Savob — umr zarvaraqlarini bezaydi

Xorazmlik uch og'ayni, uch zabardast jurnalist haqida
Qalamkashlar orasida fikr-qarashlari bir-biriga o'xshash, har doim hamjihatlikda fidoyilik namunalarini namoyish qilib yuradigan jo'mard insonlarning borligi bizni quvontiradi, albatta. Xorazmlik jurnalistlar Sherjon Masharipov, Ro'zimboy Hasan va Erpo'lat Baxt ana shundaylar sirasiga kiradigan ijodkorlar ekanini ko'pchilik yaxshi biladi. Ularning hamisha ezgu ishlarga bosh bo'lib, tashabbuskorlikni qo'ldan boy bermay yurishlari barchaning havasini keltiradi. Ular o'z mehnat faoliyatida ham, jamoatchilik ishlarida ham boshqalarga o'rnak bo'lib kelishmoqda.
Ko'p yillardan beri matbuotda ishlab, “Xiva tongi” gazetasini muntazam nashr qildirib kelayotgan Sherjon Masharipovning tirishqoqligiga qoyil qolmay ilojimiz yo'q. U 2005 yilda viloyat matbuotida birinchilardan bo'lib grant loyihasi asosida tahririyat moddiy-texnikasini mustahkamlashga kirishgan hamkasbimiz sanaladi. O'sha davrlarda Xorazmdagi katta-katta gazeta tahririyatlarining aksariyatida moddiy ahvol maqtanadigan darajada emas edi. Ko'pchiligida faqat bittagina kompyuter bo'lib, ular ham qaysidir idora va tashkilotlarning hisobdan chiqarilgan eski jihozi sanalardi.
O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi grant loyihalari uchun tanlov e'lon qilganida Sherjon og'a yeng shimarib ishga kirishdi. Bir necha loyihalarni pishiq va puxta ishlab chiqqach, ularni hakamlar hay'atiga taqdim qildi. Uning g'amxo'r va mehribonligini qarangki, u faqatgina o'z tahririyatigagina qayg'urib qolmasdan, shogirdlari va hamkasblarini ham pishiqqina loyihalar ishlashga undadi. O'shanda “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri vazifasida ishlayotgan Erpo'lat Baxt ham Sherjon og'adan oq fotiha olgach, katta loyihalar yozishga kirishib ketdi. Natijada Xorazm matbuoti tarixida dastlab ikki nashr: “Xiva tongi” va “Xorazm yoshlari” gazetalari grant sohibi bo'lib, yangi kompyuter jamlanmasi, raqamli fotoapparat, diktofon bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda ba'zi bir tuman gazetalari chiqmay qolayotgan bo'lsa ham, “Shuhrat” medali sohibi Sherjon Masharipov “Xiva tongi” gazetasini muntazam chop qildirib kelmoqda. Shuningdek, u har yili yangi bir kitobni o'z o'quvchilariga tuhfa qiladi, o'nlab yosh qalamkashlarning kitoblariga muharrirlik qiladi. U Ogahiy nomidagi ijod maktabi hamda boshqa o'quv-tarbiya muassasalariga borib, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ular bilan alohida mashg'ulotlar olib borishdan aslo erinmaydi.
Sherjon Masharipov, Ro'zimboy Hasan va Erpo'lat Baxt bugungi Xorazm ijodiy muhitining “kuziri”ga aylangan, desak, aslo yanglishmaymiz. Ular poytaxt matbuotida muntazam ravishda bir-biridan mazmunli maqolalar e'lon qildirib kelmoqda. Bir-biridan qiziqarli kitoblari esa qo'lma-qo'l bo'lib o'qilyapti. Ularning bir-biriga o'xshash jihatlari faqatgina ana shulardan iborat emas. Ularning do'st-yor va ijod ahlining to'y-ma'rakalarida qamishdan bel bog'lab, bosh-qosh bo'lib turishini aytmasayam bo'ladi. Ayniqsa, boshiga musibat tushgan yaqinlari xonadonida yugurib-elib xizmat qilib yurganini ko'rish mumkin. Vohaning ustoz ijodkorlarini so'nggi manzilga poklab, kafanlab qabrga qo'ygan Ro'zimboy Hasan va Erpo'lat Baxtlarni ko'pchilik alqab duo qilib yuradi.
Erpo'lat Baxt bu haqda shunday hikoya qiladi:
“…2022 yilning dekabri. Hali qish chillasi kirmasdanoq qahraton sovuq qaqshataman derdi. Taniqli ijodkor do'stlarimizdan biri baqo olamiga qaytish qilganini eshitib, yuragimiz ham to'ngib ketgandek bo'ldi. Janozaga bormasak bo'lmaydi. Biroq hech qaerda gaz va benzin yo'q, taksi degani anqoning urug'iga aylanib qolgan. Nihoyat bir qudamiz qora kuniga asrab qo'ygan 10 litr benzini borligini aytib qolgach, jonimizga ora kirdi. Ro'zimboy aka bilan olis tumanga — ta'ziyaga jo'nadik.
Borsak, odamlar qatma-qat po'stinlarga o'ranib, eshik oldida qunishib o'tiribdi. Biz ham bo'sh kursilarning biriga cho'kdik.
— Ichkariga kirib, vidolashib chiqsak bo'larmidi?! — deydi ustoz biroz fursat o'tgach.
…Biz ichkariga kirganimizda, ijodkor do'stimizni endigina “suvga olishayotgan” ekan. Marhumning o'g'li yuvishga chog'lanib turibdi. Biroq qop-qora soqoli ko'ksiga tushgan mahalla mullasi o'likni yuvish tartibini yaxshi bilmas ekan. Bu uning dovdirab turganidan shundoq bilinib turardi. Sho'ring qurg'ur goh u deydi, goh bu. Bechora o'g'il ham ishni nimadan boshlashni bilolmay garang.
Ro'zimboy ustoz shitob bilan menga: “Tanqa (obdasta)ni ol!” — dedi-yu o'zi do'stimizning jasadini yuvib, oxirat manziliga poklab yuborishga kirishib ketdi. Kafanlash, tobutni olib chiqish, qabrga eltish va yuzini qiblaga burib qo'yishgacha ustoz bosh-qosh bo'lib ko'rsatma berib turdi.
— Yana ellik yildan so'ng odamlar o'liklarni yuvib-yuvmay chala-chulpa kafanlab ko'mib yuborishaversa kerak, chunki yoshlarning aksariyati chetda pul topish bilan ovora, oxirat ishini o'rganaman deydiganlar, afsuski, kamayib bormoqda, — dedi ustoz manglayidan ter potrab. Qahraton sovuqda ustozning peshonasini terlatgan narsa iymon va diyonatning tanazzulga qarab borayotgani bo'lgan bo'lsa, ne ajab?!
Oradan bir oy o'tib, elga mashhur bir shoir otaxon ham bandalikni bajo keltirdi. U yashaydigan shaharda odamlar o'likni g'assolga yuvdirishar ekan. Shundoq bo'lsa-da, Ro'zimboy aka bilan uzun-qisqa bo'lib ichkariga kirdik. G'assol 30 yoshlar chamasidagi yigit. Qoqinim-suqunim bilan bu korni tutgani shundoq ko'rinib turardi. Ishni nimadan boshlashni ham bilolmay garang. Yana Ro'zimboy Hasan yeng shimaradi…
Elga hurmatli ijodkor halolli-binoyili qilib so'nggi manziliga kuzatiladi…
Ro'zimboy Hasan haqida Do'rmon ijod bog'ida har xil hangomalar ham yuradi. Ularning birida uning og'a-do'sti vafot etgach, oxirat manziliga qo'ymoqchi bo'lganida, qabrga qamalib qolgani latifa qilinadi. Bu hazilomuz gaplar, aslida. Biroq uning oxirat ishiga jiddu jahdli ekani ayni haqiqat.
Darhaqiqat, inson yaxshi ijodkor, iqtidorli qalamkash bo'lib elga tanilishi mumkin, ammo mardlik, jo'mardlik hammaning qo'lidan kelaveradigan ish emas. Ro'zimboy Hasan ana shunday jo'mardlik rutbasidagi jurnalist, adib”, deb yozadi Erpo'lat Baxt o'zining feysbukdagi sahifasida.
Aslida, bunday chin insoniylik fazilatlari har uchala jurnalistning fenomeniga aylanib ulgurgan, desak, aslo xato qilmagan bo'lamiz.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Xivadagi eldoshlarimizdan biri o'zining eski qadimiy naqshinkor eshigini qaysidir muzeyga sotishi haqida xabar tarqalgan edi. Hadeganda qo'sh tabaqali bu noyob eshikni sotib olaman degan muzey tashkiloti ham chiqa qolmadi. Ana shunday paytda Ro'zimboy Hasan va Erpo'lat Baxt bu qadimiy eshikni Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga topshirish fikrini o'rtaga tashladilar. Ko'pchilik bu fikrni qo'llab-quvvatladi, biroq “Xivadagi eshikning Abdulla Qodiriyga nima aloqasi bor?” deya qayta-qayta savol yog'dirganlar ham topila qoldi. Garchi shunday bo'lsa-da, ustoz-shogird Ro'zimboy og'a va Erpo'lat naqshinkor eshik egasini rozi qiladigan darajada pul topishdi. Galdagi ish esa ancha og'ir va mas'uliyatli bo'lib, noyob antikvar jihozni biron-bir jiddiy zarar yetkazmasdan bus-butun holda mamlakatimiz poytaxtiga yetkazishdan iborat edi. Ko'p o'tmay, bu muammoning ham osongina yechimi topila qoldi. Kutilmaganda Sherjon og'a: “Buyuk adib Abdulla Qodiriy ruhi poki oldida hamisha qarzdormiz. Eshikni uy-muzeyga yetkazishni men o'zim zimmamga olaman”, deb qoldi.
O'shanda Ro'zimboy Hasan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalil bilan hammualliflikda yozgan “General Jo'rabek: davr va qismat” kitobining taqdimotini o'tkazib, “Toshkent-Urganch” yo'nalishidagi poezddan endigina tushayotgan ham edi. Tinib-tinchimas shogirdi Erpo'lat ustozini qo'yarda-qo'ymay Xivaga olib ketdi. Ular yashaydigan qishloq bilan Xiva orasi naq 70 kilometr. Ro'zimboy og'a uyidan yangamiz yaqindagina qavigan yap-yangi ko'rpachani qo'ltiqlab chiqqandi, yo'l-yo'lakay sanoat mollari do'konidan tebranish va silkinishdan himoyalaydigan maxsus o'ramalar sotib olishni ham esdan chiqarmadilar.
Xiva ostonasida ularni Sherjon og'a kutib olganida, atrofga allaqachon shom cho'kkan edi. Og'aning mezbon sifatida Xivacha shivitoshi va yumurtabarakka taklif qilishlariga ham ko'nmasdan eshik egasi — Dilshodbeknikiga qarab yo'l oldilar.
Dilshodbekning ikki qavatli yap-yangi uyida Xorazmning temir daraxti — qoramondan bir necha asr muqaddam yasalgan naqshinkor eshik qo'r to'kib turardi. Ro'zimboy og'a ikki tabaqa o'rtasiga qo'ltig'idagi ko'rpachani yoydi, chunki olis yo'lda turli tebranish va silkinishlarda naqshlar bir-biriga ishqalanib shikast yetishi mumkin. Og'aning topqirligiga, fahm-farosatiga qoyil qolmay iloj yo'q.
Ikki qavat maxsus o'ramalarga o'ralgan eshik Sherjon og'aning inilaridan birining mashinasida Toshkentga qarab yo'l olganida, Abdulla Qodiriy muhiblari yengil nafas olgandek bo'lishdi.
Bugungi kunda bundan salkam uch asr muqaddam Xivada ishlangan noyob eshik Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyini bezab turibdi. Peshayvonda esa Ro'zimboy Hasanning zavjasi qavigan ko'rpacha.
Darhaqiqat, savob ishni har kim, har kun qilishi kerak deya ko'p aytiladi. Ammo kimdir ezgu ishga bosh-qosh bo'lganda uni darhol qo'llab-quvvatlash o'rniga qarshilik qilguvchilar, oldiga to'g'onoq bo'ladiganlar ham talaygina. Taassuf!
Uch og'ayni fidoyilar amalga oshirgan bu savob ishni ko'p yozg'irganlar ham topila qoldi. Ular: “Xivadagi eshikning Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga nima aloqasi bor ekan?” deb bir gapni takrorlab ezmalanishdi. Aslida, uy-muzeyni faqatgina adib yashagan davr eksponatlari bilan to'ldirish — o'ta zerikarli va bu tomosha qiluvchilarda chuqur taassurotlar uyg'otmasligi mumkin. Agar u turli davrlarga taalluqli buyum va jihozlar bilan to'ldirilsa, yanada yaxshi emasmi?! Xivada yasalgan antikvar eshik Abdulla Qodiriy asarlari yashagan davr muhitini aks ettirib turishi shubhasiz. Axir jahonning qanchadan-qancha obro'li muzeylarida Amir Temur va temuriylar davriga oid eksponatlar qo'r to'kib turibdi-ku. “Xo'sh, London va Parijdagi muzeylarga ularning nechog'liq aloqasi bor?” deya savol qotishning o'zi o'ta kulgili emasmi?!
Xullas, Xorazmning uch og'ayni jo'mard ijodkorlari har doim boshqalarga ibrat namunasi, o'rnak bo'lib kelishmoqda. Ularning o'z umr zarvaraqlarini ana shunday savob ishlar bilan to'ldirib borishadi. Biz esa undan bir shingilinigina sizga hikoya qiloldik, xolos.
— “Kelajak zamon uchun hozirlanaylik! O'tgan zamon uchun emas!” — deydi Behbudiy hazratlari. Meni hamisha gazetalarning kelgusi taqdiri o'ylantiradi. Axir alloma aytganidek, jamiyatning malohatini ham, qabohatini ham birdek yoritadigan maydon — bu matbuot-ku! Axir dunyo oynasiz zulmat-ku! — deya kuyunchaklik bilan gurung qiladi Sherjon Masharipov.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoni bilan Ro'zimboy Hasan davlatimizning yuksak mukofoti “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Iste'dodli jurnalist Erpo'lat Baxt esa “Oltin qalam” mukofoti sohibi bo'ldi. Sherjon Masharipovning ijodiy muvaffaqiyatlari ham doimo e'tirof etib kelinmoqda. Eng muhimi, uchala so'z ustalari ham bugun matbuotimiz fidoyilaridir.
Feruza TANGRIBERGANOVA