“Vatan — aziz, jasorat — mangu!” tanlovi g'oliblari taqdirlandi

Yurt tinchligi, Vatan obodligi va totuvligi, osoyishta turmush, chegaralar daxlsizligini ta'minlashdek sharafli ish fidoyilari bo'lgan Qurolli Kuchlarimiz harbiy xizmatchilarining jangovar shayligini oshirish, salohiyati va kuch-qudratini yoritish maqsadida Respublika miqyosida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish to'g'risida”gi farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh tashkilotchiligida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Vatan — aziz, jasorat — mangu!” respublika tanlovi o'tkazildi. Tanlovda mamlakatimiz yoshlarini Vatan himoyachisi bo'lishdek sharafli burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurt chegaralarini mustahkamlash, uning tinchligini saqlash yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritishga hissa qo'shgan ijodkorlar taqdirlandi.
Ushbu tanlovga 100 dan ortiq ijodkorlarning 300 ga yaqin ijodiy ishlari qabul qilingan. Ularda “Yangi O'zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” degan ezgu g'oya mujassam bo'lib, Yangi O'zbekistonni barpo etishda tinchlik-osoyishtalik naqadar muhimligi, “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” tamoyili hayotimizda barqaror bo'lib borayotgani, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, jonajon Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, doimo ogoh va hushyor bo'lib yashashga chorlov kabi mavzular yoritilgan.
Hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, OAV vakillarining jurnalistik materiallari − teleradio, bosma nashrlar va internet jurnalistikasi, shuningdek, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari bo'yicha jami 8 nafar ijodkor g'olib deb topildi.
Poytaxtimizda ushbu tanlov g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami tadbirlari doirasida o'tkazilgan ushbu tanlov taqdirlash marosimida keng jamoatchilik vakillari, markaziy ommaviy axborot vositalari mas'ullari, media tuzilmalar xodimlari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
Marosimda tanlov tashkiliy qo'mitasi raisi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov so'zga chiqib, “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” tamoyilining amalga oshirilishini ta'minlash, Vatanimiz suverenitetini asrash nafaqat Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotganlar, balki barcha soha vakillarining muqaddas burchi ekanini alohida ta'kidladi.
Tanlov g'oliblariga mukofotlarni “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri Chori Latipov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari G'ayrat Majid, “Dunyo o'zbeklari” sayti bosh muharriri Ismat Xushev tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari G'ayrat Majid o'zining tabrik so'zini ushbu misralar bilan boshladi:
Agar Vatan chorlasa, yugurib bor, yugurib,
Yovlar qarshisiga chiq arslondayin o'kirib.
Orini asrolmagan, asrolmaydi jonini,
Egilib jon berguncha, jonini ol sug'urib…
Vatanimizni asrash har birimizning eng oliy, eng sharafli va biror so'z bilan inkor etib bo'lmaydigan burchimizdir.
Vatan — muqaddas, ulug' dargoh. Unda yashayotgan har bir inson yurt tinchligi va osudaligi oldida mas'uliyatlidir. Qurolli kuchlar yurtni qurol bilan himoya qilsa, ijod ahli qo'lda qalam bilan bu vazifani bajaradilar.
Taqdirlash marosimida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar ishtirokchilarga o'zgacha ko'tarinkilik va shukuh bag'ishladi.
Gulnora ShERMATOVA,
jurnalist.