Nafosat va go'zallik mujassam
“Atirgul” tanlovining qayta tiklanishi jurnalist xotin-qizlarga ehtirom namunasi bo'ldi
Bugungi kunda jurnalistika sohasida qalam tebratayotganlarning 60-70 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, ommaviy axborot vositalarida xalqimizga manzur bo'ladigan materiallar hamda dolzarb mavzularni ko'tarib chiqayotgan ayollarimizning xizmatlari barchamizga ma'lum.
Jurnalistik faoliyat bilan shug'ullanayotgan zukko opa-singillarimiz tomonidan yozilgan maqolalar, tayyorlangan teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda nafaqat kasb mahorati, balki qalb qo'ri, ayollik nazokati ham yaqqol sezilib turadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda ayollarning barcha soha va tarmoqlardagi o'rni va ta'siri yanada ortib borayotganini respublikamizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol ko'rish mumkin. Mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetgani, yurtimiz bo'yicha minglab xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani ham alohida e'tirofga loyiq.
Yurtimiz taraqqiyoti yo'lidagi ezgu maqsadlarni ro'yobga chiqarish, Yangi O'zbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni targ'ib etish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirishda ham jurnalist xotin-qizlarimizning munosib xizmati bor, albatta.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan milliy ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish, sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, jahon andazalari talablari darajasida faoliyat ko'rsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, jurnalist ayollarning kasbiy mahorati, intellektual saviyasini oshirish, ularning ijtimoiy hayotdagi faolliklarini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda jurnalist ayollarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishni davrning o'zi taqozo etmoqda. Ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi davlatimiz, jamiyatimiz uchun har qachongidan muhimligini ham yaqqol ko'rib turibmiz. Shu o'rinda ularning faollik bilan olib borayotgan faoliyatlarini rag'batlantirish hamda qo'llab-quvvatlash maqsadida “Atirgul” tanlovining qayta tiklanishi va o'tkazilishi ham jurnalist ayollarga, xotin-qizlarga bo'lgan ehtiromning o'ziga xos ramzi desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Respublikamiz miqyosida o'tkaziladigan jurnalist xotin-qizlar o'rtasidagi bu tanlovning “Atirgul” deb nomlanishi ham bejiz emas. Zero, atirgul timsolida ayol nafosati va go'zalligi mujassam. “Ayolga mehr va e'tibor kerak” deyilganidek, mazkur tanlovning O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining sa'y-harakati bilan yana qayta o'tkazilishi barcha jurnalist xotin-qizlarni birdek quvontirdi. O'z kasbiga bo'lgan muhabbatini chin ma'noda yanada oshirdi.
— Mazkur tanlovda respublikaning barcha hududlaridan 107 nafar jurnalist ayol 1500 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Ishtirokchilar orasida eng faoli qoraqalpog'istonlik jurnalist ayollar bo'ldi. Bu ijodiy ishlarning saviyasi yuqori ekani hakamlar hay'ati tomonidan qayd etildi. “Inson qadri ulug'langan eng yaxshi materiallari uchun” yo'nalishi bo'yicha eng ko'p — 150 dan ziyod ijodiy ishlar topshirilgan. “Jurnalistika sohasidagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqoti uchun” va “OAV bilan faol va tezkor ishlagani uchun” yo'nalishlarida ham ijodkor xotin-qizlarning faolligi yanada oshdi. Shu bilan birga, nodavlat OAVlaridan “Atirgul” tanlovida jurnalist ayollar faol qatnashdi. Hakamlar hay'ati tomonidan esa har bir ijodiy ish xolisona ko'rib chiqib, baholandi. Tanlovga kelgan materiallarni taniqli jurnalist va ekspertlardan tarkib topgan hay'at a'zolari o'rganib chiqib, g'oliblarni aniqladi, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov.
“Atirgul” tanlovi jurnalist ayollarning kasbiy mahoratini oshirish, ular o'rtasida sog'lom raqobatni yuzaga keltirish, iqtidor egalarini rag'batlantirish, bosma OAV, internet nashrlar va efirga uzatiladigan teleradiomahsulotlar sifatini yaxshilash, materiallar tayyorlashda fikrlar xilma-xilligi va turlicha ijodiy yondashuvlarga samarali ta'sir ko'rsatishi shubhasiz.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, “Atirgul” tanlovi nomigagina tiklanmadi, zamon ruhiga mos yangi ma'no-mazmun kasb etdi. Buni tanlov yo'nalishlari ham anglatib turibdi. G'oliblarni taqdirlash ham o'zgacha, bayramona ruhda o'tkazildi. Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazining faollar zalida har bir yo'nalish bo'yicha g'olib bo'lgan ishtirokchilarning nomi tantanali e'lon qilinib, ustoz jurnalistlar tomonidan taqdirlandilar.
Tanlov natijalariga ko'ra, “Inson qadri ulug'langan eng yaxshi materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha “Mahalla” radiosi bo'lim mudiri Umida G'afforova, “Farg'ona haqiqati” gazetasi bo'lim mudiri (rag'batlantiruvchi) Sevara Alijonova, “Gender tenglik masalasi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha “Inson va qonun” gazetasi muxbiri Marusa Hosilova, “Darakchi” gazetasi bo'lim mudiri (rag'batlantiruvchi) Farida Egamberdiyeva, “Yoshlar muammolari eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha “Gulxan” jurnali bosh muharriri o'rinbosari Muhabbat Hamidova, “Mening yurtim” telekanali muxbiri (rag'batlantiruvchi) Aisha Xushnazarova, “Oila va mahalla mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha Qoraqalpog'iston telekanali bosh muharriri Venera Sariyeva, “Postda” gazetasi maxsus muxbiri (rag'batlantiruvchi) Gulnoza Turg'unboyeva, “Ekologik muammolar eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha “Davr” informatsion dasturi katta muharriri Madina Umarova, “Human.uz” portali jurnalisti (rag'batlantiruvchi) Nargiza Yunusova, “Harbiy-vatanparvarlik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun” nominatsiyasi bo'yicha “Surxon tongi” gazetasi kotibiyat mudiri Feruza Rahmonqulova, “Vatanparvar” gazetasi bo'lim mudiri (rag'batlantiruvchi) Gulnora Hojimurodova, “Jurnalistika sohasidagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqoti uchun” nominatsiyasi bo'yicha O'zJOKU tayanch doktoranti Sadoqat Mahsumova, “Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri Sanobar Jumanova hamda “OAV bilan faol va tezkor ishlagani uchun” nominatsiyasi bo'yicha Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Dilrabo Kuryazova loyiq ko'rildi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda homiylarning qimmatbaho sovg'alariga ega bo'ldilar.
— “Atirgul” tanlovining qayta tiklangani va unda g'oliblikni qo'lga kiritganim meni juda ruhlantirdi, quvontirdi. Jurnalistikada odamlarga qandaydir foyda keltirayotganimni his qildim. Barchasi uchun tashkilotchilarga hamda qimmatli maslahatlari bilan bizlarni qo'llab turgan ustozlarimizga o'z minnatdorligimni bildiraman, – dedi “Farg'ona haqiqati” gazetasi bo'lim mudiri Sevara Alijonova.
Yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida xotin-qizlarga e'tibor, g'amxo'rlik masalasi davlat siyosati darajasida ko'tarilgan hozirgi davrda hamda 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o'tkazilgan mazkur tanlov O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining navbatdagi xayrli qadami desak, xato bo'lmaydi.
Kamoliddin RO'ZIMATOV