Ma'naviy ekspertiza — qonun talabi!

“So'z erkinligi madaniyatsizlik bazmi emas!” maqolasini o'qib…

Ma'naviyat va ma'rifat markazining O'zbekistonda mediamahsulotlar ma'naviy ekspertizadan o'tkazilishi tartibi joriy etilishi to'g'risidagi ma'lumoti yuzasidan internet saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ijobiyga qaraganda ko'proq tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Xususan, “Facebook”dagi bir faol ishtirokchining sahifasida bu “qip-qizil senzura”, so'z va ijod erkinligiga tahdid deb baholanib, “Ma'naviyat markazi o'zining harakatlari qaysi qonun, Konstitutsiya va xalqaro normalarga muvofiqligini izohlay oladimi?” degan savol qo'yilgan.

Bu savolga javob bitta: mediamahsulotlarning ma'naviy ekspertizasi zarurligi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, axborot va madaniy faoliyat sohalarini tartibga soluvchi barcha qonunlari normalaridan kelib chiqadi. Konstitutsiyamizning 33-moddasi ijtimoiy axloqni ta'minlash maqsadida axborotni tarqatishga bo'lgan huquqni cheklashga yo'l qo'yilishini belgilaydi. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 4, 14-moddalari esa jamiyatning axloqiy qadriyatlarini ta'minlash maqsadida axborot olish cheklanishi mumkinligini, ma'naviy boyliklarni asrash jamiyatimizning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlash yo'llaridan biri ekanligini belgilaydi. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to'g'risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq ma'naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi madaniy faoliyatning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi.

O'z-o'zidan kelib chiqadiki, ijodiy faoliyat erkinligi ham ma'naviy-axloqiy normalar doirasida bo'lishi kerak. Qonunning 21-moddasi konsert-tomosha tadbirlarida odob-axloq qoidalariga, ma'naviyatga, milliy mentalitetga muvofiq bo'lgan musiqiy asarlar ijro etilishini taqozo etadi.

Shu bilan birga, ta'kidlash joizki, ma'naviy-axloqiy mezonlarga zid mediamahsulotlarning namoyish etilishi va tarqatilishiga yo'l qo'ymaslik uchun mutasaddi idoralar va tashkilotlar tomonidan maxsus qarorlar qabul qilinishiga va bu borada amalga oshiriladigan ishlarni “ma'naviy ekspertiza” deb nomlashga xech qanday zarurat yo'q. Chunki bunday ishlarni amalga oshirish axborot, madaniyat, san'at sohalarini tartibga solishga, jamiyatimizda ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotiga mas'ul mutasaddi idoralar va tashkilotlar, shu jumladan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi kabi ijodiy professional tashkilotlarning kundalik vazifasi, ularning nizomlarida, ustavlarida belgilangan funksiyalaridir. Bundan tashqari, qonunlarimizga muvofiq madaniy mediamahsulotlarni yaratuvchi va tarqatuvchi tashkilotlarda badiiy kengashlar mavjud bo'lishi kerak, ular qonun talablaridan kelib chiqib ishlasa qo'shimcha yana “ma'naviy ekspertiza” guruhlarini tashkil qilishga zarurat bo'lmaydi.

Ayni paytda aholimiz “iste'mol” qiladigan mediamahsulotlar borasida ahvol juda achinarli va noto'g'ri talqin qilinadigan so'z va ijod erkinligi bayrog'i ostida yildan-yilga murakkablashib bormoqda.

Bunday holatning sabablaridan biri — nazorat va senzura tushunchalarining farqlanmasligida. “Senzura qilinmasin” deb nazorat ham qilinmaydigan bo'lib qoldi…

Senzura — axborotni e'lon qilishdan oldin maxsus idora tomonidan tekshirish. Bu qonun bilan taqiqlangan. Lekin axborot tarqatish qoidalari bor! So'z erkinligi degani har kim xohlaganini xohlagan shaklda yaratishga va tarqatishga haqli degani emas! Shaxsiy avtomobilingizni istalgan joyda, istalgan vaqtda haydashingiz mumkin — siz erkinsiz! Lekin yo'l harakati qoidalariga rioya qilishga majbursiz, ushbu qoidalarga shaxsiy mulkingizdan foydalanishga cheklov sifatida qarash mumkin emas.

Yana bir sabab shundan iboratki, aksariyat OAVlar, madaniyat va san'at sohasida xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar xususiy biznes tuzilma — tadbirkorlik sub'yekti shaklida faoliyat yuritishadi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq tadbirkorlik — “tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, o'zi tavakkal qilib va o'z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir”. Ya'ni, hammamiz bilamizki, biznesning asosiy maqsadi — foyda olish. Bugun ana shu maqsadga erishish jazavasiga tushgan internet-saytlar, xususiy telekanallar, qo'shiqchi, kinochi shoumenlar odamlar e'tiborini tortish, reytingini oshirish, reklama beruvchilarni jalb etish yo'lida ko'plab saviyasiz ko'rsatuvlarni, seriallarni efirga uzatmoqdalar, shov-shuvli axborotlarni tarqatmoqdalar.

Odamlarimiz davlat telekanallariga qaraganda xususiy telekanallarni ko'proq tomosha qiladilar. Bu telekanallar esa foydali axborot bilan emas, balki badiiy saviyasi past, mazmuni sayoz seriallar, shoumenlarning bachkana qiliqlari-yu tuturiqsiz, til qoidalarini buzib, ko'cha tilida aytilgan gaplariga boy ko'ngilochar shou-dasturlar, bema'ni, yengil-elpi qo'shiqlar, shov-shuvli yangiliklar bilan odamlarni o'ziga jalb qilmoqda. Ularning aksariyat ko'rsatuvlari inson ongu tafakkuri, ruhiyati, dunyoqarashi, ma'naviyatiga, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir qiluvchi axborot — ma'naviy zahardir.

Har joyda yangrayotgan bema'ni qo'shiqlar son-sanoqsiz… Shou-biznesmenlarning soxta mahsulotlari ma'naviy xayotimizda asl musiqiy san'at asarlari o'rnini tobora ko'proq egallab bormoqda… Ularning bema'ni, saviyasiz, bachkana, yengil-elpi musiqasimon shovqin shaklidagi “ijod” mahsulotlari teleradiokanallar, internet, ijtimoiy tarmoqlar, konsertlar, ommaviy tadbirlar, to'yu tomoshalar, ko'cha-ko'yda, kafe-restoranlarda, barcha jamoat joylarida taqdim etilib, targ'ib, reklama qilinib, insonlarning musiqiy didini tubanlashtirmoqda, ular ongini zaharlamoqda, ma'naviyatini yemirmoqda.

Misollar: “Atrofingda shahzodalar ko'p. Kel, o'shalar oldida men g'aribni bitta o'p” deb kuylanadigan shou-biznes mahsuloti haligacha “xit” asar bo'lib qolmoqda… Hatto davlatga qarashli “Navo” telekanali orqali ham shoumenlarning bema'ni qo'shiqlari pullik asosda efirga berilishi davom etmoqda… Buni to'xtatish kerak! Davlat telekanali shunday qilayotgan bo'lsa, boshqalardan nimani kutish mumkin axir?!

Prezidentimiz 2017 yil 3 avgust kuni, yurtimiz ziyolilari bilan o'tgan uchrashuvda “O'zbekistonda adabiyot va san'at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo'l qo'ymaymiz”, deb alohida ta'kidlagan edi. Mana, yetti yildan ko'p vaqt o'tdi. Afsuski, davlat rahbarining ushbu ko'rsatmasi OAV xodimlari, mutasaddi davlat organlari, deputatlik korpusi, ijodkor ziyolilarimiz tomonidan haligacha anglab yetilmadi. Natijada biznes sub'yekti bo'lgan tashkilotlar va shaxslar tomonidan yaratilayotgan va tarqatilayotgan zararli mediamahsulotlar kundan-kunga ko'payib, jamiyatimizda ma'naviy yemirilish alomatlarini kuchaytirmoqda.

Mediamahsulotlarni yaratish va tarqatish sohasida ma'naviyat sari burilish qilish uchun ommaviy axborot vositalarini, madaniyat va san'at sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarni tadbirkorlik sub'yekti emas, balki faqat nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) tashkiliy-huquqiy shaklida faoliyat ko'rsatishi mumkinligini nazarda tutuvchi me'yorni qonun yo'li bilan belgilab qo'yishning vaqti allaqachon kelgan!

Mutasaddi idoralar — Axborot va ommaviy kommunikatsialar agentligi va Madaniyat vazirligi qonun hujjatlarida belgilangan o'z vakolatlarini ishga solib, axborot va madaniy faoliyat sohalarida ma'naviy zahar tarqatayotgan shaxslar va ommaviy axborot vositalari, jumladan, xususiy telekanallarga nisbatan tegishli choralarni ko'rishlari shart deb o'ylayman.

Mamlakatimiz ziyolilarining jamoat tashkilotlari — jurnalistlar, yozuvchilar, kompozitorlar uyushmalari ham jim turmasdan, Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan bir qatorda mediamahsulotlar borasida ma'naviyat sari burilish yasashda faolroq bo'lib, jamoatchilik orasida tushuntirish, targ'ibot ishlarini jadallashtirishlari kerak.

Xullas, mediamahsulot yaratish va tarqatish qoidalarini zamon talablari, hayot voqeliklari, sog'lom informatsion va ma'naviy muhit yaratish zaruratidan kelib chiqib takomillashtirish, qonunlarimizga tegishli o'zgartirishlar kiritish va bu borada qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish — hayotiy zarurat.

Farhod QURBONBOYEV,

iqtisod fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 7 =