Adabiy agentlarga ehtiyoj seziladi
Yoshi ulug' adabiyotshunoslar, odatda, adabiy jarayonni muntazam ravishda kuzatib bormaydilar. Kuzatsalar-da, fikr-mulohaza bildirmaydilar. Zabardast munaqqid, mohir tarjimon, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov bunday emas — u tabiatan badiiy adabiyot g'amxo'ri. Bir-ikki misol. Ilk hikoyalari bilan endigina tanilayotgan vaqtida nasrnavis Salomat Vafoni birinchilar safida qo'llab-quvvatlagan, maqolasida ijodi mohiyatini urg'ulagan ham Ibrohim G'afurov edi. “Tilsim saltanati” kitobi taqdimotida qatnashib, Salomatni ruhlantirgan. Hamma ham bunday qilavermaydi. Qolaversa, kamina ham mohir adabiyotshunos e'tiboridan bahra olganman. Ilk she'riy turkumim Ibrohim aka tavsiyasiga ko'ra 1982 yilda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida chiqqan. Hali alohida she'rlar to'plamim nashr etilmasidan avval Yozuvchilar uyushmasiga tavsiyanoma yozib berganini mamnuniyat ila eslayman. Titroq qo'llar bilan mashqlarini tutqazgan qalamkashga erinmasdan maslahatlar bergani saxovatpeshalikdan nishona.
Ana shu xotiralar bois ustozning “Haqiqat shuki, mukofot bilan mohiyat o'zgarmaydi” sarlavhali suhbatini o'qib (“Hurriyat” gazetasi, 2024 yil, 6 noyabr soni. Suhbatdosh: Gulnora Shermatova) fikr-mulohazalarimni bildirgim keldi. Chunki “Nega badiiy adabiyotimiz dunyoga chiqishga oqsayapti?” degan savol shu paytga dovur bu qadar keskin qo'yilmagan. Munaqqid deydiki: “Hozirgi dunyoda barcha odamlar eng ko'p so'zlashayotgan, eng barakali va mahsuldor muloqot qilayotgan, eng ko'p o'rganilayotgan, eng yaxshi natijalarga erishilayotgan bu — ingliz tili. Ingliz tilini hozir taqdir shunday o'rin va mavqega olib chiqdi. Amerika, Angliya, Kanada, Avstraliya, Germaniya kitob yozish, chiqarish, tarqatish va shular orqali juda katta muvaffaqiyatlar, amaliy natijalarga erishmoqda. Bu mamlakatlarda har sohada yangidan-yangi kitoblarga bo'lgan talab nihoyatda kuchli”. Haqiqatan ham shunday. O'sha mamlakatlar kitob savdosini qay usulda yo'lga qo'yganini, kitob targ'iboti mexanizmini astoydil o'rganmog'imiz joiz.
Mamlakatimizda keyingi davrlarda ko'plab xususiy nashriyotlar faoliyat yurita boshladi. Puli bor yoki homiy topgan qalamkashlar yozganlari badiiy adabiyot o'lchovlariga to'g'ri keladimi yoki yo'qmi, istagan narsasini chiqarmoqda. Nashriyotlar esa chop etadi; kitobni muallifga qo'sh qo'llab topshiradi — shu bilan ish tamom. Targ'ibot degani yo'q hisobida. Haqli ravishda savol tug'iladi. Shuyam noshirchilikmi? Bunday ahvolda xususiy nashriyotlar rivojlanadimi? Mahsulotlarini reklama qilmasa? Sotmasa? Kutubxonalar bilan aloqa bog'lamasa? Xo'sh, mamlakatimizdagi qaysi nashriyot mahsulotlarini jahon kitob bozoriga chiqara oldi? Yoki Markaziy Osiyo miqyosiga qaysi kitoblarini chiqardi? Axir, deylik, Turkmanistonda, Qirg'izistonda, Qozog'istonda, Tojikistonda, Ozarbayjonda, Turkiyada, Rossiyada qanchadan-qancha o'zbeklar, o'zbek tilini biladigan insonlar yashaydi. Kitob savdosi tashkilotlari shular bilan aloqa bog'lashi joiz emasmi?
“O'zbek shoiru nasrnavislarining kitoblari xorijda qachon chiqadi?” deymiz-u, chiqqanlari haqida lom-mim demaymiz; tilbilgichlar ishtirokida anjumanlar uyushtirmaymiz; kitob chiqishida bosh-qosh bo'lganlarni yurtimizga taklif etib, tanishmaymiz. Deylik, men shoir Faxriyorning Parijda 2017 yilda fransuz tilida kitobi chiqqanligini yaqinda bildim. O'zbek shoirining jahon madaniyati sarchashmalaridan birida kitobi chiqsa, bu — bayram qilishga arzigulik hodisa emasmi? Tarjimoni kim, tarjima sifati qandoq — bilgimiz keladi-da axir. Shoira Xosiyat Rustamova she'riyati haqida yozganim — “Rang orqali ichkariga” bundan o'n olti yilcha avval “Guliston” jurnalida chiqqanidan so'ng ancha-muncha shov-shuvga sababchi bo'lgan edi. Shundan beri shoiraning ijodiy faoliyatiga qiziqaman. Shoiraning o'n to'rtta kitobi O'zbekistonda chiqqan bo'lsa, xorijda yigirma ikkita kitobi chop etilibdi. Yevropa va Amerika qit'alarida bosilgan kitoblarini so'rab-surishtirdim. Aniqlaganlarim: “Rangin ko'z yoshlar”. Buyuk Britaniyada chiqibdi (2020 yil). “Tushovlangan shamol”. Belarus, 2021 yil. “Hovuchimdagi yulduz”. Ukraina, 2021 yil. “Ko'ngil izidan”, Serbiya, 2021 yil. “Sakkiz”. Rossiya, 2021 yil. “O'n uchinchi oy”. Ispaniya, 2022 yil. “Meni yuraklardan qidir”. Amerika Qo'shma Shtatlari, 2023 yil. “She'rlar va Kundaliklar”. Ruminiya, 2023 yil. Ayni paytda Gretsiyada kitobi nashrga tayyorlanmoqda ekan. Hali o'zbek she'riyati jahonda dovruq qozonadi. Lekin birinchi qaldirg'och — Xosiyatdir.
Agar shundoq bo'lsa, adabiy agentlarga ehtiyoj seziladi. Birinchi navbatda badiiy ijod bilan qiziquvchi yoshlar qo'shimcha ish bilan ta'minlanadilar; qo'shimcha maosh ishlaydilar. Bu ikki taraflama foyda beradi. Eng muhimi, shoir yoki nasrnavis nashriyotlarga borish-kelish, shartnomalar tuzish, xorijiy noshirlar bilan aloqa o'rnatish tashvishidan mosuvo bo'ladi. Ortiqcha “bosh og'riqlari”ga barham beriladi. Mana, o'zimdan misol. Germaniya Federativ Respublikasi “Leypsig adabiyot nashriyoti” korxonasi rahbariyati iltimosiga ko'ra tarjimonlarim meni besh yil mobaynida izlaganlar. Adabiy agentim bo'lsa, shunday ovoragarchiliklar yuz bermagan bo'lur edi.
Ibrohim G'afurov aytadiki: “…Ayniqsa, bilimdon, kordon adabiy agentlarning yetishib chiqishi va faoliyat yo'llarini ochishi juda katta ahamiyatga ega. Hozir shunday agentlarimiz yo'q darajada yoki barmoq bilan sanarli oz. Yaxshi bilib olaylikki, madaniy G'arbning adabiyot va san'at dunyosi adabiy agentlarsiz yashamaydi, hatto buni tasavvur ham qilolmaydi. G'arbda har bir professional adabiy agent mubolag'a bo'lib tuyulmasinki, bitta Yozuvchilar uyushmasining ishini bir o'zi bajaradi. Yozuvchining asari qo'liga kirgach, u asarni baholaydi, tarjimon topadi, nashriyotlar bilan gaplashadi, kelishadi, haq-huquq, qalam haqlarini kelishadi. Tarqatish, xorijiy tillarga yoyish choralarini belgilaydi. Ya'ni hozirgi bizning yozuvchilarimiz hech imkon topmaydigan barcha tashkiliy ishlarni bajaradi. Bizga shunday ish usuli suv bilan havoday zarur. Shunda kitobning yangi rivojlanish yo'li, tendensiyalari boshlanadi. Rivojning boshqa yo'li yo'q”.
Hozirga dovur biz biror o'zbek shoiri yoki nasrnavisi adabiy agent yollagani borasida eshitmadik. Biror-bir noshirning shoir yoki nasrnavisning qo'lyozmasini sotib olgani haqida eshitmadik. Kitob savdosi bormi o'zi? Gonorar-chi? Shundoq ekan, qaysi pulimizga adabiy agent yollaymiz? Gonorar bor joyda agent bo'ladi. To'rtta qo'shiqni yodlab olgan to'ychi artistlar bilan dallolsiz gaplashib bo'lmaydi. Bitta to'yga borish, bir emas, ikkita otning kallasiday pul bo'lsa?! Futbolchilarda ham agent bor. Chunki, ularning-da daromadi mo'may.
Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon, Usmon Nosir kabi ulug'larning zamondoshi Ibrohim G'afurov — adabiyotimizning yetmish yillik tirik qomusidir. Shunday ekan, adibning mantiqli gaplarini hayotda, jamiyatda qo'llovchi bormi, topiladimi? Axir olim mulohazalarini ko'zga to'tiyo qilsa arziydi.
Bahrom RO'ZIMUHAMMAD