Tabriklaymiz!

“Oltin qalam” tanlovi har bir jurnalist, ijodkor uchun juda katta rag'bat, orzu, intilish marrasi, cho'qqisi desak xato bo'lmasa kerak. Negaki, xalqaro nufuzli tanlovda e'tirof etilishning o'zi bo'lmaydi. Unda ishtirok etadigan ijodkorlar oz emas. G'oliblar, sovrindorlar safida esa “eng, eng”lar saralab olinadi. Bu, shubhasiz, hammaga aniq, oydin haqiqat.
Ijodkor uchun rag'bat, e'tiborning o'zi katta mukofot. Shubhasiz, bu borada “Oltin qalam” tanlovining o'rni, nufuzi juda baland. Yana shuni alohida ta'kidlash joizki, mamlakatimizda o'n to'qqiz yildan buyon o'tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro tanlov darajasidagi rag'bat dunyo mamlakatlarining hammasida ham uchramaydi. Yana ham ochiq aytadigan bo'lsak, “Oltin qalam” darajasidagi jurnalistlarga atalgan nufuzli tanlov sobiq Ittifoq mamlakatlarining hech birida o'tkazilmaydi. Shundan ham ko'rinadiki, O'zbekistonimizda so'z va matbuotga, zahmatli soha vakillariga g'amxo'rlik juda yuqori.
Kuni kecha XIX-bor o'tkazilayotgan ana shu nufuzli tanlovda gazetamizning bo'lim muharriri Dilmurod Qirg'izboyev “Ta'lim-tarbiya sohasidagi islohotlar yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun” nominatsiyasi g'olibi bo'ldi. Ushbu mukofot qadrli hamkasbimizga va “Hurriyat” gazetasi jamoasiga katta rag'bat, e'tibor namunasi deb bilamiz.
Iste'dodli publitsist, taniqli jurnalist Dilmurod Qirg'izboyevni chin dildan yuksak e'tirof bilan qutlaymiz hamda kelgusi ijodiy ishlarida yanada omad tilaymiz!
“Hurriyat” jamoasi.