Dilfuzaning dil daftari

2025 yil 27 iyun. Toshkent. Muhtasham anjumanlar saroyi. Matbuot va OAV xodimlari bayrami munosabati bilan o'tkazilayotgan katta tadbir. Unda Prezidentimizning soha vakillariga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi hamda bir guruh hamkasblarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari navbatdagi “Oltin qalam” xalqaro tanlovi g'olib va sovrindorlari e'lon qilinmoqda. Juda hayajonli davra. Kim nima oladi-yu, kimlar mukofotlanadi? Barcha ijodkorlarni qiziqtiradigan jumboq hozircha.

Yonimda “G'uncha” bolalar jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova o'tiribdi. Uning narigi yonboshidan “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruzaxon Adilova joy olgan. Negadir “Gulxan” jurnali bosh muharriri ko'rinmaydi. Ha, nariroqda o'tirgan ekan. Birin-ketin mukofotlanganlar e'lon qilinib, sovrindorlar sahnaga chiqib kelaverdi. Har gal taqdirlanganlar chaqirilganda Dilfuza Shomalikova “Arziydi”, “Munosib”, “Zo'r, zo'r!” deya takrorlar, hayajonda o'tirganini sezish qiyin emasdi. Oliy o'ringa navbat keldi. Hayajonli daqiqalar… Hamma jim turib, jon qulog'i bilan eshitishga intildi.

Oliy o'rin – Bosh Milliy mukofot — “Gulxan” bolalar jurnali tahririyatiga!

Gulduros qarsak butun zalni tutib ketdi. Nazarimda, hammadan ko'p Dilfuza xursand bo'ldi. Hammadan baland uning qarsagi jarangladi. Go'yo o'zi eng oliy mukofotni olgan kabi edi. Uning o'zidan ko'ra boshqalar quvonchiga sherik bo'lib, mamnuniyat tuyishini chin yurakdan yana bir bor his etdim.

— Nega bu darajada xursand bo'lib ketdingiz? – dedim.

— Nega xursand bo'lmay?! Axir eng katta o'rinni bizning bolalar nashri oldi-ku! Bu katta e'tirof!

Beixtiyor 2023 yilgi tadbirni esladim. Shunda “Tong yulduzi” gazetasi mukofotlanganida ham xuddi shunday degandi. Birovning quvonchidan quvonib, boshqalarning yutug'idan faxrlanib yurish Dilfuzaga xos. Vaholanki, “Siz topshiring. Ikkinchi marta topshirish mumkin bo'libdi”, — deya meni harakatga chorlagan ham shu Dilfuzaxon edi. Chunki u hammani yaxshilikka undayveradi. “Chiqmagan jondan umid, harakat qilib ko'ring”, deya intilishga, izlanishga chorlayveradi. “Do'stingni ayt, kimligingni aytaman” degan naqldan kelib chiqib, shunday qadrdonim borligidan faxrlanaman. Sanoqli eski do'stlarim safida ibratga loyiq insonlar borligidan quvonaman.

Dilfuza Shomalikovani 42 yildan beri bilaman. O'shanda O'zMU (avvalgi ToshDU)ga o'qishga kirgandik. U baland bo'yli, bug'doyrang, istarasi issiq va tortinchoq qiz oramizda eng sipo va odobli edi. Kursdoshlar orasida sho'x-shodon va xushchaqchaqligi bilan ajralib turadigan Oysara unga qitmirlik qilib, ovozini balandlatib gapirib yuborar, shunday vaqtlari Dilfuza ustidan birov bir chelak sovuq suv quyib yuborgan kabi qizarib ketardi-yu:

— Voy, sekinroq, sekinroq gapiring, — derdi chin dildan kuyinib, pichirlagandek bo'lib.

Biz bunga ko'nikib qolganimiz uchun parvo qilmasdik. Kechkida o'qiganimiz sabab, kunduzi ishlardik. Dilfuza o'sha paytda ham mashhur bo'lgan “Saodat” jurnalida faoliyat olib borardi. Hikoyalari bilan tilga tushishga ulgurgan ijodkorlardan biri edi. Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva kabi taniqli shoiralarni ko'rgan, ularning nazariga tushgan yosh yozuvchilardan edi. Buni qarangki, kutilmaganda hash-pash deguncha ham bo'lmay, Dilfuzaning to'yi haqidagi xabar kursdoshlarni hayratga solib qo'ygani rost. Oysara haligacha shunday deb hazil aralash kulib gapiradi:

— Yigitlardan gapirsak, Dilfuza “Jiming, jiming!” — deya o'zi birinchi bo'lib turmushga chiqib ketdi-ya!

O'sha holatlarni yaxshi bilganimiz uchun hammamiz qo'shilishib kulamiz. Boshqa tomondan qarasangiz, “Yaxshi qiz mahalladan chiqmaydi” deganlari bejiz emas. Taqdir taqozosi va ota-ona xohish-irodasi bilan Dilfuza mahalladoshiga turmushga chiqdi. Hayotning o'nqir-cho'nqir, mashaqqatli, gohida quvonchlarga to'la tashvishli kunlarini ortda qoldirib, oila deb atalmish buyuk qasrning 40 yilligini nishonlash payida yurishibdi. Bugun ikki o'g'li — ikki qanoti, qizi Hulkar — hamfikr do'sti. Bir-biridan shirin besh nafar nabirasi — ovunchoqlari. Dilfuzaning oilaviy olami ichida xuddi o'zi kabi sokinlik, xotirjamlik va halovat seziladi. Uning ish faoliyati va ijodiy kamoloti ham ana shu sokin olamdan o'rnak olgan kabi shunchalik bir maromda, ohista va beozor davom etadiki, qo'ni-qo'shnilari ham bu tinchlikka o'rganib, shunga intilishadi. Dilfuza qiz-o'g'illarini o'qitdi. Oliy ma'lumotli bo'lishga undadi. Ikki o'g'li Shohrux va Bobur sportning kurash yo'nalishi bo'yicha xalqaro miqyosda chempion, sport ustasi bo'lishdi. Qizi — vrach. Qadrdon dugonamiz 15 yildan oshiq vaqt mobaynida “G'uncha” jurnalida bosh muharrir bo'lib ishlab keladi. Bu orada o'nlab shogirdlar, yuzlab ishchi xodimlarga ustozlik qildi. Ularning har biriga berilgan ko'mak, turtki, yordam — sanog'i yo'q. Gohida shartnoma pulini to'lolmayotgan yosh ijodkorni qo'llab yuborgani, ishi yurishmayotgan xodimga yordam qo'lini cho'zgani haqida eshitib qolamiz. Uning bag'ri kengligi to'g'risida yaxshi bilganimiz uchun bu gaplarni odatiy holatdek o'tkazib yuboramiz. Shunday. Dilfuza atrofidagi odamlarga e'tibor qaratadi. Muhtoj odamga yordam berishni birinchi galdagi vazifasi, hatto burchi deb hisoblaydi. Har kimda ham bu fazilat topilavermaydi. Yaqinda bir dugonamiz kichik o'g'liga uy oladigan bo'ldi. Shunchalik jon kuydirib harakat qildiki, hatto uning o'zi ham bu darajada Dilfuzachalik kuyinib, yonib-kuymadi, desak, yolg'on emas. Dilfuzaning bag'ri kengligi, ichida yaxshilik izlab, yaxshi ko'z bilan qarashga intilishi alohida o'rin tutadi. Yana bir tomoni borki, u bizga o'xshamaydi. Ovozini ko'tarib, xoxolab kulganini eshitmaysiz. 2007 yil “Oltin qalam” xalqaro tanlovida televidenie yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni olganim uchun Dilmurod Sodiqov ismli yigit suhbat olgani kelgandi. Shunda dugonam Dilfuza bilan qotib-qotib, rosa kulishdik, desam, o'sha muxbir hayratlanib so'ragani hali esimda:

— “G'uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova haqida gapiryapsizmi?

— Albatta, biz kursdoshmiz. Ming yillik qadrdonlarmiz. Nega ajablanyapsiz? Tengdoshlarga o'xshatmadingizmi?

— Yo'q. Meni mutlaqo boshqa narsa hayron qoldirdi. Dilfuza opa shunaqa ovozlarini ko'tarib kulishlari mumkinmi? Hech eshitmaganman. Ishonish qiyin. Necha yillik shogirdlariman. Hali ovoz chiqarib kulganlarini eshitmaganman.

— Kuladi. U ham odam-ku! Eski do'stlarning oldida kuladi-da! Bizga o'xshab huda-behudaga kulavermaydi…

Dilfuza Shomalikova ana shunday inson. Boshqalarga o'xshamaydigan, ibrat olsa arziydigan ko'p odatlari bor. Shu bois bo'lsa kerak, uning do'stlari ko'p. Do'stlari orasida oddiy ishchilar ham, katta-kichik rahbarlar ham bo'lishi mumkin. Taniqli ijodkorlaru shoirlarni-ku aytmasa ham bo'ladi. O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva eng yaqin maslahatgo'yi, sevimli ustozi edi. Ularni ko'p eslaydi. Ibratli hayotini, noyob, bebaho fikrlarini she'rdek yod olgani meni hayratlantiradi. Uning odati — hech qachon hech bir odamni g'iybat qilish u yoqda tursin, yomonlamaydi. Juda jahli chiqqanida: “Men undan nafratlandim!” deydi, xolos. Bir kuni undan o'rganib, hamkasblar orasida jahlimni chiqarib yuborgan bir odam haqida so'zlab: “Men undan nafratlandim!” deyishim bilan hamma kulib yubordi. Shunda bu so'z Dilfuzada boshqacha chiqishini, o'rnida ishlatilgan so'z odamga xush yoqishini yana bir bor tushunib yetdim.

Dilfuza katta iste'dod egasi. U tinmay yozadi, yozganda ham to'lib-toshib yozadi. Falsafiy fikrlari o'quvchini o'ylashga, mulohaza yuritishga chorlaydi. Uning “Qiz bolaning obro'yi to'r xaltaga solingan tuproq kabi” degan fikrlari, “Qaynonam — tugallanmagan ertagim” degan esselari, sayohatnomalari va bolalar uchun yozilgan hikoyalari, keyingi vaqtda ketma-ket chop etilgan “Bu olamning farishtalari”, “Quyoshning nursiz bekati”, “Qabrning ustida yig'laydi qushlar”, ­“Dunyoning eshigi”, “Har soniya izlanish talab etadigan fan” kabi maqolalari har biri bir kitobga arzigulik satrlardir, desak, mubolag'a emas. E'tibor berdingizmi? Uning sarlavhani saralash san'ati beqiyos. Havasing keladi. Qolaversa, uning ijod bog'idagi guldastalar ichiga teriladigan eng sara gullari hali g'unchalab turganiga aslo shubha yo'q. Chunki u umr yo'lining eng gullagan bekatiga yetib keldi, xolos. Hali oldinda olqishlar, hurmat, ehtirom… kabi nurli bekatlari borki, u bundan o'zini yo'qotmay, har doimgidek mag'rur, viqor bilan o'tib boradi. Sababi, Dilfuza qaddi baland, qadri baland ayollardan. Shunchalik balandki, go'yo o'zi tug'ilib o'sgan Parkent tog'laridan andoza olgan, deysiz. U unchaligam soddagina emas. U shunchaki, ilmni va bilimni hamma narsadan ustun qo'yadigan inson. U pala-partish, yugurib-elib yurmaydi. U rasmiy, jiddiy, mulohazali mutaxassis. Go'yo rahbar bo'lish uchun tug'ilgandek. Unda rahbarlik, tashkilotchilik xislati bor. Aslida, odamlar bilan muloqot qilish, munosabat va muomalada bir me'yorni ushlab tura olish katta iste'dod. Dilfuzada ana shu iste'dodning nozik qirralari mujassam. Unda tashkilotchilik qobiliyati odamiylik fazilati bilan uyg'unlashib, atrofdagilarga mehr ulashib turadi. Ko'pchilikni hayratga soladigan yana bir odati haqida aytmasak bo'lmas. U tanish-bilishlari, hamkasblari, yaqin-yiroqlarining tavallud kunimi, yaxshi bir ayyomimi, hech qachon unutmaydi. Erta tongdan turib, tabriklab yozib qo'yadi. Kursdoshlar keyin o'sha sanani eslab, qo'shimcha tabriklar yo'llashimiz mumkin. O'zi birovning ko'nglini billur shishadek bilib, ortiqcha gap aytishdan tiyilsa-da, bizning shaddodligimiz ish berib, Dilfuzaga nisbatan qattiq-quruq gaplarni aytib yuborishimizga to'g'ri kelgan vaqtlar ham bo'ladi. O'shanday paytlarda dugonamiz kulimsirab: “Gapiravering, sizga ruxsat…” deganicha o'ychan nigohini qadab turadi. Shunday vaqtlari: “Ey, shunday ayolga nisbatan ayblov qo'yishga jur'at etdikmi?” — degan xayol bilan beixtiyor tilimizni tishlagan vaqtlarimiz ham bo'lgan.

“Beayb parvardigor” degan naql bor. “Dilfuzadan kam-ko'stsiz odam yasab qo'ymadimmi?” degan xayol bilan undan “kamchilik” topishga ham urinib ko'rdim. Izlagan imkon topadi, deganlaridek, niyatimga ham yetdim. Dilfuza shunchaki o'zini xafa qildirib qo'yadiganlar xilidan emas. Juda bo'lmaganda shunga munosib, hurmatga loyiq ish tutishga intiladi. Agar kamchilik deyish mumkin bo'lsa, topganim shu bo'ldi. Boshqa tomondan, o'z haq-huquqini bilish ham ilmli odamga xos fazilat hisoblanadi. Qolaversa, uning o'zini tutishiga, kiyinish madaniyatiga, rahbarlik salohiyati-yu tashkilotchilik qobiliyatiga, oilaparvarligi-yu ishga mas'uliyatiga havas qilasan kishi.

Go'yo butun olamdagi jami borliqni ichiga sig'dira olgan kabi yuragi daryo dugonamiz bugun yana bir yaxshi ishni boshlab, shuning harakatidan qo'li bo'shay demayapti. Ilmiy ishini himoya qilish arafasida. Uning bosib o'tgan 60 yillik umr yo'li, hayoti va faoliyati yaxshiliklar bilan yo'g'rilgan. Mehnati munosib taqdirlangan: “Shuhrat” medali sohibasi, xalq ta'limi a'lochisi.

Maqolani tayyorlab qo'ygandim. Gazetaga yuborish niyatida edim. Ishxonamda edim, telefon qo'ng'irog'i jiringladi. Dilfuza o'ta hayajon bilan gapirardi:

— Saodat, tez o'qing. “Hurriyat”da zo'r maktub chiqibdi. Juda xursandman. Shunchaki oddiy ijodkor emas, taniqli shoir, professional publitsist Eshqobil Shukur sizga maktub yo'llabdi…

Gazetaning 9 iyul sonini olib o'qidim. Hayajonlanib ketdim. Biroq Dilfuza mendan ko'ra ko'proq hayajonda ekanini sezish qiyin emasdi. Dilfuzada tog'liklarga xos mardlik, bag'ri kenglik, tantilik bor. Bu uning qaddi-bastiga yarashib turadi. Shunday vaqtlari unga o'xshagim keladi. Lekin Dilfuza o'ziga xosliklari, jiddiyligi, aqli rasoligi bilan rasmiy va ilmlilar ichida ilmli bo'lib ajralib turadiki, unga o'xshash qiyin-da. Biz kabi dilidagini tiliga chiqarib yubormaydi. Har qanday holatda vaziyatdan kelib chiqib, o'zini tuta olishi bilan o'ziga xos. Chunki u qaerda o'zini qanday tutish kerakligini juda yaxshi biladi. Shunga qat'iy amal qiladi. Yetti o'lchab, kesmasdan yana bir bor o'ylaydi. Ko'ngil buyurganidan ko'ra ko'proq aql buyurganini bajarishni yoqtiradi. Dilfuzaning dil daftarini varaqlab ko'rgan odam borki, undan andoza olishga intiladi. Sababi, uning dil daftari oq qog'oz kabi oppoq!

Saodat O'RMONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 7 =