Munosiblar e'tirof etildi

“Eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovi respublika bosqichi g'oliblari taqdirlandi

 

Shu kunlarda yurtimiz bo'ylab ulug' ayyom — Mustaqillik bayrami shukuhi kezmoqda. Mazkur qutlug' sana munosabati bilan mamlakatimizning har bir go'shasida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, festival va ko'rik-tanlovlar o'tkazilyapti.

Istiqlol shodiyonasi arafasida jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, tasviriy san'at ustalari hamda kinoijodkorlar o'rtasida o'tkazib kelinadigan “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovi ham an'anaviy tadbirlardan biriga aylangan. Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik bayramiga bag'ishlab o'tkazilgan “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovining respublika bosqichi bo'lib o'tdi. Unda eng munosib ijodkorlar taqdirlandi.

Kuni kecha Yoshlar ishlari agentligining anjumanlar zalida o'tkazilgan tantanali tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, san'at va madaniyat namoyandalari, kinoijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali taqdirlash marosimida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi, “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy respublika ko'rik-tanlovi tashkiliy qo'mitasi raisi Xolmurod Salimov mazkur tanlov natijalari bo'yicha qisqacha ma'lumot berdi.

Alohida ta'kidlash joizki, mazkur ko'rik-tanlov O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh tashkilotchiligida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O'zbekiston Milliy media birlashmasi, Badiiy akademiya, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Nufuzli tanlovda ijodiy ishlar “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari”, “Televidenie va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Internet jurnalistikasi”, “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Tasviriy san'at, foto va dizayn ishlari”, “Kino san'ati asarlari” nomli 7 ta nominatsiya bo'yicha qabul qilingan edi.

Jami 300 nafardan ortiq ijodkordan, ya'ni jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, kino san'ati, tasviriy san'at ustalari, foto va dizayn ishlari bo'yicha mutaxassislardan 2100 dan ortiq ijodiy ishlar kelib tushgan, “Internet jurnalistikasi” nominatsiyasi bo'yicha topshirilgan materiallar salmog'i barcha yo'nalishlardan-da ko'proqni tashkil etgani ta'kidlab o'tildi.

Hakamlar hay'ati a'zolari ana shu ijodiy ishlarni mavzuning dolzarbligi, tahliliy yondashuv, asarning badiiyligi, mustaqillik g'oyasining ifodasi, talqinning o'ziga xosligi kabi mezonlar asosida besh ballik tizim bo'yicha baholadi. Hakamlar hay'ati ma'lum qilishicha, g'oliblarni aniqlashda tanqidiy-tahliliy ruhdagi materiallarga jiddiy e'tibor qaratilgan.

Aytish kerakki, tanlovga taqdim etilgan materiallarda Mustaqillik bergan imkoniyatlar, istiqlol va hurlik saodati va albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar samarasi izchil yoritilganini ko'rish mumkin. Shu bilan birga jamiyatimizda uchrab turadigan ayrim muammolar ham qayd etilib, ularning sabablari chuqur tahlil asosida keng ochib berilganini  ibratli holat deyish mumkin.

Tantanali taqdirlash marosimida yettita nominatsiya bo'yicha 1-o'rinni egallagan g'oliblarning har biri 10 000 000 so'm pul mukofoti hamda diplom-plaketka, 2-o'ringa munosib ko'rilgan ishtirokchilarning har biri 8 000 000 so'm pul mukofoti va diplom-plaketka, 3-o'rinni egallagan ishtirokchilarning har biri 6 000 000 so'm pul mukofoti hamda diplom-plaketka bilan taqdirlandilar. “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” hamda “Internet jurnalistikasi” yo'nalishlari bo'yicha 2-o'rin sohibligiga esa ikki nafardan nomzod g'oliblikka loyiq topildi va mukofot miqdori ular o'rtasida teng taqsimlanadigan bo'ldi.

Tadbirda taniqli san'atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

O'z muxbirimiz.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + eleven =