Umr daftaridagi bezaklar

Oila — jamiyatning eng muhim va birlamchi bo'g'ini. Er va xotin esa muhabbat va sadoqat deb atalmish ikki olamning o'zaro ittifoqidan iborat qo'rg'ondir. Ayni shu muqaddas rishtada Andijon va O'shni birlashtirgan bir muhabbat tarixi meni doim o'ziga tortadi.

Eslayman, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” asarini 7-sinf paytimda o'qigandim. O'shanda men asardagi Kumush va Otabekning muhabbatiga qoyil qolgan, Oftoboyimga mehr qo'yib, Yusufbek hojiga cheksiz hurmat bilan qaraganman. Oradan yillar o'tdi. Sevimli asarim qahramonlarini hayotda ham uchratdim. Mana shungayam qariyb o'ttiz yilga yaqin vaqt bo'lyapti.

Qahramonim — Kumushbibiga qiyos qilganim Zumradxon Abdullayeva asli o'shlik.  U bolaligidan kitobga mehr qo'ydi. Ko'zlari tiyran, nigohlari o'tkir, fikrlari ma'noli Zumradxonning ko'ngli o'zi kabi go'zal, quvvayi hofizasi yuksak edi.

Onalar ko'ngli olislarni ko'ra oladi. Munisxon aya qizi Zumradxondagi iste'dodni ilg'ay oldi, undagi ijodga bo'lgan qiziqishni hurmat qildi. Otasi ham ayolidagi ishonchni qo'llab-quvvatladi va neki sharoit bo'lsa, qizi uchun yaratib berdi. Maktabda esa ilk ustozi — ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi Ulfatxon Ibragimova ham yangi buloq ko'z ochdi, deya unga alohida e'tibor qaratdi. Maktabda bo'ladigan turli tadbirlarda Zumradxon she'r o'qib, barchaning olqishiga sazovor bo'lar edi. “Qizim, sendan yaxshi shoira chiqadi. Albatta o'qigin, men senga ishonaman”, deya o'quvchisiga umid bag'ishladi. Zumradxonni viloyatdagi “O'sh sadosi” (sobiq “Lenin yo'li”) gazetasi qoshida ochilgan “Ilhom” to'garagiga olib bordi. Ularni bolalar yozuvchisi Tursunboy Adashboyev qarshi oldi va uning bolalarcha mashqlarini erinmay o'qib chiqdi va qizni to'garakka qabul qildi. Zumradxon shu ko'yi ushbu to'garakka olti yil qatnadi. Uning birinchi she'ri ham beshinchi sinfda o'qiyotganida “O'sh sadosi” (sobiq “Lenin yo'li”) gazetasida chop etildi.

O'quvchilik yillaridayoq maktabda bo'lib o'tgan tadbirlar haqidagi axborotlar, kichik hikoya va she'rlari bilan viloyat gazetasining kichik muxbiri, bo'lajak jurnalist sifatida tanila boshladi. Maktabni a'lo baholarga tamomlab, 1978-1983 yillarda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.

Kitobdan bosh ko'tarmaydigan, dars qoldirmay, doim vazifalarni o'z vaqtida bajaradigan, tabassumi samimiy, muomalasi yoqimli Zumradxon talabalikning ilk yillaridayoq ko'pchilik yigitlarning e'tiboriga tushdi. Ular orasida esa andijonlik chapdast va chapani yigit G'olibjon g'olib keldi, Zumradxonning ko'ngliga yo'l topdi, e'tiborini qozondi. Ularga hamma havas qildi, ikkisining muhabbati yuraklarga mustahkam joylashdi, bu go'zal ishq qissasi 1984 yilning yozida nikoh bilan mustahkamlandi.

O'sh shahrida tug'ilgan Zumradxon Abdullayeva taqdiri ilohiy sabab Andijon viloyatining Oltinko'l tumanida hurmat topgan ziyoli xonadonga kelin bo'ldi. Qaynonasi fermer, paxtakor, g'allakor, mehnatning konida yashab, elda aziz bo'lgan mashhur dehqon — O'zbekiston Qahramoni Siyosatxon opa Abdullayeva edi. Ona o'g'lidan umr yo'ldosh tanlashda adashmaganligi uchun quvondi. Zumradxonni kelin emas, qiz deb qabul qildi. Baxt qo'rg'oni ishonch bilan bunyod bo'lgan bo'lsa, muhabbat mevalari — farzandlar Elyorbek, Zilolaxon, Husnoraxon va Yulduzxonlar bilan mukammallashdi.

Zumradxon opa katta oilaga kelin bo'lgan ilk kunlari qaynonasi farzandlariga tanishtirarkan: “G'olibjon to'ng'ich o'g'lim bo'lsa, Zumradxon sizlarga endi opa bo'ladi”, dedi. Mana shunga ham qirq yildan oshyaptiki, hamon o'sha xonadonning opasi bo'lib izzat-hurmatda yashamoqda. Qaynotasi — shifokor Tolibjon akaning oq xalatini, qaynonasi — fermer Siyosatxon opaning dala etigini doim ozoda tutdi, ularga mehrli so'zi, shirin taomini ilindi, xizmatlarini qilib charchamadi. O'sha mehnatlari sabab bugun elda aziz bo'lganligi bejiz emasdir.

Zumradxon opa G'olibjon aka bilan 40 yildan buyon birgalikda hayot kechirib, hurmat va izzatda yashab kelmoqda. Ikki ijodkorning oilada so'zi, qarashlari bir xil bo'lsa-da, ijod borasida G'olibjon aka dadil fikrli, haqiqatga tik qaray oladigan, nohaqlikka bardosh qilmaydigan, keskir bo'lsa, Zumradxon opa ma'naviyatli, og'ir-bosiq, andishali, mehrli va samimiyligi bilan elga tanildi.

Dastlab ish faoliyatini Oltinko'l tuman gazetasida muxbirlikdan boshlagan qahramonimiz keyinchalik viloyat xotin-qizlar nashri bo'lgan “Iqbol” gazetasida muxbir, mas'ul kotib, muharrir o'rinbosari bo'lib faoliyatini davom ettirdi. Shu yillar mobaynida “Oila va jamiyat” gazetasining viloyat bo'yicha muxbiri sifatida faoliyat olib bordi. Uning “Halollik sabog'i”, “Bolangiz boy bo'lmoqchi”, “Yordam puliga yordam kerakmi?”, “Bilimimni pulga sotmayman”, “Ko'nikishmi… yoki loqaydlik?”, “Erkak kishiga erkakcha ish yarashadi”, “Ayollarni uyga qaytarish kerakmi?”, “Muqaddas saltanat”, “Men ham uyda o'tirgim keladi” kabi dolzarb maqolalari muhokama va munozaralarga sabab bo'ldi.

So'zdan dur yasab, Andijon xalqining e'zoziga erishgan qahramonimizning mehnatlari munosib baholandi va ko'plab tanlovlar g'olibi bo'ldi, qator kitoblar muallifiga aylandi.

“Mohlaroyim izdoshlari”, “Qalam uchidagi joziba”, “Maftunkor sirtmoq” kabi jamoatchilik to'plamlarida she'r va hikoyalari chop etildi. “O'sh tog'iga qorlar tushganda” va “Yuragimda yashagan dunyo” kitoblari muallifi Zumradxon Abdullayeva O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi hamdir.

Shuningdek, faoliyati davomida ijodkorlar o'rtasida o'tkazilgan “Ayol va jamiyat”, “O'tkir qalam”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Qadri baland bo'lsin o'zbek ayolin!” kabi viloyat, respublika tanlovlarida 1-o'rinni egallagan bo'lsa, viloyat Xotin-qizlar hamda Respublika Xotin-qizlar qo'mitasining “Faxriy yorliq”lari va “Tashakkurnoma”lari bilan ham taqdirlandi.

Men o'zim bilgan, kuzatgan, o'z “men”ini asray olgan, vijdonini bayroq qilib yashayotgan fidoyi, zamondosh ayollarimizdan biri, Andijonning suyukli keliniga aylangan, mohir jurnalist, qalamida ko'nglini aks ettirgan ijodkor Zumradxon Abdullayeva haqida so'z aytdim.

Qahramonim ayollik vazifalarini sadoqat bilan ado etib, G'olibjon aka bilan birgalikda yaxshi farzandlarni voyaga yetkazdilar. O'g'li Elyorbek iqtisodchi, kelini Husnoraxon maktabgacha ta'lim fidoyisi, Zilola ota-ona izidan borib, jurnalist bo'ldi. Husnoraxon esa tumandagi 42-maktabda ingliz tili fani o'qituvchisi bo'lsa, Yulduzoy 12-maktabda kompyuter saboqlaridan dars beradi. Bu oila to'rt nafar farzand, bir kelin va uch nafar kuyov bilan mustahkamlandi, o'n bir nafar nabira bilan sayqallandi.

Aslida, insonlar ham, jamiyat ham oila mustahkamligi tarafdori. Turli sharoitda o'sgan ikki insonning juft bo'lib yashashi kishidan sabr va juda katta mehnatni talab qiladi. Buning uchun, kerak bo'lsa, odam o'zini butunlay o'zgartirishiga to'g'ri keladi, hatto orzularini qurbon qilishga rozi bo'ladi.

Biz tanglayi yaxshi so'z, tarbiya bilan ko'tarilgan xalqmiz. Ovoz yetgan joygacha oilaning muqaddasligini, farzandlar kamoli jamiyatimiz kelajagini belgilashini takrorlashdan, Zumradxon opa kabi oilani kaftida, jamiyat ishini yelkasida ko'targan fidoyi insonlarni ibrat qilib ko'rsatishdan charchamaymiz.

Feruza ORIPOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − twelve =