Islohotlar Yangi O'zbekistonni iqtisodiy o'sish va xalqaro investitsiyaviy faoliyatning eng rivojlangan markaziga aylantirdi

Xorijlik ekspertlar, “aql markazlari” va ishbilarmon doira vakillari mamlakatimizdagi yangilanishlar xususida

O'zbekistonda joriy yilning birinchi yarim yilligida erishilgan yuqori iqtisodiy ko'rsatkichlar keng jamoatchilikka ma'lum qilindi. Ushbu iqtisodiy o'sish tendensiyalari mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda.

Xususan, xorijiy davlatlarning etakchi ommaviy axborot vositalarida davlatimiz rahbari tomonidan e'lon qilingan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish to'g'risidagi muhim ma'lumotlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar, ishbilarmon doiralar vakillari va O'zbekistonning yaqin hamkorlari ham respublikaning iqtisodiy o'sish tendensiyalari bo'yicha o'z fikrlarini bildirmoqda.

Xalid Taymur Akram, “Umumiy kelajak jamiyati” tahlil markazi ijrochi direktori (Pokiston):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston iqtisodiyotining 2024 yil yil birinchi yarim yillikda qo'lga kiritgan natijalari e'tirofga loyiq. Jahon iqtisodiyoti va xalqaro bozorda kuzatilayotgan o'zgaruvchan jarayonlarga qaramasdan, O'zbekistonning barqaror o'sish sur'atlarini namoyon etayotgani, yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga, sanoat 7,8 foizga o'sishi, investitsiyalarning umumiy hajmi sezilarli ko'paygani mamlakatda izchil va puxta o'ylangan iqtisodiy siyosat yuritilayotganidan dalolat beradi.

Davlatingiz rahbarining milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish bo'yicha ulkan das­turi yarim yillikda erishilgan ko'rsatkichlarning poydevori bo'ldi. Dastur iqtisodiy faoliyatni yanada oshirishga qaratilgan bo'lib, maqsadli ko'rsatkichlardan ham yuqori natijalarga erishishni ta'minladi.

O'zbekiston iqtisodiyotini yanada liberallashtirishda davom etish mamlakat yetakchisi amalga oshirayotgan islohotlarning asosi bo'lib qolmoqda. Xususan, biznesni ro'yxatdan o'tkazishni soddalashtirish, xorijiy investitsiyalar yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etish, umumiy ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo'yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Islohotlar O'zbekistonni iqtisodiy o'sish va xalqaro investitsion faollikning eng rivojlanayotgan markaziga aylantirdi, uning G'arb va Sharqni bog'lovchi yirik transport xabi sifatidagi tarixiy rolini qaytardi.

Ushbu davrda iqtisodiyotni jadal raqamlashtirishga qaratilgan strategik chora-tadbirlar amaliyotga joriy etildi. Xususan, tadbirkorlarning elektr va gaz ta'minoti tarmoqlariga ulanishini avtomatlashtirish belgilandi. Bu tarmoqqa inson omilisiz ulanish, jarayonni soddalashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ta'kidiga ko'ra, mamlakatda mehnat unumdorligini, kapital, yer va resurslar bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim choralar ko'rilganligi hozirgi bosqichda dastlabki islohotlar dinamikasini hamda barqaror iqtisodiy o'sish tendensiyasini saqlab qolish hamda rivojlantirish imkonini berdi.

O'zbekiston Prezidenti raisligida o'tkazilgan yig'ilishda yangi sanoat loyihalarini amalga oshirishning samarador yo'nalishlari ham belgilab olindi. Istiqbolli konlarni qidirish va o'zlashtirish, elektr energiyasini uzatish uchun yangi magistrallarni qurishga alohida e'tibor qaratildi.

O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va foydalanilmagan iqtisodiy aktivlar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni mamlakatga faol jalb etmoqda. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi yarim yillikda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar miqdori rekord ko'rsatkichga – 15,5 milliard dollarga yetdi va yil yakuniga bu ko'rsatkich kamida ikki barobar o'sishi kutilmoqda.

Hukumat agrobiznes, energetika va turizm kabi sohalarda qator imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda. Natijada mamlakatga kapital bilan birgalikda yangi ish o'rinlari, boshqaruv tajribasi va texnologik nou-xaular ham kirib kelyapti. Bu pirovardida aholi farovonligining oshishiga xizmat qilayotir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi innovatsion tashabbuslar, oqilona tashqi siyosat va barcha sohalardagi islohotlar nafaqat mamlakat iqtisodiyotini o'zgartiradi, balki kelgusi yillarda barqaror va inklyuziv o'sishga zamin yaratmoqda.

Xesus Gil, Madrid avtonom universitetining Osiyo tadqiqotlari markazi professori, Ispaniya sharqshunoslari uyushmasi bosh kotibi, turkshunos:

— So'nggi yangiliklar O'zbekistonning iqtisodiy o'sish va rivojlanish sohasidagi ajoyib yutuqlari va rejalarini namoyish etdi. Birinchi yarim yillikda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,4 foizga o'sgani sanoat, qurilish va xizmat ko'rsatish sohalari jadal rivoj­lanayotganidan dalolatdir.

“Yashil” energetika sohasidagi islohotlar, shuningdek, infratuzilma va ijtimoiy lo­yihalarga yirik investitsiyalarning kiritilishi alohida e'tiborga loyiqdir.

15,5 milliard dollarlik xorijiy inves­titsiya jalb etilib, 3 mingta yangi loyihaning ishga tushirilishi, 70 ming ish o'rni yaratilishi hukumatning kapital jalb etish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borayotgan muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosatini aks ettiradi. Iqtisodiyotning barqaror o'sishi va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qiluvchi kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash muhim qadamdir.

Ayniqsa, infratuzilmani yaxshilash, uy-joylar va ijtimoiy soha ob'yektlarini barpo etishga alohida e'tibor qaratilayotgani aholi hayot sifatiga bevosita ta'sir ko'rsatayotgani quvonarlidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mavjud muammolarni tahlil qilish, yanada rivojlantirish bo'yicha aniq vazifalarni belgilash muhimligini ta'kidladi. Bu iqtisodiyotni bosh­qarishda pragmatik va tashabbuskorlikdan dalolat beradi.

Ushbu yutuqlar va rejalar O'zbekiston iqtisodiyotini yanada mustahkamlash hamda aholi farovonligini oshirish maqsadlari jiddiy ekanligini yaqqol ifodalaydi.

Van Minmey, Xitoyning “Psearcher” jurnali muharriri:

— Xitoyning har tomonlama qulay va strategik hamkori bo'lgan O'zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jarayonlarini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama darajada ham, BMT, ShHT, “Bir makon, bir yo'l” tashabbusi hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

So'nggi yillarda O'zbekiston milliy iqtisodiyotning deyarli barcha jabhalarida tobora yuqori ko'rsatkichlarga erishib, jadal rivoj­lanishning yuksalish yo'liga o'tdi. Buni, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 17 iyul kuni bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida ma'lum qilgan joriy yilning birinchi yarmida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko'rsatkichlari ham yaqqol tasdiqlaydi.

Xususan, 2024 yilning birinchi yarim yilligida O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,4 foizga o'sdi. 2023 yilning shu davriga nisbatan deyarli barcha iqtisodiy ko'rsatkichlar yaxshilandi. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xo'jaligi 3,8 foizga o'sgan.

Ushbu davrda O'zbekiston iqtisodiyotiga jami 15,5 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etildi, shundan 14 milliard dollari to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investsiyalar bo'lganini alohida ta'kidlash kerak.

Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, yuqori rentabellikka ega 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o'rni yaratilgani alohida e'tiborga molik.

“Yashil energetika” sohasidagi ishlar ham natija bera boshladi. Masalan, birinchi yarim yillikda ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga 1,6 milliard kilovatt “yashil energiya” olindi. Bu yarim milliard kubmetr gazni tejash imkonini berdi.

“Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qo'shilgan qiymat 45,1 milliard dollarga yetgan. Bunday raqamlar ilgari bo'lmagan”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, jahon iqtisodiyoti ko'plab salbiy omillarga duch kelgan sharoitda O'zbekis­ton taraqqiyotining bunday dinamikasi mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Xitoy bu tenden­siyadan, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi faol iqtisodiy hamkorlik O'zbekistonning izchil rivojlanishi jarayonlariga xizmat qilayotganidan mamnun.

Moris Gattas, Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi bosh direktori o'rinbosari:

— So'nggi bir necha yil ichida xalqaro biznesning jozibador markaziga aylangan Yangi O'zbekistonning qiyofasi tubdan o'zgarganiga barchamiz guvoh bo'lyapmiz.

Mamlakat yetakchisi tomonidan jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan ulkan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa uzoq muddatli istiqbolda mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga xizmat qildi.

O'zbekiston rahbariyatining mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol ilgari surish bo'yicha kompleks strategiyasi xorijiy investitsiyalarni jalb etish va savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishda yangi istiqbollarni ochib berdi. Ushbu omillar tufayli Yangi O'zbekiston Markaziy Osiyodagi xorijiy kompaniyalar uchun eng ishonchli hamkorga aylandi.

Oliy darajadagi tashriflardan so'ng O'zbekistonning Yaqin Sharqdagi birinchi strategik hamkoriga aylangan Qatar bilan ko'p qirrali o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochildi.

O'zbekiston Prezidenti raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o'sish sur'atlarini ta'minlash bo'yicha birinchi yarim yillik tahlili yuzasidan o'tkazilgan yig'ilish axborotini diqqat bilan o'qidim.

2024 yilning birinchi yarim yilligida O'zbekistonda yalpi ichki mahsulot o'tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga, sanoat 7,8 foizga o'sgani quvonarlidir. O'tgan davrda mamlakatga 15,5 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etildi, O'zbekistonning barqaror iqtisodiy o'sish yo'lidagi natijalari Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari va yirik inves­torlar tomonidan e'tirof etildi.

Davlat rahbari yig'ilishda iqtisodiy o'sish sur'atlarini e'lon qilish bilan birga, ko'proq muammolar haqida gapirib, aniq reja va vazifalarni belgilash zarurligini ta'kid­ladi. Iqtisodiy o'sishni yanada oshirish, moliya, soliq sohasini takomillashtirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, kambag'allikni qisqartirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturini yanada rivojlantirish va tadbirkorlikni yashirin iqtisodiyotdan chiqarish va mamlakatda yangi ish o'rinlari yaratish mexanizmlari tasdiqlandi.

Bularning barchasi Yangi O'zbekistonning mamlakat iqtisodiy salohiyatini ochish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o'sishning yangi nuqtalarini aniqlash yo'lida ishonch bilan odimlayotganidan dalolat beradi.

 Chong Te Gin, Janubiy Koreyaning “Evervolution” kompaniyasi ijrochi direktori:

— “Evervolution” konsorsiumi vakili sifatida O'zbekistonning Guliston shahrini rivoj­lantirish loyihasi ishiga mas'ulman. Kompaniyamiz Guliston shahrining yangi markazini rivojlantirish bo'yicha yirik loyiha ustida ishlamoqda. Loyiha 56,4 gektar maydonni egallaydi va tijorat ob'yektlari, turar-joy majmualari, ko'p qavatli uylar, maktablar, davlat idoralari va bog'larni o'z ichiga oladi. Jumladan, biz hududda davlat shifoxonasini tashkil etish va sovg'a qilishni rejalashtirganmiz.

Bir yil davom etadigan birinchi bosqichda biz 8 gektarga yaqin maydonda 2000 ga yaqin binolarni o'z ichiga olgan savdo ob'yektlari va turar-joy majmualarini qurishni boshlaymiz. Kelgusi yilda ushbu bosqichni yakunlashni rejalashtiryapmiz. Loyihani to'liq amalga oshirish besh yil davom etishi kutilmoqda va uning qiymati 300 milliard vondan oshadi, bu taxminan 220 million AQSh dollariga teng.

Koreya Respublikasi tibbiyot tizimi taj­ribasini Guliston shahriga tatbiq etish bo'­yicha Janubiy Koreya tibbiyot mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Bundan tashqari, loyiha Koreya Respublikasining yetakchi qurilish kompaniyalari va banklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Biz allaqachon Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning yetakchi muhandislik kompaniyalari yordamida loyihalash va bosh rejani ishlab chiqishni boshladik.

O'zbekiston hukumatining ko'magi biz uchun nihoyatda muhim. Har ikki davlat rahbarlari hamkorlikka qiziqish bildirdilar, biz Koreya Respublikasi Prezidentining O'zbekistonga davlat tashrifi chog'ida joriy yilning iyun oyida ular huzurida o'zaro anglashuv memorandumi va hamkorlik to'g'risidagi bitimni imzolagan edik.

Tashrif davomida turli hamkorlik chora-tadbirlarini faollashtirishga doir muhim masalalar muhokama qilindi. O'zbekis­ton Prezidenti erishilgan kelishuvlarni sifatli va to'liq amalga oshirishga va'da bergani loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonch bag'ishlaydi.

O'zbekiston Prezidentining kiritgan har qanday investitsiyalar uchun mablag'larning erkin harakatlanishi ta'minlanishini va'da qilgani ko'pchilik investorlarda katta taassurot qoldirdi va ishonchim komilki, davlatingiz rahbarining mustahkam irodasi “Evervolution” kompaniyasi uchun turli loyihalarni amalga oshirishda katta yordam beradi.

O'zbekiston Prezidenti tomonidan qat'iy makroiqtisodiy siyosat olib borilmoqda, jumladan, tariflarni rag'batlantirish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish yo'lga qo'­yildi. Bu investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda. Agar zarur materiallar O'zbekistonda bo'lmasa, ularni olib kirishda tarif imtiyozlari taqdim etilyapti.

Ishonchim komilki, O'zbekiston izchil makroiqtisodiy siyosat va xorijiy investorlarning qo'llab-quvvatlashi natijasida yuqori o'sishga erishadi. O'zbekiston to'g'ridan-to'g'ri dengizga chiqa olmaydi, Shveysariya kabi soliq imtiyozlari va qulay ishbilarmonlik muhiti tufayli jozibador investitsiyaviy yo'nalishga aylanishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, Janubiy Koreya investor va ishbilarmonlarini O'zbekiston hukumati tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqiraman. Mamlakatingiz yuksalib, rivojlanib borishiga ishonaman va birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz investorlarga ham, O'zbekiston xalqiga ham foyda keltiradi.

 Daliya Alkatiri, “Alpha Group” kompa­niyasi ijrochi direktori, Malayziyadagi o'zbek mahsulotlari shou-rumi hammuassisi:

— O'zbekistonning joriy yil birinchi yarmida erishgan iqtisodiy yutuqlari mamlakatni barcha sohalarda rivojlantirishda ijobiy tendensiyalarni ko'rsatmoqda.

Bu barcha ijobiy natijalar ortida, shubhasiz, O'zbekiston Prezidentining ulkan mehnati yotibdi. Davlatingiz rahbari rahnamoligida mamlakatingizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy kapitalni jalb etish, infratuzilmani, qishloq xo'jaligi va agrosanoat kompleksini rivojlantirish, kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, turli ijtimoiy dasturlarni qabul qilish islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning asosiy omiliga aylandi.

Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston rahbarining byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish orqali investitsiya muhitini yaxshilashga faol ko'maklashayotgani alohida e'tiborga loyiqdir. Qisqa vaqt ichida qator davlatlar bilan yangi yirik investitsiyaviy shartnomalar imzolandi, bu esa to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmining oshishiga olib keldi.

Katta miqdorda investitsiyalar transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, yangi avtomobil yo'llari qurish, temir yo'l tarmog'ini modernizatsiya qilish va elektr stansiyalarining quvvatini oshirishga yo'naltirildi. Bu sanoat va savdoning rivojlanishiga yordam berdi.

Kichik va o'rta biznesni imtiyozli kreditlar, soliq imtiyozlari va grantlar berish orqali qo'llab-quvvatlash O'zbekiston yetakchisi iqtisodiy siyosatining muhim jihati bo'ldi. Bularning barchasi yangi ish o'rinlari yaratish, tadbirkorlik faolligini rag'batlantirish imkonini bermoqda.

Ishonchim komilki, O'zbekiston rahbariyati boshlangan islohotlarni izchil davom ettirib, barqaror rivojlanishni yanada oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishda investitsiyalarni iqtisodiyotning strategik tarmoqlariga yo'naltiradi.

“Dunyo” AA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + nine =