Yerning ikkinchi nusxasi yo'q-ku!
Keyingi paytlarda atrof-muhitni asrash, ekologiyaga bo'lgan munosabatni ijobiy tomonga o'zgartirish, aytish mumkinki, “hayot-mamot” masalasiga aylandi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. O'zbekiston poytaxti dunyodagi eng ekologik notoza shaharlardan biriga aylanib qoldi. Bu ko'rsatkich o'z-o'zidan yuzaga kelgani yo'q, albatta. Bari tabiatga bo'lgan munosabatimiz tufayli.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'chat ekish, yurtimizni dov-daraxtlar bilan yanada boyitishga katta e'tibor berayotgani, bu loyiha butun respublikamizda jadal amalga oshirilayotgani tahsinga sazovordir. Zero, qaerda yashillik, daraxtlar, tabiiy o'simliklar ko'p bo'lsa, o'sha yerda toza havo yuqori bo'ladi. Ekologiya musaffolashadi. Bu oddiy haqiqat, albatta.
So'nggi yillarda yurtimizdagi ekologik holat barchamizni birdek xavotirga solmoqda. Bir vaqtlar Orol dengizining qurishi yuraklarni og'ritgan bo'lsa, bugungi kunda havoning keskin ifloslanishi, ichimlik suvi zaxiralarining kamayib borishi, yashil hududlarning qisqarishi kabi muammolar kun tartibidan tushmayapti. Bu holatlar nafaqat tabiat, balki inson salomatligi va kelajagi uchun ham jiddiy xavf tug'dirmoqda.
“O'z uyingni o'zing tutun qilma”, degan gap bor. Aslida, bugungi ekologik inqirozning asosiy sababchisi — insonning o'zi. Tabiatga nisbatan beparvolik, ortiqcha iste'mol, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash va yashil maydonlarning kamayishi — bularning barchasi inson omillari bilan bog'liq. Afsuski, ko'p hollarda muammolar chuqurlashib ketganidan keyingina chora ko'rishga harakat qilamiz.
“Tuyaning yuki yengil bo'lsa, yotag'on kelar”, degan maqol bu holatga juda mos keladi. Chunki ekologik madaniyatni saqlash uchun maxsus harakat talab etilmaydi. Masalan, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, tabiatni iflos qilmaslik, suv va elektr energiyasini tejash — bularning barchasi oddiy, ammo muhim qadamlardir. Ammo insonlarda hatto shu oddiy ishlardan qochish uchun ham bahonalar topiladi.
Yana bir og'riqli jihat shundaki, zamonaviylashish niqobi ostida ko'plab yashil hududlar o'rniga beton va temirdan iborat binolar qurilmoqda. Bu esa shaharlarda “issiqxona effekti”ni kuchaytirib, havo sifatini yomonlashtirmoqda. Daraxtlar — tabiatning “o'pkasi” ekanini unutmasligimiz kerak. Ular nafaqat havoni tozalaydi, balki inson ruhiyatiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Ko'pincha ekologiyani yaxshilashni faqat ko'chat ekish aksiyalari bilan bog'laymiz. Lekin ekilgan ko'chatlarni parvarish qilmaslik, ularni vaqtida sug'ormaslik natijasida ko'plab ko'chatlar qurib qolmoqda. Bu esa muammoga yuzaki yondashuvning yorqin misolidir. Aslida, har bir ekilgan ko'chat — kelajakka qo'yilgan sarmoya, uni asrash esa umumiy burchimizdir.
Bir necha yillar oldin chiqindilarni maxsus mashinalar olib ketmagan paytlarda ham atrof-muhit bu qadar iflos emas edi. Buning asosiy sababi — insonlarda ekologik madaniyat, tabiatga hurmat va mas'uliyat hissi kuchli bo'lganidir. Bugun esa texnologiyalar rivojlangan bo'lsa-da, ayrim hollarda bu madaniyat susayganini ko'rish mumkin.
Dunyo miqyosidagi muammolarga nazar tashlasak, vaziyat yanada jiddiy ekani ayon bo'ladi. Afrika va Yaqin Sharqning ayrim hududlarida ichimlik suvi tanqisligi oddiy holga aylangan. Amazon o'rmonlarining kesilishi, Arktika muzlarining erishi, okeanlardagi ifloslanish — bularning barchasi yer sayyorasi ekotizimiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu jarayonlar davom etsa, insoniyat o'z kelajagini xavf ostiga qo'yayotganini anglash qiyin emas.
Shu o'rinda bir savol tug'iladi: o'zimizda bor ne'matlarni qadrlash, tabiatga shukur qilish vaqti kelmadimi? Tabiatning ham sabr kosasi bor va u cheksiz emas. Agar biz uni asramasak, u ham o'z navbatida javob qaytarishi mumkin.
Bugungi ekologik vaziyatni telefon batareyasi 5 foiz qolgan holatga qiyoslash mumkin. Biz buni ko'rib turibmiz, ammo “hali ishlayapti” deb e'tiborsizlik bilan qarayapmiz. Lekin bir kun kelib bu “quvvat” tugaydi. O'shanda kech bo'lishi mumkin.
Shuning uchun har birimiz o'zimizdan boshlashimiz kerak: chiqindilarni saralash, tabiatni iflos qilmaslik, ko'chatlarni asrash, suv va energiyani tejash — bular kichik qadamlar bo'lsa-da, katta o'zgarishlarga olib keladi.
Axir yerning ikkinchi nusxasi yo'q-ku!
Zarina TUYG'UNOVA,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika yo'nalishi magistranti.
