Do'stimning qo'shaloq bayrami

Murod Surxon — qadrdon do'stim, surxondaryolik jurnalist va shoir tengqurim To'ramurod Rahmonovga bundan 40 yilcha burun kamina bergan taxallus. To'g'risi, do'stim o'z ijodiy faoliyatida ushbu jarangdor va o'ziga xos taxallusdan biron marta ham foydalanmadi, deb andak ranjib ham yurgandim.

Har tugul, 2019 yilda Toshkentda chop etilgan “Yurt sog'inchi” nomli she'riy kitobi muqovasida Murod Surxon imzosini o'qib, yana quvondim. Keyingi yillarda do'stimning “Ishonch daraxti”, “Umidli kunlar”, “Kechikkan sevgi” kabi kitoblari ham nashrdan chiqdi.

Shu kitoblarni varaqlab, dilga yaqin she'rlarni o'qir ekanman, XX asrning 80-yillarida ijodkor davradoshlar orasida To'ramurod do'stimiz ayni nom bilan tanila boshlagan kezlari xayolimdan bot-bot o'tadi. Mana, yana o'sha suronli davrlarni, qadrli do'stimni eslagim keldi.

* * *

Biz qachon tanishgandik? Xotiram daftarini qanchalik varaqlamayin, bu savolga aniq javob topolmadim. Qizig'i, birinchi marta qachon va qaerda ko'rishib-tanishganimizni hamisha hamma narsadan boxabar do'stimning o'zi ham eslolmadi.

Biz, hoynahoy, tug'ilganimizdanoq g'oyibona do'st bo'lganmiz. Bir-birimizni nihoyatda qadrlashimiz va ayashimiz, juda oson tushunishimiz va his qilishimiz, astoydil va xolis qo'llab-quvvatlashimiz, o'zaro rag'batdosh va madadkorligimiz — jamiki do'stona fazilatlarimizning ildizi mustahkamligi, nazarimda, shunday mubolag'ali ta'rif uchun yetarli asos bo'la oladi.

Ikkimiz ham o'z davrining eng nufuzli oliy o'quv yurti hisoblangan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)da, kamina — o'zbek filologiyasi fakultetida, Murod Surxon — jurnalistika fakultetida tahsil olganmiz. Shuning uchun uyg'un o'qitiladigan darslar yuzasidan fikrlashar, bir-birimizga zarur darslik va adabiyotlarni foydalanish uchun berib turardik.

Qaysi domlamiz qaerda va qachon imtihon olishi va o'quv jarayonidagi shu kabi boshqa muhim ma'lumotlar yuzasidan muntazam xabarlashardik. Zero, qo'l telefonisiz zamonlarda bunday xabardorlikning ahamiyati katta bo'lgan.

Ikkov ham poytaxtning Navoiy-30 manzilida joylashgan Davlat matbuot qo'mitasi (hozir — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tizimida ishlardik. Yanada aniq qilib aytganda, do'stim nashriyotning mas'ul xodimi bo'lsa, men o'sha yerdagi yetakchi tipografiyada harf teruvchi edim.

To'ramurod goh matbaa-noshirlik ishlari yuzasidan, goh shunchaki men bilan ko'rishib-so'rashish uchun seximizga tez-tez kelib turardi. Binobarin, xizmat guvohnomasi uning bosmaxonaga erkin kirib-chiqishiga imkon berardi. Men esa do'stim ishlaydigan nashriyotga kam borardim.

Shunga qaramay, To'ramurod bog'chadan olib qaytayotgan bolalarim bilan birga ko'chada ko'rib qolsa kifoya, albatta, bizni nashriyot binosiga olib kirardi. U yerda kamina — yosh shoirning noshirlar, ijodiy xodimlar, muharrir va musahhihlar, mualliflar, shoiru yozuvchilar bilan salomlashishi, noshirlik jarayonlari bilan yaqinroq tanishishi uchun qulay imkoniyat tug'ilar edi.

Do'stim qaysi nashriyotda yosh ijodkorlarning qanday she'riy to'plami nashrga tayyorlanayotgani, qay bir gazeta va jurnal tahririyatida aynan kimga uchrashib, yangi she'rlarimni e'lon qilish uchun topshirishim mumkinligi haqida tinimsiz yo'l-yo'riqlar aytib turardi. To'ramurodning o'zi ham she'rlar mashq qilishiga qaramay, ijodiy davralarda nuqul menga she'r o'qish navbatini olib berar va o'zi bir chekkada quvonch bilan qarsak chalib o'tirardi.

Oilaviy bordi-keldimiz bor edi. Tug'ilgan kunlar va aksariyat bayramlarni bola-chaqalar bilan birga nishonlardik. Mehmonlarni bir-birimizning uyimizda ham kutib olish bizga surur bag'ishlardi.

Har qanday ibtidoning intihosi bor, deydilar. Aytmoqchimanki, Murod Surxon ota-onasining yakka-yolg'iz o'g'li bo'lgani uchun vaqti-soati kelganda ota yurtu ona makoni — Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi qadrdon qishlog'iga qaytib ketdi. Kamina poytaxtda yashab qoldi.

Shundan buyon ikki do'st ikki yondamiz. Ora-sira ko'rishib qolsak-da, baribir, ko'zlar — nigoron, sog'inchlar — sarson, diydor — armon…

Ijodkor qiyofasi

Siz ham o'zingizda shunday holatni kuzatganmisiz? Biror shoir yo yozuvchining asarini mutolaa qilar ekansiz, o'sha muallifning qiyofasi beixtiyor ko'z o'ngingizda gavdalanadi. Kitob yo gazeta-jurnalda ijodkorning rasmi bosilgan bo'lsa yoki oynai jahonda tasvirini ko'rsangiz, shu qiyofa bilan bog'liq tasavvuringiz yanada yorqinlashadi.

Ammo o'sha ijodkor bilan ilk bor yuzma-yuz kelganda, ko'pincha uni tanimaysiz. Chunki xayoliy tasavvuringiz bilan hayotiy voqelik o'rtasidagi tafovut sizga pand beradi. Shunday holatlar tufayli o'zim azaldan muxlisi bo'lgan ayrim adiblarning oldida ko'p bor izza bo'lganim bor gap.

Shukrki, qanchadan-qancha shoiru adiblar, dramaturg va adabiyotshunoslarning o'zim bilgan ismi bilan ilk bor duch kelib turgan jismi aynanligini bilib olishimda To'ramurodning kaminaga ko'p yordami tekkan. Yanglishmasam, 80-yilning o'rtalarida Davlat matbuot qo'mitasi tizimidagi ishchi-xodimlar safida Toshkent viloyatining Piskent tumaniga paxta yig'im-terimiga chiqqanimizda, Murod Surxon tashabbusi bilan bunday tanishuvlarimiz ko'p bo'lgan.

Darxon voqeasi

Qish faslining dam olish kunlaridan birida Murod Surxon kasal ko'rgani borishga taklif qilib keldi. Muhammad Yusuf uyida betob yotgan ekan. Bu vaqtlarda Muhammad Yusufning obro'-e'tibori jadal ortib borayotgandi. Men biroz taysalladim: bemorning holidan xabar olgan yaxshi, ammo yo'qlab boradigan shoir kimu biz kim?!

To'ramurod Muhammad akaning nihoyatda kamtar va odamoxun ekanini aytib, meni birga borishga ko'ndirdi. Muhammad Yusufning “Darxon” mahallasida joylashgan to'qqiz qavatli uydagi xonadonini topib bordik. Qo'ng'iroqni chaldik va biroz fursatdan so'ng eshik ochilib, ostonada shoir ko'rindi. Haqiqatan ham u shamollagan ekan, betobligi bois qoramag'iz yuzlaridan rang qochib, ajinlari ham ko'paygandek edi, nazarimda.

Shoir ichkariga kirishga taklif qildi. Eshik ortidan mo'ralayotgan mitti qizchalar va mehmon kutishga tadorik ko'ra boshlagan shoirning rafiqasi Nazira opani ko'rib, xonadon ahlini bemahalda bezovta qilmagan maqbul, degan fikrimni aytdim. Muhammad Yusuf bunga ko'ndi.

— Qizlarim bilan sayrga chiqishni maslahat qilayotgandik, — dedi u siniq va xirqiroq ovozda. — Hovlida kutsanglar, qorli ko'chalarda birga aylanamiz.

Hovliga tushsak, allaqachon gavjum ekan. Kun yilt etib chiqqaniga mahallaning hamma bolalari toza havoga chiqibdi. Qorda futbol o'yinini boshlab yuborgan 9-10 yoshlardagi bolalardan biri zarb bilan tepgan koptok Muhammad Yusuf xonadoni joylashgan pod'yezd ayvonchasi tomidagi qorga botib qoldi.

Bolalardan biri shartta eshikka osilib, uning tutqichiga oyoqlarini qo'ydi va bir amallab tomchaga chiqdi. Pastdagilar qanchalik so'ramasin, koptokni ularga bermasdan, o'zi bilan olib tushmoqchi bo'ldi.

Biroq qaytib tushayotganida oyog'i elektr simiga tegib, bexosdan dodlab yubordi. Sim uchlari pod'yezdga kirish chirog'i o'rnatish uchun chiqarilgan bo'lib, unga chiroq tugul patron ham o'rnatilmagan, shu bois himoya tasmasi bilan omonat o'rab qo'yilgan ekan. Erigan qor suvi namiqtirgani uchun bo'lsa kerak, himoyalangan simdagi elektr tokining kutilmaganda qattiq “qitiqlashi” bolaning o'takasini yoray dedi.

Endi uning hali tomchaga chiqayotgan vaqtidagi shiddat-shijoati, tom ustida turgancha sheriklariga koptokni bermagan qaysar va g'olibona kayfiyatidan asar ham qolmagandi. Bolakayni, bir tomondan, qo'rquv va chorasizlik, boshqa tomondan, oftob nuridan panada qolgan tomcha ustidagi qor sovug'i yengdi. U avvaliga hiqillab, keyin bor ovozda o'kirib yig'lashga tushdi.

Shu payt eshikdan ikki qizalog'ini yetaklagancha shoir chiqib keldi. Muhammad Yusuf tomchadagi bola tomonga ko'z qiri bilan qaradi-yu, vaziyatni darhol ilg'adi. Qizchalarini bizning yonimizda qoldirib, uvvos tortayotgan mishiqi bolaga yordam berish uchun shoshildi.

Tomcha tagiga kelib, eshik tutqichidan tutdi. Mallasoch bolaga dastlab eshikka, so'ng shoirning boshiga, keyin yelkasiga navbatma-navbat qadam qo'yishni u so'zlashadigan zabonda, ya'ni rus tilida qayta-qayta tushuntirdi. Unga tinimsiz dalda berib turdi. Nihoyat, bola loy aralash qorga bo'kkan og'ir poyabzallari bilan shoirning sochi, yelkasi va egnini birma-bir rasvo qilganicha tomdan tushib oldi.

Biz, nafaqat biz, balki butun hovli ahli bu jarayonni beharakat kuzatib turdik. Muhammad Yusuf kiygan qora va ozoda plashning yelkasidan etagigacha loyli izlar qolgandi. Murod Surxon bilan ikkimiz yaqinimizdagi o'rindiq ustidagi oppoq qor bilan dog'larni tozalashga yordam berdik.

Bizga ijodiy muhit yaratgan munis xonadon

Esimda, 1985 yili “Do'rmon” ijodkorlar uyida bo'lib o'tgan yosh qalamkashlarning ijodiy seminarida qatnashganmiz. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon kabi ulug' ustoz shoirlarimizning ijodiy yo'llanma va duolarini olganmiz. Usmon Azim, Ikrom Otamurod kabi bag'rikeng shoir og'alarimiz yonimizda dalda bo'lib turishgan.

O'sha adabiy anjuman, ta'bir joiz bo'lsa, sovetlar mamlakatining Murod Surxon va men kabi navqiron ijodkorlar uchun ravo ko'rgan birinchi va oxirgi iltifotu marhamati bo'lgan. Aytmoqchimanki, qaysi bir tengqurlarimizning ilk kitobi qo'lyozmalari nashr uchun tavsiya etilgan, kimlarningdir turkum she'rlarini yoshlar bayozlari, gazeta va jurnallarda e'lon qilish yuzasidan jo'yali maslahatlar berilgan bo'lsa ham, ana shu g'amxo'rona taklif-tavsiyalarning aksariyati bajarilmay qolgan yoki amalga oshishi uchun ancha-muncha vaqt kerak bo'lgan.

Masalan, kaminaning ilk she'riy kitobi “Do'rmon” yosh ijodkorlar seminari hay'atining tavsiyasidan keyin o'n yilcha vaqt o'tib, 1994 yildagina nashr etildi. Go'zal shoirlar, bag'rikeng insonlar va xayrixoh og'alarim — Normurod Narzullayev va Ravshan Fayzning shaxsiy tashabbusi bunda hal qiluvchi o'rin tutganini e'tirof etmaslik mumkin emas.

Gap shundaki, biz tengi ijodkorlar avlodi o'tish davriga ro'baro' keldik. XX asrning oxirgi yillarida sobiq SSSR muttasil yemirilib bordi va nihoyat 1991 yilda butunlay barham topdi. Vatanimiz o'z mustaqilligini qo'lga kiritdi va dunyo xaritasida O'zbekiston degan yangi, yosh davlat paydo bo'ldi. Bizning avlod ana shu tarixiy olamshumul voqealarning nafaqat guvohi, balki bevosita ishtirokchisi hamdir.

O'z navbatida, eski tuzum asoratlari birdaniga, osonlik bilan yo'qlikka yuz tutmaydi va yangi davlatchilik o'z-o'zidan qaror topib, shakllanib ketmaydi. Sodda qilib aytganda, buni o'tish davri deydilar. Murod Surxon bilan men kabi ijodkor tengqurlarimizning peshonasiga aynan o'tish davri mashaqqatlarini chekish taqdiri bitilgan ekan.

Istiqlol avvalida yosh milliy davlatimiz “oyoqqa turib olish”dek serqirra va og'ir jarayon bilan mashg'ul bo'lsa, jamiyatimiz sabru chidam va matonat bilan o'tish davridan o'tayotgandi, xalqimiz odatdagidek halol mehnatu bunyodkorlik og'ushida edi. Shunday mas'uliyatli pallalarda yosh ijodkorlar uchun ijodiy muhit juda ham muhim.

Binobarin, o'sha yillari bir guruh tengqurlarimiz uchun tanti va jonkuyar shoir og'amiz Ikrom Otamurod xonadoni bag'rini keng ochdi. Ochiq aytganda, ustoz rahnamoligida ushbu munis xonadon ahli bizga muayyan bir muddat jo'shqin ijodiy muhit yaratib berganini hargiz unutib bo'lmaydi.

E'tibor bering: un, guruch, shakar kabi sakkiz xil eng ro'zg'orbop mahsulot poytaxtdagi “propiska” va oila a'zolari soniga qarab, xuddi urush davridagidek, kartochka asosida har oyda o'lchab berilgan iqtisodiy taqchillik zamonida deyarli kun ora Ikrom akaning xonadonida ziyofatda bo'lganmiz. Boz ustiga, Murod Surxon bilan men erta uylanganimiz uchun oila a'zolarimiz bilan birga mehmonga borardik.

Bu qutlug' xonadonda ustoz shoirning ko'p sonli oila a'zolari qatori bizga ham bemalol rizq hamisha topilgan. Do'stimning rafiqasi Hanifaxon va turmush o'rtog'im Rahimaxon Xurram yangamning yoniga kirib, pishir-kuydir va choy-poydan doim xabardor bo'lib turishgan.

Albatta, ustozning xonadoniga qorin to'qlash uchun bormaganmiz, balki avvalo ijodiy muhitga oshno bo'lish, ya'ni mushoiralar uyushtirish, ijod haqida fikrlashish bosh maqsadimiz bo'lgan. O'sha davralarda Salim Ashur, Qo'chqor Norqobil, Rustam Musurmon, Sirojiddin Rauf singari iqtidorli shoir do'stlarimizning siyohi qurimagan she'rlarini tinglash davraga bemisl maroq bag'ishlagan.

Shuningdek, Ikrom Otamurod xonadonida ulug' ziyoli insonlarning ma'naviy-ma'rifiy suhbatlaridan ko'p bor bahra olganmiz. Ayniqsa, professor Begali Qosimov, taniqli olimu adiblar G'ulom G'afurov va Mahmud Sattor, mashhur shoir, dramaturg va tarjimon Mashrab Boboyev, televidenie sohasi jonkuyari O'rol O'tayev, teatr san'ati ustasi Rustam Ma'diyev davrasidagi jonli muloqotlar hamisha ijodiy izlanishlarimizga yangi turtki bergan.

Noyob kitoblar uchun rahmat, do'st!

Bir kuni Murod Surxon ishxonamga kelib, kitob xarid qilishga qanchalik moddiy imkonim borligi bilan qiziqdi. Gap shundaki, do'stim ishlaydigan binodagi nufuzli bir nashriyot ko'chayotgani yo qayta tashkil etilayotgani munosabati bilan kutubxonasidagi kitoblarni arzon-garov sotuvga qo'ygan ekan.

Kunduzi ishlab maosh olishimizga qaramay, ikkimiz ham kechki oliy ta'lim talabasi, oilali odamlarmiz. Qolaversa, o'sha paytdagi og'ir va murakkab iqtisodiy vaziyat ham oylik pulimizni tejab ishlatishni taqozo qilardi. Baribir, To'ramurod bilan birga kitoblar xarid qilgani bordik.

Suv bo'yidagi ekinzorlar naqadar serhosil bo'lishi to'g'risida hech o'ylab ko'rganmisiz? Shu ma'noda, nashriyotlar joylashgan bino ichidagi va katta bir nashriyotga tegishli kutubxona qanchalik boy bo'lishi ham tushunarli hol. Murod Surxonning tanishi bo'lgan kutubxonachi opa bizga kitoblarni tanlab olishimiz uchun keng imkoniyatlarni yaratib berdi. Bir zumda ancha-muncha kitob saraladik. Yana va yana tanladik…

Biroq pulimiz ozlik qildi. Cho'ntakdagi mablag'imiz yetganini ko'tarib, qolgan kitoblarni bir chetga yashirib qaytdik. Ertasi kuni qolgan kitoblarni ham sotib oldik. Ko'p va arzon narxdagi xaridlarimiz ichida umrim bino bo'lib endigina duch kelib turganim noma'lumu nodir asarlar ham, mutolaa qilish ko'pdan orzuyim bo'lgan noyob kitoblar ham mo'l edi.

Bu voqea matbuot va matbaa-noshirlik tizimida sho'rocha yondashuvlar barham topa borib, Istiqlol arafasi o'zgarishlari kechayotgan dolg'ali davrlardan bir ajib lavha. Do'stim umrining asosiy qismini shu sohaga sadoqat bilan bag'ishlab kelayotganidan faxrlanaman.

Keyingi davrda, 1990 yili To'ramurod Rahmonov O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a'zo bo'ldi. Uzoq yillar davomida poytaxtimizdagi nashriyot va tahririyatlarda, shuningdek, Surxondaryo viloyati, Termiz shahri va Oltinsoy tumanidagi turli ommaviy axborot vositalarida halol xizmat qilmoqda.

Darvoqe, 27 iyun — Matbuot va ­ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni!

Shuningdek, 27 iyun — do'stim To'ramurod Rahmonov tavallud topgan kun!

Bu yil To'ramurod do'stim 60 yoshni qarshi oldi. Umringga baraka bersin, do'st!

G'ulom MIRZO,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + four =