Biz bilgan Boyjigit aka

Samarqand viloyati tilga olinganda, taniqli ijodkorlar ro'yxatida faxr bilan tilga olinadigan qalam sohiblari bisyor. Ular orasida Bulung'urning non-tuzini yeb voyaga yetgan mohir publitsist, iste'dodli shoir Boyjigit Abdullayev ham alohida e'tiborga loyiq. Garchi Boyjigit Abdullayev 1950 yil 3 yanvarda Samarqand viloyatining Bulung'ur tumanida tug'ilgan bo'lsa-da, uning taqdir va ijod yo'li Sirdaryo viloyati bilan uzviy bog'lanib ketdi.

U mehnat faoliyatini 1967 yilda oddiy ishchi sifatida boshlagan. Ammo qalbidagi so'zga bo'lgan muhabbat uni 1973 yili Sirdaryo davlat pedagogika instituti tomon yetakladi. Bu qaror uni avval o'qituvchilikka, so'ngra esa matbuot va jurnalistika olamiga olib kirdi.

Boyjigit Abdullayev 1974 yildan boshlab Sirdaryo viloyatining turli tumanlaridagi nufuzli nashrlarda — “Yangi hayot” gazetasi muxbiri, “G'alaba bayrog'i” gazetasi bo'lim mudiri, mas'ul kotibi, “Istiqbol sari” gazetasi bo'lim mudiri, “Sihat-salomatlik”, “Universitet ovozi” va “Ma'rifat ko'zgusi” gazetalarida bosh muharrir sifatida samarali faoliyat yuritdi.

— Boyjigit Abdullayev — qalami o'tkir, serqirra ijodkor. U tajribali va mahoratli ustoz-jurnalist, g'azalnavis shoir, fidoyi inson sifatida hurmat qozongan, — dedi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva. — U yosh avlodni tarbiyalashda nafaqat maqola va she'rlari orqali, balki shaxsan o'zi bilan muloqot orqali ham ibrat maktabini yaratgan.

Adibning “Toza ruh” (1996), “Tazarru manzili” (2002), “Yashasin muhabbat” (2007), “Muhabbat ohanglari” (2013), “Matonat” (2015), “Qismat qo'shig'i” (2016), “Muhabbat qo'shiqlari” (2018) kabi she'riy to'plamlari chop etilgan. Yaqinda esa “Tarannum” nomli saylanmasi kitobxonlar e'tiboriga havola etildi.

“Sirdaryolik sohirkalom shoir Boyjigit Abdullayev ijodini 55 yildan beri kuzatib kelayotgan adabiyot ixlosmandi sifatida ta'kidlashim mumkinki, uning tasvir vositalarini qo'llash, fikr va obrazni ifodalash tarzida o'ziga xos uslub shakllangan, — dedi adabiyotshunos Munavvar Pardayev. — Ilk she'rlarida muhabbat lirikasi ustuvor bo'lgan bo'lsa, keyingi ijodi fuqarolik mas'uliyati, inson burchi, yurt taqdiriga daxldor mavzular bilan boyidi. Uning she'rlari — o'zbek mumtoz she'riyati bilan uyg'un va ruhan bog'langan asarlar. Navoiy, Bobur, Habibiy, Sobir Abdulla kabi shoirlar an'anasida ijod qiladi.

Ijodkorning “Tazarru manzili” va “Toza ruh” to'plamlarida inson iymoni, Vatanga muhabbat, tavba va ma'naviy tozalik kabi mavzular markazda turishini ko'rish mumkin. Boyjigit Abdullayev bugungi kunda ijodning yetuk pallasida. Uning qalami Yangi O'zbekiston ma'naviy yuksalishiga munosib hissa qo'shib kelmoqda”.

2018 yildan buyon Boyjigit Abdullayev O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limi raisi sifatida ham samarali faoliyat yuritmoqda. U nafaqat qalami bilan, balki amaliy tashabbuslari bilan ham hurmat qozongan. Viloyatdagi jurnalistlarni birlashtirish, “Tut sayli”, “Sumalak sayli” kabi milliy an'analarga tayangan tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, press-turlar, madaniy-ma'rifiy safarlar tashkil etishda ustozning hissasi beqiyos.

Shuningdek, u qo'shni viloyatlar bilan mintaqaviy seminarlar, media-turlar tashkil etib, ijodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda. B.Abdullayev uyushmaga a'zo yoshlar uchun mahorat maktablari tashkil etgan, faxriy jurnalistlar bilan hamkorlikda ish olib borishni samarali yo'lga qo'ygan.

— Boyjigit aka tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyati bilan mahalliy jurnalistik muhitni jonlantirishga muhim hissa qo'shmoqda, — dedi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo'limi mutaxassisi Dilorom Ismadiyarova.

Boyjigit Abdullayevning faoliyati, ezgu tashabbuslari va ijod mahsuli davlat tomonidan ham munosib baholangan. “O'zbekiston xalq ta'limi a'lochisi”, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.

Ha, faxr bilan aytish mumkinki, ustoz Boyjigit aka nafaqat Samarqand va Sirdaryo adabiy-ijodiy muhitining, balki butun mamlakatimiz ma'naviy hayotining yetuk va munosib vakillaridan hisoblanadi. Ijodkorning she'rlari, publitsistik maqolalari va tashabbuskorlik faoliyatida Vatan, millat, inson va ma'naviyatga bo'lgan sadoqat yaqqol namoyon bo'ladi. Shu bois u biz bilgan va bilmagan qirralari bilan hamisha yodda qoladigan, hurmat va ehtiromga loyiq ijodkordir.

Kamtarinlik, halollik, odamlarga yaxshilik qilishga hamisha intilish – biz bilgan Boyjigit akaning fazilatlari. Bilmaganlarimiz esa menimcha, u kishining bilsak, o'qisak ko'p ma'naviy ozuqa oladigan she'rlari, hikoyalari, publitsistik asarlari. Ularni ko'proq bilsak, mutolaa qilsak arziydi.

Gulzaynab ZULHAYDAROVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi bosh mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =