Yuraklarda qoldirib izim…

Humoyun

Muallif haqida:

Humoyun (Humoyun Akbarov) — iqtidorli  shoir, adib va tarjimon. Uning xayollarga chorlaydigan falsafiy lirik she'rlari,  tariximizning olis qatlamlariga bag'ishlangan “Anaxita” tarixiy romani, Aleksandr Sergeevich Pushkin, Lev Tolstoy, Anton Pavlovich Chexov  asarlaridan mohirona qilgan tarjimalari allaqachon o'quvchilar mehrini qozongan. Ijodkor yangidan-yangi asarlar ustida ishlamoqda, ijodiy izlanishlar olib bormoqda.

Quyida shoirning bir turkum  she'rlari e'lon qilinmoqda.

 

Huzuringga kelardim tezroq,

Daryolardan, cho'llardan o'tib.

Quduqlarga to'libdi tuproq,

Ko'priklarni ketmishlar buzib.

 

Menga ta'na etmagil, do'stim,

Goho ildam, goho tolyapman.

Yuraklarda qoldirib izim,

Maqsadga yo'l qurib boryapman.

 

O'n uch yosh

 

Dalalarda kechdi bolalik,

Egatlarda qoldi izlarim.

Ko'tarolmay paxtam, jolalik,

To'rt tarafga intiq ko'zlarim.

Madad so'rsam baland tog'lardan,

Oq bulutga tutdi qoyasin.

Otalarning ishidan ba'zan

Anglolmadim so'zu g'oyasin.

Tarozida tortildi kunlar,

O'qilmadi qancha kitobim.

Bu paxtazor cheksiz naqadar,

Singib ketdi mening ovozim.

Navoiy she'r bitib so'z ila

Olam ahlin etganida tang,

Bobur podsho bo'lgan bu yoshda

Mendan paxta ilmini so'rang.

 

Navoiyni o'qib…

 

Bir mulkkim —

Qayg'uli saltanat!

Qayslar majnunvash sahrolarida,

Suhayl oh chekar daryolarida.

Madadga qo'l cho'zsam, yetmaydi,

Hayhot,

Ko'nglim ovutgayman navolaridan,

Allohning jannatbaxsh jafolaridan,

Soqiy majlisining safolaridan…

 

Bir mulkkim —

Nafis ul saltanat!

Orazin yopqay yor shaydolaridan,

Semurg' xushnuddir xatolaridan…

Bu mulkda yashamoq nechuk baxt,

Faqat,

Qushlar nechun ayro vafolaridan,

Ul gul baxtiyormi yag'molaridan,

Bexabarmu yurak sadolaridan…

 

Bir mulkkim!

G'aroyib saltanat,

Qalbim vayron bo'ldi nizolarida,

Xayolim — Iskandar ma'volarida!

O, bu saltanatda yashagan ul xalq,

O, bu saltanatda yashayotgan xalq

Hanuz forig' ermas riyolaridan,

Hanuz ijobat yo'q duolaridan,

Xulosat yo'q moziy jazolaridan…

 

Xonaki gullarim

 

Ko'klamda ham yaproq to'kaverasan,

Qishda gullab, bulbul kutaverasan,

To'rt faslni bilmay o'taverasan,

Xonaki gullarim,

Beor gullarim.

Bilarsan, muhtasham qasrlar bordir,

Qasrlarda senga asirlar bordir,

Aslida, sen o'zing mahkuma yordir,

Xonaki gullarim,

Beor gullarim.

Nigohlar qushdayin qo'nar bargingga,

Balki shu malhamdir dilda dardingga.

Seni o'ldirarlar bosib bag'riga,

Xonaki gullarim,

Beor gullarim.

 

* * *

Ko'nglim sultoniga in'om istadim,

Husnin ta'rifiga kalom izladim,

O'n sakkiz ming olam aro bo'zladim,

Husniga asrlar asir o'tdim-o…

Yorab, senga na kalom, in'om kerakdur,

Na qasr, na dur-u na jon kerakdur,

Ko'yingda devona, nolon kerakdur,

Husningga asrlar asir o'tding-o…

 

Bolalikning tugashi

 

I

Ertaklarning bag'riga qaytdim,

Borsa kelar, kelmas yo'llarga,

Sog'inchimni toshlarga aytdim —

Qo'rg'oshin tog',

Taqir cho'llarga.

 

Barmog'imni kesdim, tuz sepdim,

Bedor bo'ldim,

Chekindi uyqu.

Shundagina angladim, yetdim,

Ming ikkinchi kecha edi bu.

 

Ajdarho ham, uyqu ham kelmas,

Tong oqarmas,

Tussiz falaklar.

Meni hech kim yupata olmas,

Qolmagandi yangi ertaklar…

 

II

O'tib borar dunyoni ko'rdim,

Yuragimni o'rtadi alam.

Behol-behol qo'llarin o'pdim,

Onam qarib qolmishlar, onam.

 

Men boladay beg'am, betashvish,

Intilganim — ona dargohi.

Boshim uzra mudom yozilmish,

Bitta panoh — ona panohi.

 

Osmon boqdim, bag'rim tig'ladim,

Madad tilab, yetmay bardoshim

Va tun bo'yi bedor yig'ladim,

Sahar bilan oqardi boshim…

 

Onam qarib qolmishlar, onam…

 

Kuz gullari

 

Bulbullar tark etar bog'larni,

Xazonlarga ko'milar yo'llar.

Tunlar o'tar, kunduzlar o'tar,

Hamon kutar sabrli gullar…

 

Qish kelyapti qilichin qayrab,

Vujudingni qaqshatar dami.

Ammo sovuq qahridan qattiq

Mezon gullarining alami.

 

Kuz gullari, o, o'jar gullar,

Unutolmas orzularini.

Taqdirga bosh eggisi kelmas,

Oshkor etmas qayg'ularini.

 

Ey, tabiat, o'jar gullarga

Bulbullar aytsinlar so'zini.

Toki orzu-armoni bilan

Unutishsin gullar o'zini.

 

Shafqatsizlik

 

Yoringga tutasan —

Sen kabi go'zal,

Deya ta'riflarkan gullarni uzib.

 

Hatto toshni yorar dardingni

Jondan aziz do'stga aytasan.

 

Manzilingga eltuvchi yo'llar

Oyoqlaring ostida qolar…

 

Dilxiroj

 

Dil safar istaydi misli qalandar,

Kulohni bostirib, tayoqni yo'nib,

Umr sahfasini bezab manzillar,

Yurtma-yurt, ko'ngildan ko'ngilga qo'nib,

Dil safar istaydi misli qalandar.

 

Kulohni bostirib, tayoqni yo'nib,

Dardli yuraklarga esh, yo'ldosh bo'lib,

Ko'ngilda qo'shiqlar jo'sh ursa to'lib,

Yo'lu yo'ldoshlarga bir baytdan tutib,

Kulohni bostirib, tayoqni yo'nib.

 

Umr sahfasini bezar manzillar,

Fayz baxsh aylasang ne davralarga,

Qadim yo'lchilarni qo'msagan yo'llar,

Mehring bersang vodiy va daralarga,

Umr sahfasini bezar manzillar.

 

Yurtma-yurt, ko'ngildan ko'ngilga qo'nib,

Orzu-umidlarni ulashib kun-tun,

Uyg'otsang qolganda yuraklar to'nib,

Dostonlar so'ylasang, kechalar uzun,

Yurtma-yurt, ko'ngildan ko'ngilga qo'nib.

 

Dil safar istaydi misli qalandar,

Toza buloqlarning suvidan ichib.

Pokiza niyatlar sochib har sahar,

Bu yolg'on dunyoning bahridan kechib,

Dil safar istaydi misli qalandar…

 

Mashrab

 

Dalam kezsam, qirim kezsam,

Ko'ngillarning sirin kezsam.

Alarning mehrini sezsam,

Bir qalandar yaralmasmu?

 

Taralsam misli ming tuyg'u,

Vatan deb bo'zlagan qayg'u,

Gohi armon, gohi orzu,

Muqaddas dard yaralmasmu?

 

Quyosh yuz, tunning mohida,

Alar otash nigohida,

Asrlar intihosida

Axir bir mard yaralmasmu!

 

Bolalikni qo'msash

 

Kechalar —

Harirga chulg'angan kunduz,

Qo'l cho'zsang yetgudek ishkomga qo'ngan

To'lin oy —

Mohtobni qo'msayman hanuz.

Boshida yulduzlar sochilgan bola,

Qadamida sirlar ochilgan bola,

Sen bosgan izlarni sog'inaman men,

Donishmand ko'zlarni,

Oftob yuzlarni,

Sehrli so'zlarni sog'inaman men,

Boshida yulduzlar sochilgan bola,

Qadamida sirlar ochilgan bola.

 

Ey, Allohdan tilab olingan bola.

Ajab, sen bariga parvo qilmading…

 

* * *

Yana biroz alda o'zingni,

Dardlaringni she'rlaringga ayt.

Ko'zlaringda oshkor so'zingni

Lablaringdan chiqarma faqat.

 

Sukut bilan yashamoq og'ir,

Shovqin solsang, yog'ilar nafrat.

Eh, aytsang ham, aytmasang ham — bir,

Aldovlardan yig'lar muhabbat…

 

* * *

Ajab, turfa sirlidir dunyo,

Anglolmadim uning bir sirin,

Nechun hijron, firoqlar aro

Muhabbatning azobi shirin…

 

Misli hayot sha'mi — yonsa-da,

Yolqinlari dilda yashirin.

Nogoh armon bo'lib qolsa-da,

Shu armonli xayollar shirin.

Eslaganda qalb o'rtansa-da,

Takror kechib go'zal tuyg'ular,

So'ylab-so'ylab diling yonsa-da,

Lazzatlidir o'shal qayg'ular…

 

* * *

Bulbul aytsin ko'ngil rozini,

Vatan, deya sas bersin Zamin,

Shabbodalar olib sozini

Vaqt haqida qo'shiqlar aytsin.

 

Kengliklardan so'ylasin osmon,

Mehr so'zin aytgil, ey Quyosh.

Men shunchalar sodda, begumon,

Ishonch to'la yuragim bebosh.

Yosh qalbimga tilaydirman dars,

Buqalamun saboq berma, bas…

 

* * *

O'stirgandi aqiq qizil gul

Xonasining darichasida.

Dunyodagi eng go'zal suluv

Talabalar shaharchasida.

 

Gul misoli lovullagan cho'g',

Rangin-rangin g'unchalar ochar.

Darichadan ko'z uzolmam, yo'q,

Oftobjamol nurini sochar.

 

Tahsilini tugatdimi qiz,

Ketdimikan olis qishloqqa?!

Huvullagan xonada yolg'iz

Bir gul qoldi boqib yiroqqa.

 

Kunlar o'tib borar, na chora,

O'rtanadi bezovta ko'nglim.

Evoh, so'lib borar tobora,

Bag'ritosh qiz unutgan guli.

 

Duel

 

Gar shoirga duch kelmaganda

Kim Dantesni yodga olardi?

Bilmas edi qotil o'shanda,

U tarixda qanday qolardi?

 

Zamonlaru davronlar o'tar,

Jaranglaydi shoirning so'zi.

Dantes hamon shoirni otar,

Lekin doim o'ladi o'zi.

 

Bobur

 

O'z holiga qo'y uni, qilich,

Tanholikni so'raydi bu dam.

Mayli, bo'g'ib tashlasin Sog'inch,

Chorasizlik qo'llari bilan.

 

Keting,

A'yon va mulozimlar,

Siz — fitna-yu fujur to'dasi.

Shoir har tong yo'lga otlanar —

Ketolmaydi yurtning to'rasi.

 

Siz ham keting,

Sabr va Bardosh,

Oh tutsa ham Hind osmonini.

Qo'lda qalam, ko'zlarida yosh:

Bobur eslar…

Andijonini.

 

Mehr

 

Yo'l chetida ochib kaftini

Mehr so'rab turgan bu bola,

Onasining yurak taftini

Qo'msar edi qalbida nola.

 

Asli unga chaqa ne darkor,

Kimxoblarning yo'qdir keragi.

Arazlagan dunyodan bir bor,

Ovunarmi endi yuragi?

 

 

O'tadilar dillarin g'ashlab,

Nigohlarda achinish, rahm.

O'tadilar sadaqa tashlab,

Bir siqim pul otar allakim.

 

Oqshom bola qaytadi horib,

Sadaqadan topmay ma'nini.

Borar boshi quyi solinib,

Bermadilar tilaganini.

 

Izohli lug'at

 

Tug'ilganning

tug'i bor,

Erkaklarda

erk bordir,

Bu zamonga

omon yor,

Qalamga

alam yordir,

Oriyatda — uyat, or,

Yashirinda

bor shirin,

Qo'shiq aro ishq takror,

Zaminda

pinhon omin,

Yer degani — yemoqdir.

Osilmoqqa

bor osmon,

Yurt degani

yurmoqdir,

Ko'ngil talpingan tomon.

O'zbek so'zin

beki bor,

O'zbek so'zin

o'zi bor!

Bu lug'atda neki bor

Tariximning izi bor!

 

Uyqudagi go'zal

(Tomdi tumanida)

 

Oqtov bo'ylab chopdim duldul,

Saksovullar ochibdi gul,

Bir pariga bo'ldim men qul,

Tomdi, Tomdi, dilim yondi.

 

Qirdan qirga kezdim yolg'iz,

Uxlar edi tog'da bir qiz,

Uyg'onmadi go'zal hargiz,

Tomdi, Tomdi, dilim yondi.

 

Oltin sochi tovlanadi,

Oftobda olovlanadi,

Qiz uyg'onsa — sollanadi,

Tomdi, Tomdi, dilim yondi.

 

Tog'ing suluv, bog'ing suluv,

Ko'klamda har chog'ing suluv,

Axir senga oshiqman-ku,

Tomdi, Tomdi, dilim yondi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 1 =