Engilmas ruh bilan ekavering so'z

Fozil FARHOD

TURKISTON

Aytadilar, yolg'iz otning changi chiqmas,

Changi chiqsa hamki, derlar, dong'i chiqmas!

Birlashmasa, katta el ham Vatan bo'lmas,

Vatan bo'lsa hamki, undan ko'ngil to'lmas!

Gohi mag'rib, goh shimoldan yov keladi,

Mudroq elning dushmanlari dov keladi.

Turklar aslan o'r keladi, o'r keladi,

O'zi o'jar zo'r keladi, zo'r keladi!

Birov unga teginmasa, u ham tegmas,

Xudoyimdan o'zgasiga bo'yin egmas!

Uch yuz million xalq – qo'shin, askar erur,

Uch yuz million xalq – qalqon, lashkar erur!

Asramasang, tinch osmon ham mangu emas,

Faqat ojiz, sotqin odam Vatan demas!

Bola tili chiqib ilk bor – Vatan desin,

Yigit-qizlar nomusim, or – Vatan desin!

Sultondan to farroshgacha – Vatan desin,

Ustozdan to sarrofgacha – Vatan desin!

Yot ellarda yurgan yurtdosh – Vatan desin,

Dardi soyday toshgan darddosh – Vatan desin!

Umidsiz-u jondan to'ygan – Vatan desin,

Bolasini yerga qo'ygan – Vatan desin!

Kimga bo'lsa dunyosi tor – Vatan desin,

Kalimadan avval so'ng bor – Vatan desin!

Birlashganni bo'lib bo'lmas, barcha bilsin,

Bu birlikka dushmanlar ham qoyil qolsin!

Turonni biz bir necha bor boy bergandik,

O'shanda, ha, yeru quyosh, oy bergandik!

Bolamizday asray olsak, ko'nglimiz to'q,

Bu ochunda boshqa Vatan – Turkiston yo'q!

TURKISTON

Birlasholsak, Vatan obod, mangu bo'lar,

Go'zal Vatan – Turkistondan ko'ngil to'lar!

Vatan nima? Tuproq, suvmi, tog'u bog'mi?

U musaffo osmon va yo tinchlik chog'mi?

Vatan – millat, Vatan – millat, Vatan – millat,

Vatan – davlat, Vatan – davlat, Vatan – davlat!

Vatan bu – xalq, Vatan bu – xalq, Vatan bu – xalq!

Yurt desa – qalq, yurt desa – qalq, yurt desa – qalq!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × one =