Ayol yig'lamasin!
Sayyora SAMANDAR,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
Ayol yig'lamasin!
Uning ko'z yoshi
Olamni aylagay girdobida g'arq.
Ayol yig'lamasin!
Uning ko'nglida
Umid daraxtlari yozaversin barg.
Ayol yig'lamasin!
Ko'zlari kulsin,
Yo'lidan adashsin ul devona dard.
Tillodan yaralgan ostonasini
Har kuni bir bora yo'qlab borsin baxt!
Ayol yig'lamasin!
Baxtlarga to'lsin,
Ko'ngliga qo'nmasin zarra g'ubor, gard.
Yonida yelkasin tutar tog' bo'lsin,
Topilsin ko'zlarin artib qo'yar mard!
* * *
To bahor yetguncha senga
Men bahor bo'ldim, elim.
Yangi tong otguncha toki
Xush nahor bo'ldim, elim.
Maysa bo'ldi kiprigim, oh,
Hol so'rab, berdim ko'ngul.
Sen agar yor istadingki,
Men shu yor bo'ldim, elim.
Qor-qirovda yuzlaringga
Yuz qo'yib, bo'ldim madad.
Lola gullar vasligakim
Chin xumor bo'ldim, elim.
Sen so'ra holimni endi,
Endi sen ko'nglumni ol.
Ham kuz-u ham qish ichinda
Misli xor bo'ldim, elim.
Barg yozib bog'u chamanlar
Barq urib ochgay chiroy.
Toki yaproq yozgunicha
G'amga dor bo'ldim, elim.
Men sening qoshingda bo'ldim,
Endi sen qoshimda qol.
Xush iforing bo'ylaridan
Baxtiyor bo'ldim, elim.
Olam ichra keldi ko'klam,
Qolmadi hech ish manga.
Ahli oshiq yona ketdim,
Ishqqa zor bo'ldim, elim!
To bahor yetguncha senga,
Men bahor bo'ldim, elim…
