Notanish tanishimning sabog'i

Ustoz Mahmud Abulfayz (chapda) bilan birga. 1999 yil.

Bunga ko'p yillar bo'ldi. Lekin bari kechagidek xotiramda.

…1982 yili tumanimiz gazetasida “Ish qizg'in” sarlavhali xabarcham bosilibdi. Bu yangilikni amakim topib keldi. To gazeta qo'limga tekkuncha, naq romani chiqqan odamdek hayajonda yurdim, deng. Shu-shu tuman, viloyat, respublika miqyosidagi vaqtli matbuotlarda nomim zikr etila boshlandi.

“Lenin bayrog'i” — hozirgi “Surxon tongi” viloyat gazetasida maktab sahnasiga qo'yilgan asar haqidagi maqolam bosildi. Gazetadagi varianti men jo'natganimdan yaxshigina farq qilganini sezdim. Ustozlar “ishlov” berishgani bilinib turardi. Biroz fursat o'tib, o'sha nashr adabiyot bo'limi mudiri deb ta'kidlangan Mahmud Abulfayzov imzosi bilan xat oldim. Unda foydali maslahatlar bilan birga, aniq topshiriqlar xam berilgandi. Tavsiya etilgan manzillardan tayyorlagan materiallarim deyarli gazetaning har sonida berib borila boshlandi.

Bir kuni Alijon aka degan qishlog'imiz pochtachisi uyga kelib, bir qog'ozga qo'l qo'ydirgach, anchagina pul berib ketdi. Gonorar (qalam haqi) ekan. Ana shunda moddiy manfaatdorlikning harakatlantiruvchi kuchi qanchalar ta'sirli ekanligini his qilganman.

Qaysi jabha bo'lishidan qat'i nazar, maslahat va topshiriqlarni Mahmud akadan olib turardim. O'z navbatida, rejalarim bilan tanishib, bo'lajak jurnalist maktab darsliklaridan tashqari yana nimalarga e'tibor berishi, hatto tanishib borish zarur bo'lgan badiiy asarlar ro'yxatini ham eslatib turardilar. Yozishmalarimizdan birida, u kishi ham tumanimizdagi tog' qishloqlarida tug'ilib, voyaga yetganliklarini, ayni chog'da viloyat markazida istiqomat qilishlarini bildirib o'tdilar. Men uchun quvonarlisi, garchi g'oyibona bo'lsa-da, ma'naviy ustoz topib olgandim.

Hadeganda ustoz bilan uchrashishning iloji yo'q edi. Men oddiy o'quvchi bo'lsam… Bir safar tog'lik qarindoshimiz To'ra tog'amning viloyatda vrach bo'lib ishlaydigan o'g'li Hasan tog'am yo'l-yo'lakay uyga kirib o'tarkan, meni ham bir haftaga o'ziga sherik qilib Termizga olib ketadigan bo'ldi.

Vokzal odam bilan tirband. Biz chiqishimiz kerak bo'lgan poezd masofaviy jadval asosida harakatlanishi bois oldindan chipta sotilmaskan. Shundoq poezd kelib to'xtashi bilan, hamma gur etib o'zini vagon eshiklari tomon urar, ulgurgan odamgina o'tirib ketadigan joyga ega bo'larkan. Men yosh, do'xtir tog'amning esa bir oyoqlari oqsoqliklari tufayli, bazo'r vagonga chiqib oldik. Lekin o'tiradigan joylar allaqachon egallab bo'lingandi.

“Obbo, jiyan-ey, ko'rgilik. Endi Xudo bizga quvvat bersin, manzilga yetguncha tik oyoqda ketamiz”, — deb turgandilar, shundoq yonginamizdan: “Hasanboy, hoy Hasanboy, bu yoqqa keling, sig'ishamiz, jiyan ham kelaversin”, degan ovoz eshitildi. Yuklarimizni oldimizga olib joylashdik. Tog'am: “Sizlar o'tirib turinglar, men qo'shni vagondagi sheriklarimdan bir xabar olib kelay”, deb o'rinlaridan qo'zg'aldilar.

“Yo'l bo'lsin, Hasanboy do'xtirga kim bo'lasiz?” — gap boshladi suhbatdoshim ikkimiz yolg'iz qolgach. O'rta bo'y, oq sariqdan kelgan, ingichka mo'ylovi o'ziga xo'p yarashgan bu odam gapirganda istehzo qilayotgandek ko'rinardi. Shu quvligimi, miyig'ida kulib turishimi-ey yoki alohida hurmat bilan sizsizlab gapirishi sabab bo'ldimi, biroz bepisand tarzda, kibrona boqib, savollariga dadil-dadil javob qaytaraverdim.

— Ta'tilda bir o'ynab kelay debsiz-da?

— Qayda, bekorchilikka vaqt yo'q.

— Shunaqami, ayni shu yoz pallasida nimalar bilan buncha bandsiz?

Qaysidir o'qigan kitob qahramonimning javoblariga taqlidona gap boshladim:

— Yangi asarimga material to'plamoqchiman. Shaharni ko'zim bilan ko'rib, teatrga tushmoqchiman. Ishlar ko'p. Vaqt masalasi tig'iz. Bir haftada uyga qaytaman, barchasiga ulgurishim kerak.

— Rejali ekansiz. Aytmoqchi, “yangi asarimga” dedingizmi? Yozuvchimisiz? — hayratlangannamo so'radi suhbatdoshim.

Shunday katta odamning menga havas qilayotgani azbaroyi zavqimni oshirdi:

— Shunday desa ham bo'ladi. Qissa, romanlarga endi qo'l uryapman. Safardan yana bir muddaom ham shu.

— Hali mashhur bo'lib ketsangiz, oldingizga borolmay yurmaylik. Tanishib olaylik. Kim deydilar siz janoblarini?

Yana bir muxlisiga ega bo'lgan adibdek kekkayib javob berdim:

— Oltinsher Hamidiy. Albatta, bu taxallusim. Ha, aytmoqchi… — siz qaerdan ham bilardingiz, degandek bir qarab olib davom etdim. — Vaqtli nashrlarda… (ismi-nasabimni dona-dona qilib aytdim) shu nom ostida izlaysiz…

Yana ham hayrati oshganini ko'rib, suhbatdoshimga “bilmaganingizni so'rayvering” qabilida boqdim.

— Qaysi gazeta, jurnallarda maqolalaringiz bilan tanishib borsak bo'ladi?

— O'zimiz (tumanimiz)ning va viloyat hamda markaziy gazetalarda tinimsiz maqola, hikoyalarim bosilib turadi.

— Qalamkashlardan kimlarni taniysiz va ijodiy hamkorlik qilib turasiz?

— Hayitali Rahmon, Abdug'affor Odina, Qo'chqor Norqobil, Gulandom Tog'ayeva, hatto bir muddat Tog'ay Murod bilan ham birga ishlaganman. Viloyatda esa… Mahmud Abulfayzlar bilan qalinman.

Suhbatdoshimni kuzatarkanman, bu gaplarimdan keyin uni tamoman o'zimga ipsiz bog'lab qo'yganimga amin edim.

— Oxirgi sanab o'tgan ijodkoringiz bilan qanchalar yaqinsiz? — ehtiyotkorona boqdi hamsuhbatim.

Besh-o'nta maktublar orqali yozishmalarimiz bor emasmi, ana shulardan kuch olib:

— Juda yaxshi, tez-tez uchrashib turamiz… — dedim.

Suhbat shu yerga yetganda, Hasan tog'am kelib qoldilar. Ma'lum vaqt o'tgach, parovoz manzilga yetganimizni bildirib qo'ng'iroq chaldi.

— Sizlarni mundoq bir yaqinroq tanishtirmoqchi edim. Ushlanib qolib ketdim-da, tanishib oldingizlarmi? — so'radi do'xtir tog'am.

Mendan oldin suhbatdoshim javob qaytardi:

— Ha, biz obdan tanishdik. Sizdan bir iltimos, Hasanboy, ertaga mehmonni kech soat oltida viloyat Mannon Uyg'ur teatriga olib keling, birgalikda bir madaniy hordiq chiqaraylik.

Xayrlashar chog'ida tog'amga va'dani yana bir bor eslatib, qo'limni qattiq qisib qo'ydilar.

Yozning chillasi emasmi, Termiz deganlari usti ochiq tandirning o'zi ekan. Ust-boshim jiqqa terdan chippa badanga yopishgan, tog'amning gaplariga bazo'r javob qaytaraman. Og'zimni ochsam, ichimga olov kirib ketadi go'yo. Shaharning beshinchi mikrorayonidagi 5 qavatli uyning 5-qavatiga piyoda ko'tarildik. Ko'chadagi 40 daraja issiq qo'llarimizdagi yuk bilan tepaga ildamlarkanmiz, naq 50 darajaga oshdi, chamamda. Amal-taqal xonaga kirib oldik. “Jiyan, parvo qilmang, hozir uydagilar berib yuborgan chakki (suzma)dan muzday chalob (ayron) qilamiz, sen ko'r, men ko'r bo'lib ketasiz”, dedilar tog'am abgor ahvolimga boqib. Shu zahoti katta idishga qatiqdan solib ezg'ilarkanlar, vannadan suv olib kelishimni buyurdilar. Vanna jo'mragini ko'proq ochib, suv ola boshlagandim, savol berib qoldilar:

— Jiyan, Mahmudxon aka bilan ham tanishib oldingizmi? Ma'qul bo'lganga o'xshaysiz chog'i, bejizga ertaga teatrga taklif qilmadilar.

— Qaysi Mahmudxon…

Poezddagi suhbatdoshimiz haqida shama qilayotganlarini birozdan so'ng angladim.

— Hali vagonda birga kelgan kishi-da, Mahmudxon Abulfayzovni aytyapman.

Tog'amning so'nggi gaplari juda uzoq-uzoqlardan kelayotgandek tuyuldi. Birdaniga duv qizarib ketdim, ichimdan shunday bir issiqlik chiqdiki, ana endi bemalol mendagi hovur 60-70 darajaga yetgandi…

Ertasi kun qanchalar tixirlik qilmay, tog'am: “Lafz qilganman, qolaversa, eshonboboning ya'ni Mahmudxon akaning xotini bo'la (xola)vachchangiz ekan, kechqurun mehmondorchilikka ham chaqirishgan, — degach, noiloj bordim. Eng ajablanarlisi, Mahmudxon aka hech narsa bo'lmagandek kutib oldilar.

Shu kuni teatrda u kishining ssenariysi asosida sahnalashtirilgan spektaklni tomosha qildik. Uylarida mehmon ham bo'ldik.

…Oradan qancha vaqt o'tmasin, ustoz bo'lib o'tgan bu voqealarni hech kimga aytmadi. Faqat bir narsani qat'iy tayinladilar: “Bo'shashmasdan o'qing, albatta, jurnalist noni sharafli va halol, haqiqatni olib chiqishning o'zi bo'lmaydi… YoLG'ONNI EPLADINGIZMI, DEMAK, YoZA OLASIZ”. Qalamga oshno tutinishimni nasihat qilgandilar.

Sherali HABIBULLO

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + nine =