Yaxshidan ezgu nom qoladi

Ikkinchi jahon urushining g'alaba bilan tugaganligiga 80 yil bo'lsa-da, insoniyat boshiga tushgan eng qonli urush sanalgan bu to'qnashuvning asorati hali-hamon unutilgani yo'q.

O'zbekiston xalqi jang maydonlarida, front ortida jasorat va matonat ko'rsatib, fashizm ustidan g'alabaga munosib hissa qo'shdi. Urushda 1 million 950 mingdan ortiq o'zbekistonliklarning 538 mingdan ko'prog'i halok bo'ldi, 158 mingdan ortig'i bedarak yo'qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo'lib qaytdi. Ko'plab hamyurtlarimiz esa ko'ksi to'la orden va medallar bilan ona yurtimizga qaytib kelib, tinch mehnat bilan shug'ullandilar.

Ibrohim Odilov mehnat faoliyatini 1930 yilda Kattaqo'rg'on yog'-moy kombinatida madaniy-oqartuv ishlari bo'yicha mudir vazifasida boshlagan. 1937-1939  yillarda shahardagi muallimlar tayyorlash bilim yurtida tahsil olish barobarida Kattaqo'rg'on xalq maorifi bo'limida uslubiyat xonasi mudirligi vazifasini ham bajardi.

U Ikkinchi jahon urushining eng qizg'in pallasi kechayotgan 1943 yilda frontga jo'naydi. Leytenant Ibrohim Odilov vzvod komandiri vazifasida Boltiqbo'yi mamlakatlarining qator shaharlari va aholi punktlarini, Polsha poytaxti Varshavani dushmandan ozod qilishda qatnashadi. Germaniya shaharlarini egallashda qahramonlik namunalarini ko'rsatgani uchun “Qizil yulduz”, I darajali “Ulug' vatan urushi” ordenlari va boshqa jangovar medallar bilan taqdirlanadi.

Urush tugagach, o'zi ta'lim olgan Kattaqo'rg'ondagi pedagogika bilim yurtida geografiya fanidan dars beradi. 1947 yilda esa rutubatli urush yillari va keyingi yillarda bankda kassir vazifasida ishlab, uka va singillariga mustahkam tayanch bo'lgan Rozaxon bilan turmush qurdi.

“Xalq maorifi a'lochisi” Ibrohim Odilov tuman xalq maorifi bo'limi mudiri, tuman ijroiya qo'mitasi raisi lavozimlarida ham samarali mehnat qildi.

Ibrohim ota va Rozaxon aya chorak asr birga yashab, qo'sha qarib, o'n nafar farzand ko'rdilar. Rozaxon bolalar bog'chasiga mudiralik qildi. Mahalladoshlari tashvish-g'amlari ko'yida jon chekkan onaxon hamshaharlari o'rtasida alohida hurmat qozondi.

Yaxshidan bog' qolar ekan. Ezgu nom qolar ekan. O'n nafar farzandlariyu o'nlab nabiralarini tarbiyalab, o'qitib, ulg'aytirib elga qo'shgan Ibrohim ota va Rozaxon aya olamdan o'tib ketgan bo'lsa-da, zurriyotlari ularning ishlarini davom ettirishmoqda.

Hamidullo XUShVAQTOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 20 =