Badiiy publitsistikada Yangi O'zbekiston nafasi

Yaqinda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Publitsistika kengashining yil yakunlariga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bosma nashrlarda e'lon qilingan publitsistik maqolalar tahlili kaminaga yuklatilgan edi. Baholi qudrat sharhlashga urindim.

O'tgan asrning 70-yillari. Maktabda o'qirdik. Maktab kutubxonasida G'afur G'ulomning “Tanlangan asarlari”ni o'qiy boshladim. Qaysidir tomida publitsistik maqolalari berilgan edi. G'afur G'ulom maqolalari orqali bu janr haqida tasavvurga ega bo'lganman. Publitsistika — hayotimizning dolzarb masalalariga bag'ishlangan asar. U hozirda jamiyatni tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni aks ettiradi, o'tkir ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, axloqiy va boshqa muammolarni ko'tarib chiqadi hamda tahlil qiladi, muallifning pozitsiyasini ifodalab, ko'rib chiqilayotgan voqealarga sub'yektiv qarashlarni namoyon qiladi, o'quvchiga ta'sirini kuchaytirish uchun badiiy ifoda vositalaridan foydalaniladi, faktlar, real voqealar va statistik ma'lumotlarga asoslanadi. Bir so'z bilan aytganda, muayyan harakatlarni rag'batlantirib, jamoatchilik fikrini shakllantirishga xizmat qiladi.

2025 yilda mamlakatimiz gazetalarida yoritilgan badiiy-publitsistik maqolalarga nazar tashlar ekanmiz, to'g'risini aytish kerak, felyeton va pamfletga deyarli ko'zimiz tushmadi. Qolgan barcha janrlar mavjud. Hayotimizda, jamiyatimizda yuz berayotgan ulkan voqeliklar, ulug'vor bunyodkorlik ishlari respublika gazetalarida hozirjavoblik bilan yoritib borilmoqda. Badiiy publitsistikaning mazmun-mohiyati yurtimizda yuz berayotgan tarixiy voqeliklar bilan yanada boyib borayotgani haqiqatdir. Respublikamiz gazetalarida 2025 yilda ko'plab sermazmun, mushohadalarga boy badiiy-publitsistik maqolalar yoritilgani bu boradagi o'ziga xos yutug'imiz bo'ldi.

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor…” deb nomlangan maqolasining “Yangi O'zbekiston”, “Xalq so'zi” va “Ishonch” gazetalarida bosilganini alohida ta'kidlash kerak. Mazkur maqola yilning eng yaxshi publitsistik maqolasi sifatida tan olindi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning “Yangi O'zbekiston”, “Xalq so'zi” gazetalarida bosilgan maqolalari va “Ishonch” gazetasida berilgan “Parlamentlararo Ittifoqning 150- yubiley assambleyasi Yangi O'zbekistondagi demokratik islohotlarning umumbashariy e'tirofi ifodasidir” deb nomlangan suhbatini ham e'tirof etib o'tishni lozim ko'rdim.

OAVda bosilgan maqolalarning mualliflar ro'yxatiga e'tibor bersangiz, millatimizning yetakchi ziyolilari bu borada namuna ko'rsatayotganiga guvoh bo'lamiz. Akademiklar Akmal Saidov, Azamat Ziyo, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov, davlat va jamoat arboblari Rustam Xolmurodov, Abdusaid Ko'chimov, Qahramon Quronboyev, Sodiqjon Turdiyev, yozuvchi-shoirlar va adabiyotshunos olimlar Xurshid Do'stmuhammad, Xayriddin Sulton, Ahmadjon Meliboyev, O'tkir Rahmat, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Nurboy Jabbor, Hamidulla Boltaboyev, Mamatqul Hazratqulov, Farmon Toshev, Sultonmurod Olim, Bahodir Karimov, Muhammadjon Quronov, Qozoqboy Yo'ldoshev, Halim Said, Eshqobil Shukur, Salim Doniyorov, Husan Ermatov, Abdurasul Jumaqulov, Norqobil Jalilov, Islom Hamro, G'ayratjon Sheraliyev, faol ijodkor ayollardan Sharifa Salimova, Shahodat Isaxonova, Zulfiya Mo'minova, Munavvara Usmonova, Muhtarama Ulug'ova (bu ro'yxatni uzoq davom ettirish mumkin) kabi ijodkorlarni ko'pchilikka ibrat qilib ko'rsatish mumkin. Bugungi murakkab zamonda vatanparvarlikni, millatparvarlikni ana shu mehridaryo insonlardan o'rgansa arziydi.

Badiiy asar kabi ijtimoiy hayotda voqelik bo'ladigan publitsistika maqolalar tahlil etilganida “Xalq so'zi”, “Yangi O'zbekiston”, “Jadid”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “XXI asr”, “Milliy tiklanish”, “O'zbekiston ovozi”, “Adolat”, “Oila va tabiat”, “Mahalla”, “Nuroniy”, “Zarafshon”, “Farg'ona haqiqati” va boshqa gazetalarning ijodiy jamoalari faol mehnat qilganliklari ayon bo'ldi.

Mamlakatimizning yetakchi nashrlaridan biri — “Xalq so'zi” gazetasining 14 oktyabr sonida bosilgan ustoz O'tkir Rahmatning “Uyg'onish faslining farzandlari” deb nomlangan maqolasida ta'kidlanganidek, hozirgi kunda xalqaro ekspertlar tomonidan Yangi O'zbekistonga “Uyg'onayotgan arslon” deya ta'rif berilayotgani bejiz emas. Yurtimiz o'zining beqiyos kuch-qudratini namoyon etib, jahonda o'z so'zi, o'z ovoziga ega bo'lib bormoqda. “Xalq so'zi” gazetasining 2025 yil 3 aprel sonida “Go'sht arzon bo'ladi, ammo…” deb nomlangan maqolada ta'kidlanishicha, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining kuzatishlaridan ma'lum bo'lishicha, jahonda go'sht narxining oshishi global miqyosda kuzatilmoqda. Yurtimizda ham keyingi paytda go'sht narxining qimmatlab borayotgani aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'lyapti. Go'sht bahosi atrofidagi muammolar va takliflar haqida so'z yuritilar ekan: “Bundan aslo soha rivojiga mas'ul idoralar ishlamayapti, vaziyatni o'nglashga kirishmayapti, degan xulosa chiqmasligi kerak. Aksincha, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi tizimida o'zgarishlar katta. Deputatlaru joylardagi amaldorlar ham aholining moli ko'paysin, moddiy ahvoli o'nglansin, deya jonsarak”, deb yozadi jurnalist Abdunabi ALIQULOV.

“Xalq so'zi” gazetasining 23 sentyabr sonida “Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi” deb nomlangan maqolada “Engil-elpi seriallar jamiyatga nima beryapti?” degan savol o'rtaga tashlanadi. “Demak, biz bir guruh kinochilarning cho'ntagini deb, ayol obrazining kamsitilishiga, haqoratlanishiga tomoshabin bo'lib turibmiz. Natijada erkaklarda ayol zotiga nisbatan bepisandlik, hatto nafrat hissini uyg'otadigan seriallar ko'payib ketdi”, deb yozadi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi Zulfiya Mo'minova.

Respublikamizning yetakchi nashrlaridan yana biri hisoblanmish “Yangi O'zbekiston” gazetasi sahifalarida ham 2025 yil mobaynida ijtimoiy-siyosiy hayotimizni yorqin aks ettiruvchi badiiy-publitsistik maqolalarga keng o'rin berilgani e'tiborga molikdir. Gazetaning 2025 yil 2 apreldagi 67-sonida “Ko'zlarimning ollida davron qizil, sorig', yashil” deb nomlangan maqola berilgan. Yurtimizda Navro'z va Ramazon hayiti shukuhi kezib yurgan bir pallada davlatimiz rahbari 31 mart kuni amaliy tashrif bilan Tojikistonga bordi. Xo'jand shahrida O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistonning mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to'g'risidagi shartnoma imzolandi. O'sha kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do'stlik stelasini tantanali ravishda ochdilar. Do'stlik stelasi bir-biriga tirgak bo'lgan uch qoyaga o'xshaydi. Ularni bog'lab turgan belbog' — do'st-birodarlik, ahil qo'shnichilik rishtasiga qiyos qilinganday go'yo. Yaqin qo'shnilar, qarindoshlar orasidagi rishta nihoyatda nozik va ayni damda juda mustahkam bo'ladi”, deydi maqola muallifi Boboravshan G'oziddinov.

“Yangi O'zbekiston” gazetasining 2025 yil 21 maydagi 102-sonida “Supurilgan izlar yoxud shahar qalbini tozalayotganlar” deb nomlangan maqolada ta'kidlanganidek, Farroshlar — shaharning nafasi. Olayotgan nafasimiz qanchalik zarur va kerakli bo'lsa, shahar uchun farroshlar ham shunchalik muhim! Ularsiz biror shahar hayotini tasavvur etib bo'lmaydi. Shaharning har bir toza ko'chasi, bog'i, xiyoboni va jamoat joyi ularning bir qarashda ko'zga ko'rinmasdek, lekin mashaqqatli mehnati evaziga saqlanmoqda.

“Yangi O'zbekiston” gazetasining 20 iyundagi 125-sonida shoir Shuhrat Orifning “Shoir bo'lib O'zbekistonda tug'ilish kerak” deb nomlangan maqolasi bosilgan. Adabiyotga e'tibor yangi O'zbekiston ma'naviy taraqqiyotining asosi, desak, aslo xato bo'lmaydi. Keyingi yillarda yurtimizda adabiy muhitni rivojlantirish, kitobxonlikni targ'ib qilish, ijodkor qadr-qimmatini ulug'lash va har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar mohiyatini anglagan hamda kechagi kun bilan qiyosiy tahlil qilgan har bir inson shunday xulosaga kelishi shubhasiz. Mubolag'asiz aytish mumkinki, bu islohotlar tasodifiy, yo'l-yo'lakay chora-tadbirlar hosilasi emas. Bu sa'y-harakatlar tizimli, davomiy va barqaror xarakterga ega. Millatni ziyoli qilish yo'lidagi keng ko'lamli intilishlarni tahlil qilsangiz, adabiyotga e'tiborning asosida Davlatimiz rahbari, ma'naviyatning bosh homiysi Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati va uning ijod ahliga bo'lgan samimiy mehr-muhabbati mujassam ekanini teran anglaysiz.

“Tong yulduzi” gazetasida bosilgan “Behbudiy va jadidlar: o'zbek millatining ma'rifiy uyg'onishi” deb nomlangan maqolada ta'kidlanishicha, jadidlar harakati bosh yetakchilaridan biri bo'lgan Mahmudxo'ja Behbudiy nafaqat Turkiston jadidchiligining asoschilaridan, balki ma'rifatparvar adib, noshir va pedagog sifatida ham xalqimizning ma'naviy rivojiga ulkan hissa qo'shgan. Behbudiy hayoti va ijodini o'rganish yosh avlodni tarbiyalashda, milliy qadriyatlarimizni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. “Tong yulduzi” gazetasining 17 fevraldagi “Qodiriy qaytmagan uy” deb nomlangan maqolada o'qiymiz: “1926 yilda ushbu darvoza oldiga hech kim yaqinlashmasdi. Chunki bu xonadonda istiqomat qilayotgan inson “xalq dushmani” deya qamalgan edi. Bu o'zbek zamonaviy adabiyotining otasi, millat faxri Abdulla Qodiriyning uyi… Bugun biz yozuvchi yashab ijod qilgan, farzandlari ulg'aygan Shayxontohur tumani, Samarqand darvoza ko'chasidagi xonadonda bo'lib, qaysidir ma'noda tarix bilan yuzlashamiz”.

“Ma'rifat” gazetasi sahifalarida nomiga yarasha, asosan, ma'rifatga oid salmoqli publitsistik maqolalar yoritilayotgani o'quvchida qiziqish uyg'otadi. Gazetada berilgan “Sun'iy intellekt va ta'lim: o'qituvchilar endi nima qiladi?” deb nomlangan maqolada ta'kidlanishicha, ta'lim sohasida SI (sun'iy intellekt) texnologiyalarining qo'llanishi yangi imkoniyatlar bilan birga dolzarb muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Ta'lim jarayoni, an'anaviy shakldan farqli ravishda, texnologiyalar yordamida yanada samarali, shaxsga yo'naltirilgan va innovatsion tus olyapti. Sun'iy intellekt, xususan, bilim olish va o'rgatish usullarini tubdan o'zgartirish qobiliyatiga egaligini namoyon qilmoqda. Bugungi kunda SI texnologiyalari o'quv jarayoniga chuqur kirib bormoqda. Ammo sun'iy intellekt texnologiyalari ta'limda faqat foyda keltiradi, deyish noto'g'ri bo'ladi. Ularning tez rivojlanishi qator murakkab savollarni ham keltirib chiqarmoqda. O'qituvchining an'anaviy roli qanday o'zgaradi? Sun'iy intellekt ularning o'rnini to'liq egallaydimi yoki qo'llab-quvvatlovchi vosita sifatida qoladimi? Ta'lim jarayonida inson omilining o'rni qanday saqlanadi? Bu kabi savollar bugungi ta'lim tizimining dolzarb muammolarini ifodalaydi. Shu bilan birga, ta'limning rivoji uchun SI texnologiyalaridan oqilona foydalanish katta ahamiyatga ega.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Xudoyberdi Komilovning “Kichik adabiyotning katta tashvishlari” deb nomlangan maqolasida bolalar adabiyotining burungi va bugungi holati tahlil qilingan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni keng yoritib borishda “Ishonch” gazetasining o'rni alohida ekanligini aytib o'tish kerak. Gazeta jamoasi har yili eng sara publitsistik maqolalarni to'plab, salmoqli kitob holida nashr etib borayotganini barcha tahririyatlarga namuna sifatida ko'rsatishni istardik. “Sakkizinchi kitob” deb nomlangan salmoqli to'plamning hajmi ikkita kitobga teng! Bu — gazeta muxlislari uchun ham o'ziga xos tuhfadir. Qudratilla Rafiqovning “Tarix sinovlaridan o'tgan haqiqat o'zbek va qirg'izni hech kim va hech qanday kuch bir-biridan ayira olmaydi” deb nomlangan maqolasi nafaqat O'zbekistonda, balki qo'shni Qirg'izistonda ham ancha shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Senat raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev bilan Husan Ermatovning “Yangi o'zbek diplomatiyasi fenomeni” deb nomlangan suhbatini alohida keltirib o'tish lozim. Bunaqa ochiq suhbat so'nggi 35 yilda ilk bor berildi, desak yanglishmagan bo'lamiz. “Mintaqa maqomiga ega davlatlarning rivoji, taraqqiyoti atrofidagi davlatlar taqdirini belgilaydi. O'zbekiston ham xuddi shunday davlatga aylanib bormoqda. Bu xalqaro miqyosda e'tirof etilmoqda. Demakki, so'nggi yillarda yana bir muhim burilish ro'y bermoqda. O'zbekiston nafaqat mintaqaviy, balki umumbashariy muammolarni hal qilish borasida ham faol harakat olib bormoqda”, deydi Sodiq Safoyev.

Jahongir Nahanovning “Ishonch doktrinasi” deb nomlangan maqolasida Yangi O'zbekiston tashqi siyosati haqida so'z yuritiladi. Maqolada “Buzilgan sukunat”, “Yangi O'zbekiston — yangi tashqi siyosiy mantiq”, “Prezident geosiyosat sub'yekti sifatida”, “Markaziy Osiyo: parokandalikdan yakdillik sari”, “Afg'oniston: keskinlik emas, diplomatiya”, “Bloklarsiz ko'p yo'nalishli siyosat”, “Global institutlar bilan hamkorlik” nomli tagsarlavhalarning o'ziyoq gap nima haqida borayotganidan dalolat beradi. Xuddi shu muallifning “G'oyalar maydonidagi bo'shliq!” deb nomlangan maqolasida dolzarb masala ko'tarib chiqilgan. Uning ta'kidlashicha, mafkurasizlik sharoitida yoshlar tashqi ta'sirga o'ta sezgir bo'lib qoladi. Individualizm, erkinlik, muvaffaqiyat kabi g'arb liberal qadriyatlari aksariyat yoshlar uchun yangi mafkuraga aylanadi.

Darmon Ibrohimovning “Plastikka aylanayotgan odam: bu haqiqatmi yoki yana bir vahima?” deb nomlangan maqolasida esa plastik mahsulotlarning inson salomatligiga salbiy ta'siri haqida so'z yuritiladi. G'ulomjon Mirahmedovning “Insoniyat ikki yo'l qarshisida turibdi” deb nomlangan sun'iy idrok bilan suhbati o'ta dolzarbligi bilan ajralib turadi. Salim Abdurahmonovning “Seriallar qarshisidagi savollar”, Feruza Rahimovaning “O'yinchoqlar ortidagi “o'yin”lar…”, Zebo Namozovaning “Yaraqlagan har narsa oltin bo'lavermaydi”, Gulruhbegim Odashboyevaning “Bizga bolalarni ekran qarshisiga “mixlaydigan” milliy animatsiyalar kerak”, Muhabbat To'raboyevaning “Yaqin yillarda o'zbek tilida nota daftari ko'rmaganman”, Jamshid Ergashevning “Chiqindi poligonlari”, E'zoza Umurzoqovaning “O'zbek “Instagram” segmenti —guruchsiz kurmak”, Mashhura Jo'raqulovaning “Qarshimizda “Z” avlod: jamiyat ularni qabul qilishga tayyormi?” kabi maqolalari, bir qator tashkilot va vazirliklarga ochiq xat va bu xatlarga javoblar kishini quvontiradi.

Respublika nashrlari orasida erkin fikrli “Hurriyat” gazetasida 2025 yil mobaynida ancha sermazmun, tahliliy, salmoqli publitsistik maqolalar yoritilgani e'tiborga molikdir.

“Hurriyat”da Muhiddin Mag'zumovning “Gazeta ortiqcha daxmazami?!” deb nomlangan maqolani ham alohida ta'kidlash joiz. “O'ylanib, lol qoladi kishi — dunyoda bajarilishi eng qiyin bo'lgan mashg'ulot ilmiy, badiiy adabiyotlar, kundalik, haftalik gazeta, jurnallar mutolaasimikan?! Bu olamdagi eng oson — xamirdan qil sug'urgandek silliq va ravon yumush esa bu — katta-katta mablag'ni sovurish hisobiga dabdabali to'y qilishmikan?! Ushbu har ikkisining birinchisi insonni dunyo va oxiratda xor qilib, yuzlarini qoraytirib va zalolat-u tanazzulga olib borarmikan?! Ikkinchisi esa ko'zlangan baxt manziliga eltib, najot kemasi yanglig' muqarrar halokatdan qutqarib, bandalarni Robbul olamin huzuridagi martaba-maqomini yuqorilarga ko'tararmikan?! Ushbu kinoyali savollarga barcha sog'lom fikrlilar hech ikkilanmay “najot — o'qishda, ilmda, bilimda” degan javobni aytishi aniq. Aslida ham shunday-da! Xo'sh, u holda nega jamiyatda — oilalarda, qo'ni-qo'shnilarda, mahallalarda va xesh-u aqrabolar davrasida kitobxonlik, gazetxonlik va ilm tahsili ustuvor ahamiyatga ega emas?” degan savol maqolada o'rtaga tashlanadi.

Yoki yana ushbu mustaqil nashrda e'lon qilingan tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarning “Naslingizni xatarga qo'ymang! Yoxud hammasiga pampers sababchimi?” deb nomlangan maqolasida ta'kidlanganidek, haqiqiy inson farzandlaru nevaralari istiqboli haqida o'ylashi bilan bir qatorda, Vatani va ona xalqining buguni va kelajagi to'g'risida ham tafakkur yuritadi. “Xulosa shuki, agar kelajak avlod sog'lom va barkamol o'sishini, nasllar davomiyligi barqaror bo'lishini istasak, pampersdan butunlay voz kechilmog'i zarur”, deyiladi maqolada.

Siyosiy partiyalar nashrlari asosan o'z partiyalari faoliyatini yoritishga harakat qilmoqda. Ular orasida salmoqli o'ringa ega bo'layotgan “XXI asr” gazetasi sahifalarida bugunning eng dolzarb mavzulari ham keng yoritilayotgani e'tiborga molikdir. Gazetaning 2025 yil 23 yanvardagi 3-sonida bosilgan “Olmaliqning oltin odamlari” deb nomlangan maqola muallifi Norqobil Jalil Olmaliq shahri va unga tutash hududlarni egallagan ulkan kombinatga uyushtirilgan sayohatida ko'rgan-kechirganlari haqida yozadi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati — mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash bo'yicha O'zbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha dunyodagi 30 ta yirik korxona safiga kiradi. Bu yerda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini belgilab beradigan juda katta ko'lamdagi islohotlar, zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya ishlari davom etayotir. Demak, XXI asr qahramonlari oramizda, Olmaliqda, Navoiy yo Sho'rtanda, Mo'ynoq yo Qo'qonda, Namangan yo Surxonda — O'zbekistonning to'rt burchagida ekanini, ular o'z qo'llari bilan ertangi kunimiz uchun mustahkam poydevor qo'yayotganini anglamoq fursati yetdi. Yangi O'zbekistonimiz tarixida oltin davr boshlanyapti!” deyiladi maqolada.

“XXI asr” gazetasining 29 may, 21-sonida Ro'zimboy Hasanning “Go'sht arzon bo'ladi, qachonki…” deb nomlangan maqolasida ta'kidlanishicha, “Ijtimoiy tarmoqlarda tog'oldi yoki dasht hududlar hisoblanmish Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va tabiiy yaylovlarga ega Buxoro va Navoiy viloyatlarida so'nggi yillarda chorva bosh soni kamayib ketayotgani, bunga tabiiy yaylovlar shoshma-shosharlik bilan fermer xo'jaliklari yoki klasterga aylantirilib, atrofi o'rab olingani, aholining chorva mollari o'tlashi uchun maydonlar qisqarib ketgani haqida yozishmoqda. Xalqimizda “Qo'lda boqilgan chorva o'z xunini yeydi”, degan g'alati ibora bejiz aytilmagan. Baribir chorva mollari hech bo'lmaganda bahor, yoz va kuz boshlarida tabiiy va sun'iy yaylovlarda boqilmas ekan, eng og'ir muammo hisoblangan go'sht narxi pasaymaydi. O'ylab ko'ring, bugun qaysi birimiz zararimizga ishlayotgan chorvachilik bilan shug'ullanamiz?! Ming yillik udum — har bir qishloq yo ovulning chorvasini yaylovlarga haydaydigan, buni ro'zg'orini boqish uchun kasbga aylantirgan cho'pon-cho'liqlik kasod bo'lib, ular ham tirikchilik uchun xorijga ketganini bilamiz. Ayniqsa, tog'oldi, dasht hududlarida asrlardan beri saqlanib kelayotgan chorva mollarini to'plab boqish, ya'ni podachilar tartibini eski o'zanga qaytarish vaqti kelmadimi? Albatta, tayinli odamni topish ham osonmas.

So'nggi paytlarda “Jadid” gazetasi ham jamiyatimizda o'ziga xos “hayot ko'zgusi”ga aylanmoqda. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan dolzarb va g'oyat muhim mavzular o'quvchilarni ma'nan boyitishga xizmat qiladi. 21 noyabr sonida Ahmadjon Meliboyevning “So'z — olov” degan maqolasi berilgan. Muallifning ta'kidlashicha, “Kitob deb atalmish beqiyos xazina insoniyatning buyuk ixtirolaridan biri sifatida e'tirof etilgan. Uning qudratini ramziy ma'noda quyosh taftiga qiyoslash mumkin. Shunda ham, inson qalbini yoritish faqat kitobning qo'lidan keladi, xolos. Shunday kitoblar borki, ular seni ohanraboday o'ziga tortadi, umring yo'llarida beminnat hamrohingga aylanadi, qayta-qayta o'qiysan, o'qiganing sari aql-shuuring to'lishib boradi va bu jarayon hech qachon nihoyasiga yetmaydi”.

“Oila va tabiat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi sahifalarida oila bilan bog'liq mavzular hamda ona tabiatni asrab-avaylashga oid sermazmun publitsistik maqolalar yoritilayotgani e'tiborga molikdir. Siyosiy partiyalar nashrlari orasida yana bir salmoqli o'ringa ega bo'lgan “Adolat” gazetasi sahifalarida ham dolzarb mavzular keng yoritilmoqda. “O'zbekiston ovozi” gazetasi sahifalarida ham 2025 yili qator dolzarb mavzudagi publitsistik maqolalar yoritilgan. “Milliy tiklanish” gazetasida badiiy publitsistika bilan bir qatorda tahliliy maqolalarga o'rin beriladi.

“Huquq” gazetasining 2025 yil 16 yanvar sonida bosilgan 2005 yilning 12-13 may kunlari Andijon viloyatida bo'lib o'tgan fojiaga bag'ishlangan “Bir fojiadagi ikki qismat” deb nomlangan maqola muallifi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist, prokuratura faxriysi Mirzohid Obidov do'stlari G'anijon Abdurahimov va Murodbek Ibrohimovning ikki xil qismati haqida hikoya qiladi.

Xullas, aytish mumkinki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, odamlar turmushidagi ijobiy o'zgarishlar 2025 yilda chop etilgan gazetalarimizda baholi qudrat keng yoritib borildi. Qator badiiy-publitsistik maqolalarda zamondoshlarimiz surati va siyrati, tafakkuridagi evrilishlar yorqin aks ettirilgani ijod ahlining zahmatli mehnatlari samarasidir.

Sharofiddin TO'LAGANOV,

O'zbekiston Yozuvchilar va 

Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + 8 =