“Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi nashrdan chiqdi

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining yana bir yangi loyihasi — “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi nashrdan chiqdi. Ushbu kitobga 50 nafarga yaqin ustoz jurnalistlarning ayni kunda matbuotimizda tobora kamayib ketayotgan felyeton, ocherk, jurnalistik surishtiruv, esse kabi qator jurnalistik janrlarda bitilgan eng sara materiallari kiritilgan.
Yaqin kunlarda taqdimoti o'tkazilishi kutilayotgan ushbu kitobda, shuningdek, asosan markaziy ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan, hozirgi paytda keksalik gashtini surayotgan o'ttiz nafardan ziyod ustoz ijodkorlarning mahorat bilan yozilgan eng sara materiallari ham o'rin olgan.
E'tiborlisi, media soha bo'yicha ta'lim olayotgan yoshlar mazkur kitobga kiritilgan ustoz jurnalistlarning mahorat bilan yozilgan materiallarini qayta-qayta o'qish va uqish orqali o'zlari uchun mahorat manbasiga ega bo'lishlari mumkin.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida tahririyatlarda, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushma hududiy bo'limlari qoshida taniqli jurnalistlarning bo'lajak media soha vakillari uchun “Mahorat maktablari”, “Yosh jurnalistlar” to'garaklari tashkil etilgan. Ushbu to'plam mazkur mahorat maktablari va to'garaklarda ta'lim olayotgan yoshlar uchun ham kerakli manba bo'ladi, — dedi loyiha rahbari, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. X.Salimov.
Darhaqiqat, jurnalistikada o'ziga xos ijodiy uslubga ega bo'lish, doimiy ravishda kasbiy mahoratni o'stirish muhim sanaladi. “Oltin qalamli jurnalistlar” nomi bilan chop etilgan ushbu to'plam esa media sohani tanlaganlar, umuman, barcha katta-kichik ijodkorlarga zarur qimmatli qo'llanmadir.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati.