Yoshlar xatosi uchun kim aybdor?

Turmushda xatoliklar ro'y berib turadi, deb ba'zan o'zimizni ovutamiz. Ammo ayrim xatolar borki, ular kelajakka soya soladi, ertangi kun uchun tashvish tug'diradi…

Yaqindagina “Bolam kompyuter o'yinlariga berilib, darslarini chala qilayapti”, deya nolib yurgan onalar endilikda undan-da yomonroq baloga duch kelishib, nafaqat maktabda o'qiydigan farzandlarini, balki undan kichikroqlarini ham telefondan ayirolmay qolishdi. Qaytaga, o'zlari ham kun bo'yi shu jajji qutichaga tikilib o'tirishadi.

Qozon boshida ham telefon, ishga ketayotib ham, bekatda ham telefon, ish davomida, boringki, ba'zan tun yarmigacha telefon qo'llarida turadi. Na gazeta-jurnal o'qiladi, na kitobga qaraladi, hatto dasturxon boshidagi oilaviy suhbatlarga ham shu telefon muloqoti mudom aralashib, xalaqit berib turadi.

Bir qancha yillar avval telemuxbir taniqliroq kishidan: “Ijtimoiy tarmoqlarga kirib turasizmi?” deb so'raganida, “Goh-gohida kirib turaman”, der edi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlarsiz bir qadam ham tashlolmaydigan darajaga yetdik. Ayniqsa, yoshlar orasida bu o'ta ommalashib ketdi. Internet mavzulari sal jiddiyroq bo'lib, bolalar tarbiyasiga ko'proq hissa qo'shsa, koshki edi-ya. Shov-shuv ko'p, aniqlik kam, yolg'on ko'p, haqiqat kam.

Uzzukun telefon ekraniga tikilaverish salomatlikka ancha ziyon yetkazishini mutaxassislar allaqachon aniqlashgan. Koreyalik bir guruh olimlar ta'kidlashlaricha, “telefon kasalligi” tufayli quloqlarning og'rishi, bosh aylanishi va ko'ngil aynishi ro'y berarkan. Mobil telefondan chiqadigan nurlanish nerv hujayralari va miya faoliyatiga salbiy ta'sir etib, ko'pincha xotira yo'qolishiga olib kelishi haqidagi fikrlar bugungacha aytib kelinmoqda.

Yaqinda yana bir tadqiqot o'tkazilibdi. Uning natijasiga ko'ra, mobil telefonlar kishining fe'l-atvorigayam ta'sir ko'rsatadi!

“Uyali aloqa vositasidan ko'p foydalanish oqibatida asabiylashish, lanjlik, qat'iyat yo'qolishi va hafsalasizlik kuzatiladi, elektromagnit to'lqinlar ta'siri tufayli shunday hol ro'y beradi”, deydi tadqiqot rahbari — Melburn universiteti professori Kona Stoun. Olimning aytishicha, telefondagi muloqot vaqtida uning shovqini bilan birga kichik intensivlikdagi elektron magnit nurlanishi bosh suyagi tomon yo'naltiriladi va u yerda o'zining salbiy asoratini qoldiradi.

Internet tarmoqlaridan doimiy foydalanish chog'ida telefondan tarqaladigan nur ko'zlar ishini yomonlashtirishi va boshqa a'zolarda ham xavfli xastaliklarni keltirib chiqarishini aniqlagan olimlar muloqot paytida telefon zararidan saqlanish uchun bir nechta maslahatlar ham berishgan. Unga ko'ra, transportda mobil telefondan foydalanmagan ma'qul, sababi, avtomobilning metall qobig'i elektromagnit nurlanishni ikki-uch barobar oshiradi. Raqamni tergach, aloqa o'rnatilguniga qadar telefonni quloqqa yaqin tutmaslik kerak, chunki zarur raqamni topish uchun telefon apparati zo'riqib ishlaydi va bu jarayonda elektromagnit to'lqinlar juda kuchli bo'ladi. Kun davomida telefondan 60 daqiqadan ortiq foydalanish faqatgina zarar keltiradi.

Bunday xabarlarni kattalar, albatta, u-bu joydan eshitishgan, tibbiyotdan xabari borlar esa yaxshi bilishadi. Lekin ahvolni o'zgartirishga urinib ham ko'rilmaydi. Ota kechqurun ishdan kelgach, bolasi hadeb savolga tutavermasligi uchun yo boshqa sabab tufayli telefonini uning qo'liga tutqazadi. Ona ham oshxona yumushi yo kir-chirga ulgurish uchun kichkintoyiga telefonini berib qo'yadi. Qarabsizki, bola muk tushgancha soatlab telefonda o'yin tomosha qiladi, ota ham, ona ham ularning sho'xlik qilmay, jimgina o'tirishganidan xursand.

Ota-onalarning xatosi qay bir kun farzandlarning bundan ham kattaroq xatolariga sabab bo'lishi mumkin. Birinchidan, telefon tufayli bolaning sog'lig'iga jiddiy ziyon yetayapti, ikkinchidan, bola asosiy mashg'ulotlar (bog'cha yo maktabdan berilgan vazifalar)ni yuzaki bajarib, doimo telefon bilan band bo'lmoqda. Hatto maktabdagi darslardan qochib, turli joylarda kompyuter o'yinlari bilan vaqt o'tkazayotganlar ham bor.

Bugungi kunda bolalar o'rtasida doimiy telefon o'yinlarini ko'rish oqibatida autizm (doim o'zi bilan o'zi bo'lib, yon-atrofga befarqlik bilan kechadigan ruhiy o'zgarish holati), shuningdek, ko'z kasalliklari (masalan, oqibati ko'rlikkacha olib boradigan astigmatizm nuqsoni singarilar) ko'payib borayotgan va shifokorlar aholini bundan qayta-qayta ogohlantirayotgan ekan, demak, endilikda ota-onalar bolalari nazoratini yanada kuchaytirishlari va ularni telefonga mutelikdan asrab qolishlari kerak.

DONOLIK YO'LIDAN BORILSA

Xalqimizning tiynati, fitrati va ziynati jo bo'lgan insoniylik fazilatlariga dunyo havas qiladi. Olimlar tadqiqotlari natijalariga ko'ra, g'arbliklar madaniyati asosida ham Sharq madaniyati, ma'naviyati va ko'hna ijtimoiy turmushining tamoyillari yotadi. G'arbda turli sohada nom qozongan buyuklar ko'p, lekin Sharqda undan-da ziyod, balki bir qancha hissa oshiqroq. Ularning ruhlarini shod qilib, xotiralarini abadiylashtirish yo'lida yurtimizda yirik ishlar qilinayotgan bir paytda shunday ulug' insonlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo'lishga qiziquvchilar unchalik ko'p emas. Qaysi bir allomamiz qay ishlari bilan tarixga kirgani so'ralsa, deyarli ko'pchilik aniq javob berolmaydi.

Turkiyada ishlab kelgan do'stimizning gaplarini eslayman:

— Istanbulda bekat atrofida biror taniqli shaxs yirikroq xususiy korxona yo katta klinika ochgan bo'lsa, avtobus to'xtaganda, albatta, bu ovozkuchaytirgich orqali alohida ta'kidlanarkan. “Siz doktor professor Xolidun janoblari klinikasi yonidagi bekatga keldingiz” singari… Shunda har xil joylardan kelgan yo'lovchilar Turkiyada shunday klinika ochgan professor borligidan xabardor bo'lisharkan. Yaponlarda esa biror kishi ilm yo'lidan borib, tarixiy ishga qo'l ursa, kundalik tashvishlarga chalg'imasligi uchun hamma yaqinlari uning oilasiga ko'mak berisharkan. Nima bo'lganda ham shu inson Yaponiya taraqqiyotiga hissa qo'shishdek ulkan ishni oxiriga yetkazishi uchun baravariga qo'llab-quvvatlab, zarur sharoitni yaratib berisharkan.

Aslida, dunyo bizdan ko'p-ko'p o'rganmoqda, lekin ma'naviy-ma'rifiy masalalarda bizning ham ulardan o'rganishimiz kerak bo'lgan jihatlar bor…

Avtobusda ketayotgandim. Pushkin maydoni yonidan o'tayotganda oldingi o'rindiqdagi keksa rus ayoldan yonidagi besh-olti yoshlardagi nabirasi so'rab qoldi:

— Anavi kishi kim?

— Bu Pushkinning haykali.

— Pushkin kim?

Shunda buvi nabiraga Pushkinning kimligi, qanday tarbiya topgani, o'qigani, kim bo'lib yetishgani, hamma-hammasini erinmasdan tushuntirdi. Nabira esa ko'zlarini katta-katta ochib, buvisining gaplarini bo'lmasdan eshitib o'tirdi.

O'shanda o'yladim. Biz farzandlarga gapirib berishimizga arzigulik buyuk shaxslar shu qadar ko'pki, ular yurtimizda yashab o'tishgan, ilm yo'lida qilgan ulug' ishlaridan esa butun olam hamon hayratda.

Ilmiy manbalarda keltirilishicha, jahon tamadduniga o'zining kuchli ta'sirini ko'rsatgan olti nafar allomaning beshtasi Vatanimizdan yetishib chiqqan. Bular — Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Al-Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, oltinchisi ispaniyalik arab Ibn Rushd.

Yurtimizda dastlabki Ma'mun akademiyasiga (Ali ibn Ma'mun —Xorazmshoh davrida) asos solingan. Sharq qadimdan to hozirga qadar minglab-millionlab ilmu urfon sohiblarining makoni bo'lib kelmoqda.

Ilm shundayki, u aqlga quvvat beradi, ruhni oziqlantiradi, kishining hayotda to'g'ri yo'ldan borishiga ko'maklashadi. Ilm jamiki muammolarning kaliti. Muqaddas kitobimizda ham “ilm” so'zi 754 joyda keltirilgan. “Mujodala” surasining 11-oyatida “Alloh taolo sizlardan iymon keltirganlarning va ilmli bo'lganlarning darajasini ko'taradi”, deyilgan. Ilm olish ibodatlarning afzalidir deb ko'rsatilgan. Mashhur turkigo'y adib Yusuf Xos Hojib “Qutadg'u bilig” (“Saodatga boshlovchi bilim”) asarida keltiradi:

Bolam tutsin desang donolik yo'lin,

Kichiklikdan tekkiz bilimga qo'lin.

Yaponiyada bolalarga ota-onalari: “Sen Yaponiya kelajagi uchun nimadir qilishing kerak”, deb tinmay ta'kidlab turisharkan. Bu fikr miyasiga singdirilgan bola ana shu katta maqsad yo'lidagi ilmlarga butun kuch-quvvatini yo'naltiradi.

Kishilarimiz orasida yurt fidoyilari juda ko'p. Lekin bor kuch-quvvatini ko'proq pul ishlab topish, baland uy-joylar qurish, hashamatli to'ylar qilish, boy bo'lib yashash istagi yo'lida sarflayotganlar ham anchagina. Bu yaxshi, albatta. Bizningcha, farzandlarini kitob o'qishga undaydigan, ularga tez-tez kitoblar sotib olib berib, o'qishini muntazam nazorat qiladiganlar safi yanada kengaysa, farzandlar ongu shuuriga ilmli bo'lish ishtiyoqini jo etsak, nur ustiga a'lo nur bo'lardi.

Baxt-saodatga faqatgina ilm orqali erishish mumkin, deb ta'kidlaylik ularga.

YaNA O'ShA “BAQLAJON”

Ba'zi kichkintoylarning ota-onalari ba'zida kulib-kulib aytadigan bir gap, ko'p vaqt bo'ldiki, tarqalib ketgan.

— Kichkinam bog'chada kuniga ertalab “baqlajon”ni aytamiz, deydi.

Avvaliga tushunmagandim. Keyin bilsam, har tongda butun yurtimiz bo'ylab g'urur bilan aytiladigan davlat madhiyasining birinchi qatoridagi “Serquyosh hur o'lkam, elga baxt-najot” satrlarining oxirgi so'zini ko'plab bog'cha bolalari asliday aytisholmas ekan. Ayanchlisi, buni bog'cha tarbiyachilarining o'zlari ham bilishsa-da, indashmaydi. Bir kuni tarbiyachi bilan suhbatlashayotib, shunga ishora qildim:

— Bolalarni to'plab, shu so'zni mashq qildirsangiz, to'g'rilab aytadigan bo'lishadi.

— Foydasi yo'q. Bolalarning tili kelishmaydi, shuning uchun o'zlariga moslashtirib olgan. Shu joyini sal boshqacha qilib yozishsa bo'lar ekan-a?

Ajabo, saviyani qarang!

O'ylab qaralsa, bog'cha yoshidagi bolalar hamma gapni burro-burro qilib ayta olishadi. “Tili kelishmaydi” deyish bir bahona, qolaversa, tilimizdagi go'zal so'zlarga katta hurmatsizlikdir. Axir bolalarimizga o'zbekcha so'zlarning ma'no-mazmunini tushuntirib, asliday aytishga o'rgatishimiz zarur, negaki ular O'zbekistonda yashashadi, Yaponiya yo Amerikada emas!

Darvoqe, Amerika… Ancha yillardan beri Amerikada yashayotgan tanishlarimiz ora-sira ona yurtga kelib turishadi. Bir gal ularni mehmonga chaqirdik. Lagandagi oshdan tarelkasiga solib yeyayotgan o'n besh yoshli o'g'illari nuqul boshini silkib “o-o” deydi, og'zini to'ldirib “taom shirin bo'pti” deyolmaydi. “Rahmat” so'ziniyam bazo'r aytadi. Qizig'i, ota ham, ona ham o'g'liga inglizcha gapiradi.

Har joyda “millati” deyiladigan joyga “o'zbek” deb yoziladigan bu bola bittayam o'zbekcha so'zni bilmasa-ya! Amerikada tug'ilib-o'sgan, u yerning bog'cha-maktabiga qatnagan ekan, nima bo'pti? Faqat bugina emas. Amerika yo boshqa davlatlarga borib yashayotgan ko'plab oilalar o'sha joylarda shaxsiy biznesini yo'lga qo'yib, ishda yoki o'qishda katta yutuqlarga erishayotgandir. Lekin ularning farzandlari-chi? O'zbekona qadriyatlarimizdan yiroqda o'sayotgan bu bolalarning kelajagi qanday bo'larkin? Muhimi, chet elda yashayotgan ota-onalar bolalarining o'zbekona urf-odatlarimizni unutmasliklarini o'zlari ham chin dildan istab, buning uchun astoydil qayg'urarmikin, hamma gap shunda.

Tarixga nazar tashlasak, uzoq yillar Hindistonda hukmronlik qilgan boburiylar hamisha o'zlarining tarixi, madaniyati, ma'naviy meroslari va ona tillariga sodiq qolishgan. Garchi xizmatida mo'g'ullar va hindlar sanoqsiz bo'lsa-da, biror marta ularning tilida so'zlashishmagan. Majlislar, suhbatlar doimo turkiy til (eski o'zbek tili)da o'tkazilgan, shu tilda devonlar tuzilgan. Farzandlarga turkiy til va turkiy madaniyat asoslari o'rgatib borilgan.

…O'sha kuni tanishimizning ayolidan: “O'zbekistonga qachondir qaytib kelasizlarmi?” deb so'radim. Kulimsirab “yo'q” degandek bosh chayqadi. Mehmonimizning do'stlaridan biri — grin-karta yutib olib, oilasi bilan besh-olti yildan beri o'sha yoqda yashayotgan yigit menga hazilomuz gap qotdi:

— Siz kiyimingizni teskari kiyib, sochlaringizni yoyib, hovlida baland tovushda qo'shiq aytib yura olasizmi?

— Yo'g'-e, nima deyapsiz?

— Nimaga shunaqa yurolmaysiz?

— Ko'rganlar nima deydi, uyat-ku!

— Mana shunaqa-da, boshqalarni o'ylaysiz. Amerikada shunaqa yursangiz, hech kim hech narsa demaydi. U yerda birov bilan birovning ishi yo'q…

Birovning birov bilan ishi bo'lmasligi katta fojia, manqurtlarcha yashashning bir ko'rinishi desayam bo'ladi.

“Boshqalar taqdiri uchun mas'ulmiz!” degan hayotiy shior bor bizda. “O'zgalar baxti uchun kurashib, o'z baxtimizni ham topamiz” degan hikmatni aytib ketgan allomalarimizdan biri. Yon-atrofimizdagilar g'amga botsa, biz ham kuyunamiz, hayotida yaxshilik bo'lsa, baravariga suyunamiz.

“Erkin hayot”ning kimlar uchundir yaxshi tomonlari bordir, lekin yomon tomoni haddan ziyod ko'p. Bolalarga sal ovozini qattiqroq ko'tarib gapirish ham “jinoyat” hisoblanadigan bunday joylarda yoshlarning turli noma'qul odatlari ko'paygandan-ko'payib, “Kiberpank” tusida gavdalanmoqda. Jamoat joylarida it yo mushuk niqobini taqib, shu jonivorlardek to'rt oyoqlab yurib, ularga o'xshab uvillayotganlarning videotasvirini ko'riboq dahshatga tushasan kishi. O'sha tomonlarda esa yuzlab-minglab o'zbek oilalarining bolalari ham yashaydi…

RANJITISh BOR, UZR SO'RASh YO'Q…

Hadisu shariflarda ham kishining iliq so'zli, muloyim tabiatli bo'lishiga ishora qilinadi. Lekin bu kun jamoat joylarida, ayniqsa, bozorlarda bir-birini haqoratlash holatlari tez-tez uchrab turadi. Aslida, bozor ham tirikchilik uchun bir yo'lda yurganlarning kichik bir mamlakati, lekin undagi o'zaro munosabatlarda dag'allik va qo'pollik ko'p, odamshinavandalik va ahillik kam.

Ko'pincha sotuvchi ayollar xaridor talashib yo boshqa sababga ko'ra bir-biriga shunaqa yomon so'zlarni aytishadiki, eshitib, qochishga joy izlab qolasan kishi. Erkaklar fe'lida ham bosiqlik yo'q, g'azab ko'p. Marshrutkalar bekatida yo'lovchi talashib yo avtoturargohlarda oddiy bir holat uchun bir-birini ayamay so'kishadi, hatto yon-atrofda ayollar borligini ham unutishadi.

Birovni ranjitgach, undan uzr so'rash qanchalik qiyin bo'lmasin, juda noyob va nodir odatdir. Bu borada yaponlar va koreyaliklarning odatlariga havas qilamiz. Hammasi bir-biriga egilib, necha-necha martalab uzr so'rayveradi. Kechirimlilikda keksa avlod yoshlarga o'rnak bo'ladi. Yapon maktablarida boshlang'ich sinflar bolalariga bir-ikki yil davomida fanlardan emas, faqat axloq-odobdan dars o'tilarkan. Shu mavzuga oid multfilmlar va ko'plab videoroliklar ham ishlangan.

Ajdodlarimiz juda kechirimli bo'lib, o'zgalarning dilini og'ritishni og'ir gunoh hisoblashgan. Endilikda o'zlarini zamonaviy hisoblab, bu qadriyatni unutayotganlar bor. Ko'p hollarda maktabdan yig'lab kelgan nabirasini janjallashgan tengdoshi bilan yarashtirish uchun kechirim so'rashga undagan keksa kishiga, albatta, bolaning otasi yo onasi qarshi chiqadi:

— Qo'rqoq emasligingni ko'rsatib qo'y, keyingi safar sen ham uni boplab kaltakla! — deydi ota o'g'liga.

— Yumshoqsupurgi bo'lma, haqqingni ajratib ol, — deydi ona ham.

Qarabsizki, bolada kechirimlilik xislati emas, ichki isyon va nafrat hissi uyg'onadi!

Endilikda yoshlar o'rtasida ommaviy mushtlashuvlar, samosud qilishlar, hatto sovuq qurol bilan qo'rqitishlar bola fe'lidagi nafrat va isyonning ulg'ayishi tufayli emasmikin?!

Quvaytda o'n yillar ishlab kelgan tanishimizning aytishicha, odamlar har qanday vaziyatda bir-birini ayab so'zlashisharkan. Albatta, turli noxushliklar, yo'lda mashinalarning bir-biriga urilib shikastlanishlari u yerlardayam uchraydi. Shunday vaqtda har ikki tomon yig'ilishib: “Alloh bundan battaridan saqlab qoldi-ku, bir-birimizdan rozi bo'laylik”, deb ochiq ko'ngillik bilan tarqalisharkan. Baqir-chaqir qilib savdolashish yo'q, asabiylashish yo'q, hammani boshiga yig'ish yo'q…

“Odam yaxshi gaplarini bir-biroviga aytib qolishi kerak”, der edi ko'p yillik qadrdonim, urgutlik Rohatoy hoji ona. Qaysidir yili mehmon bo'lib kelganlarida shaharni aylantirdim. Shunda deng, Chorsu bozori yonida janjalning ustidan chiqib qoldik. Ayamay haqoratlashlar, so'kinishlar… Mehmonim oldida uyalib ketdim. Shahar joylarda batartib, bama'ni odamlar yashaydi, degan gaplarni ko'p aytadigan hoji onamning ko'nglidan qanday o'y-xayollar kechganikin o'shanda…

PSIXOLOGNI TANLASh KERAK (MI?)

Bu kun internet orqali o'z maslahatlarini berayotgan psixologlar shu qadar ko'pki, ular bu borada go'yo bir-birlari bilan musobaqalashayotganday tuyuladi. Hatto ilgarilari “psixolog” bilan “psixiatr” so'zini bir-biridan farqlolmay nuqul adashtiradiganlar ham endilikda ularning kanallarini topib, turli masalalarda maslahatlar olib turishibdi. Bir jihatdan bu yaxshi bo'lib ko'rinadi. Negaki, turmushda turli xil noxush voqea-hodisalar ro'y berganda, ba'zan psixologga muhtojlik sezamiz. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bor. Psixolog mushkul vaziyatdan chiqishimiz uchun qanday yo'lni qulay qilib ko'rsatadi, hamma gap shunda…

“Bir qarindoshim psixologga qatnardi, uning maslahatlariga amal qilaman deb axiyri turmushidan ajrashdi”, deydi kimdir.

Yana kimdir “Psixologlar faqat quloqqa aytilishi kerak bo'lgan intim munosabatlar xususidagi maslahatlarni internetga qo'yishi shartmi, bu o'smir yoshlarga pornografik ta'sir ko'rsatishi mumkin, shu masalada maslahatga muhtoj shaxsni qabuliga chaqirib, o'ziga aytsa bo'ladi-ku”, deydi.

Xullas, psixologni tanlash imkoniyati yo'q, ko'plab yoshlarimiz esa internet orqali uchragan maslahatlarni eshitib o'tirishadi.

Baxtga erishish siri, ruhiy tushkunlikdan chiqish, kechirimlilikka bag'ishlangan darslari bilan tanilgan psixologlar bor. Lekin ayrimlari “Har bir narsada o'zimni ma'qullayman deb takrorlang!”, “O'zingizga yuqori baho bering, faqat o'zingizni seving!”, “O'zgalarning siz haqingizdagi fikrlari bilan aslo qiziqmang!”, “Siz bilan bog'liq har qanday yomon ishlar sodir bo'lganda ham o'zingizni ayblamang” qabilidagi tavsiyalarni uqtirishyapti. Internetda, asosan, yoshlar o'tirishini hisobga olsak, bunday yo'l-yo'riqlar ularning ruhiyatiga qattiq ta'sir ko'rsatib, hayotini boshqa o'zanlarga burib yubormasmikin, mana shunisi tashvishliroq…

Bir vaqtlardagi “ko'k kit”ga o'xshab ketadigan o'yinlar ham borki, ular miyaga turli bosimlar o'tkazish usuli bilan ruhiy ahvolni o'zgartirishga sabab bo'ladi. Chet ellardan kirib kelayotgan “Qo'zg'aluvchanlik” (yoki “maktab o'quvchisini qo'zg'atish” ma'nosida) o'yini dahshatlaridan biri bola ruhiyatini xatarli ishga yo'naltirish (masalan, yarim tunda borib gaz plitasi murvatini burash, keyin hech narsa bo'lmagandek borib o'ringa yotish yoki o'zining qo'rqmas va dovyurakligini isbotlash uchun mashina qatnayotgan yo'l o'rtasida ko'ndalang turib olish singarilar)dan iborat. Bola hayotini fojiaga aylantiradigan bu kabi o'yinlarga berilmasligi uchun ota-onalar farzandlarini qattiq nazorat qilishlari kerak bo'ladi.

Qadimgi Xitoy donishmandi Konfutsiy aytadi: “Ikki kishi bilan birga bo'lsam, har biri men uchun o'qituvchidir, ularda yaxshi xislatni ko'rsam, taqlid qilaman, yomon sifatni ko'rsam, uni o'zimda tuzatishga urinaman”. Aslida, har birimiz atrofimizdagilar uchun o'qituvchimiz. Bir-birimizga o'rgatamiz, shu asnoda bir-birimizdan o'rganamiz.

Yoshlarni “internet tarbiyasi”dan chalg'itib, uning o'rniga kitob, gazeta-jurnallarni o'qishga qiziqtirishning turli yo'llari izlab topilsa, bu jamiyat kelajagi uchun ham arzigulik go'zal natija bo'lardi. Zero, yoshlar sodir etgan xatolar ortida kattalarning mas'uliyatsizligi turar ekan, endilikda tarbiyaga jiddiy yondashish ko'proq ahamiyatlidir.

Gulchehra JAMILOVA,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + four =