Bolalar matbuotsiz ulg'aymasin!

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug'ovaga maktub

Assalomu alaykum, Muhtarama opa!

“Hurriyat” gazetasining shu yil 1 maydagi 18-sonida “Bolalar o'z nashrlarini o'qiyaptimi?” sarlavhali maqolangizni qattiq hayajon bilan o'qidim. O'qib, yuragimdagi sandiq qulfini parchalab, dard qog'ozga to'kildi. O'qidim-u, yurakning har zarbida og'riq berayotgan dardlar qo'zg'aldi. Ehtimol, ko'pchilik uchun ahamiyatsiz, aksar odamlar uchun mayda masaladir bu. Biroq kasallik bartaraf etilsa-da, asorati qolishini yodda tutishimiz lozim. Bu “dard”ning asorati og'ir, badali katta bo'lishi mumkin.

Muhtarama opa! Kimdir sezyapti, kimdir sezmayapti — shu kunlarda bola bo'lib, gazeta yo jurnal o'qimagan, o'qish tugul gazeta-jurnallarni umrida ko'rmagan yangi avlod katta hayotga kirib kelmoqda. Bu — juda og'riqli masala.

Avvalo, aytay, “majburiy obuna”ga men ham qarshiman. “Yuqori” tashkilotning amri bilan emas, har kim o'z xohishiga ko'ra, ixtiyoriy obuna bo'lsin! Ammo obuna bo'lsin! O'qisin!

Bizning maktablarimizda bo'lsa, “majburiy obuna”ga qo'shilib obunaning ixtiyoriy shakli ham yo'q qilindi. Mayli, o'qituvchilar garchand ma'nan majbur bo'lsalar-da, yoppasiga obuna bo'lsin, gazeta-jurnal o'qisin, demayman. Ammo bolalarning aybi nima?

Bundan bir necha yil avval bir muddat maktabda ishladim. Ta'lim dargohida obuna tizimi shu qadar izdan chiqib ketganki, “obuna”ning “o” harfini eshitgan zahoti barcha ko'zdan g'oyib bo'ladi. Bola degani bu dunyoda “G'uncha” yo “Gulxan” degan jurnal yoki “Tong yulduzi” degan gazetaning borligini bilmasa, qanday qilib obuna haqida o'ylay oladi? Ota-onalarning ahvoli barchamizga ma'lum bo'lsa! Hatto bolasining maktabdagi o'qishi bilan qiziqmaydigan ota-onalarning borligi yolg'on emas-ku!

Pedagogik jamoa va o'quvchilar o'rtasida obuna targ'iboti bilan shug'ullandim. Ammo bari benaf ketdi, Muhtarama opa. Birgina ona kelib, obuna bo'lmoqchiligini aytdi-yu, badar ketdi.

Maktabni bitirganimizga ham shu yil 10 yil to'larkan. Kechagidek esimda, har yili kuzda butun sinf obunaga pul yig'ardik. Jamg'arilgan mablag'dan 1-4-sinfda “G'uncha”, 5-9-sinfda “Gulxan” uchun obuna bo'lardik. O'qituvchi bo'lib ishlovchi onam men uchun alohida obunani rasmiylashtirardi. Buni ko'rgan to'rt sinfdoshim uyiga arz-dod bilan borib, obuna uchun ota-onasidan pul olib kelardi. Qarabsizki, 18 o'quvchi o'qiydigan sinf­­ga har yili 6 tadan jurnal kelardi. O'quv yili mobaynida sinfdan tashqari o'qish­larda sahifalari uringan jurnallarni har yozgi ta'tilda sinf rahbarimiz Iroda opa Manbetova mustaqil o'qish uchun har birimizga taqsimlab berardi. Va yangi o'quv yili boshida o'qigan hikoya-yu maqolalarimiz to'g'risida so'zlab berar, tengdosh­larimiz yozgan she'rlardan yodlab berardik. Biz mana shunday ulg'aygan avlodmiz…

Afsuski, eng so'nggi gazeta-jurnal o'qiydigan avlod bo'ldikmikan, degan qo'rqinchli o'ylarga ham borib qolaman, Muhtarama opa.

Maqolangizda g'uzorlik o'quvchining jurnalda she'ri chiqqani-yu, ammo, jurnalga obuna bo'lmagani uchun o'qituvchisi nashrning elektron shaklini telegram ijtimoiy tarmog'i orqali yuborishini so'raganini kuyunchaklik bilan bayon etgansiz. Taassuf, bugungi kun uchun bu tabiiy hol bo'lib qoldi. Shunday paytda ba'zan matbuot nashrlarining elektron shakllarini tarqatayotganlardan xafa bo'lib ketadi, kishi.

Negaki, o'z nomi bilan bosma nashr hisoblangan gazeta yo jurnalning elektron shaklini tarqatish qaysi mantiqqa muvofiq keladi?

Qadrli Muhtarama opa!

Bolalar matbuoti — bolalarning eng yaqin hamrohi bo'lishi lozim! Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati, eng avvalo, gazetxonlik orqali shakllanishini unutmaslik kerak. Qolaversa, har qanday axborot qog'oz holida o'qilsa, ta'sirchanligi va xotirada qolishi ortishi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari tomonidan isbotlangan bo'lsa!

Aslida ta'lim majburiy bo'lgani holda bolalar nashrlarini o'qish ham majburiy bo'lishi shart!

Muhtarama opa, nima uchun bu ishga O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bepisand qaraydi?

2023 yil 22 dekabr kuni O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida bosma nashrlar obunasiga to'xtalib, jumladan, shunday dedi:

— Hozirgi vaqtda matbuot nashrlarining obunasi bilan bog'liq ayrim muammolar mavjudligini bilamiz. 2022 yil 27 iyundagi Prezident qarorida byudjet tashkilotlariga kutubxona fondi xarajatlari orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo'lish uchun mablag' yo'naltirishga ruxsat beriladi, deb ko'rsatilgan. Demak, masalaning aniq yechimi bor. Faqat buni amalga oshirishimiz kerak.

Qolaversa, xuddi o'sha qarorning 2-bandida:

“Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab bolalar uchun mo'ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo'yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo'lgan tanlov e'lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qo'shimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi”, — deya qat'iy belgilangan edi.

Muhtarama opa, yana o'sha hujjatdan Siz kabi ko'chirma keltiraman:

“2023 yil yanvardan boshlab:

  • davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo'lish va ularning buyurtmachigacha o'z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasi yaratiladi;
  • 2026 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo'ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”), reklama xususiyatiga ega bo'lgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno. Bunda, ushbu xarajatlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qo'shimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi.
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A.Xodjayev) 2022 yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasini yaratsin va elektron to'lov tizimlari bilan integratsiya qilsin hamda uning doimiy ravishda modernizatsiya qilinishi, texnik qo'llab-quvvatlanishi va faoliyat yuritishini ta'minlasin”.

Ammo ming afsuski… masala hamon ijobiy yechimini kutmoqda.

Men bir vaqtlar “G'uncha” qo'lma-qo'l bo'lib o'qilganini, “Gulxan” bolalarning sevimli nashri bo'lganini, “Yosh kuch” jurnali tahririyati joylashgan poytaxtning Qatortol dahasiga maktublar qanot qoqib kelganini nainki eshitganman, ana o'sha go'zal tasvirlar muhrlangan matbuot sahifalarini ko'rganman ham.

O'ylaymanki, nafaqat bolalar nashrlari, balki respublikamizdagi eng muhim ommabop nashrlarni qo'llab-quvvatlashning vaqti allaqachon yetdi. Umid qilish — insonga xos fazilat.

Kutayapmiz. Nasib etsa, bu masalalar hal bo'lar.

Aziz Muhtarama opa!

Sizni otashnafas shoira va jamiyatning dardu tashvishlari bilan yashovchi faol publitsist sifatida yaxshi taniyman va hurmat qilaman!

Sizga ijodiy quvvat va kuch-g'ayrat tilab, O'zbekis­ton bolalari matbuotsiz ulg'aymasliklarini chin dildan xohlashimni yana bir karra bayon etmoqchiman.

Otabek ISROILOV,

O'rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahar hokimligining “Mash'al” gazetasi

bosh muharriri o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − 2 =