O'tib borayotgan umr…

Vaqt umrimiz soniyalari kabi to'xtovsiz harakat qiladi. Oldinga va faqat oldinga… Kimdir uni behudaga, yana kimlardir muvaffaqiyatga erishish va ko'plab izlanishlar yo'lida sarflaydi. O'zi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Biz ularni “Vaqtdan o'zgan odamlar” deymiz. Ular hayotini ilm-fanga, kashfiyotlar qilishga, ko'p bilim olishga bag'ishlaydi. Ular to'xtash haqida deyarli o'ylashmaydi. Barcha fikrlar aynan muvaffaqiyatga qaratilgan bo'ladi. Biroq, internet asriga kelib bu holat tubdan o'zgardi. Barchasini sun'iy intellekt egallab bormoqda. Bu hattoki bizning fikrlash doiramizni ham tom ma'noda sustlashtirib bormoqda.

Afsuski, hozirgi vaqtda kunimizning asosiy qismi internet orqali o'tadi. Hattoki bu hol hayotimizning ajralmas bir bo'lagi sifatida o'rnashib qolgani ayni haqiqatdir. Oddiy bir hayotiy misol, kundalik hayotda foydalanadigan ijtimoiy tarmoq messenjerlaridan “Telegram” yoki “Instagram”ni olaylik. Bir kirishda qancha muddatgacha vaqt sarflaysiz? Bir kunda-chi? Unda, asosan, nimalarga ko'proq vaqt ajratasiz? Shu savolni o'zingizga berib ko'ring-chi! Bir kuningizni internet, ijtimoiy tarmoqlar, umuman, telefonsiz o'tkazishni tasavvur qilib ko'ring. Albatta, zerikarli… Chunki biz yoshlar unga anchagina bog'lanib qolganmiz. Asosiy va qo'shimcha ishlarimiz ham internet bilan uzluksiz aloqador. Biroq mana shu internet asriga kelib mehr-muhabbatni, yaqinlarni yo'qlashni, hattoki tabriklarni ham “onlayn” ulashmoqdamiz. Avvallari yaqinlarning kattagina davrasi, o'choqda tayyorlangan mazali oshlar, taomlar, beg'ubor kulgilar bo'lsa, hozirga kelib videoqo'ng'iroq orqali ko'rishuv, mehmondorchilik, to'yonalar ham to'g'ridan-to'g'ri karta raqamlarga yuboriladi. Kitob o'qishlar “zamonaviylashib” ketgan. Aslida, kitobning o'zini olib, unga mehr qo'yib, o'sha holatning ichiga kirib o'qishga nima yetsin!

“Vaqt bamisli qilich kabidir. Agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”, deb bejiz aytishmagan. Mana shu o'tib borayotgan soniyalar bizning o'zimiz yashab turgan hayotimizda kim ekanligimizni, jamiyatdagi o'rnimizni belgilab beradi. Hayot oppoq sahifa kabidir. Shunday ekan, uni behuda sarflab, qora nuqtalarga to'ldirib yubormaylik.

Murodjon MAHMUDOV,

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + fourteen =