Bu ko'hna dunyoda men talpingan nur

Tohir Mamatqulov

Quyidagi she'rlar muallifi Tohir Mamatqulovni taniganimda men maktabda o'qirdim. Tohir aka viloyat yoshlar tashkilotida ishlardi. Keyinchalik o'quvchi-yoshlar, kashshoflar anjumanlarida birga bo'lganmiz, u yoshlar sardori edi. Kechalari fonar yorug'ida qog'oz qoralaganlarimizni, zavq-shavqqa to'lib-toshib bir-birimizga o'qib berganlarimizni, hatto baland ovozda qo'shiqlar aytganlarimizni, atrofida majnuntollar o'sgan aylana ko'lga yupqa tun yoyilishini, oy va yulduzlarning bizga – Yoshlikka uyqu bermaganini, tonglarning juda oydin otganini yaxshi eslayman… 

Talabalik paytimda va keyinchalik ham xatlar yozishganmiz. Xatlarda yangi she'rlar, she'rlar haqidagi fikrlar bo'lardi. Tohir akaning yo'l-yo'l daftar varag'iga bitilgan husnixati hozir ko'z oldimdan o'tmoqda.

Keyin Tohir Mamatqulovning she'rlarini respublika, viloyat gazeta-jurnallarida tez-tez o'qidik, bir-biridan ajoyib kitoblarini mutolaa qildik. Samimiy, tiniq she'rlaridan bahramand bo'ldik.

Shoirlik faqat qog'oz qoralash, she'r yozib, kitob chiqarish emas, avvalo, ko'ngil bilan ishq tilida sirlashmoqdir; hayotga cheksiz oshuftalikdir. Shoirlik ko'ngilning betimsol hayot – kunduz va kecha, chaqmoq va yig'i, yomg'ir va qor, shodlik va g'am, baxt va qayg'u… lahza va abadiyat bilan muomala-munosabatida namoyon bo'ladi… Ana shundagina jahonaro mashhur shoir Andrey Voznesenkiy yozganidek: “She'r yozilmaydi, sodir bo'ladi”.

Ana shu toifaga mansub shoir Tohir Mamatqulovning she'rlarini  qalbning so'zga ko'chgan tarjimalari, gavharlari degim keladi. Sangardak shalolasidek she'rxonning dil bog'iga sachrab-sochilayotgan satrlarda nazokat, nafislik, xalqona ohanglar, donishmandlik, ozgina tabiiy dag'allik, har yoqqa qochib to'zgan soyalarning betartib o'yini seziladi. Ana shu xususiyatlarning barchasi Tohir Mamatqulov she'rlarining fazilatiga aylangan.

She'rlarni xotiralarga berilib, to'xtab-to'xtab o'qirkanman, shu gaplar xayolimdan o'tdi. Yana boshqa ko'-o'p gaplarni she'rlarning o'zi sizga aytadi.

Salim AShUR,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi.

ONAJON

 

Yorishganda har kun oppoq tong,

Yopilganda tandirga oq non,

Bulutlardan arisa osmon,

Ko'rgim kelar sizni, onajon!

 

Havolansa burgut yuksakka,

Lochin yelsa tog'larga tomon,

Intilganda ezgu istakka,

Ko'rgim kelar sizni, onajon!

 

Cho'qqilarda eriganda qor,

Butun borliq bo'lib intizor,

Qanot yoysa o'lkamda bahor,

Ko'rgim kelar sizni, onajon!

 

Bosh ko'tarsa yerdan maysalar,

Qushlar shodon, sho'x sayrasalar,

Ko'nglim to'lsa, to'lsa har safar,

Ko'rgim kelar sizni, onajon!

 

SINGLIMGA

 

Bu ko'hna dunyoda men talpingan nur,

Onam yoqqan chiroq, mehribonginam.

Bahoring muborak, dildagi surur –

Navro'z qutlug' bo'lsin, singiljonginam!

 

Qishloqdagi ziyo taralguvchi uy,

Yodingdami,  otam ekkan u daraxt,

Akam rubobida chalgan har bir kuy –

Biz uchun uzoqda qolgan so'nmas baxt.

 

Ulkan bir yong'oqqa egizak bo'lib,

Oq, zilol suv bergan oy kabi chashma,

Singlim, ota uyni sog'indim to'lib,

Bolalik, bolalik, men senga tashna.

 

 

MENING MAHALLAM

 

Bobolarim kabi saharxez,

Tongning nasimlari kabi tez,

Kelinchaklar non yopgan bir kez –

Uyg'onadi mening mahallam.

 

Onajonlar – ko'p xosiyatli,

Otajonlar – xo'b sof niyatli.

Mard yigitlar ko'p oriyatli, –

Mehri jonim qadar mahallam.

 

Uzoq ketsam qo'msab turar dil,

Umrim bog'langan nurli manzil.

 

Odamlar bir-biriga manzur –

Dillarga mo''tabar mahallam.

SEN

 

Sen bir gulsan –

hali banddan uzilmagan,

Daryo mavji – sokinligi buzilmagan,

Gavhar munchoq hali ipga tizilmagan,

Sen – bir gulsan, o'z bandidan uzilmagan.

 

Sen – atirgul, ifor erur atirlaring,

Yangi she'rsan, o'qilmagan satrlaring,

Go'zallikda yuksak erur qadrlaring,

Sen – bir gulsan, o'z bandidan uzilmagan.

 

Tonggi she'rsan, hali so'zi o'qilmagan,

Navrastasan, yolg'on, yomonni bilmagan –

Muhabbatsan, hali yurakni tilmagan,

Sen bir gulsan, o'z bandidan uzilmagan.

 

 

SIZ KUTASIZ

 

Yana bahor kulib kelganda,

Sho'x nasimlar yana yelganda,

Qo'llarimga gullar tutasiz,

Siz meni orziqib kutasiz.

 

Siz emasmi cho'qqida jayron,

Siz emasmi orzusi vayron,

Sabri hulkarni etgan hayron,

Siz, yagonam, meni kutasiz.

 

Bir kun quyosh bo'lib to'lsam-da,

Siz – Zuhro, men Tohir bo'lsam-da,

Vaslingizga yetmay… so'lsam-da,

Siz baribir meni kutasiz!

 

 

Munis ayolga

 

Shirin baxtim sen o'zing,

Oltin taxtim sen o'zing,

Yigit ahdim sen o'zing –

Ey, mening parivashim!

 

Ko'kda quyosh, o'sha – sen,

Yolg'iz sirdosh, o'sha – sen,

Ay, qalamqosh o'sha sen, 

Ey, mening parivashim!

 

Uyim oftobi – sensan,

Ko'ngil xitobi – sensan,

Shoir kitobi – sensan,

Ey, mening parivashim!

 

 

Labingda jilva yongan,

Chehrang uzra nur qo'ngan,

Qadamingdan gul ungan –

Ey, mening parivashim!

 

 

Qadaming qutlug' sening,

Umiding ulug' sening,

Toleing to'liq sening – 

Ey, mening parivashim.

 

 

 

DILRABO

 

Kel, dilrabo, kelgil yonimga,

Muhabbatdan yonib so'zlayin.

Parivashim, mening jonimga –

Zarra halovatni ko'zlagin.

 

Xumor ko'z, payvasta qoshlarning

Bo'lib qoldim mangu maftuni.

Tunni asir etgan sochlaring

Hayotimning borliq mazmuni.

 

Kel dilrabo, kelgil yonimga,

Kuyla qo'shig'in muhabbatning.

Orom bergin mening jonimga –

Talabi ham shudir hayotning.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =