“Ishdagi ishq”

Bu sarlavhani tanlashimizga ko'p yillik mehnat faoliyatiga ega bo'lgan telejurnalist ustozlarim Habibullo Abdullayev va ularning umr yo'ldoshlari Inobat Abdullayevalar sabab bo'ldi, desam, ishonavering. Chunki bu oddiy va samimiy insonlarga shogird bo'lgan ko'plab jurnalistlar qatorida biz kaminalarning ham borligidan faxrlanaman.

Bu insonlarning taqdir yo'llari go'yoki barchamizga juda tanish va sevimli bo'lgan “Ishdagi ishq” badiiy filmining hayotiy davomiga o'xshaydi. “Qanday qilib?” deysizmi?

Ustozim Inobat Abdullayeva bilan muloqotda ularga yuzlanib: “Ustoz, televidenieda salkam qirq yil ishlash sizga nima berdi?” deb savol bilan murojaat qildim. Ular o'zlariga xos kamsuqumlik va samimiy tabassum ila: “Ochig'ini aytadigan bo'lsam, ijodda omad, hayotda baxt berdi”,  dedi. “Qanday qilib?” desam: “Bir umrlik yo'ldosh, kasbdosh, sirdoshimni shu manzilda uchratganman”, — dedi kulimsirab.

Bunday javobdan qiziqishim ortib, batafsilroq bilish ilinjida ularga hayratomuz qarab qoldim.

“Ha, shunday. “Qiz bola palaxmon toshi, qaerga borib tushsa, o'sha yerda unib-o'sib, tub qo'yib, palak yozadi”, deyishsa, yoshlikda uncha ahamiyat bermagan ekanman, bugungi kunga kelib, o'zim bu gaplarning naqadar haqiqat ekanligiga amin bo'lyapman.

Televideniega ishga kelganimda, hamkasb juftliklar Ergash aka hamda Roza opa Karimova, Meli aka va Tamara opa Mahkamovalar, Diyaz Rahmanov va Nziya Rahmanova kabi insonlarga havas bilan qaragan ekanmanmi, bilmadim, lekin taqdir menga ham shunday hayotni nasib etdi.

Men “Yoshlik” studiyasida katta muharrir, Habibullo aka musiqiy ko'rsatuvlar bo'limida muharrir bo'lib ishlar edi.

Tanishuvimiz boshida yo'limdan chiqib qolsalar: “Inobat, ishdan keyin uyingizga kuzatib qo'ysam bo'ladimi?” degan taklif bildirib yurdilar.

Keyinchalik esa “yozgan hajviy miniatyuralarimni ko'rib bering”, deb bahona topishga o'tdilar.

Men yaxshi bilgan, menga botinib dil izhorini ayta olmagan yigitlar: “Habibullo, o'ylab ish qil, bu qizga ko'pchilik yigitlarning tishi o'tmagan, yana kulgi bo'lib qolmagin”, deyishgan bo'lsa, sinfdosh do'stlari esa: “Bu dargohda yaxshi qizlar ishlamaydi, deb eshitganmiz, ehtiyot bo'l”, deyishganini keyinchalik gapirib berganlar.

Oxir-oqibat ular ishxonadagi do'stlari bilan bahs boylashib: “Mana, ko'rasizlar, shu qizning muhabbatiga sazovor bo'laman”, deb hayotda so'zlarining ustidan chiqib, muhabbatlariga sodiq bo'lib kelyaptilar.

Men rosa qaysarlik qilib: “Ahmoqqa To'ytepa nima yo'l?” deyishadi, kelib-kelib, sizni tanlaymanmi?” deb ikki-uch oy o'zimcha noz qilib yurganman. O'zim Qibray tumanining qizi edim-da.

Hamkasbimiz, qo'shiqchi shoir, katta muharrir (oxiratlari obod bo'lsin) Anvar aka Isroilov menga alohida hurmat bilan she'rlarimni ko'rib berib yurganliklari uchun tanishuvimizdan xabar topib: “Inobatxon, Habibullo ukamiz yaxshi yigit, bizniyam, sizniyam ishonchingizni oqlaydi. Xudo xohlasa, osmonga chiqsangiz oyog'ingizdan, yerga tushsangiz qulog'ingizdan tortib, to'ylaringizni o'zim olib boraman”, desalar, hazilga yo'yib, ahamiyat bermay qo'ya qolgan edim. Shu gaplarga farishtalar “omin” degan ekanmi, to'yni Anvar aka Isroilovning o'zlari olib borganlar.

Yoshi ulug'larimizning “O'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir” deyishlari bejiz emas ekan”.

Kamtarin va kamsuqum, o'sha samimiy bo'lgan ustozim Habibullo hoji ota suhbatga aralashar ekan: “…Ayniqsa, matbuot va ommaviy axborot vositalari bayrami kuni bo'lib o'tgan ajoyib bir voqeani eslamay iloji yo'q”, deb qoldilar…

“Har yili mana shu kasb bayramimiz nishonlanadigan 27 iyun sanasida Inobat hoji ona ustozingizga bir dasta oq atirgul sovg'a qilar edim.

Bu yil esa jarrohlik operatsiyasidan so'ng, mana, ikki yilga yaqinlashib qoldi, ikki oyog'im ishlamay, nogironlar aravasiga mixlanib qoldim.

Eh attang, atirgullarni olib kelishni kimdan iltimos qilsam ekan, deb tursam: “Assalom, O'zbekiston!” ko'rsatuvi boshlovchilaridan biri, eng sodiq shogirdim bo'lgan Faxriddin Samadov televidenie rahbariyati bizga atab jo'natgan qimmatbaho sovg'alari bilan Inobatxonga bir dasta oq atirgul olib kelganini ko'rib, ko'zlarim quvonch yoshlari bilan namlandi.

Yaxshi niyat yaxshi-da. Orada shuncha masofa bo'lishiga qaramay, Toshkent va Nurafshon (avvalgi To'ytepa) oralig'ida mening ko'nglimdan o'tgan o'y-xayol shogirdimning diliga qanday yetib bordi ekan-a? Gul bozordan boshqa gullar emas, aynan oq atirgullarni olibdi, qarang!

Shogirdimni bag'rimga bosib so'rashar ekanman, guldastani olib, Inobatxonga uzatdim. Uning ko'zlaridagi sevinch yoshlarini ko'rib, Faxriddin hayron bo'lib qoldi. Uni tinchlantirib: “Hechqisi yo'q, bu chin dildan sevinganlari. Har yili shunday guldastani o'zim sovg'a qilardim. Bu yurolmay qolgan oyoqlarimga siz oyoq bo'lib ko'tarib kelganingizga lol bo'lib yig'layaptilar”, dedim”.

Umr, taqdir deganlari shu ekan. Ikki ustozimizning oila qurganlariga ham salkam 50 yil bo'libdi.

50 yil — yarim asr demak. Bu davr oralig'ida ustozlarim hayotida xilma-xil baland-pastliklar, yo'qotish-u topishlar ko'p bo'lgan.

“Ishdagi ishq” natijasi o'laroq, ular bugungi kunda ikki qiz — Durdonaxon va Nodiraxon, o'g'illari Zafarjonlarning sevimli ota-onasi, o'ndan ortiq shirindan-shakar nabiralarning ertakchi bobojoni-buvijoni bo'lish bilan birga, duogo'y hoji ota va hoji ona maqomiga ega bo'lib, umrguzaronlik qilib kelishyapti.

80 yoshni qoralab qolgan bu ustozlarim hali-hamon insonlarga mehr ulashishda, yoshlarga hayot jumboqlarini to'g'ri yechishda tuman va shahar hamda mahallaning xayrli ishlarida bosh-qosh bo'lishyapti.

Umr — oqar daryo, hayot esa ortga qaytmaydi. Ular bosib o'tgan taqdir yo'llariga bir nazar tashlar ekanman, Habibullo Abdullayev sevib, yelib-yugurib, mehr bilan tayyorlagan “Davramizga marhabo!”, “Marhabo, talantlar”, “Yoshlar kuylaganda”, “Nazm va navo”, “G'azal oqshomi”, “Dutor va tanbur taronalari” hamda haftaning har juma kuni tongida efirga uzatiladigan “Assalom, O'zbekiston!” ko'rsatuvlari kino lentasi kabi ko'z o'ngilaridan o'tishini yodga olib o'tdilar.

Inobat Abdullayevaning esa “Qizlar davrasi”, “Studentlik — oltin davrim”, “G'azalxon yoshligim”, “E'zoz”, “Onamning o'gitlari”, “Qishloq yoshlari”, “Odamlar va taqdirlar” ko'rsatuvlari, shuningdek, ularning “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi mualliflik ko'rsatuvining oliygohlar talabalari o'rtasida o'n ikkita sonini tayyorlab, efirga uzatganliklari, bu ko'rsatuvni tayyorlashga turtki bo'lgan “KVN” kitobini o'qib, uning har bir harfiga she'r yozib, talabalarning badiiy sahnalarini ham o'zlari yozib berganliklari, hozirda uni “o'ziniki” qilib olgan Olimjon Xudoynazarovning bunga hech qanday daxli yo'qligini so'zlab berdilar.

Ular bugungi kunda ham ijoddan to'xtamagan holda “Onamning o'gitlari”, “Haj xotiralari”, “Hayot jumboqlari”, “Ixlos — xalos” kitoblarini yozib, siz aziz muxlislarga tortiq qilish bilan bandlar.

“…Yana bir muhim gapni aytishni unutishimga bir baxya qolibdi, — deya suhbatga nuqta qo'yishga yo'l bermay, gapira ketdilar Inobat aya. — “Ustozdan o'zmagan shogird — shogird emas”, deganlaridek, shogirdim — “Shuhrat” medali va “Oltin qalam” sohibi, ko'plab kitoblar muallifi Saodat O'rmonova ham men sababchi bo'lib, bir umrlik jufti haloli, sport ko'rsatuvlari rejissyori Anvarjon O'rmonov bilan taqdir rishtalarini bog'lagan.

Shu tariqa Qo'shoqova qizimiz O'rmonova bo'ldilar. Ikki o'g'il va bir qizni dunyoga keltirib, ko'plab nabiralarning bobo-buvijonlari bo'lib yashab kelishmoqda”.

Shoira UMRZOQOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − one =