Suratlarni so'zlatib…

taniqli suratchi Abduvohid TO'RAYEV haqida muxtasar so'z

Suratlarni oddiygina xotira, esdalik sifatida ko'rishga odatlanganmiz. Agar suratkash o'z kasbining ustasi bo'lsa-chi? Bunda u olayotgan fotosuratda hayotning oddiy bir lahzasi emas, balki tarixga muhrlanadigan soniyalar aks etayotganini his etadi. Shu sabab qo'liga fotoapparatini oladi. Fotonigoh birgina insonning o'ziga emas, qalbiga qaratiladi. Tabiatnigina emas, tiriklikning bir bo'lagi, jamiyatning oddiy bir kunini emas, uning yutuq va muammolarini ham ko'radi. Ilg'aganlarini boshqalarga ko'rsata oladi. Fotografiya san'atga da'vogarlik qilayotganining boisi ham shunda. Qolaversa, ommaviy axborot vositalarini suratlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shu o'rinda jurnalistlar ichida urfga aylangan bir gap bexosdan yodga tushadi: “Surat — yarim maqola”.

“Shuhrat” medali sohibi, “Huquq” gazetasi fotomuxbiri Abduvohid To'rayev ham ana shunday sinchkov, badiiy tafakkuri va didi yuksak ijodkor. Shu kunlarda 60 yoshni qarshilayotgan suratkashning hayot yo'li, erishgan yutuqlari ibratlidir.

Abduvohid To'rayev “Fan” nashriyotida musahhihlik qilgani uning ijod olamiga dastlabki qadam bo'ldi. Ayniqsa, fotojurnalistikaga qiziqishi ortib, tabiat manzaralari, odamlar qiyofasi, qaynoq hayot lahzalari, kundalik jarayonlar muhrlangan suratlar ola boshladi, ular shunchaki fotosuratlar emas, o'ziga xos ma'no ifodalaydigan, ta'bir joiz bo'lsa, gapiradigan rasmlar hisoblanadi. Buni uddalash uchun esa ijodkor bir paytning o'zida ham yuksak bilim egasi, ham chuqur falsafiy qarashlar sohibi bo'lishi kerak. Ijodkorda bularning barchasi mujassam.

Matbuotchilar tan oladigan haqiqat bor: yaxshi fotosurat yaxshi bir ocherkka teng. Fotosuratchida esa bunday suratlar behisob. Shuning uchun uning iste'dodi tez orada tilga tushdi va markaziy nashrlarga taklif qila boshlashdi. “Toshkent haqiqati” gazetasi tahririyatida, “Movarounnahr” nashriyotida, “O'zbekiston ovozi” gazetasida fotomuxbirlik qilganida mazkur nashrlarni mamlakat hayotiga oid dolzarb va qiziqarli fotomateriallar bilan boyitib bordi. U olgan suratlarni mamlakatimizda yubileylar munosabati bilan chop etilgan ko'plab fotoalbomlarda ko'rishingiz mumkin.

Izlanuvchanlik va o'zidagi iqtidorni uyg'unlashtira olgan suratkashni O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zAga ishga olishganida uning faoliyatida yangi sahifalar ochildi. Endi uning rasmlari butun respublika bo'ylab yoyilib, nafaqat markaziy, balki hududlardagi davriy nashrlar yuzini yorita boshladi. O'zbekiston Milliy axborot agentligi Fotoaxborot tahririyati bosh muharriri bo'ldi. Davlat miqyosidagi bo'ladigan rasmiy tadbirlar, yuqori doiradagi uchrashuvlar, xorijiy davlat rahbarlarining yurtimizdagi tashriflari, bayram va xalqaro muloqotlarni takrorlanmas kadrlarga muhrlab bordi. Oliy darajadagi muloqotlar jonli suratlar orqali mamlakatimiz aholisi va dunyo hamjamiyati e'tiboriga havola qilib turildi.

Abduvohid To'rayev o'n besh yildirki, O'zbekiston Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasi tahririyatida fotomuxbir bo'lib ishlab kelmoqda. Prokuratura organlari faoliyatini har tomonlama yoritish, Respublika prokuraturasida so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni, tizimdagi yangiliklarni xolislik va sinchkovlik bilan fotosuratlarga muhrlash, soha xodimlarining mehnatini xalqqa shaffof ko'rsatishga munosib hissa qo'shmoqda.

U ko'plab tanlovlar g'olibi bo'ldi. Jumladan, Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etilgan xalqaro fototanlovda gran-pri sohibi bo'ldi. Xizmatlari davlatimiz tomonidan ham e'tiborsiz qoldirilgan emas. Tajribali fotojurnalist Prezident Farmoniga ko'ra 1999 yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

— Abduvohid To'rayev ilhomi nigohida yuradigan iste'dod sohiblaridan biri, — dedi u haqda taniqli jurnalist Dilmurod Qirg'izboyev. — Avlodlar dovonidan oshib, ota kasbidan baxt-iqbol topgan ijodkorlardan biri ham Abduvohid To'rayevdir. Undagi kamtarlik, undagi samimiyat, undagi madaniyatga qarab xursand bo'laman. Tahririyatlar kotibiyatlarida mas'ul vazifalarda ishlaganimda yaqindan ijodiy hamkorlik qilganmiz.

Darhaqiqat, kasbidan saodat topgan hamkasbimiz ijodi yanada barakali bo'laversin!

Muhammadsodiq TO'RAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − seven =