Bunchalar buyuksan vafo shevasi…

“Hurriyat”ning 2024 yil 30 oktyabr №43 sonida chop etilgan  “Sadoqatdan baxt qasrini qurganlar” maqolasini o'qib…

Siz sadoqat so'zining mohiyati haqida o'ylab ko'rganmisiz? Ro'zg'or tashvishlari, to'kis yashash, boylik, martaba, mansab, obro'-e'tibor uchun yelib-yugurib, bu tuyg'uni his qilyapsizmi? Bo'lmasa eshiting: dunyoni sadoqat qutqaradi. Go'zallik emasmi, deyapsizmi? To'g'ri, lekin go'zallik sadoqat daraxtining hosili-da. Usiz hech vaqoga arzimaydi. Usti yaltiroq, ichi qaltiroq narsaga aylanadi. Buni bugun hayotimizda ham ko'rib turibmiz-ku!

Eng avvalo, sadoqat jonajon tuproqni sevishdan, ardoqlashdan boshlanadi, desam, miyig'ingizda kulishingiz tabiiy. Negaki, biz uni takror-takror aytaverib, ohorini to'kib qo'ydik-da. Gapni bejiz uzoqdan boshlamadim. Aslida, o'z juftiga, do'stiga, qo'yingki, yurtdoshlariga qalbida sadoqat yashamaydigan odamda  uni ulg'aytirgan, til-zabon bergan, aql-idrok bergan ona-zaminga muhabbati yuksakligiga shubham bor.

Bu taniqli publitsist Dilmurod Qirg'izboyevning “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Sadoqatdan baxt qasrini qurganlar” nomli maqolasini uqib, (o'qib emas!) qalb tozarishini sezganimda qog'ozga tushgan fikrlar. Rostdan-da, sadoqatning yorqin timsollari haqidagi bu bitik qalbni artilgan shishadek tozartiradi. Abdulla Oripov yozgan “sening boyliklaring uchun sevgan farzand bo'lsa, kechirma aslo” tashbehi sadoqat oldida oltinu javohir, siymu zar sariq chaqaga ham arzimasligini namoyon etib turibdi. Ushbu maqola — ikki yoshning universitetda o'qib yurganidayoq bir-biriga mehr qo'yib, bu mehr haqiqiy muhabbat va sadoqat timsoliga aylangani haqida yozilibdi.

53 yil bir yostiqqa bosh qo'yib, qo'sha-qo'sha farzandlar o'stirgan Sobir aka va Sayyora opa jurnalist bo'lishgan. Qo'sh qalam ne-ne qog'ozlarni qoralamadi, ne-ne kitoblar yozmadi deysiz. Qirg'izboyevning maqolasi esa ana shu ikki sohir qalb sohibining bir-biriga bo'lgan muhabbati so'nmas olov kabi bir umr lovullab turgani haqida. Sayyora opa (marhum, joyi jannatda bo'lsin!) turmushiga o'n yil to'lganida to'shakka mixlanib qolganida Sobir aka uni o'ksitmay 42 yil yonida parvona bo'lgani haqida.

42 yil-a! Bunchalar buyuksan vafo shevasi, deging keladi beixtiyor! Sobir akaning 42 yil davomida biror marta hayotidan nolimagani insoniylikning eng oliy fazilatidir. U ichidan o'tganini tashiga chiqarmadi, farzandlariga ham “hech kimga onam kasal demang, kulib yuring” deb uqtirib kelgan. Bilasizmi, fizikada bir qonuniyat bor. Ona sayyoramiz quyosh atrofida aylanadi. Oy esa yer atrofida. Sobir aka o'z Sayyorasi atrofida o'n beshi yorug', o'n beshi qorong'u kunlarida ham  “aylanish”dan to'xtamadi.

Yillar o'tib, Sobir ota Inomov Prezident Farmoniga binoan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganda, orden faqat o'ziga emas, butun oila ahliga tegishli ekani haqida shunday deydi: “Bu — garchi ojiza bo'lsa-da, sabr-bardoshi qarshisida tog'lar tiz cho'kadigan, qirq ikki yil umrini to'shakda o'tkazgan, og'riqlar azobiga dosh bera olgan mening Sayyoramga berilgan mukofot edi. Bu — bolaligini onasiga bag'ishlagan mening qizlarimga berilgan mukofot edi. Bu — onasini bolasidek ko'tarib parvarish qilgan mening o'g'illarimga berilgan mukofot edi. Bu — kelin emas, qiz bo'lib qaynonasiga onasidan ko'proq xizmat qilgan mening Diloromimga berilgan mukofot edi”.

Basharti hayot juda murakkab, inson irodasini po'latday toblaydi. Unga dosh bera olgan fidoyi odamlar esa oramizda juda ko'p. Muallif shunday insonlarni izlab, topib, elga ibrat qilib ko'rsatib, ularning yuragida yashayotgan sadoqat atalmish eng nodir tuyg'uning zabardast targ'ibotchisi sifatida shuhrat qozonmoqda.

Faxriddin BOZOROV,

“Xalq so'zi” gazetasi muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =