Uyushmaga kimlar rahbarlik qilgan, ilk a'zolari kimlar bo'lgan?

Har bir tashkilot, jumladan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining ham tashkil etilishi tarixi bor. Mavjud hujjatlar Uyushma 1957 yil avgust oyida ish boshlaganini ko'rsatadi.
Uyushmaga dastlab 1957-1962 yillarda taniqli adib Ibrohim Rahim, 1962-1987 yillarda Ziyod Yesenbayev, 1987-1988 yillarda Sobir Qurbonov, 1988-1991 yillarda Ahmadjon Muxtorov, 1991-1996 yillarda Lutfulla Kabirov raislik qilgan.
1996 yil Uyushma negizida O'zbekiston Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo'llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg'armasi tashkil etilgan. Unga 1997-2004 yillari Xurshid Do'stmuhammad (Ahmadjon Meliboyev va Ahmad A'zam jamoatchilik asosida) hamrais sifatida faoliyat yuritganlar.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi 2004 yil 26 mart kuni Toshkentda o'tkazilgan ta'sis konferensiyasida qayta tuzilgan. Uyushmaga 2004-2014 yillari taniqli jurnalistlar Sherzod G'ulomov, so'ngra Ibrohim Halimbekov rahbarlik qilishgan. 2016 yilning mart oyidan dekabrgacha O'ktam Mirzayorov uyushma raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelgan bo'lsa, 2016 yildan 2020 yilning oktyabr oyigacha O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Sa'dulla Hakimov Uyushma rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.
2020 yilning oktyabr oyidan 2021 yilning iyun oyigacha Xolmurod Salimov uyushmada rahbar vazifasini bajargan. 2021 yilning 4 iyun kuni bo'lib o'tgan Uyushmaning navbatdan tashqari konferensiyasida Olimjon O'sarov unga rais etib saylangan.
2022 yilning dekabr oyida Olimjon O'sarov boshqa ishga o'tishi munosabati bilan Xolmurod Salimov Uyushma raisi v.b. etib saylangan.
Ma'lumot uchun, o'tgan 67 yil ichida (Uyushma nomi bir necha marta o'zgargan) O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga 11 nafar soha faollari — ustoz jurnalist va ijodkorlar rahbarlik qilishgan. Ular orasida Ziyod Yesenbayev eng ko'p — 25 yil, Sherzod G'ulomov esa 10 yil raislik qilgan.
Ayni kunda Uyushmaning 2 ming 200 nafarga yaqin a'zosi bor. 1957 yil avgust oyida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tavsiyasi asosida yetti nafar — “O'zbekiston xotin-qizlari” jurnali muharriri Zulfiya Isroilova, “Qizil O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Rahimov, UzTAG (hozirgi O'zbekiston Milliy axborot agentligi) direktori Rixsi Saxibayev, “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi bosh muharrir o'rinbosari Qobiljon Uzoqov, “O'zbekistoni surx” gazetasi muharriri Abdulla Hakimov, “Pravda Vostoka” gazetasi muharriri Stepan Chernik hamda “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi muharriri Sotvoldi Yuldashev O'zbekistondan birinchilardan bo'lib sobiq ittifoq ya'ni SSSR Jurnalistlar uyushmasi a'zoligiga qabul qilingan.
Xolmurod SALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi raisi v.b.