So'z erkinligi mas'uliyatdir

Ikrom AVVALBOYEV,
O'zbekiston Milliy axborot agentligi markaz boshlig'i o'rinbosari,
“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Eng yaxshi jurnalistik material uchun (internet nashrlari)” yo'nalishi bo'yicha 1-o'rin sohibi.
Otam qishloq xo'jaligining odami edi. Bog'dorchilik ilmini yaxshi bilardi, lekin ijodga ham begona emasdi. Rahmatli she'r mashq qilib yurardi. Aytmoqchi bo'lganim, jurnalistikaga qiziqishim qondan o'tgan.
Shu qiziqish sabab qalami o'tkir, fikri teran ustozlarning etagini tutdik. O'zbekistonning bosh axborot agentligida ishlayotganimga sakkiz yildan oshdi. Ungacha gazeta va jurnallarda qalamimiz charxlandi. “To'rtinchi hokimiyat”ning bir vakili sifatida keyingi yillarda mamlakatimizda media sohasini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan quvonaman.
Yangilangan Bosh qomusimizda ham ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'lishi qayd etildi. Bu normalarning mustahkamlab qo'yilishi sohada tarixiy voqea bo'ldi.
Davlatimiz rahbari, bot-bot xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e'tiboriga olib chiqayotgan eng ta'sirchan kuch ommaviy axborot vositalari ekanini ta'kidlaydi. Shuningdek, haqiqat va adolatni o'z e'tiqodi deb biladigan jurnalistlarni qo'llab-quvvatlashini ko'p aytadi.
Bugun bu borada jamiyatimizda so'z va amal – bir. Shunday ekan, mana shu imkoniyatdan samarali foydalanishimiz lozim. Islohotlarning faol ishtirokchisi, xalq manfaati yo'lida qabul qilinayotgan hujjatlarning mohiyatini barchaga tushunarli tilda yetkazuvchilar bo'lishimiz kerak.
Maqolalarimda davlat rahbarining tashriflari, joylardagi o'zgarishlar, qabul qilinayotgan qaror va farmonlar sharhiga alohida e'tibor qarataman. Nima bo'lsa, boricha ko'rsatishga urinaman.
So'z erkinligining imkoniyatlaridan to'la foydalanish asnosida uning mas'uliyatini doim his qilib turaman. Ustozlarning shu o'gitlariga amal qilib, bugun mana shunday katta e'tirofga sazovor bo'ldim. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g'oliblari qatorida bo'lganim menga quvonch va yanada katta mas'uliyat yuklaydi.
Aytar so'zimiz ham oltin bo'lmog'i kerak!
Norqobil JALILOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,
“XXI asr” gazetasi Bosh muharriri,
“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Eng yaxshi jurnalistik material uchun (bosma nashrlar)” yo'nalishi bo'yicha 3-o'rin sohibi.
…Bugun 18 yil burun ta'sis etilgan va televidenie yo'nalishi bo'yicha “Yaxshilik” turkumidagi ko'rsatuvlarim uchun nufuzli “Oltin qalam” Milliy mukofotiga sazovor bo'lganim 2006 yil beixtiyor yodimga tushayotir. O'shanda bu tanlovda yuzdan ziyod hamkasblarim turli yo'nalishlar bo'yicha o'zlarining bir yarim mingdan ko'proq ijodiy ishlari bilan qatnashgan va bu o'ziga xos sinovning ahamiyati, qadr-qimmati bugungi kundagidek keng miqyosda targ'ib etilmagani rost. Nega aynan bu raqamlarga urg'u beryapman? Boisi, keyingi yillarda milliy jurnalistikamiz faqatgina son jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham ancha o'sdi, taraqqiy etdi.
Alohida universitet, hududlarda fakultetlar, xorijiy tillarga ixtisoslashgan mutaxassis kadrlar tayyorlanayotgani, bosma, radio-televidenie, internet, ijtimoiy tarmoqlardagi faollashuv, munozaralar maydonining kengayishi, fikrlar xilma-xilligi… hamma-hammasi sohada o'ziga xos taraqqiyot ro'y berayotganini ko'rsatmoqda. Shu ma'noda “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun o'tkazilayotgan bu xalqaro tanlov o'z nufuzi, darajasi, qamrovi bo'yicha dunyo ahamiyatiga molik tadbirlardan biriga aylandi deyishga to'la asos bor deb o'ylayman.
Yana bir savol qarshisida o'ylab qoladi odam: xo'sh, kam emas, tasavvur qiling, o'tgan 18 yil oralig'ida “Oltin qalam” mukofoti sohibi bo'lgan (ijodiy jamoalarni emas, bevosita qalamkashlarni nazarda tutyapman) yarim mingdan oshiqroq hamkasblarimiz ana shu mas'uliyatli soha, mashaqqatli kasblariga qay darajada sodiq qola oldilar? Va tabiiyki, biz o'z burchimizni, yurtga, xalqqa sadoqatimizni qanday oqlayapmiz? Bu kabi og'riqli savollarga javob beradigan fursat yetib keldi-da. Negaki, o'tgan kattagina muddat ichida jamiyat butunlay o'zgardi, talab endi boshqacha, odamlar ham kechagi loqayd, befarq, tomoshabinga aylanib qolgan olomon emas. Har kim o'z haq-huquqi, qonuniy manfaatini tanish barobarida o'z fuqarolik pozitsiyasini qanday himoya qilishni ham biladi. Qolaversa, bugungi kunda yurtimizda so'z erkinligi, demokratik tamoyillarni isloh etish, OAVni bosqichma-bosqich qo'llab-quvvatlash borasida sezilarli amaliy ishlar qilinayotgani ham haqiqat.
Eslaylik, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-ma'muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo'ljallangan vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilishida “…Agar biz O'zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o'z qo'limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo'lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma'lumot, real voqealarga bo'lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi. Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo'lsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq bo'lsa, unga tushuntirish orqali yolg'on xabarlarning oldini olishga o'rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg'onligini” deya “to'rtinchi hokimiyat” vakillari zimmasiga qanday dolzarb va kechiktirib bo'lmaydigan vazifalar yuklanayotganiga alohida urg'u berib o'tgan edi. Bu bejiz emas, albatta. Shunday ekan, bu g'oyat murakkab va sharafli sohaga hayoti, taqdiri bog'langan har bir jurnalist, ijodkor, bir so'z bilan aytganda, ommaviy axborot vositasi vakili bugungi murakkab globallashuv davrida zamondan, taraqqiyotdan ortda qolishga aslo haqqi yo'q.
Butun jamoamiz muvaffaqiyati
Umida G'AFFOROVA,
“Mahalla” radiokanali “Ma'naviy-ma'rifiy, ko'ngilochar va musiqiy dasturlar” muharririyatining bo'lim mudiri,
“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning Eng yaxshi jurnalistik material uchun (radio) birinchi o'rin g'olibi:
“Oltin qalam” xalqaro tanlovida sovrindor bo'lish qalam tebratayotgan barcha ijodkor jurnalistlarning orzusi bo'lsa kerak desam yanglishmayman. Chunki har qanday tamagirlikdan xoli ravishda har bir ijodkorning o'z faoliyati natijasini ko'rishi, bajarayotgan ishi haqiqatan ham manfaatli bo'lyaptimi, yo'qmi, shunga ishonch hosil qilgisi keladi. Ushbu tanlov esa ijodkorlarga mana shu ishonchni bera oladigan, jurnalistni ma'lum ma'noda e'tirof etadigan katta maydondir.
Bugun mana shu maydonda “Mahalla” radiokanali jurnalisti sifatida e'tirof etilayotganimiz, albatta, juda quvonchli. Ijodkor, ayniqsa, radio, televidenie jurnalistlari jamoaviy holatda ishlaydi. Jurnalist bilan bir qatorda rejissyor, operatorlarimiz ham ter to'kishadi. Demak, bu g'oliblik ortida butun jamoaning hissasi bor. Fursatdan foydalanib, avvalo, mening ijodkor bo'lib yetishishimga o'zlarining mehri, duolari bilan madadkor bo'lgan ota-onamga, qo'llab-quvvatlab kelayotgan oilamga va albatta, qadrli ijodiy jamoamizga katta minnatdorlik bildiraman.
Shuning barobarida eshittirishlarimda ishtirok etgan barcha soha mutaxassislariga ham katta rahmat. Ularsiz muvaffaqiyatga yetishish qiyin bo'lardi, albatta.