magnit tasmasiga muhrlash, montaj va studiyada ishlash sirlarini puxta egallash ustida tinimsiz harakat qildi. Ustozlar ko'magida asta-sekin radiojurnalistikaning sir-asrorlarini egallay boshladi. O'sha davrning muhim ob'yektlaridan suhbat va reportajlar uyushtirishda safimizdan o'rin egalladi. Harbiy xizmatda rus tilini puxta bilib olganligi unga qo'l keldi. U sanoat korxonalari, temir yo'l tashkilotlari, Angren, Olmaliq, Navoiydagi kimyo hamda elektroenergiya kombinatlaridan eshittirishlar tayyorladi.

1985 yil. Kamina radioning dasturlar direksiyasidan “So'nggi axborot” tahririyatida ishlayotgan kezlarim edi. O'sha kunlarning birida Komiljon xonamga kirib, o'zining galdagi rejalari haqida gapira boshladi:

— Ustoz, bergan yordamlaringiz, shu muqaddas dargohda oilali bo'lganim uchun, avvalo, Sizga, jamoa a'zolariga minnatdorchiligimni aytaman. Yana ko'mak so'rab huzuringizga kirdim. Televideniega ishga o'tishimga yordam bersangiz, — dedi.

— Televideniening qaysi tahririyatini rejalayapsiz?

— “Axborot”ni.

— Bu tahririyat o'ta tezlikni talab qiladi, qiynalib qolmaysizmi? — deya savol berdim.

— Yaxshi niyat bilan “Axborot”ni mo'ljallayapman.

—“Axborot” ijodkorni charxlaydi, tezlikka, zudlik bilan tahliliy xulosa chiqarishga o'rgatadi. Mayli, uning rahbari Anvar aka Tojiyev bilan gaplashaman, — dedim-da, ichki telefondan u kishiga qo'ng'iroq qilib, maqsadimizni aytdim.

— Komiljon tayyorlayotgan eshittirishlarni tinglab turaman. Istagi bo'lsa, uchrashsin, — degan javobni oldim. Komiljonga o'gitlar berib, televideniega kuzatib qo'ydim.

Komiljon ko'p o'tmay, telejurnalistlar bilan bahslasha oladigan darajaga yetdi. “Axborot”ning har tomonlama bilimdoni sifatida mas'uliyatli siyosiy yig'ilishlardan ko'rsatuvlar tayyorlay boshladi.

1991 yilning 31 avgust kuni O'zbekiston Oliy Sovetining navbatdan tashqari sessiyasida Birinchi Prezident tomonidan Davlat mustaqilligi e'lon qilinganligi to'g'risidagi mas'uliyatli ko'rsatuv ham Komiljon Karimjonov tomonidan tayyorlandi. Uning dadilligi, tezkor jurnalist bo'lib yetilganligiga o'sha kuni guvoh bo'lganman. Komiljon mikrofon bilan shaxdam qadam tashlab, davlat rahbarining yoniga ko'tarildi. Hayajonlanmasdan mamlakatning ichki va tashqi siyosati, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining asosiy yo'nalishlari bilan bog'liq savollar berdi. Birinchi Prezident bu savollarga javob berarkan, aniq va puxta o'ylangan rejalar haqida batafsil ma'lumot berdi.

Bunday yo'nalishdagi chiqishlar uning faoliyatida ko'p bo'lgan. Xususan, O'zbekistonimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarning rasmiy uchrashuvlari haqidagi ko'rsatuvlari ko'pchilikning e'tirofiga sazovor bo'lgan.

Ayniqsa, o'sha yillarda bunyod etilgan Navoiy – Uchquduq – Miskin – Nukus, Toshg'uzor – Boysun – Qumqo'rg'on, Angren – Pop singari ulkan temir yo'llarning barpo etilishi, uning azamat quruvchilari va mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotida muhim sanalgan boshqa inshootlarning bunyodkorlari haqidagi ko'rsatuvlari O'zbekiston televideniesining oltin xazinasidan joy olgan.

Komiljon Karimjonovning mehnatlari har tomonlama munosib baholandi. 2005 yili unga “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoni berildi.

Olmos qishlog'idan yuksak orzu-niyatlar bilan chiqqan Komiljon — shahri azim Toshkentda oilali, uyli-joyli, o'g'il-qizli, nabirali bo'lgan iqtidorli jurnalist hamon sevgan kasbini davom ettirmoqda. Bir vaqtlar tajribali jurnalistlardan saboq olgan Olmos farzandi endilikda o'zi ham ko'plab yoshlarga ustozlik qilmoqda.

Abdusamad ISOQOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 1 =