E'tirofdan boshim osmonda
Aytishlaricha, odam suvsiz uch kungacha yashay oladi, ovqatlanmay bir haftagacha tirik qolishi mumkin. Lekin inson bolasi shunday yaratiqki, u axborotsiz bir lahza ham yashay olmaydi. Ibtidoiy yashash tuzumidan boshlab, to hozirgi kungacha har kim har daqiqada axborotga talpinib yashab keladi.
Ilk devoriy suratlar, O'rxun-Enasoy bitiklari, xalq og'zaki ijodi namunalari, teriga yozilgan kitoblar… Hammasi ham axborot tarqatish uchun kashf qilingan. Birinchi rasmiy axborotlar esa Rim imperiyasi davriga borib taqaladi. Eng birinchi rasmiy gazetalar esa Fransiyada chop etilib, portlarda tarqatilgan. Aslida, “gazeta” – fransuzcha “gazette” degan so'zdan olingan va bu so'z “chaqa”, degan ma'noni anglatadi.
Yillar, davrlar, siyosiy tuzumlar o'tib, matbuot, ommaviy axborot vositalari bugungi shaklu shamoyilga yetib keldi. Oradan yana vaqt o'tadi, barcha soha va tarmoqlar qatori jurnalistika ham rivojlanadi. Chunki, boya aytilganidek, odam bolasining axborotga bo'lgan ehtiyojini, chanqog'ini umrbod qondirishning iloji yo'q.
Axborot tarqatish hozirgi tezkor davrda nihoyatda jadallashgan. Bu jarayonda barcha ommaviy axborot vositalari qatorida bosma nashrlar ham salmoqli ahamiyatga ega. Hozirgi o'tish davrida, ehtimol, matbuotga ehtiyoj biroz susaygan bo'lishi mumkin, ammo jurnalistika tarixini boshlab bergan matbuotga yana qaytiladi deb o'ylayman. Jahon tajribasi, hozirgi xalqaro media makoni buni isbotlab turibdi.
Bayram arafasidagi ushbu e'tirof esa mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e'tiborning bir namunasi. Menga bugun berilgan yuksak mukofotdan boshim osmonda, u faoliyatimni yangi sur'atda davom ettirishga ruhlantiradi.
Tolib HAKIMOV,
O'rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahri
hokimliklari muassisligidagi
“Mash'al” gazetasi bosh muharriri,
“Do'stlik” ordeni sohibi.
Bolalar uchun xizmat qilish – sharaf
Kuni kecha Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida Prezidentimizning Farmoni e'lon qilindi. Mukofotlanganlar qatorida o'z ismi sharifimni ko'rib, to'g'risi ishonmadim: “Nahotki, axir hech qanday hujjat topshirganim yo'q edi-ku”. Shunchalik kamtarona mehnatimni qadrlab, ana shu mukofotga munosib ko'rganlari uchun tashakkur bildiraman.
Keyingi paytda mamlakatimiz rahbari tomonidan ta'lim-tarbiyaga, ma'naviyatga va qator sohalarga juda katta e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodning ma'naviy kamoloti eng dolzarb masalalardan biri. Ana shunday pallada biz — bolalar ijodkorlarining mas'uliyati juda muhim.
Hozir muhtaram Prezidentimiz farmonlari bilan respublikaning har bir viloyatida (Namangan, Jizzax, Navoiy, Toshkent viloyati, Toshkent shahri negadir jim) mahalliy byudjet mablag'laridan davlat nashri hisoblangan “Gulxan”, “G'uncha”, “Tong yulduzi”, “Klass” gazeta va jurnallariga pul ajratilyapti. Ushbu nashrlar maktablarga bir donadan kirib bormoqda. Bu juda quvonarli. Men ishonaman, keyingi yilga biz bilan bog'lanmagan viloyatlar o'z hududlaridagi maktab o'quvchilarini ajoyib gazeta va jurnallar bilan ta'minlaydi.
Men ijodkorman. Bolalar uchun yozish, bu beg'ubor olamda xizmat qilish men uchun katta sharaf.
Muhtaram Prezidentimizga e'tirof, e'tibor uchun katta rahmat!
Zahro HASANOVA,
“Gulxan” jurnali bosh muharriri,
II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibasi.
Mehnating qadr topsa…
Muhtaram Prezidentimizning matbuot sohasiga ko'rsatayotgan g'amxo'rliklari, e'tibori biz jurnalistlarni yanada ruhlantirishi, mehnatlarimizning qadr topishi yanada ilhomlantirishi shubhasizdir.
Ayniqsa, men faoliyat olib borayotgan “Jadid” gazetasining shaxsan Davlatimiz rahbari tomonidan ta'sis etilishi yurtimizda ommaviy axborot vositalariga qaratilayotgan yuksak e'tiborning namunasidir.
Tahririyatda, ayniqsa, gazeta sohasida ishlash baribir boshqacha. Cen bilan yakdil, mehnatingni qadrlaydigan jamoa bilan mehnat qilib, kuning qanday o'tganini bilmaysan. 28 yillik faoliyatim davomida shunga amin bo'ldimki, bir ishxonalar bo'larkan, sening senligingni kashf etarkan. “Do'stlik bayrog'i” gazetasi, O'zLiDeP Navoiy viloyati kengashidan keyin “Jadid” tahririyati meni, mening iqtidorimni to'lig'icha yuzaga chiqarib berdi, deb o'ylayman. Chunki ijod yo'lida keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Bugun kichik xizmatlarim e'tirof etilib, davlat mukofotiga loyiq ko'rilganimdan behad xursand bo'ldim. Bu mukofot mening sevimli jamoamga va o'zim ularning hayotiga tushib yashagan aziz qahramonlarimga ham daxldor deb bilaman. Men ularning barchalaridan cheksiz minnatdorman.
Ushbu mukofot nafaqat faxr-iftixor bag'ishlaydi, balki zimmamga yanada zalvorliroq mas'uliyat yuklaydi. Chunki bugunning asl qahramonlari hali ko'p, amalga oshirilayotgan ulug' islohotlarning tub mohiyatini ochib bermog'imiz shart.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni kasb bayramlari bilan qutlayman.
Muhayyo PIRNAFASOVA,
“Jadid” gazetasi adabiy muharriri,
“Shuhrat” medali sohibasi.