Ekologlar qachon uyg'onadi?

“…Korxonaga qaerdan qancha yer ajratilishidan qat'i nazar, bir necha o'n yillar avval xizmatini o'tab bo'lgan texnikalar yangilanmasa, chiqindilarni qayta taqsimlash shoxobchasiga yetkazib berish mablag'lari to'lab berilmasa, ishchi-xodimlarning oylik maoshlari oshirilmasa, ahvol o'zgaradiganga o'xshamaydi. Xalq iborasi bilan aytilganidek, “eski tos, eski hammom”ligicha qolaveradi!..”
Toshkent shahridagi Mannon Uyg'ur ko'chasi hozir “Ko'kcha darvoza” nomiga o'zgartirilgan. Bu ko'chaning oldingi nomi bilan avvalgi fayzi ham ketib qolganday. Ilgarilari bu ko'chadan yurganlar yo'lning ikki chetidagi azim daraxtlar soya-salqinidan bahramand bo'lardi, yashillikdan zavq olishardi. Endilikda ko'cha bo'ylaridagi daraxtlar kesilib, qolganlari ham qurib borayotgani yetmaganidek, shaharsozlik me'yorlariga amal qilinmay, pala-partish, past-baland binolar qurib tashlangan. Savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat, avtomobillarga xizmat ko'rsatish shoxobchalari, uy-joylar va boshqa inshootlar oldi tomonidagi tuproqli maydonlar turli bruschatkalar bilan qoplangan hamda betonlashtirib tashlangan. Daraxt u yoqda tursin, gul ekishga ham joy qoldirilmagan.
Bu nafaqat shahar infratuzilmasiga, balki aholining kundalik hayoti uchun ham jiddiy muammolar tug'dirmoqda.
“Yangi O'zbekiston” gazetasining 2024 yil 26 sentyabrdagi 196-sonida “Yig'layotgan daraxtlar” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingandi. Unda ham “Ko'kcha darvoza” ko'chasidagi tashvishli ekologik holat va hatto tuman Obodonlashtirish boshqarmasi binosi atrofidagi qurib yotgan daraxtlarning ayanchli ahvoli haqida yozilgandi. O'shanda Uchtepa tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mas'ullariga boshqarma hovlisidagi uyilib yotgan chiqindilar, qarovsizlikdan qurib qolgan va quriyotgan azim chinorlar, katta-katta manzarali daraxtlar haqida e'tirozlarimizni, fikr-mulohazalarimizni bildirgan edik. Mas'ullar: “Tegishli choralar ko'ramiz, kamchiliklarni bartaraf etamiz”, deb aytishgandi.
Bugun Obodonlashtirish boshqarmasi ma'muriyati joylashgan hududga kirsangiz, binolaridan baland chiqindi uyumlarini ko'rib, ta'bingiz xira tortishi tayin.
— Uchtepa tumani ko'chalaridan yig'ilgan kundalik chiqindilarni olib boradigan joy yo'q, – dedi boshqarma bosh muhandisi Baxtiyor Mustafoyev. — Bu muammodan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning ham xabari bor. U kishining topshirig'i bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan kundalik yig'ilgan xazon, o't-o'lan, paket va boshqa chiqindilar “Maxsustrans” tashkilotiga qarashli qayta yuklash shoxobchasiga shartnoma asosida olib borila boshlandi. Shox-shabbalar, ariq loylari, beton qoldiqlari esa, odatda, obodonlashtirish boshqarmasi hovlisiga to'planib, keyin Toshkent viloyatidagi jarliklarga olib borib to'kiladi.
Qayta yuklash shoxobchasi bilan bizning o'rtamizdagi xarajatlarni qoplash masalasini ijobiy hal qilishni shahar hokimi o'z zimmasiga olgan edi. 2024 yilning iyun oyidan noyabr oyigacha bo'lgan vaqt ichida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi qayta yuklash shoxobchasidan 144 million so'mdan ortiq qarzdor bo'lib qoldi. Qarzni vaqtida to'lamaganligimiz uchun qayta yuklash shoxobchasi bizdan boradigan chiqindilarni qabul qilishni to'xtatdi.
Shu sababli o'tgan yilning noyabr oyidan buyon tumanimiz hududlaridan olib kelingan chiqindilarning asosiy qismi ishxona hovlisiga yig'ilmoqda.
Tuman hokimiyati va boshqa huquq-tartibot idoralarining ko'magi bilan hashar asosida chiqindilarni jarliklarga olib borish tashkil etilmoqda. Bu ishimiz ham ekologiya qonun-qoidalariga zid. Ammo boshqa iloj yo'q.
Boshqarma hududida turli xil yaroqsiz transport vositalari sochilib yotibdi. Go'yo texnikalar qabristoniga o'xshaydi.
Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig'i Xurshid Karimovning aytishicha, avvalgi rahbar obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi emasligi, sohani yaxshi bilmagani uchun muammolar yig'ilib qolibdi.
— Bu muammoning ildizi juda chuqur, – dedi Xurshid Karimov. — Boshliq bo'lib kelganimdan beri ellikta mashinada shox-shabba va chiqindilar Toshkent viloyatidagi ma'lum joyga olib borib tashlandi. Kuni kecha ham huquq-tartibot idoralarining yordami bilan to'rtta mashinada chiqindi olib ketildi. Hozir ishxonamiz hududida 30-40 mashina chiqindi bosilib yotibdi. Ixtiyorimizdagi 1985-1987 yillarda ishlab chiqarilgan avtomashinalar, traktorlar va pogruzchiklarning 20 tasi xizmat muddati bir necha o'n yillar avval o'tib ketgan.
Ertalab soat yettidan to'rtgacha sakkiz soat, haftasiga olti kun hududlarni qo'lda tozalovchi ishchilar-farroshlar oyligi ikki million so'mga ham yetmaydi.
Obodonlashtirish sohasida ishlaydiganlarning mehnati savobli bo'lsa-da, kasbi orzu qiladigan emas. Soha ishchi-xodimlarining bir qanchasi jinoyat qilganliklari uchun sud hukmiga ko'ra shartli jazoni o'tayotganlar. Ular davlatga ish haqlaridan ma'lum miqdor qismini to'lashga majburligi va boshqa joydan yaxshiroq ish topa olmagani uchun bu joyda ishlashmoqda. Bugun boshqarmada oylik maosh miqdori kamligi, xodimlarga shart-sharoitlari nochorligi boisidan 43 ta ish o'rni vakant turibdi.
Shahar ichidagi “Ko'kcha darvoza” ko'chasida yashil hududlar kamayib borayotir, ko'kalamzorlashtirishning ahvoli nochor.
— Boshqarma joylashgan “Ko'kcha darvoza” ko'chasi 487-a uy hududi uy-joy qurish uchun auksionda sotilibdi, – dedi Xurshid Karimov taassuf bilan. — Yangi mulkdorlar bir oy muddatda joyni bo'shatishni talab qilishmoqda. Boshqarma uchun hozirgi bir gektarga yaqin maydon o'rniga yigirma besh sotix yer ajratilar ekan.
Mavzuni o'rganish jarayonida shu narsa ayon bo'ldiki, korxonaga qaerdan qancha yer ajratilishidan qat'i nazar, bir necha o'n yillar avval xizmatini o'tab bo'lgan texnikalar yangilanmasa, chiqindilarni qayta taqsimlash shoxobchasiga yetkazib berish mablag'lari to'lab berilmasa, ishchi-xodimlarning oylik maoshlari oshirilmasa, ahvol o'zgaradiganga o'xshamaydi. Xalq iborasi bilan aytilganidek, “eski tos, eski hammom”ligicha qolaveradi!
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida”gi bu holat poytaxt obodonchiligi, tozaligi yo'lidagi jiddiy muammodir. Tasavvur qiling-a, aholi xonadonlari, ko'chalar va yuridik shaxslarga taalluqli maskanlarni chiqindilardan tozalovchi korxonaning o'zi chiqindiga botib ketgan, shahar markazida joylashgan korxonaga tegishli ma'muriyat hududi chiqindilar uyumidan iborat axlatxonaga aylanib qolgan bo'lsa? Yana buning ustiga bu joy kimlargadir sotib yuborilgan?!
Toshkent shahar hokimligi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi yangi O'zbekistondagi eski muammoga yechim topa olarmikan, degan jiddiy savol ko'ndalang turibdi.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.