So'zlardan ko'prik qurayotgan odam
yoxud mohir tarjimon Mirzaali Akbarov haqida muxtasar so'z
Haqiqiy inson tirikligida qator xayrli, savob ishlarni qilib, faqatgina o'z oilasi mushkullarinigina emas, o'zi yashayotgan jamiyat a'zolarining ham duosini olishni o'ylaydi va bajaradi. Aqlli insonlar shunday savob ishlardan biriga qo'l urib, xalqning uzog'ini yaqinlashtiradigan, og'irini yengillashtiradigan, turli katta-kichik suvlardan o'tishni osonlashtiruvchi ko'priklar soladi, ikki zamin, ikki xalqning bir-biriga yetishishini osonlashtiradi, birlashtiradi. Ko'priklarning esa turi ko'p: biri yog'ochdan, biri temirdan, boshqasi temir-betondan… So'zdan, kalomdan yaralmish ko'prik esa tarjimadir.
Aynan Mirzaali Akbarov ana shu tarjimalar yordamida turli uzoq-yaqin xalqlarni birlashtiruvchi ko'priklarini quryapti, O'zbekistonni rivojlangan davlatlar bo'lgan Olmoniya, Avstriya, Shveysariya adabiyotlari bilan birlashtiradigan, o'zbek adabiyotining jahon adabiyotiga uyg'unlashishiga kamarbasta bo'ladigan tarjimalar qilayotgan ijodkorlardan biridir.
Mirzaali Akbarov haqida gapirish ham oson, ham qiyin. Bir qarashda u — bir xokisor inson. Bir qarashda esa, ayniqsa, nemislardan chiqqan mashhur insonlar rolini o'ynaganda va ularning nutqiga taqlid qilib olmoncha gapirganda iqtidorli aktyorga aylanib ketadigan shaxs.
Mirzaali Akbarov haqida gapirish osonligi — u ham hamma qatori odam bolasi; ko'pchilik o'qiganlar qatorida u ham oliy ma'lumotli. Jamiyat a'zosi sifatida u ham oilali, o'zidan ham kamtar va mushfiq jufti haloli bor; otasining og'zidan chiqadigan so'zi u yoqda tursin, qosh chimirishidan ota niyatini ilg'ab, u kutgan narsani muhayyo qiladigan qobil o'g'il-qizlari bor. Yaxshi-yomon kunida yonida turadigan sadoqatli do'stlari, qarindosh-urug'lari bisyor odam.
Mirzaali Akbarov haqida gapirish qiyinligi — u oddiy ko'rinsa-da, anchagina murakkab odam, jiddiy fikrlaydigan, yetti o'ylab bir so'zlaydigan suhbatdosh; bo'lajak kasbini ham to'g'ri, ongli tanlagan mutaxassis; chumoliday mehnatkash tarjimon. U turli kasblarni qilib ko'rdi, dehqonchilik qildi, o'qituvchilik ham. Jurnalist bo'lib, radioda ishladi, biroq u qo'ngan asosiy hayotiy-kasbiy makon-manzili tarjimachilik bo'ldi. Shu hunari bilan u biz olmonshunos tarjimonlarning o'rtamiyonasi emas, balki oldingi safida turib, o'z qalami kuchini hech qachon so'ndirmaydigan mohir so'z zargariga aylandi. Shu sabab talabalik yillarida institutga xo'jako'rsinga emas, chin dildan qatnagan, xorijiy tilni jiddiy tanlagan talaba edi. Iqtidorli tarjimon deyarli har ikki-uch oyda bittadan katta-kichik tarjima asarlarini kitobxonlar hukmiga taqdim etmoqda. Mirzaalining bu ijodiy harakati va mahoratini ilg'agan chet ellik tarjimon hamkasb va do'stlari uni e'tirof qilib, Avstriya, Shveysariya va Germaniya tarjimonlar uylariga chorlab, unga moddiy va ma'naviy yordam berishmoqda. Aynan shu chet ellik homiy tashkilotlar yordamida yigirma yillab ijaralarda, tor bir xonali xonadonlarda yashab ijod qilgan do'stimiz bugun o'z oilasi tirikchiligi-yu orzu-havaslarini havas qilsa bo'ladigan darajada ro'yobga chiqarmoqda, mamlakatimizning adabiy jamoatchiligi e'tirofi-yu e'tiboriga musharraf bo'lmoqda.
Mirzaalidagi kasbga fidoyilik va mehnatkashlikning ildizi kasbni to'g'ri tanlaganida, shu asosda bilimdon va omadli insonlarga hasad emas, havas bilan qarashida deb bilaman. Asliyat tilini o'rganishidagi izchilligi va tarjima variantlari ustida betinim izlanishida deb o'ylayman. Shu omillarsiz olmon adabiyotidagi Yohann Volfgang Gyote, Vilgelm Raabe, Herman Hesse kabi mashhur adiblarning asarlarini maxsus o'rganib, tarjima uchun tanlab, ona tilimizga o'girishning o'zi bo'lmaydi. Aytaylik, Herman Hessedek Nobel mukofoti sovrindorining “Cho'l bo'risi” romani 5 martalab qayta nashr qilinsa-da, kitob do'konlari peshtaxtalarida qolmayotgani tasodifiy hol emas. G'arbona fikrni o'zbekona tabiiy jaranglatish mahoratining natijasi bu. U tarjima jarayonida asar bosh qahramoni obraziga sho'ng'ib ketib, o'zi “Cho'l bo'risi” laqabini ham orttirib oldi. Ha, biz hamkasblar uni Mirzaali deb emas, asosan, “Cho'l bo'risi” deb yo'qlaymiz. Uning ko'p fazilatlari, darhaqiqat, asar qahramoni Harriga o'xshab ketadi! U yolg'iz harakatni yoqtiradi, odamoviligi, qaysarligi, samimiyati bilan ham ko'pchilikka yoqadi.
Tarjimaga kelsak, ikki tomonlama jarayon. Jahon adabiyotini milliy adabiyotga, milliy adabiyotni jahon adabiyotiga aylantiradigan savobli va sharafli hamda, albatta, mas'uliyatli jarayon. Bu ikkala jarayondan hosil bo'ladigan natija esa badiiy ta'sir hodisasidir. Masalan, o'sha Herman Hessening “Cho'l bo'risi” — insoniyat taraqqiyotini, shaxs va individ hayotini jamiyatning ilg'or toifasiga mansub etuvchi, fikrlashni o'rgatuvchi, tafakkurni o'stiruvchi asar bo'lgani sababli uning muallifi Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan. Murakkab ruhiy jarayonlar girdobida o'rtanib, qiynalib, oxir-oqibat o'zi orzu qilgan komillikka eltuvchi to'g'ri yo'lga tushmoqchi bo'lgan qahramon Harri obrazining ichki va tashqi kechinmalarini millati va tili boshqa kitobxonga yetkazish oson emas. O'zbek voqeligida ham Harri kabi shaxslar va hatto ijodkorlar minglab topiladi. O'zi… odam bolasi hammaga yoqish uchun harakat qilishi shartmi? Ijodda bu populizmga borib taqalmaydimi? O'zini anglamoq va o'z fikriyoti bilan ham jamiyatga xizmat qilish mumkin-ku! Harri toifali kitobxon qo'liga tushgan tarjima unga najot va muammolar yechimini beradi, albatta, agar u asardan to'g'ri xulosa chiqarsa. (Binobarin, asarni o'qib, undan mazmunnigina tushunib, ma'noni anglay olmaydigan kitobxonlar barcha millatlarda ko'p. Masalan, Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romanini o'qigan yuzlab nemis yoshlari asardan noto'g'ri xulosa chiqarib, Verter kabi o'z joniga qasd qilganlari sababli bu roman tez orada do'konlardan yig'ishtirib olingani va vaqtincha man qilingani — tarixiy haqiqat). Sabab — o'sha kitobxonlarda fikrlash ne'mati shakllanmagan, dunyoni to'g'ri idrok etish uchun fikrlash qobiliyati, tafakkur ne'mati yetishmagan. Gyotening niyati ham asli muhabbat omadsizligidan to'g'ri xulosa chiqarishni o'rgatmoqchi bo'lgan edi-ku! Aynan shu hodisa badiiy ta'sirga ham aloqador. Fikrati buyuk shoirlarimizdan misol: Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviydan ta'sirlanib, Abdurahmon Jomiyga shogird tushib, uning ta'sirida insoniyatga betakror “Xamsa”sini qoldirdi, Gyotening “Faust”ini tarjima qilib, Erkin Vohidov “Ruhlar isyoni” asarini yaratdi, Abdulla Oripov esa Dantening “Ilohiy komediya”sini o'zbek tiliga o'girib, “Jannatga yo'l” dostonini yozdi. Albatta, Mirzaali Akbarov tarjimalari ham hali o'z adabiy-badiiy ta'sir mevalarini berishi aniq.
Mirzaali Akbarov tarjima uchun qanday asar tanlashni yaxshi biladi. Bu sifat olmonshunos tarjimonlarga hassos tarjimon Yanglish Egamovadan o'tganday… U amalga oshirgan yuzga yaqin tarjimalar ichida olmon tilidan “Quvg'indagi qirol” novellasi tarjimasi alohida ahamiyatga ega. Shu asar tarjimasi ancha-muncha yosh o'zbek yigit-qizlariga oilalarimiz keksalarining qarilikdagi ojizliklarini tushunish va katta mehr-oqibat hamda bag'rikenglik bilan ularni asrab-avaylashga undaydi, yosh kitobxonlarni umuminsoniy diniy iymon-e'tiqodga va tarbiyaga, fahm-farosatga chorlaydi, albatta. Bu asar ana shunday pedagogik va axloqiy tarbiyaga chorlaydigan, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan asar.
Tarjimonning yana bir ibratli tomoni — o'zi tarjima qilayotgan asarlar so'zligi materialida faqatgina tayyor lug'atlardangina foydalanib emas, o'zi boshqa lug'atlarga o'xshamaydigan yangicha talqinli “nemischa-o'zbekcha lug'at” yaratganini ham aytishimiz kerak.
Kezi kelganda shuni ham aytish joizmikan: tarjimonlar o'z tarjimasini nashrga berishdan oldin uni asliyat va tarjima tilini yaxshi biladigan, tajribali, shu sohani o'qitib yurgan mutaxassislar ko'rigidan ham bir o'tkazib olishsa, nur ustiga nur bo'lardi. Yuqoridagi maqtovlar bilan birga tarjimon ukamizga bir luqma tanqidcha ham aytmoqchimiz: beayb — Parvardigor. Hammamizda ham fazilatu yutuqlar bilan birga uncha-muncha nuqson va kamchiliklar uchraydi, albatta. Shaxsan o'zim tarjimalarimni Mirzaalining o'ziga, Sharifa Salimova, Gulruh Rahimova, Odil Safarov, Shavkat Karimov, Roviya Abdullayeva va boshqa ijodkorlarga ko'rsatib, ularning xolisona tanqidiy fikr-mulohazalarini jon deb qabul qilaman. Alisher Navoiyning g'azallari va ul zotning “Munojot” asari olmoncha tarjimasini, aka-uka Grimmlarning yuzlab olmon xalq ertaklarining o'zbekcha o'girmasini shu mutaxassislarning ko'rigidan o'tkazganimdan xursandman. Biroq ayni zamonda ko'pchilik olmoncha-o'zbekcha va o'zbekcha-olmoncha tarjima nashrlarida sohaga aloqasi yo'q shaxslar mas'ul muharrir va taqrizchi sifatida qayd qilingani achinarli hol. Tarjima kitoblarini chop etgan hatto ayrim obro'li nashriyotlardan borib o'sha taqrizlarni so'rasangiz, topib berisha olmaydi. Ko'pchilik “taqrizchi”lar tarjima sohasining nonini yemagan “mutaxassislar” bo'lib chiqadi. Kimni aldaymiz? Ziyoli shunaqa munofiqlik qilib tursa, ziyodan uzoqlardan nima kutamiz? Nashriyotlar shu masalaga jiddiy yondashishlari zarur.
O'tgan yillarda tarjimon Mirzaali Akbarov olmon mumtoz adibi Vilgelm Raabe qalamiga mansub “Shtopfkuxen sarguzashtlari” asari tarjimasini chop ettiribdi (men olmon tilidan ona tilimizga va ayniqsa, o'zbek tilidan olmon tiliga tarjima bo'lgan asosiy nashrlarni kuzatib boraman va ularning dunyo ko'zini ko'rganidan quvonaman — X.R.). Asar sarlavhasi va uning tarjima sarlavhasidagi so'z bir xil qolgan, ya'ni olmoncha “STOPFKUCHEN” o'zbekcha alifboda “Shtopfkuxen” bo'lib o'tgan. Ayting-chi, o'zbeklar shu so'zni qanday tushunsin? Ko'pchilik, hatto tarjimonning o'zi ham bu so'zning o'zbekcha muqobilini tarjimada qo'llamagan. Asar qahramoni bolalikdan shirin va mazali taomlarni yeyaverib, do'mbillab semirib ketgan shaxs va uning laqabi “Shtopfkuxen” bo'lgan. Ammo o'zbek voqeligida ham bo'g'irsoq, pirojka, gumma, mazali holvalar kabi turli pishiriqlarni yeb to'ymaydigan bolalar va yoshlar ko'p-ku! Badnafs kattalar ham bisyor… Tilimizda ularning Bo'g'irsoq, Yebto'ymas, Baqaloq, Mechkay, Tonnaboy kabi o'zbekona muqobil atamalari ham bor. Ana shu atamalardan biri o'zbekcha sarlavhaga qo'yilsa, asardagi bosh qahramon obrazi kitobxon ko'z oldida yorqin gavdalangan bo'lardi. Yoki olmoncha so'zdan keyin qavs ichida o'zbekcha tarjimasi yoki izohi berilsa, asardan ko'zlangan maqsad darrov ayon bo'lardi-qolardi. Bu – taklif, albatta.
Muxtasar so'zim oxirida sizlarga O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida 2024 yilda yangi ijodiy bo'lim — “Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik ilmiy-amaliy markazi” tashkil etilganini ma'lum qilishdan baxtiyorman. Shu markazda yangi tarjima jurnali sifatida “O'zbek adabiyoti olmon tilida” nomli amaliy tarjima nashri tashkil etildi. Unda tizimli ravishda milliy adabiyotimiz asarlaridan parcha va namunalarni quyidagi to'rt ruknda e'lon qilib borish ko'zda tutilgan: o'zbek xalq og'zaki ijodi; o'zbek mumtoz adabiyoti; XX asr o'zbek adabiyoti; istiqlol davri o'zbek adabiyoti. Jurnal Olmoniyada chop etiladi va olmonzabon mamlakatlardagi o'zbek adabiyotiga qiziquvchilarga tarqatiladi. Shubhasiz, adabiyotimizga Mirzaali Akbarovday bilimli, mehnatkash va fidoyi tarjimonlar kerak, albatta. Shu kunlarda qutlug' 70 yoshni qarshi olgan Mirzaalijon hamkasbimizga eng ezgu tilaklarni tilaymiz.
Xurram RAHIMOV,
Germaniyadagi Olmon-o'zbek ilmiy
jamiyati raisi,
O'zDJTU Tarjimashunoslik va lug'atshunoslik ilmiy-amaliy markazi rahbari,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,
tarjimon.
