Xalqaro hamkorlik — yuksalish omili

Oliy ta'lim sohasidagi xalqaro aloqalarning maqsadi talabalar va professor-o'qituvchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xorijiy mamlakatlar universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o'zaro tajriba va resurslar almashinuvi orqali ta'lim sifatini oshirish, global dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Bunday aloqalar ta'lim jarayonini xalqarolashtirish, madaniy almashinuv va xalqaro muhitda ishlash uchun zarur bo'lgan kompetensiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Andijon davlat universiteti faoliyatida xalqaro hamkorlikni yaxshilashga, kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu ta'lim sifatini sezilarli darajada oshirish, innovatsion tadqiqot va ta'lim usullaridan foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqaro loyihalarda ishtirok etish akademik aloqalarni mustahkamlab, xorijiy talabalar va professor-o'qituvchilar sonini oshirmoqda. Universitetimizning ta'lim bozoridagi raqobatbardoshligi va jahon miqyosida o'z brendini targ'ib qilishga yordam bermoqda.

Xorijiy hamkor universitetlar bilan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, shubhasiz, xorijiy grantlarni jalb etish va natijalarni nufuzli xalqaro jurnallarda chop etish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar va professor-o'qituvchilar o'rtasidagi madaniy almashinuv ta'lim tajribasini boyitadi va bag'rikenglik va madaniyatlararo muloqotni rivojlantiradi. Bunday hamkorlik Andijon davlat universitetida global muammolarga moslashishga va talabalarni zamonaviy dunyoning o'zgaruvchan sharoitlariga tayyorlashga yordam berayotganligi yaqqol sezilyapti. Umumiy qilib aytganda, xalqaro hamkorlik universitet uchun ta'limni modernizatsiya qilish, ilmiy rivojlanish va jahon ta'lim makoniga integratsiyalashuv jarayonida muhim rol o'ynamoqda.

Ta'lim muassasalarini rivojlantirishning muhim bosqichi xalqaro hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi. Shu o'rinda Andijon davlat universiteti ham jahon ta'lim makonida o'z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan “2025-2030 yillarga mo'ljallangan xalqarolashtirish strategiyasi”ni ishlab chiqdi. Ushbu strategiya universitetning jahon ta'lim makonidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan asosiy maqsad va vazifalarni belgilaydi.

Ta'kidlanganidek, zamonaviy sharoitda milliy oliy ta'lim tizimlari global jarayonlar va tendensiyalardan, jahon mehnat bozori talablaridan tashqarida rivojlana olmasligi tobora ayon bo'lmoqda. Shu munosabat bilan ta'limni jahon standartlariga moslashtirish davlatning maqsadli siyosatiga aylanib bormoqda.

Universitetning missiyasi — sohadagi yetakchi oliy ta'lim muassasasi sifatida innovatsion g'oyalarni yaratish, shakllantirish va amalga oshirish, raqamli iqtisodiyot, pedagogika, axborot texnologiyalari, ekologiya, tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar kabi turli yo'nalishlarda raqobatbardosh ilm-fanni talab qiluvchi mahsulotlarni yaratishga qodir oliy ma'lumotli mutaxassislar va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga qaratilgan o'quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirishdan iborat.

Andijon davlat universitetining “Xalqarolashtirish strategiyasi”ga muvofiq, asosiy maqsadlarimizdan biri dunyoning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan iborat. Bu nafaqat tajriba va bilim almashish, balki qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi, bu esa universitetdagi ilmiy tadqiqotlar darajasini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu maqsad doirasida universitet xalqaro konferensiya, seminar va forumlarda faol ishtirok etishni rejalashtirgan.

Hozirgi kunda universitet 18 ta mamlakatning 68 ta davlat oliy ta'lim muassasasi bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari, o'zaro anglashuv memorandumlari va bitimlarni imzolagan. Ushbu hujjatlarda belgilangan kelishuvlar natijasida 2024 yildan boshlab hozirgi kunga qadar 176 nafar talaba va professor-o'qituvchilar xorijiy hamkor universitetlarda akademik almashinuv dasturlarida, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar, ta'lim forumlari, malaka oshirish va stajirovka o'tash dasturlarida ishtirok etdilar. Universitetning o'quv jarayoniga jalb etilayotgan xorijiy professor-o'qituvchilar soni 21 nafarni tashkil etadi.

Xalqaro hamkorliklar asosida universitetimiz bir nechta nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Xususan, 2019 yildan boshlab Belarus Respublikasining Polosk davlat universiteti bilan 2 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha, Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat milliy tadqiqot universiteti hamda 2020 yildan Tomsk davlat milliy tadqiqot universitetlari bilan jami 4 ta ta'lim yo'nalishi va 1 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha, shuningdek, 2022 yildan Turkiya Respublikasining Ege universiteti bilan 1 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlari asosida hamkorlikda kadrlar tay­yorlash yo'lga qo'yildi. Hozirgi kungacha ushbu dasturlar asosida 2 nafar magistr, 80 nafar bakalavr Andijon davlat universiteti va xorijiy hamkor oliy ta'lim muassasalarini muvaffaqiyatli yakunladi. Ayni vaqtda qo'shma ta'lim dasturlari asosida jami 66 nafar talaba tahsil olmoqda.

Xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan xalqaro grant loyihalari ilmiy tadqiqotlar olib borish, tajriba almashish, ilg'or innovatsion texnologiyalarni ta'lim jarayoniga joriy qilish, xalqaro ilmiy jurnallarda natijalarni chop etish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 140 ming AQSh dollari hajmida moliyalashtirilgan “IRENES” xalqaro loyihasi amalga oshirilib, universitetning fizika-matematika fakultetida muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo'yicha zamonaviy tajriba-sinov ilmiy laboratoriyasiga Ispaniya, Rossiya, Germaniyadan zamonaviy ilmiy-texnik jihozlar olib kelingan hamda Oksford ilmiy-tadqiqot markaziga masofaviy ulangan. Ushbu laboratoriyada hozirda universitetning ilmiy izlanuvchilari tomonidan tadqiqotlar olib borilmoqda.

2023 yildan 2026 yilga qadar Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “101083216-ECAMPUZ-European World Talent Camp for Uzbekistan Scientists in Food Science and Technology-ERASMUS-EDU-2022-CBHE” loyihasi O'zbekistonda oziq-ovqat sohasida “Barqaror o'sish va ish o'rinlari” bilan bog'liq milliy ustuvorliklarni hal qilish, salohiyatini oshirish, barqaror vositalarni ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan. Loyihaning umumiy hajmi 717355 yevroni tashkil etadi.

Evropa Ittifoqining “ERASMUS-EDU-2022-CBHE” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “ECAMPUZ” loyihasida ishtirok etayotgan Andijon davlat universitetining 8 nafar talabasi, ilmiy-tadqiqotchilar va professor-o'qituvchilari Ispaniyaning Ekstremadura universitetida, Daniyaning Kopengagen universitetlarida tashkil etilayotgan o'quv treninglarida ishtirok etmoqda.

Universitetda “Xalqarolashtirish strategiyasi”da xalqaro ta'lim standartlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilgan. Ayni kunda xorijiy universitetlarning ilg'or tajribalarini hisobga olgan holda o'quv dasturlarini qayta ko'rib chiqishga harakat qilinmoqda.

Evropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida “Oliy ta'lim potensialini oshirish” yo'nalishida 2023 yilda o'tkazilgan xalqaro tanlovda universitetimiz tomonidan milliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda taqdim etilgan “101128871-DEBSEUZ-ERASMUS-EDU-2023-CBHE development of the targeted educational program for bachelors in solar energy in Uzbekistan” (“O'zbekistonda Quyosh energiyasi bo'yicha bakalavrlar uchun maqsadli o'quv dasturini ishlab chiqish”) mavzusidagi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning bajarilish davrida, ya'ni 2023-2026 yillarda Andijon davlat universitetidagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” bo'yicha mutaxassislar Italiyaning Turin politexnika universiteti, Portugaliyaning de Evora universiteti va Ispaniyaning Madrid politexnika universitetlarida tashkil etilgan malaka oshirish dasturlarida ishtirok etmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi O'zbekistonda “Quyosh energiyasi” yo'nalishida bakalavrlar tayyorlash va mutaxassislarni kasbiy qayta tayyorlash bo'yicha innovatsion o'quv reja va dasturlarni ishlab chiqish, Yevropa universitetlari tajribasiga tayangan holda bakalavr bosqichi uchun 12 ta yangi fan dasturlari yaratish, 7 ta O'zbekiston OTMlarida 1 tadan innovatsion laboratoriyalar tashkil etish, yillik o'quv-ilmiy konferensiyalar o'tkazish hamda professor-o'qituvchi va mutaxassislarni Yevropadagi hamkor universitetlarda malaka oshirishlarini tashkil etishdan iborat.

Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, Andijon davlat universitetining 2025-2030 yillarda xalqarolashtirish strategiyasining amalga oshirilishi ham universitetda ta'lim sifatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Jahon ta'lim hamjamiyatiga muvaffaqiyatli integratsiya universitetning zamonaviy ta'lim bozorida raqobatbardoshligini oshirishning kaliti bo'ladi.

Baxtiyorjon AKBARALIYEV,

Andijon davlat

universiteti rektori,

texnika fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + seventeen =