Seni sog'indim…
Seni juda-juda sog'indim. Seni tez-tez tushlarimda ko'raman. Buyuk shoir yozganidek:
Tushimda ko'ramen, shunchalar go'zal,
Bizdan-da go'zaldir, oydan-da go'zal…
Hush-behush uyg'onib ketaman. Sen savlat to'kib turgan javonga mehr bilan talpinaman. Avvalo, Seni to'yib-to'yib hidlayman. Yoqimli, mazali hidlaringdan aylanay seni! Hidlagan sayin hidlagim kelaveradi. Aslida sening bebaho hiding boshqa hidlardan ajralib turar, juda yoqimli edi. Seni bir hidlagan odam “yana bir hidlasam”, deb xumorga tashna bo'lib yurardi. Men hanuz hidingni qo'msab, telba bo'lib yuribman. Go'yoki Mashrabi devonaday…
Eh, javonda qavat-qavat bo'lib turgan bo'ylaringdan aylanayin! Qaydasan, azizim, uzoq yillar porlab, so'ngan yorug' yulduzim… Sen bu yorug' olamni bevaqt tark etganingda, rosa qirq kun aza tutdim. Hanuz eslab-eslab, ezilib-ezilib, yuragim yonib-yonib Yaratgandan bir kun qaytib kelishingni so'rab, duolar qilaman. Seni bir lahza ham unutganim yo'q, suyukli Ustozim!..
Sen hatto sobiq sho'ro davrining qayta qurish va oshkoralik yillari deb atalgan vaqtlarida tarix, adabiyot, san'at, madaniyat, ma'rifat osmonida charog'on quyoshday fikr va ziyo olamida bebaho nurlar sochding. Millatning bebaho va tengi yo'q ma'rifat guli bo'lib ochilding, g'aflatda yotgan yuraklarni uyg'otib yubording. Bu uyg'onish, mustaqillik, hurlik orzularining teran ildiz otishiga turtki bergan edi…
Bugun Seni yana esga oldim. Axir kuni kecha mustaqil O'zbekiston matbuoti o'zining navbatdagi bayramini katta tantanalar bilan nishonladi. Faqat Sen yo'qsan, faqat Sen saflarda ko'rinmayotirsan. Bu yilgi bayramimiz birinchi marta Sensiz o'tayotgani juda achinarli. Ne qilay, bugun qutlug' izlaringni sog'inib, qo'msab-qo'msab o'rtanmoqdaman. Muborak va mo''tabar o'rning shundoq bilinib turibdi-ya! Afsuski, endi oramizda yo'qsan — mening beminnat va suyukli Ustozim, bizga fidoyilik, jasorat, to'g'rilikdan va adabiyot hamda san'atdan bebaho saboqlar bergan, Vatanni sevishni o'rgatgan qadrli — GAZETAM!
Ashurali JO'RAYEV