Dil so'zlari. Halollik vaksinasi — eng katta kuch
Ulug' adibimiz Said Ahmadning mashhur “Kelinlar qo'zg'oloni” spektakli o'z davrida shunday shuhrat qozongan ediki, tomoshabin uni qayta-qayta ko'rib, yangi-yangi qirralarini kashf qilardi. Ana shu asarda bir sahna bor: o'g'li qamalgan ayol Farmonbibining melisa o'g'lidan najot so'rab onaxonga murojaat qiladi. “Boshlanishidan 5 ming rubl (o'sha payt juda katta pul), o'g'lim qamoqdan chiqqanidan so'ng 10 ming so'm pul beraman”, deydi. Farmonbibi o'g'illarini chaqirib, bu gapni aytganida, ularning hammasi bir ovozdan: “Oyijon, nima buyursangiz qilamiz, lekin bu ishni qilmaymiz”, deyishadi.
Ko'rinishidan ziqna, yog' tushsa yalaydigan Farmonbibi, aslida, juda halol va farzandlarini ham halol luqma yeyishga o'rgatgan ayoldir. Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzuidagi “Farmonbibining halollik vaksinasi” nomli maqolam “Xalq so'zi” gazetasida chop etildi va keng jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bugungi onalarning farzand tarbiyasidagi o'rni haqida ko'plab fikrlar, mulohazalar bildirildi. Mazkur maqola menga Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan o'tkazilayotgan “Eng ulug', eng aziz” respublika tanlovida “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasida 1-o'rin g'olibligini ham hadya etdi.
Mavzu zo'r, xalqchil va odamlar dilidagi dard haqida yozilgan bo'lsa, u e'tirof etilishini mazkur tanlovda ishtirok etib anglab yetdim. Tanlov haqiqiy ma'noda jurnalistni izlanishga undovchi kuch ekanini faqat men emas, bu yilgi “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovida ishtirok etgan boshqa g'olib va sovrindorlar fikrlaridan ham bilib olish qiyin emas.
Faxriddin BOZOROV,
“Xalq so'zi” gazetasi bo'lim boshlig'i.
“Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovining
Bosma OAV yo'nalishi bo'yicha birinchi o'rin sohibi.
Izlanish va rag'bat
Davlatimiz rahbarining “Men jurnalistlarni qo'llab-quvvatlayman, ularning ortida men turibman”, degan so'zlari biz uchun mustahkam ishonch, rag'bat vazifasini o'taydi. Bizni yanada ruhlantirib, ochiqlik, oshkoralikni ta'minlashimiz, voqeliklarga xolisona yondashuvimizda dalda bo'lyapti, desak xato bo'lmas.
Ijodiy tanlovlar haqida gap ketganda esa doim milliy jurnalistika sohasida o'ziga xos maktab yaratgan ustoz ijodkorlarning faoliyati ko'z o'ngimizda gavdalanadi. Jurnalistika ularning hayot tarzi, umr mazmuniga aylanib ketgan. Biz esa ularga munosib bo'lishimiz darkor.
Eng muhimi, bugungidek nufuzli ijodiy tanlovlar milliy media sohasini sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etilayotgani quvonarli. O'z navbatida yana ular biz-jurnalistlarni, ijodkorlarni ko'proq izlanishga, o'z ustimizda tinimsiz ishlashga undaydi.
Nazokat USMONOVA,
O'zbekiston Milliy axborot agentligi bo'lim mudiri,
“Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovining
Internet jurnalistikasi yo'nalishi bo'yicha
ikkinchi o'rin sohibasi.
G'oliblar safida…
“Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz” shiori ostida tashkillashtirilgan mazkur tanlovda g'oliblar safida bo'lishimni, ochig'i, o'ylamagandim. Bunga hatto umid ham qilmagandim. Chunki shunday nufuzli tanlovlarda e'tirof etilishim juda qiyin, biz kabi yosh jurnalistlarning tanlov g'olibi bo'lishiga hali ko'p qovun pishig'i bo'lsa kerak deb yurgandim. Hayajondaman. Rahmat. Bu chindan ham men uchun bayram arafasida kutilmagan tuhfa bo'ldi.
“Nurafshon” telekanali tashkil topganiga ko'p vaqt bo'lmagan bo'lsa-da, shuni ishonch bilan ayta olamanki, salmoqli turkum ko'rsatuvlari mavjud. Tomoshabinlar e'tiboriga tushayotgani ana shundan.
Shaxsan men «Televidenie va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” nominatsiyasi bo'yicha aynan o'zimning muallifligimda tayyorlangan bir nechta ko'rsatuvlarni ushbu tanlovga taqdim etgandim. Ularda zamonamiz qahramonlari bo'lgan turli kasb egalari, qishloqning mehnatkash tanti insonlari haqida hamda jadid bobolarimiz va boshqa bir qancha mavzulardagi ko'rsatuvlar tayyorlab, tomoshabinlar e'tiboriga taqdim etib kelmoqdamiz.
Yuqorida aytganimdek, kutilmaganda 1-o'rin olganimni e'lon qilishdi va tanlov hay'atining bu xolisligiga tan berdim.
Xalqimiz e'tiboriga taqdim etmoqchi bo'lgan eng sara ko'rsatuvlarimiz xali oldinda deb bilaman. Yangi O'zbekistonda OAV xodimlariga yaratib berilayotgan imkoniyatlar ijod ahlini yanada jo'shqin mehnat qilishga, izlanishga undaydi. “Eng ulug', eng aziz” singari ko'rik-tanlovlar katta ahamiyatga ega, albatta.
Xullas, kamtarona ijodiy ishlarim shunday yuqori baholanganidan mamnunman. Bu e'tirof — men uchun hali oldindan berilgan bo'nak, rag'bat ekanligini, hali yana ko'proq o'qib, izlanishim joizligini ham yaxshi bilaman.
Gulnora ATADJANOVA,
O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi
“Nurafshon TV” telekanali muxbiri,
“Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovining
Televidenie yo'nalishi bo'yicha birinchi o'rin sohibasi.
Mas'uliyat bor
So'z va fikr erkinligi bugun o'z kuchini ko'rsatmoqda. Davlatimiz rahbari doim so'z qadrini yuksak tutuvchi biz – jurnalistlarni qo'llab-quvvatlaydi. Bunday yuksak ishonch jurnalistga faqat va faqat qanot beradi. Demak, yelkamizda mas'uliyat bor. Shu katta vazifani, katta mas'uliyatni hamisha his qilishimiz shart.
Bilasizmi, har bir ijodkor o'z faoliyatini tahlil etadi, xolislik, haqqoniylik tarozisiga solib ko'radi. Shu ma'noda “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy tanlovi ommaviy axborot sohasi xodimlarini o'z ijodiga yana bir karra teran nazar tashlash, sarhisob etish, izlanishdan, olg'a intilishdan charchamaslikka da'vat etayotgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovda ekologiya va atrof-muhitni asrab-avaylash, o'zbek tilining nufuzini oshirish, yoshlar ma'naviyati va tarbiyasini yuksaltirishda milliy qadriyatlarimizning o'rni hamda ijtimoiy mavzudagi tanqidiy-tahliliy maqolalarim bilan ishtirok etdim. Ijodkor uchun yutuqning katta-kichigi bo'lmaydi.
Bugungi g'oliblik esa menga ijodiy izlanishimda yanada kuch beradi. Qolaversa, sohaga qaratilayotgan katta e'tibor mamlakatimizdagi ijodkor ziyolilarning salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda zarur sharoit va imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Eng ulug', eng aziz” respublika tanlovi ham ana shu maqsad va vazifalarga xizmat qilayotgani bilan g'oyat ahamiyatli deb o'ylayman.
Men hali yosh jurnalistlardanman. Oliy o'quv yurtini shu yil bitirdim. Lekin respublika miqyosidagi ana shunday nufuzli tanlovlarda e'tirof etilayotganim bu birinchi navbatda biz yoshlarga e'tibor, qo'llab-quvvatlov tufayli bo'layotganini dildan his qilmoqdaman. Bu qadrli ishonchni kelajakda mehnatim, tinimsiz izlanishlarim bilan oqlashga harakat qilaman.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri,
“Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovining
Bosma OAV yo'nalishi bo'yicha ikkinchi o'rin sohibi.