Milliy korpusning ruhiyati
yoki til faqat muloqot vositasimi?
Bugungi kunda til şunçaki muloqot quroli bölişdan töxtab, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar olamidagi murakkab tizimning asosiy “xomaşyo”siga aylanmoqda. Har bir söz, ibora va jumla virtual muhitda qayta işlanib, algoritmlar özlaştiradigan axborot şakliga kiryapti. Mazkur jarayonda milliy korpus — tilning elektron bazasi eng muhim poydevor sifatida namoyon bölmoqda. Zero, aynan şu manba orqali sunʼiy intellekt nutqimizni anglaydi, tahlil qiladi va undan foydalanişni örganadi. Biroq örinli bir savol tuğiladi: uşbu zaxira qanday matnlar hisobiga şakllanyapti? U faqat rasmiy hujjatlar, quruq ilmiy hisobotlardan iboratmi yoki tilning “jon”ini, ohangi va estetik jozibasini saqlovçi badiiy asarlar bilan ham boyitilmoqdami?
Agar korpus biryoqlama manbalar asosiga qurilsa, intellektual tizimlar tilning faqat yuzaki, texnik qatlamini özlaştiradi. Natijada xalqimizning ruhiyati, sözlarimizdagi nozik maʼno qatlamlari va adabiy merosimiz raqamli evolyutsiyadan çetda qolib ketişi mumkin. Afsuski, bugun özbek tilini oğir ahvoldagi bemordek qarovsiz qoldirdik. Til yaşab qolişi uçun faqat kundalik muloqotda qöllanişi yetarli emas. U kompyuterlarning nutqi, smartfonlarning “aqli” va global tarmoqning ovoziga aylanişi şart.
Hozirgi zamon tillari ikki yöl çorrahasida turibdi: birinçisi — dunyoni boşqaradigan, har qanday murakkab savolga javob topa oladigan “intellektual” tillar; ikkinçisi — taraqqiyot karvonidan uzilib qolgan, faqat tor maişiy doirada işlatiladigan tillar. Xöş, bu maʼnaviy uzilişga qanday çora topiş mumkin? Najot — balandparvoz hayqiriqlarda emas, balki tilimizning internet olamidagi poydevori bölgan mukammal raqamli bazani yaratişdadir. Bu şunçaki kitoblar jamlanmasi emas, balki ona tilimizning yangi asrda yaşab qolişi uçun yagona çiptasidir. Navoiy merosidan tortib zamonaviy adabiyotimiz durdonalarigaça bölgan barça boyliklarni kompyuterlar “hazm qiladigan” formatga ötkazmas ekanmiz, kelajak texnologiyalari bizni tan olmaydi. Bunday poydevorsiz aqlli maşinalar özbekça fikrlaşni heç qaçon örganmaydi va bizga hamişa özga tillar qolipi asosida javob beraveradi.
Şu bois bu hayotiy zaruratni anglaş va tilimizni raqamli olamning tölaqonli aʼzosiga aylantiriş bugun şunçaki ilmiy istak emas, balki davlat darajasidagi strategik vazifaga aylandi. Xususan, özbek tilining milliy korpusini rivojlantiriş böyiça sönggi yillarda bir qator muhim islohotlar amalga oşirildi. 2019 yilda “ Özbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oşiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Şuningdek, bu hujjat asosida Davlat tilini rivojlantiriş departamenti taşkil etildi. Uşbu departamentga davlat idoralarining özbek tilida iş yuritişini nazorat qiliş vazifasi yuklatildi. 2020 yilda terminologiya tizimiga jiddiy eʼtibor qaratilib, “Özbek tilining izohli luğati” va yangi ilmiy-texnik terminologiya böyiça qöllanmalar yaratildi. Şuningdek, turli fan sohalari böyiça özbekça terminologiyalarni rivojlantirişga eʼtibor kuçaydi.
2020 yil 20 oktyabrda Özbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda özbek tilini yanada rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi farmoni qabul qilindi. Uşbu farmon bilan 2020-2030 yillarda özbek tilini rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalaşuvini taʼminlaş ustuvor yönalişlardan biri sifatida belgilangan. Şu jumladan, özbek tiliga oid barça ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni özida jamlagan elektron körinişdagi özbek tili milliy korpusini yaratiş vazifasi qöyilgan. Bu borada ilmiy tadqiqotlar ham olib borilmoqda. Masalan, “Özbek tilining milliy korpusini loyihalaş va dasturiy majmua işlab çiqiş” mavzusida bir guruh ilmiy va texnik xodimlar tomonidan amaliy işlar boşlandi. Ular xorijiy milliy korpuslarni tahlil qiliş asosida özbek tili milliy korpusi modelini yaratiş, matnlarni avtomatik qayta işlaş, tokenlaş, lemmalaş va grammatik razmetkalaş modellari va algoritmlarini işlab çiqiş kabi vazifalarni amalga oşirmoqda. Şuningdek, internet orqali özbek tili milliy korpusidan foydalaniş uçun “uzbekcorpora.uz” veb-sayti işga tuşirildi. Ammo sohada yutuqlar bilan birga hali zamon taqozosiga köra amalga oşirilişi kerak bölgan işlar köp.
Qoğozdagi raqamlar va işga tuşirilgan saytlar bizni xotirjam qilmasligi kerak. Milliy korpus — bu şunçaki bir marta qurib bitkaziladigan bino emas, u muntazam oziqlantirib turilişi kerak bölgan tirik raqamli organizmdir. Bugun oldimizda turgan eng katta muammo — sifatli maʼlumotlarning yetişmasligidir. Gap şundaki, dunyo tillari internet kengliklarida öz hududini kengaytirib borayotgan bir paytda, özbek tilidagi raqamli kontent hali ham öta qaşşoq bölib qolmoqda. Sunʼiy intellekt “fikrlaşi” uçun unga millionlab sifatli matnlar kerak. Agar biz korpusni faqat rasmiy hujjatlar yoki quruq hisobotlar bilan töldirsak, ertaga biz muloqot qiladigan neyrotarmoqlar ham faqat “rasmiyatçilik” tilida söylaydigan bölib qoladi. Şu örinda savol paydo böladi: özbek tilining raqamli korpusi hanuz yetarli darajada şakllanmaganining sabablari nimada?
“Özbek tilining raqamli korpusi hanuz yetarli darajada şakllanmaganining sabablari köp omilli va tabiiy rivojlaniş jarayoni bilan boğliq. Avvalo, mavjud matn resurslari turli taşkilotlar va ilmiy-amaliy loyihalar doirasida şakllangan bölib, ularni yagona standart va metodologiya asosida birlaştiriş masalasi hali töliq hal etilmagan. Bu esa korpuslarning qamrovi va samarali qayta foydalaniş imkoniyatlarini çeklab turibdi. Ikkinçidan, lingvistik resurslarni yaratiş — ayniqsa, morfologik va sintaktik annotatsiya — tizimli yondaşuv va muayyan ilmiy tajribani talab qiladigan bosqiçma-bosqiç jarayondir. Uçinçidan, özbek tilining öziga xos jihatlari, jumladan, turli yozuv tizimlarining (kirill va lotin) parallel qöllanilişi hamda til birliklarining xilma-xilligi raqamlaştiriş jarayonida qöşimça yondaşuvlarni talab etadi.
Hozirgi kunda özbek tili raqamlaştiriş bosqiçida ötiş davrini boşdan keçirmoqda va sönggi yillarda bu yönalişda sezilarli faollaşuv kuzatilmoqda. Sunʼiy intellekt va tabiiy tilni qayta işlaş (“NLP”) texnologiyalarining rivojlanişi bu jarayonni sezilarli tezlaştirmoqda: avtomatik annotatsiya, nutqni taniş va matn generatsiyasi kabi yönalişlarda dastlabki muvaffaqiyatlar mavjud. Şunga qaramay, kelgusi bosqiçda asosiy eʼtibor yirik hajmdagi, standartlaştirilgan va oçiq raqamli korpuslarni yaratiş, ularni ilmiy hamjamiyat uçun oçiq qiliş hamda sanoat bilan integratsiyalaşuvni kuçaytirişga qaratilişi lozim”, — deydi texnika fanlari böyiça falsafa doktori (PhD) Sayyora Ibragimova.
Darhaqiqat, mutaxassis taʼkidlaganidek, özbek tilining raqamli istiqboli faqat texnik imkoniyatlarga emas, balki manbalarning sifati va yaxlitligiga ham boğliq. Ammo bu örinda bir nozik jihatni unutmaslik lozim, yaʼni milliy korpusni şunçaki maʼlumotlar ombori sifatida emas, balki tilning “yaşaş muhiti” sifatida köriş zarur. Agar korpus faqat standartlaştiriş va annotatsiya jarayonlari bilan çeklanib qolsa, uning estetik va badiiy qatlamni aks ettiriş salohiyati zaiflaşib boradi.
Bu masalaning jiddiyligini xalqaro tajribalar ham tasdiqlaydi. Masalan, ingliz tilidagi “British National Corpus” (“BNC”) va zamonaviy “Corpus of Contemporary American English” (“COCA”) nafaqat rasmiy va ilmiy matnlarni, balki badiiy adabiyot, ommaviy axborot vositalari va jonli nutq namunalarini ham öz içiga oladi. Aynan şu xilma-xillik ingliz tilining sunʼiy intellekt tizimlarida tabiiy va “tirik” körinişda işlaşiga zamin yaratgan. Xuddi şunday, nemis tilidagi “DeReKo” (“Deutsches Referenzkorpus”) ham keng janrli matnlarni qamrab olgani bilan ajralib turadi. Unda nafaqat rasmiy hujjatlar, balki gazeta materiallari va badiiy asarlar ham mavjud bölib, bu tilning uslubiy boyligini raqamli tizimda saqlab qolişga xizmat qiladi. Yapon tilidagi “Balanced Corpus of Contemporary Written Japanese” (“BCCWJ”) esa ilmiy, publitsistik va badiiy matnlarni muvozanatli tarzda birlaştirgan holda, tilning turli registrlarini sunʼiy intellekt uçun “örgatiş materiali” sifatida taqdim etadi. Bu tajribalar şuni körsatadiki, milliy korpusning muvaffaqiyati faqat texnik tuzilma yoki hajm bilan emas, balki uning içki muvozanati — yaʼni rasmiy, ilmiy va badiiy qatlamlarning uyğunligi bilan belgilanadi. Aks holda, korpus texnik jihatdan mukammal bölsa ham, tilning jonli ruhini töliq aks ettira olmaydi.
“Bugungi raqamli davrda til faqat muloqot vositasi emas, balki millatning raqamli mavjudligini belgilaydigan asosiy omildir. Biz köpinça özbekça maʼlumot izlaymiz, ammo yetarli resurs bölmagani uçun boşqa tillarga ötişga majbur bölamiz. Bu esa asta-sekin özbek tilining raqamli makondagi örnini zaiflaştiradi. Agar özbekça “Vikipediya”, ilmiy maqolalar va eng muhimi, milliy til korpusi boyitilmasa, tilimiz raqamli dunyoda çeklangan imkoniyatga ega tizim bölib qoladi. Til korpusini rivojlantiriş esa faqat mutaxassislar emas, balki jamiyatning umumiy masʼuliyatidir. Bu jarayonda badiiy asarlar alohida ahamiyatga ega, çunki ular tilning eng boy va jonli qatlamini taşkil etadi. Şeʼr, roman va hikoyalar tilning obrazli tafakkuri, metafora va xalqona ifodalarini saqlaydi. Agar ular korpusga kiritilmasa, tilning badiiy imkoniyatlari yöqolib boradi va u faqat rasmiy matnlar darajasida qolib ketadi. Natijada özbek tili raqamli muhitda töliq ifoda bera olmaydigan, “yarim til” holatiga tuşişi mumkin. Şu sababli tilni raqamli dunyoga töliq olib kiriş, uni ilmiy va badiiy matnlar bilan boyitiş — bu milliy madaniyat va raqamli kelajak masalasidir. Çunki öz söziga ega bölgan millatgina öz fikri va kelajagini mustaqil qurişga qodir böladi”, — deydi Özbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Xumora Ziyodullayeva.
Xumora Ziyodullayevaning mulohazalari bizni bir muhim haqiqatga röpara qiladi, xususan, bugun tilimizning raqamli dunyodagi taqdiri algoritmlarga emas, balki bizning irodamiz va masʼuliyatimizga boğliq. Milliy korpus — bu şunçaki jonsiz maʼlumotlar bazasi emas, balki millatning raqamli olamdagi intellektual va maʼnaviy qiyofasidir. Agar bu ulkan tizimning poydevorini faqat quruq hisobotlar va texnik matnlar bilan qursak, biz kelajak avlodga “sovuq” va hissiz bir meros qoldiramiz.
Maqola boşida qöyilgan savolga qaytsak, yaʼni milliy korpusning ruhiyatini badiiy asarlar şakllantiradimi? Şubhasiz, ha! Badiiy adabiyot korpus uçun şunçaki matn manbasi emas, balki uning “yurak urişi” va “nafas olişidir”. Navoiyning nafosati, Qodiriyning tili va zamonaviy adabiyotimizning falsafiy teranligi algoritmlarga nafaqat gapirişni, balki özbekona “his qiliş”ni va “andişa bilan fikrlaş”ni örgatadi. Biz tilni “keraksiz” tuşunçalar qatoridan çiqarib, uni global texnologiyalar aqli va internetning ovoziga aylantirişimiz şart. Zero, raqamli makonda özining badiiy jozibasi va intellektual salohiyatiga ega bölmagan millat özgalar tomonidan çizilgan mantiqiy qoliplar içida ğoyib bölişga mahkum böladi.
Nazim BÖRONOV,
tadqiqotçi jurnalist.
