Ko'p qutblilik sari yo'l…

ShHTning Tyanszindagi navbatdagi sammiti yakuni bo'yicha deklaratsiya qabul qilindi. A'zo davlatlar harbiy, energetika va transport sohalarida, shuningdek, sun'iy salohiyat (intellekt) tizimi xavfsizligi yo'nalishida hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Hujjatda Falastin-Isroil inqirozining keskinlashuvidan “chuqur xavotirda ekanliklari” hamda “G'azo sektorida ko'plab o'limga va gumanitar vaziyatga olib kelgan” harakatlar keskin qoralanadi.

Deklaratsiyada, shuningdek, Isroil va AQShning Eron yadro dasturiga qarshi hujumlari tanqid qilingan bandlar o'rin olgan.

“Davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini o'zaro hurmat qilish, teng huquqlilik, o'zaro manfaatdorlik, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik yoki uni qo'llash bilan tahdid qilmaslik tamoyillari xalqaro munosabatlar barqaror taraqqiyotining asosidir”, deb qayd etiladi hujjatda.

Deklaratsiyada Ukraina urushi eslanmadi.

Kiyev dunyodagi qator savashlar, teraktlar va boshqa voqealar aks etgan shunday muhim fundamental hujjatda Ikkinchi jahon urushi davridan beri Yevropadagi bosqin o'rin olmaganidan taajjubda ekanini bildirdi.

Tahlilchilarning e'tirof etishicha, Xitoyda o'tayotgan ShHT sammiti va G'alabaning 80 yilligi tadbirlari doirasida barqaror Yevroosiyo o'qi — Pekin-Dehli-Moskva shakllanayotganligi sababli haqiqiy ko'p qutbli dunyoning boshlang'ich nuqtasiga aylanishi kutilmoqda. Mazkur triadaning umumiy vazni deklaratsiyalarda emas, balki moliya, energetika, logistika va texnologik almashuvidagi pragmatik manfaatlarning moslashuviga asoslanadi.

Burilish nuqtasi bir necha darajada ko'rinmoqda. Birinchidan, yetti yillik pauzadan so'ng Si va Modi hamda ularning Putin bilan uchrashuvlari mamlakatlar o'z tashqi siyosiy intilishlarini muvofiqlashtirishlaridan darak beradi.

Ikkinchidan, yuqoridagi deklaratsiyaga qo'shimcha ravishda, “ShHT+” va ikki tomonlama energetika, transport va moliya-texnik yo'nalishlarni o'z ichiga olgan “yo'l xaritalari” qo'shiladi.

Uchinchidan, Pekindagi yigirmadan ziyod yetakchi ishtirokidagi ramziy ma'nodagi parad Global Janubning muhim qismini muqobil tortishish markaziga qayta yo'naltirishni mustahkamlaydi. G'arb matbuoti buni Pekinning “birdamlik namoyishi” va “diplomatik g'alabasi” deb talqin qilmoqda. Shuningdek, Vashington va Yevropaning dunyo kun tartibini belgilash rolidan mahrum bo'lish bezovtaligi kuchayishiga ishora qilmoqda.

AQShning gegemonlikni saqlab qolishga qaratilgan siyosati teskari ta'sir ko'rsatdi. Bundan buyon ko'p qutblilik shior emas, balqi haqiqatdir. Pekin-Dehli-Moskva o'qi G'arbga qarshi yo'naltirilmagan, balki o'zaro manfaatlar va suverenitetni hurmat qilish asosida globallashuvga muqobil ravishda qurilgan yangi ko'p vektorli tizimning o'zagi namoyishidir…

Abror XON

2025 yil 2 sentyabr

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 11 =