Kambag'al oilaning bittasi ham ko'p
Bugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug'lash, aholining turmush darajasini oshirish va hududlarda mavjud muammolarni ildizi bilan hal etishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada davlat boshqaruvi tizimi yangi, xalq manfaatiga yo'naltirilgan yondashuv asosida faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, muammolarni joyiga chiqib o'rganish, aholining dardini eshitish va ularni hal etish bo'yicha tizimli mexanizm yo'lga qo'yilgani ijobiy natijalar bermoqda. Shu maqsadda vazirlik va idoralar tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida aniq va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Toshkent viloyatida ham respublika ishchi guruhi tomonidan kambag'allik va ishsizlikni qisqartirish, migratsiyada kam daromad topayotgan fuqarolarni qaytarish va ularning bandligini ta'minlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda ishchi guruh tomonidan Chirchiq shahri, Yuqori Chirchiq, Bo'stonliq, Qibray, Toshkent va Parkent tumanlarida manzilli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda yuqorida nomlari keltirilgan 6 ta tuman (shahar)da jami 353 ta mahalla mavjud bo'lib, ularning soni Chirchiq shahrida 44 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 50 ta, Bo'stonliq tumanida 59 ta, Qibray tumanida 68 ta, Parkent tumanida 62 ta, Toshkent tumanida 70 tani tashkil etadi. Ayni hududlarda jami 7 121 ta kambag'al oila mavjud bo'lib, ularning 9 foizi (659 ta) — Yuqori Chirchiq tumaniga, eng ko'p ko'rsatkich Bo'stonliq tumaniga (20 foiz — 1 444 ta) to'g'ri keladi.
Jamiyatimizda kambag'al oilaning bittasi ham ko'p. Ular bilan tizimli ishlash maqsadida kambag'al oilalar rahbarlarga biriktirilgan. 2 010 ta oilaga qonunchilikda belgilangan 7 ta (bandlik va daromad manbasini yaratish, ta'lim va kasb-hunarga o'rgatish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni ko'rsatish, xonadon infratuzilmasi va yashash sharoitlarini yaxshilash) yo'nalishda xizmatlar ko'rsatish ishlari tashkillashtirildi hamda 8 758 ta oilaga xizmatlar ko'rsatildi.
Ushbu hududlarda jami ishsizlar soni 2 390 nafarni tashkil etgan bo'lsa, ularning 2 252 nafarining bandligi ta'minlandi. Reja-grafik asosida ishsizlik va kambag'allik darajasi yuqori hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og'ir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 30 ta mahallada mehnat yarmarkalari o'tkazildi va 259 nafar ishsiz fuqaroga bo'sh ish o'rinlariga joylashish bo'yicha yo'llanmalar berildi. Shuningdek, mazkur hududlarda jami 10 791 nafar fuqaro ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga ketgan.
— Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 358 nafar fuqaroga 5 158 million so'm miqdorida kreditlar ajratildi. “Sayxunobod” tajribasi asosida 1 465 ta loyiha ishga tushirilib, 3 069 ta fuqaroning bandligi ta'minlandi.
“Uychi” tajribalari asosida banklar tomonidan mijozbay ishlash orqali 21 177 ta doimiy ish o'rinlarini yaratish reja qilib olinib, bugungi kun holatiga ko'ra 18 927 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan tanqidiy materiallarda ko'rsatilgan muammolar hududlar kesimida o'rganib chiqilib, ushbu muammolar hal etilgan.
Bunyodkorlik, tozalik ishlari xalqni birlashtiradi. Hamjihatlikda mehnat qilishga, o'zlari yashab turgan zaminni obod qilishga undaydi. Shu sabab mahallalarda tez-tez hasharlar uyushtirilib, mahalla ko'chalari, chor-atrof obodligiga erishilmoqda. Ariqlar tozalanib, daraxtlar osti yumshatilib, oqlanayotgan bo'lsa, yangi nihol va ko'chatlar qadalib, ularning parvarishiga alohida e'tibor qaratilgan. Maktab-u bog'chalar, poliklinika-yu boshqa tashkilot va idoralar doimiy ravishda obodonlashtirilib, chiqindilardan tozalanib kelinmoqda.
Shu bilan birga Toshkent viloyatidagi 25,08 kilometr ichki yo'llar asfaltlandi, 53,7 kilometr ta'mirlanib, 16,8 kilometriga esa shag'al yotqizildi. Aholining elektr ta'minoti ham tubdan yaxshilandi. 338 ta transformator ta'mirlangan bo'lsa, 17 ta yangisi o'rnatildi. 892 ta temir-beton ustunlar o'rnatilib, 32,2 kilometr tarmoqqa himoyalangan kabellar tortildi, 695 ta tungi yoritish chiroqlari o'rnatilib, mahallalar ko'chalari tunda ham kunduzgidek yorug' va nurafshon qiyofa kasb etdi.
Gaz ta'minotida ham holat yaxshilandi. Viloyatdagi 10 ta gaz taqsimlash punkti (GRP) yangilandi, 444 tasi ta'mirlandi. 459,7 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlari ta'mirlanib, 9 216 ta suyultirilgan gaz balloni tarqatildi.
Albatta, inson qadri ulug'langan davlatda barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilib, odamlarning roziligiga erishish, ertangi kuniga umid va ishonchni uyg'otish maqsadi mujassam. Gaz ta'minoti deymizmi, elektr energiyasi, shu bilan bir qatorda ichimlik suvida ham bir qator o'zgarish va yangilanishlar amalga oshirildiki, bu ko'zlangan maqsadga erishishga xizmat qilayotir. Viloyatda 106 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog'i ta'mirlandi, 12,7 kilometr tarmoq yangilandi. 14 ta yangi ichimlik suvi inshooti o'rnatilib (quduq, minora, hovuz, nasos stansiyasi), 56 ta ichimlik suvi inshooti, 42,7 kilometr oqova suv tarmog'i ta'mirlandi.
Hududda ko'p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan aholi uchun ham keng imkoniyatlar yaratish, turmush sharoitlarini yaxshilash ham e'tibor markazida bo'ldi. Xususan, 16 ta ko'p qavatli uyning tomi, 15 ta ko'p qavatli uyning fasad qismlari, yerto'lalaridagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, kirish yo'laklari ta'mirlandi. 30 ta bolalar maydonchasi holati yaxshilandi, 5 ta yangi qurildi.
Albatta, farzandlarimizning bo'sh vaqti mazmunli o'tishi, sog'lom va baquvvat bo'lishlari uchun ular muntazam sport bilan mashg'ul bo'lishlari shart. Mahallalarda sport maydonlari bo'sh vaqtni mazmunli o'tkazish uchun eng qulay joy sanaladi. Bunday joylar doimiy nazoratni, ta'mirlashni talab etadi. Nosoz anjomlar yoshlar sog'lig'i uchun xavfli ekanini unutmaslik kerak. Shu jihatdan mahallalardagi 3 ta sport maydonchasi ta'mirlandi, 3 ta yangi qurilib, foydalanishga topshirildi. 5 ta mini-stadion yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy texnologiyalar amaliyotga tatbiq etilib, bugun odamlar xonadonida quyosh panellaridan foydalanish keng yo'lga qo'yilmoqda. Bu soliq, kredit imtiyozlaridan foydalanishga keng yo'l ochsa, elektr energiyasida uzilishlarsiz, tekin foydalanish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli. Shu nuqtai nazardan quyosh panellaridan foydalanish ommalashib borayotir. Parkent tumanida “Yashil Energiya Servis” MChJ tomonidan jami 16 ta xonadonga 95 kVt quvvatdagi quyosh panellari o'rnatildi va qolgan moliyaviy barqaror bo'lgan xonadonlarga ham o'rnatish ishlari davom etmoqda.
Quyosh panellari o'rnatish ishlarini jadallashtirish va energiya tejamkorligiga erishish maqsadida tuman hokimligi, sohaviy tashkilotlar, mahalla yettiligi, deputatlar, nuroniylar, ziyolilar va boshqa faollar ishtirokida ishchi guruhlar tashkil etgan holda, Parkent tumanining 62 ta mahallasida keng ko'lamli targ'ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyatda barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Hududda tadbirkorlik salohiyatini oshirish, ularga keng imkoniyatlar yaratish ham e'tibor markazida. O'z navbatida bu oilalarni kambag'allikdan chiqarib, farovonlik sari yuz tutishlariga xizmat qilayotir. Qaerda ishbilarmonlik muhiti yaratilsa, tadbirkorlik sub'yektlari ko'paysa, loyihalar amaliyotga joriy etilsa, o'sha yerda o'sish, rivojlanish kuzatiladi. Yangi ish o'rinlari yaratiladi, aholining tovar va xizmat ko'rsatishga bo'lgan ehtiyoji qondiriladi. Ayni jihatlarni inobatga olgan holda tizimli ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar bo'lib turadi. Ushbu uchrashuvlarda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammoli masalalar o'rtaga tashlanadi, o'rganiladi, ijrosi ta'minlanadi.
Albatta, bir joyda o'tirib, hech bir ish qilmay, kambag'allikdan chiqib bo'lmaydi. Harakat esa har tomonlama bo'lmog'i lozim. Qarsak bir qo'ldan chiqmaganidek, odamlarning o'zida turmushini, hayotini yaxshilash uchun ishtiyoq va istak bo'lsa, davlat munosib taklif va tashabbus bilan yordam qo'lini cho'zishi o'z natijasini beradi. Yurtimizda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar bilan kifoyalanib qolinmaydi, balki yanada yaxshiroq imkoniyatlar yaratishga, istiqbolli loyihalar ishlab chiqib, uni ro'yobga chiqarishga, tajribalarni amaliyotga joriy etishga harakat qilinadi. Shu ma'noda, hududlarda turgan bo'sh bino va yerlarni aniqlash va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishda ko'maklashish, muammolar yuzasidan mas'ullar biriktirish ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda.
Doimiy ravishda o'tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy, sport va madaniy konsert tadbirlarini yanada ko'paytirish va ushbu tadbirlarga og'ir hududlardagi va ijtimoiy himoya reestri hamda kambag'allik reestrida turuvchi oilalar farzandlarini ko'proq jalb etish lozim.
Shu bilan birga, aholi o'rtasida kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish maqsadida hududlarda, ayniqsa, olis manzillarda hamda tanlab olingan og'ir mahallalarda maqsadli tibbiy ko'riklarni ko'paytirish mo'ljallangan.
Qolaversa, tuman (shahar)larda aholi tomorqalarida takroriy ekinlar ekilishini ommalashtirish va uyma-uy yurib, targ'ibotni kuchaytirish lozim. Shu orqali aholi tomorqasida yiliga kamida 3 marta hosil olishiga erishish va xonadon daromadini orttirish juda muhim omil.
Fozilbek FARHODOV,
Respublika ishchi guruhi a'zosi,
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar
vazirligi mas'ul xodimi,
pedagogika fanlari bo'yicha
falsafa doktori (PhD).
