Bu naqadar fusunkor olam

Taniqli adib Şodiqul Hamroga xat

Salom, Şodiqul döstim!

Yaxşi bilasiz, siz bilan talabalik yillaridan buyon birgamiz. Ilk hikoyalaringiz Toşkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida öqib yurganingizda çiqqan. Hammamizning havasimiz kelgan edi. “Özbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida, “Yoşlik”, “Şarq yulduzi” jurnallarida çiqqan şeʼrlar, hikoyalar rosa şov-şuv bölardi. Eslaysizmi, uşbu adabiy naşrlarning har bir yangi soni talaş bölib, qölma-qöl öqilar edi. Öqişni bitirganingizdan söng özingiz ham “Yoşlik” jurnali tahririyatida işladingiz.

Siz öşa vaqtlardayoq jahon adabiyotidagi badiiy matn sifatini özgartirib yuborgan, xayol va tafakkurning bepoyon kengliklarini kaşf etgan yozuvçilar asarlarini köp öqirdingiz va bizlarga ham öqigan kitoblaringizni qizğanmasdan sovğa qilar edingiz. Şu ajoyib odatingizni hozir ham kanda qilganingiz yöq.

Fusunkor realizm adabiy oqimining mumtoz namoyandasi Xuan Rulfoning “Pedro Paramo” nomli romanini ilk şeʼrlarim endigina matbuotda çop etilgan yillari: “Mana şu kitobni öqing”, — deb menga bergandingiz. Öşa vaqtda bu ğalati asar mağzini çaqiş menga murakkab tuyulgandi. Siz esa uni suv qilib içib yuborgan, barça boblarini yodlab olgan edingiz. Öqib, mazmunini töliq anglab yetiş uçun uni har kuni qölimdan qöymay, sumkamga solib olib yurardim. Afsuski, bu kitobni hali öqib tugatişga ulgurmasimdan sumka-pumkam bilan birga qöşib öğirlatib qöydim. Eski şaharda men oilam bilan ijarada turgan kulbaning egasi Anisa opoqi bizni “propiska”ga qöymoqçi edi. Rasmiy idoralarning qoğozbozligi istehkomini zabt etişda ustozlarimdan biri yordam bermoqçi, öşa kuni birgalikda şahar hokimi qabuliga kirmoqçi edik. Xullas, uçinçi qavatdagi işxonamning eşigini qulflamasdan birinçi qavatga tuşib, ustozning kelişini sabrsizlik bilan kuta boşladim. Bir vaqt xonamga çiqsam, sumkam yöq… Uning içida qölyozmalarim, uy hujjatlari, umr yöldoşim va mening pasportim, bolalarimning guvohnomasi va yangi poyafzal olaman, deb jamğarib yurgan pullarim bor edi… Öğirlatib qöygan pullarimga, hujjatlarimga u qadar açinmaganman, Lekin siz bergan Xuan Rulfoning kitobini yöqotganim uçun juda kuyinganman.

Mana, ötgan yili menga “Latinoamerikanskaya povest” nomli ikki jildlik qissalar töplamining birinçi jildini sovğa qildingiz. Bu kitobda Alexo Karpentyerning “Konsert barokko” (“Barokko konserti”), Xuan Korlos Onettining “Bezdna” (“Tubsiz gum”), Augusto Rao Bastosning “Kurupi” (“Kurupi” — guarani qabilasi mifologiyasida hosildorlik va yovvoyi hayvonlar puştipanohi bölgan iloh), Ernesto Sabatoning “Tunnel”, Xose Maria Argedasning “Lyubov-Veselennaya” (“Ilohiy muhabbat”), Xulio Kortasarning “Presledovatel” (“Izquvar”), Xose Donosaning “Poxoronnыe meçtы” (“Kömilgan orzular”) nomli qissalari, eng asosiysi, Xuan Rulfoning “Pedro Paramo” qissasi bor. Bu asarlarning har biri özgaça betakror olam. Söz sanʼatining bunday möʼjizalarini öqib, hayratga tuşasiz. Mif, fantastika tasavvuringizni şuur yetmaydigan osmonlarga olib çiqib ketadi; xayol, fikr, ruhni nihoyatda keng, teran tasvirlaş uçun sözlar, gaplar, jumlalar yangiça tuziladi; inson ruhiyati, u yaşayotgan borliq, kundalik turmuş nihoyatda aniq va tiniq tasvirlanadi. Orzu-armonlar, dardu fojialar, baxt va baxtsizliklar, zulm va adolatsizliklar, yovuzlik va muhabbat obrazlar orqali real namoyon böladi. Badiiy asarda biz örganib qolgan “voqea, joy va vaqt birligi” qonuni buzib taşlanadi. Birvarakayiga barça voqealar, makonlar va zamonlar tasvirlanaveradi. Marhumlar narigi dunyodan tirilib keladi, bu dunyoda tirik yaşayotganlar narigi dunyoga borib qoladi, burungi zamonda dunyodan ötganlar bilan suhbatlaşadi. Bu adiblarni öqib, sözdagi kaşfiyot tabiiy fanlardagi kaşfiyotlardan ham yuksak ahamiyatga ega ekanligini anglaysiz. Abdulla Qahhorning “Adabiyot — atomdan kuçli” degan hikmatining mağzini çaqasiz.

Xuan Rulfoning “Pedro Paramo” qissasini öqib, yozuvçining uslubiga, tasvir sanʼatiga mahliyo bölib qoldim. Uni neça qayta öqisangiz ham yana öqigingiz kelaveradi.

Taniqli adib va tarjimon Olim Otaxon Lotin Amerikasi yozuvçilarining betimsol mahoratlari, ayniqsa, Xulio Kortasar va Mario Vargas Losa kabi yozuvçilarning asarlari haqida juda köp gapirardi, ularning romanlarini batafsil tahlil qilib berardi. Öşa suhbatlardan birida Olim aka menga: “Şodiqul menga Kortasarning “Drugoye nebo” hikoyalar töplamini bergan, kitobni qayta-qayta öqib, tit-pitini çiqarib yuborganman, varaqlarining çoklari uzilib ketgan”, — degan edi.

Şodiqul, qanday yaxşi, siz doimo yaqin döstlarga yaxşi kitoblar ulaşgansiz.

Işdan böş paytlarimizda uçraşib qolsak, faqat adabiyot haqida gurung berasiz. Ayniqsa, Pedro Paramoni köp gapirasiz. Şunday zulmkor va yovuz diktatorning muhabbatini, uning sevgilisiga: “Susana!” deya iltijolar qilganini hayajon bilan sözlaysiz. Meksikalik Xuan Rulfoning Garsia Markes, Xulio Kortasar va butun Lotin Amerikasi mamlakatlarining maşhur yozuvçilariga badiiy uslub örgatgani, ustozlik qilgani haqida maroq bilan gapirasiz.

Ha, Şodiqul, şeʼriyatda nikaragualik şoir Ruben Dario qilgan işni nasrda Xuan Rulfo amalga oşirdi. Darvoqe, jahonning yangi davr adiblari aksariyati Ruben Darioning betakror şeʼridan örgangan. Pablo Neruda bilan Federiko Garsia Lorka Ruben Darioning novatorligini munosib eʼtirof etib, qançadan-qança adabiy suhbatlar qilgan, maqolalar yozgan. Bu nihoyatda maroqli va qiziqarli mavzu.

Siz adabiyotdagi yangilikni yaxşi körasiz, yangi badiiy asarlarni tarğib qilasiz. Özingiz ham yozgan qissalaringiz va hikoyalaringizda yangilikka intilasiz. Yaqinda “Muazzam” nomli qissalar va hikoyalar töplamingiz naşrdan çiqdi. Öz uslubingizga sodiq qolgansiz. Mif va fantastika asaringizga boşqaça jilo berib turadi. Badiiy nasrga yangiça uslub bilan milliy ruh, milliy manzara, milliy fikr olib kirasiz. Badiiy asar tili degan tuşunçani köpçilik yozuvçilar unçalik tuşunmaydi ham, hatto bilmaydi ham.

Siz şeʼriyatni yaxşi körasiz. Bu yozganlaringizdan bilinib turadi. Taşbehlar, timsollar, metaforalar nasrda ham nazmdagidek qöllanişi şart. Badiiy sözning uşbu azaliy qonuniyatiga siz sadoqat bilan amal qilasiz.

“Hovlidagi daraxt” nomli hikoyangiz mazmuni azaliy qadriyatlarimizga, milliy özligimizga borib taqaladi. Milliy axloq, urf-odatlar, anʼanalarni tarannum etasiz. Ajdodlardan avlodlar töralişini, sulolalarning tarqalişini bizda şajara deydi. “Şajara” sözining yana bir sinonimi daraxtdir.

“Hovlimizdan oqib ötadigan ariq labidagi bu daraxt qişloğimizda yagona hisoblanadi, — deb boşlanadi hikoyangiz. — Daraxtning kişini hayratga soladigan bir jihati bor edi. U yilda ikki marta: bahor va kuz boşlarida gullar, biroq meva tugmas edi.

Daraxt otamga bobo meros yodgorlik hisoblanar, şu sababli uni nihoyatda avaylardi. Va bizdan ham şuni qattiq talab qilardi”.

Hikoyadagi tasvirlar, sözlar ramziy maʼno kasb etadi. Töğri, yurtimiz tabiatida yilda ikki marta gullaydigan saksovul va yulğun daraxtlari bor. Ular ham gullaydi-yu, biroq meva tugmaydi. Siz tasvirlagan daraxt saksovul ham, yulğun ham emas. Siz özingiz xayolan öylab topgan (rusçasiga “vыmыşlenniy”) daraxt timsoliga teran maʼnolar yuklaysiz.

“Supada yonboşlab yotgan otam botayotgan quyoşning alvon şafaqlarida tovlanib turgan daraxtimizga xayolga çömgança tikilib turardi. Şunda men:

— Ota, nega daraxtimiz heç meva tugmaydi? — deb söradim. Savolimdan otam ajablandilar, şekilli, ança vaqt xuddi nimadir qidirganday yuzimga tikilib qoldilar, söng: “Mevami? Tugadi, öğlim. Mana men, sen, opang, singling va akang şu daraxtning mevalarimiz…”

Hikoyangizni öqib, daraxt, yaʼni şajara haqida mif yaratganingizni angladim. Naslni toza saqlaş, özlikni asrab avaylaş, ozodlik va erkni boy bermaslik kabi ğoyalar bu asaringizda obrazli tarzda tasvirlangan. Bir oilaning taqdiri timsolida bir yurtning taqdiri hikoya qilingan. Qadimda katta bobo suv böyiga suqib qöygan hassadan kökargan daraxt oilaning fayzi, rizq-rözi, barakasi manbai böladi. Muhojir ismli odam hovli xöjayinidan payvand olib, özining uyida östiriş uçun muqaddas daraxtdan novda kesib berişni söraydi. Ammo ota bunga könmaydi. Bahor kelsa hamki, daraxt negadir gullamaydi. Betoblikdan boşi yostiqqa tekkan ota taşvişga tuşadi. Daraxtdan payvandlik olişni oşkora söraganida maqsadiga yetolmagan Muhojir boşqaça yöl tutgani, hovlidagi daraxt egasining katta öğlini yöldan urgani, unga zanjiri uzun çöntak soat bergani, soatga uçgan bola buning evaziga daraxtdan yaşirinça uçta novda kesib, Muhojirga eltib bergani maʼlum böladi… Daraxt gullayvermaganidan söng tanasini bolta bilan bir payraxa çamasi tilib körişadi, qurigan… Keyin belkurak bilan daraxt ildizini kovlab körişadi…

“Men daraxt ostidan bir belkurak tuproq kovlab olgan edim, dimoğimga qandaydir badböy hid urildi, engaşib tuproqqa yaxşiroq razm taşladim: unga qandaydir sarğiş narsa singib ketgan edi. Otam ming azob bilan, tipirçilay-tipirçilay örnidan qözğaldi va qaltiroq qöllarini çözib men kovlagan tuproqdan bir siqim olib, köziga yaqin keltirdi-da:

— Ostiga dori sepilgan ekan, vahşiylar! — dedi u ilonday vişillab va daraxt poyiga sudralib keldi-da, tuproqni sidirib, tomirlarini uşlab kördi. Tomirlarni daraxtlarning tiriklik belgisi — namlik tark etmagan edi…”

Hikoyangiz şunday yakunlangan. Muhojir obrazida xalqimiz boşiga qança baloyu kulfatlar solgan istibdod zamonining yovuz vakillarini nazarda tutganingiz seziladi. Paxta maydonlariga odamlar boşidan samolyotlarda butefos sepilgani, “Oden” traktorlarda dorilar purkalgani, ariqlarda qip-qizil zaharning suvga aralaşib oqqani, qançadan-qança zahmatkaş dehqonlarning, paxtakor ayollarning jigari şişib ölgani, qançadan-qança navqiron yoşlarning puşti kuyib ketib, befarzandlik dardiga mubtalo bölgani esimizdan çiqqani yöq. Makkor va yovuz duşman millatimizning hayot daraxtini quritmoq uçun neça bir yovuzliklarni öylab topgani hammamizga yaxşi maʼlum. Hikoyangizda hovlidagi daraxt egasining qamalgani, bir vagon mahbuslarning öşa gullagan daraxtga qarab yugurganlarini tasvirlagansiz. Siz bu timsollar orqali ötgan asrning 37-yilgi maşʼum qatağon davriga işora qilganingizni ham angladim. Biroq qançalik harakat qilmasin, yovuz duşmanlar millatimiz hayot daraxtining ildizini özlari xohlagandek tag-tugi bilan qurita olmadi…

Prosper Merimening “Matteo Falkone” hikoyasida ota sotqin öğlini öz qöllari bilan miltiqda otib taşlaydi. Millat boşiga ne bir körgiliklar tuşişiga sababçi bölgan eng maraz illat bu  sotqinlikdir. Siz hikoyangizda bu illatni özgaça tasvirlagansiz.

“— Öğlim! — dedi otam menga. — daraxtning ustiga çiqib, kesilgan şoxlarga qara-çi…

Men köz oçib yumgunça daraxtga çiqib oldim: rostdan, daraxtning uçta şoxçasi kesilgan ekan. Qayçi ötmas bölganidan şoxlar tişlab tortilganday ğajib taşlangan edi.

— Topdingmi? — dedi otam. — Unda yaxşilab razm sol-çi, namlik bormi?..

Şoxlar qurib qolgan edi. Men otamdan közlarimni olib qoçdim”.

Sotqin öğil obrazini tasvirlaganingiz ğoyatda taʼsirçan çiqqan. Ota öz öğlini qahr bilan hovlidan haydab yuboradi…

Duşmanlarning, agar bir xalqni parokanda qilmoqçi bölsang, avvalo, uning maʼnaviyati ildizlariga bolta urgin, yoşlarini yöldan ozdirgin, qabilidagi yovuz harakatlari tarixdan ayon. Bugungi globallaşuv zamonida dunyoda yovuz niyatlar bilan maʼnaviyatimizga tajovuz qilişga harakat qilayotgan qança duşmanlar bor. “Jaholatga qarşi — maʼrifat” degan ğoya bugun har qaçongidan ham dolzarb bölsa kerak.

Siz hikoyangizda bu fikrlarni sözma-söz aytmagansiz, lekin tasvirlagan timsollaringiz, fusunkor fantaziyangiz mohiyati, mazmuni öquvçilarni doimo yovuzlikdan ogohlikka daʼvat etib turadi. Fikrdan timsol çiqmaydi, biroq timsoldan köplab fikrlar tuğiladi.

Sizning asarlaringizda metafora asosiy rol öynaydi. Jumlalaringiz ohanrabo şeʼrning bandlariga öxşaydi. Asarlaringizda içki ohang va şeʼriyat bor.

Yaqinda avstraliyalik bolalar yozuvçisi Alan Marşallning “Daraxtlar gapira oladi” nomli hikoyasini öqidim. Qöltiqtayoq bilan yurib daryo böyiga borgan nogiron bolakay, uning gapira olmaydigan, qum yuvib, oltin izlovçi kişi bilan qanday döstlaşgani va suhbatlaşgani haqida hikoya qilinadi. Heç kim bilan gaplaşmaydigan, töğriroği, gaplaşolmaydigan kişini odamlar Indamas Jo deb ataşadi. Nogiron bolakay uning köngliga yöl topadi, u bilan samimiy va quvnoq suhbatlaşadi. Indamas Jo bolakayning quvnoq va samimiy gaplaridan jilmayadi. Yuz-köz ifodalari, imo-işoralar bilan gaplaşadi. Xuddi Muhammad Rahmon “Pantomimo uçun syujet” nomli şeʼrida “Gunglarda ham zabon böladi” degandek! Yozuvçi uning yuzida zohir bölgan tabassumni oqquş keng qanot yozib parvoz qilganiga öxşatadi. Uning közlarida çaraqlagan şodlik va mehrni daraxtlarning odamga tikilişiga öxşatadi, “Indamas Jo daraxtlarning qarindoşi, daraxtlar qavmidan edi”, deydi. Hikoya yakunida bolakay qöllarini silkitib, Indamas Jo bilan “Xayr!” deya xayrlaşadi.

“Indamas Jo yam-yaşil butalar orasidagi daraxtga suyanib turar, özi ham xuddi daraxtlar içidagi daraxtga öxşar edi.

— Xayr, — deb sado berdi u, mening nazarimda göyo daraxt gapirgandek tuyuldi”.

Indamas Joning “Xayr” deb sözlagani bolaning xayolida röy beradi. Yozuvçining fantaziyasi real hayotda röy bergan voqealardan ham köra muhim va haqiqiy hodisalarni, ruhiyatni ifodalaydi.

Mana, yozuvçining mahorati. Daraxtni odam, odamni daraxt qilib tasvirlaydi. Bu fusunkor olam bizni öziga mahliyo etaveradi.

Fin şoirasi Eyla Kivikkaxoning “Ayol” sarlavhali şeʼri ham badiiy tafakkurning noyob namunasidir.

 

Men daraxt bölganimda edi,

ildizlarimni suğurib,

çopib borar edim

sening derazangning yoniga.

 

Afsuski, men daraxt emasman,

derazamning yonida

seni kutib ötiribman

yolğiz.

 

Daraxt odamdan köra samimiyroq, mehribonroq, tabiiyroq, degan fikr ifodalanadi. Ayni damda şoir ayolning ruhiy holatini kuçliroq tasvirlaydi. Ayolning tabiatida hayo, ibo degan xislatlar bor. U erkakka suyanişni, mehr-eʼtibor istaydi. Bu şeʼrni öqiganda, sevgida daraxt mavzusi Odam Ato zamonlaridan boşlangani yodga tuşadi. Bu teran falsafa va nozik çizgilar öquvçiga kuçli taʼsir qiladi.

Şodiqul, döstim, toki fusunkor adabiyot bor ekan, siz bilan bizning suhbatimiz davom etaveradi.

Tavalludingizning oltmiş yilligi bilan çin yurakdan qutlayman. Hamişa soğ-omon böling.

Sizdan köplab yangi asarlar kutib qolamiz.

Hurmat bilan,

döstingiz Rustam MUSURMON.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan