Yo'qlik sinovi

yoki Shavkat RAHMON poeziyasiga bir nazar

Ochig'ini aytganda, ijodkorning chin umri u dunyodan o'tgandan keyin boshlanadi. Chunki tiriklikda barcha qatori ijodkorning ham borligi turli sabablar bilan bilinib turadi. Tiriklar qatoridan ketgach esa uning bor ekanini bildirish faqat bitiklari qo'lida qoladi. Agar ijodkorning asarlari tirik qolganlarga kerak bo'lsa, u dunyodan o'tgach ham yashayveradi. Agar bitiklari tiriklar ehtiyojiga javob bermaydigan bo'lsa, ijodkor unutiladi. Shu ma'noda yo'qlikning sinovi shafqatsizroq bo'ladi.

Talabchan shoir, fidoyi tarjimon, otashin publitsist Shavkat Rahmonning dunyodan o'tganiga yigirma yildan oshdi. Elda: “O'lding — o'chding”, — degan eshitilishi sovuq, ammo haqqoniy gap bor. Lekin chinakam iste'dod, yirik shaxsiyat ko'p asrlik maqolni ham yangilashi mumkin. Asl ijodkor dunyodan o'tgach ham nomi o'chmasligi, uning chin badiiy umri tana yo'qlikka ketgach boshlanishi Shavkat Rahmon misolida yaqqol ko'rinadi. Garchi uning kitoblari tez-tez bosilib turmagan bo'lsa-da, bitiklari didli she'rxonlar tomonidan eng ko'p o'qiladigan poetik asarlar sirasiga kiradi. Umidli yosh shoirlarning deyarli barchasi she'riyat maydoniga Shavkat Rahmon poeziyasi orqali kelishi tobora ayon bo'lib bormoqda.

Umr vafo qilganda, o'tyurak shoir bu yil yetmish beshdan ham oshgan bo'lardi. Yashagan qirq olti va yozgan o'ttiz yil mobaynida o'qirman hamda ijodkorlarning e'tibor, e'tirof va muhabbatini qozonish uchun iste'dodli bo'lishning o'zi yetarli bo'lmaydi. O'zgalarni chinakamiga seva bilgan odamgina boshqalarning sevgisiga sazovor bo'ladi, ularni o'ziga ergashtiradi. Sirtdan ko'zga tashlanmasa-da, Shavkat Rahmonning she'riyatida odamga cheksiz muhabbat yolqinlanib turardi. U, umuman, odamni, xususan, millatdoshlarini yuksak insoniy fazilatlar egasi bo'lgan minsiz shaxs sifatida ko'rmoq istaydi. Lekin atrofidagilarning unday emasligi shoirda adoqsiz iztirob uyg'otadi. Shavkat Rahmon she'riyatida ko'p uchraydigan nafrat ifodasi, aslida, otashin muhabbat bergan mevalardir.

* * *

Ijod tajribasidan ma'lumki, asl she'riyat muhabbat yoki nafratdan tug'iladi. Shavkat Rahmon bitiklari aksar hollarda adolatsizlik, yovuzlik, xunuklik, olchoqlik va xiyonatga adoqsiz nafrat tufayli paydo bo'lgan. Shu boisdan ular — jismni toblovchi og'riqqa, po'rtanavor ruhiy to'lg'oqlar va shamshirday keskir fikrlar ifodasiga to'la. Uning she'rlari o'qirmanga orom bermaydi, uni o'yga toldiradi, iztirobga soladi, ruhiy og'riqlarga duchor qiladi.

U 1975 yilda yozgan bir she'ridayoq dardu og'riqsiz, ya'nikim yuraksiz yashaydigan odamga nafratini bildirgan edi:

 

Ko'zingizni oching, qo'rqmang,

Ziyodan qamashsin, og'risin, mayli,

Mayliga yashamak bo'lsin qiyinroq

Ochiqligi tufayli.

 

Kishilikning muammolarini ko'rmaslik uchun ko'zni yumib yashashdan og'irroq jinoyat yo'q shoir nazarida. Shuning uchun she'rning davomida u, og'riqning zo'ridan tun bo'yi ingrab yotadigan shoir, og'riqlarini “og'riqsiz yuzlarga otib” yuraklarni uyg'otishini ta'kidlaydi.

 

Zulfiqor ruh kerak,

kerak chin yog'du,

chin ishq yolqinlari bag'rimga to'lsin,

jismimni toblasin faqat chin og'riq.

chechaklar qop-qora bo'lsa-da, bo'lsin…

 

Chin so'z, chin tuyg'u, chin amallarga doimiy intiqlik chin shoirlik belgilaridandir. Yuqoridagi misralar Shavkat Rahmonni boshqa minglab dardchil shoirlarga yaqin qiladi. Shu bilan birga, ayni shu misralar Shavkat Rahmon degan badiiy fenomenning boshqalardan tamomila farq qiladigan jihatlarini ham namoyon etadi: shoir “zulfiqor ruh” istaydi. Unga shunchaki qoniqmaslik, shunchaki norozilik, ruhning shunchaki injiqligi xos emas. Shoir insoniy komillik, odamiy to'kislik yo'lida qat'iyat, erkakcha amallar lozimligini chuqur anglaydi. Shu bois hech kim aytolmaydigan yo'sinda: “Bormi er qizlar?” — deya savol qo'yadi. Odam er bo'lgandagina yer bo'lmasligi shoirning barcha asarlari zamiriga singdirilgan yuksak tuyg'ulardan biridir.

Shavkat Rahmon she'riyati tashqi effektlarga unchalar boy emas. Chunonchi, shoir she'rlarida o'zbek nazmi uchun odatiy bo'lgan to'q qofiya juda kam uchraydi. Bu shunchaki tasodif emas. Shavkat musiqiy mutanosiblikdan, kishi tuyg'ularini allalab chalg'itadigan nazmiy ohangdorlikdan atay chekinadi. Kishi yuragiga bexato yetib boradigan, keskir qilichday tekkan joyini o'yib oladigan zalvorli va qirrador tuyg'ularni o'shanga monand yo'sinda ifoda etadi. She'r och qofiyali bo'lsa, kishini allalovchi musiqiylik unchalar kuchli bo'lmaydi. She'riy so'z zalvori misralardagi umumiy ohang og'ushida yo'qolib ketmaydi va o'quvchi uni teranroq idrok etish imkoniga ega bo'ladi. Sh.Rahmon bitganlarida tovushlarni o'ynatib, hissiyotining nozik qirralarini titkilab so'zdan olov chiqarishga emas, balki o'z-o'zidan gurkurab yolqinlanib turgan ruhning haroratini, porillayotgan tuyg'ularning alangasini ifodalashga yaraydigan so'zlarni qidiradi. Shoir hayoti mobaynida yonib yashadi va bundan malollanmadi, aksincha: “Yonmoqlik munchalar yoqimli!” — deya huzurlandi.

Shavkat bir umr keskir zulfiqor ruhning yorqin manzillariga yetib borishga astoydil intilib yashadi. U ruhdagina ozodlik, hurlik bo'lishini, ruhning farog'atsizligigina ma'naviy lazzat berishi mumkinligini chuqur anglagan inson, buni tuygan va tuydigini ifodalay bilgan shoir edi.

Chinakam shoir hamisha yo'l kishisi. Faqat bu yo'l jug'rofiy emas, balki ruhiy manzillardan o'tadi. U gunohlarga botgan zamindan orzudagi yurt — ezgulik tantana qilgan ko'ngildagi maskan sari otlanadi. Bu yo'lning mashaqqati ko'p, ozori cheksiz, farog'at esa faqat mo'ljalda. Lekin uyg'oq qalb jozibador maskan — ezgulik sari chorlayveradi. Shoir bu yo'lga yurmoqchi bo'lgan kishi qaltis lahzalarda pand berishi mumkin bo'lgan eng buyuk dushmani — xiyonatni o'ldirishi lozim deb biladi. Chunki xoin, xiyonatkor va qo'rqoq kimsalar bilan kurash yo'lidan yurib bo'lmaydi:

 

Yo'ldir bu,

nafsning botqog'i emas,

qilichning damiday chaqnagan yo'ldir.

Bu yo'lga yuzingni burishdan avval,

o'ldir, ichingdagi xoinni o'ldir.

 

Adolat yo'lidagi mashaqqatlar qancha bo'lmasin, shoirni qo'rqitolmaydi. Uni “ulkan soat o'rtasi” — o'tmish, bugun va kelajak orasida arosatda qolib ketish, tishlari o'tkiru hislari to'mtoq kaslar bilan yashash xavfi cho'chitadi. Bunday kaslarni shoir “qashqirlar” deb biladi. Shavkatning nurli manzillar sari chinakamiga otlangan yo'lovchi ekani saodat qaror topishi mumkin bo'lgan mangulikdan ham naridagi xayoliy maskan — O'shga tiyiqsiz intilishida namoyon bo'ladi:

 

Ulkan soat o'rtasida

Madorim yo'q yurmoqqa,

Qashqirlar davrasida

Sudralaman turmoqqa.

Shunda qolib ketsam gar

netamiz?

Abadiyat oralab

O'shga qachon yetamiz?

 

Shavkat Rahmon: ruhi keskir shoir, shu sabab so'zi, obrazlari, tashbehlari — keskir va qontalash. Uning so'rashishga uzatilgan qo'li ham o'rni kelsa, “…tig'day yaltirab ketish”ga qodir. U: “…tilim qonar keskir so'zlardan”, — deb aytishga mahkum ijodkorlardan. Uning tig'li so'zlaridan nafaqat tili, balki dili, ruhiy olami tilka-pora bo'lardi. So'zki shuncha og'riqli ekan, bu so'zlarni yuzaga keltirgan tuyg'ular qanchalar azobli bo'lsa! Bularni tuymoq va cho'chimay, hech kimni ayamay ayta olmoq uchun qanchalar jasorat kerak bo'lsa! Shoirning: “…bilmoqchi bo'lsangiz agar shoirlik jasorat so'zining tarjimasidir”, — degan so'zlarida zarra qadar chiranish, zo'riqish yo'q. Shoir dunyoni tozalamoq, uni takomillashtirmoq bo'ladi. Asli har qanday chin shoir shu niyatda qalam suradi. Ana shunday ulkan va vujudga sig'mas tuyg'uga egalikkina odamni ilohiy so'zga oshno etadi:

 

Kattaroq ochilsin barcha deraza,

shamollatish kerak

dunyoni bir oz.

 

Qalbi bezovta, ruhi uyg'oq shoir dunyoni o'ziniki biladi. U — dunyoga ham xo'ja, ham xizmatkor. Shu tufayli shoirning yuqoridagiday da'vatlari erish tuyulmaydi. Chunki ochun — uning o'z mulki. U — dunyoning chin egasi. Egasi bo'lgani uchun ham uning tozaligi haqida boshqalardan ko'ra ko'proq qayg'urishga ham burchli, ham haqli.

Shavkat Rahmon tamomila o'ziga xos shaxs bo'lgani bois olam manzaralarini mutlaqo o'zgacha ko'radigan, o'zgacha tuyadigan, kutilmagan hayotiy hodisalar zamirida fojia ko'ra biladigan shoir edi. Uning baxti ham, baxtsizligi ham boshqalarnikiga o'xshamasdi. Uning she'rlarini o'qigan kishida shoir umr bo'yi o'z baxtidan xijolat chekib, omad va oromidan uyalib yashagan, degan o'y paydo bo'ladi. Olam tartibotining notugalligi, odamning nokomilligi, jonini tikkani — Vatanning obod emasligi, hayotini bag'ishlagani — millatning norasoligi, insonlar ruhiyatining bu qadar chirkinlashgani shoir qalbini tig'day yaralaydi. U Vatani va millatining ahvoli uchun xijolat chekadi, o'zini aybdor sezadi. Shu bois u baxt haqida gapirishdan, yengil, rohatbaxsh havolarda kuylashdan qattiq og'rinadi:

 

G'am so'zin elimdan avvalroq aytdim,

baxt so'zin aytaman,

eldan keyinroq.

 

Shavkat millatining odamlik va odamiylik darajasi bilan kelishmay yashadi. Menimcha, u odam sifatida ham, ijodkor sifatida ham jangari emas, lekin murosasiz edi. Shu bois uning bitganlarida chirkinlikka isyon, uni inkor qilish; yorug'lik, tozalik va yuksaklikka intilish kuchli edi. Uning zulfiqor ruhga intiqligi shundan.

Shavkat Rahmon izlagan, qo'nim topgan zulfiqor ruh manzillari haqida fikrlash kishini uning murakkab she'riyatini bir qadar anglash imkonini beradi. U she'riyatga hech qachon ko'ngil ermagi, ruhning injaliklarini namoyon etish vositasi, deb qaramagan. Uning uchun she'riyat hayot-mamot masalasi edi. Shoir o'zining zulfiqor ruhi bosh urib boradigan makonlar: ko'ngil, millat, Vatan singari manzillar haqida yonib yozardi.

Shoir ko'ngil yuvilmaguncha, poklanmaguncha odam o'zgarmasligini, odam o'zgarmaguncha olam tarovatli bo'lmasligini tuygani bois yozadi: “Bir yomg'ir istarlar, g'assol istarlar…”. O'z ko'nglini poklab yuksaltirolmagan millatning yuksalishi mumkin emas. Odamning odamligini, elning elligini ko'ngil martabasi hal etadi. Shavkat Rahmon ko'ngilning o'lmasligini, abadiyligini shunday ifodalaydi:

 

Mendan nima qolur,

abadiy nurlar

barq urib yashnagan dunyo tomonda?

Urinib-surinib sira to'lmagan

bir ko'ngil qoladi

qolsa ham mendan.

 

Dunyoning mavjud tartibotidan shoirning nozik ko'ngli aslo to'lmaydi. Chunki odamzod to'la komil bo'lmagan olamda shoir ko'ngli to'lishi mumkin ham emas. Shu bois u o'z ko'nglini qontalash qilib bo'lsa-da, o'zga ko'ngillarga yetib bormoq, ularni nafsning iskanjasidan qutqarmoq, yuksak a'mollar haqida o'ylashga majbur etmoq istaydi:

 

Faqat ishq…

Faqat ishq…

Boshqasi sarob,

Boshqasi shamolning oniy suroni, —

 

deb yozadi shoir “Munojot” she'rida. Chindan-da o'zini tanigan, qalbini taftish qila oladigan odam uchun ishqdan boshqasi, ko'ngilning yuksak intilishlaridan o'zgasi — o'tkinchi va omonat. Ammo hamishalik qadriyatni o'tkinchi havaslarga almashtirishga hozir bo'lgan kaslar sanoqsiz. Bundaylar haqida shoirning: “…tafakkur sasigan, ruhlari so'lgan”, — deyishi adolatdandir. Shavkat Rahmon faqat tirikchilik ko'yiga tushib, ko'nglini butkul unutgan insonning sezimlarini uyg'otishga, uning ham odam ekanini eslatib qo'yishga urinadi: “Uzoqroq tikilgin o'zingga, odam!” “…axir, vujuddamas, qalbdadir quvvat”. Shoirning ko'ngli — o'ta nozik va sezgir. Shu bois hayotdagi jinday adolatsizlik, andakkina zug'um uni muvozanatdan chiqaradi, yuragida chandiq qoldiradi:

 

…haqorat — xotirga sanchilgan nayza.

Sezaman, poyonsiz qorong'ilikda

chinqirib o'sadi xo'rlangan maysa…

 

Shoir istaydiki, ko'ngil maysasi zo'rlik ko'rmay, shodumon o'ssin. Asli shu ta'sirchan, yalang'och va himoyasiz ko'ngil xossalari odamni shoirga aylantiradi. Mo''jazgina ko'ngilning dardlari, og'riqlari qanchalik ulkan bo'lsa, shoirning talanti ham shunga mutanosib yirik bo'ladi. Yirik ko'ngilga ega bo'lgani uchun ham Shavkat Rahmon g'urur bilan:

 

Manim, kichik ko'nglim,

ay, shoir ko'nglim,

nokaslar ra'yiga tushmagan, ko'nglim!..

 

deb ayta olgandi.

Shavkat Rahmonning “zulfiqor ruh”iyati bezovtalanib izarlagan ikkinchi manzildan millat joy olgan. U “Iqror” she'rida yozadi:

 

Men jangchi emasdim,

men shoir edim,

nihoyat shoirdan ko'ra zobitman,

har nafas musulmon millatim dedim,

nafsiga kuyganlar keldi oqibat.

…yaproqday sarg'ardim buyuk urushda

musulmon yo'q edi,

yo'q edi millat.

Shavkat Rahmonni shoir qilgan ham, uni adoqsiz g'ambodalik quchog'iga itqitgan ham o'z millatiga cheksiz muhabbat tuyg'usi edi. Shoirning tuyg'ulari — erkakcha. Uning muhabbati chuchmal navozishlardan yiroq. To'g'ri, u millatini suyadi, lekin o'ysiz, ko'r-ko'rona, taftishsiz emas. U millatning xor bo'lishi ham, yuksalishi ham uning o'z qo'lida ekanini anglaydi va bu anglam shoirning deyarli barcha she'rlarida aks etadi:

 

Voy, odam,

Voy, itning kalta oyog'i,

Ko'zingda qaynaydi ajinalaring,

Xudodan so'rayman es-hushim og'ib,

Tezroq tugasaydi ganjinalaring.

 

O'zidan, ko'nglidan, qadridan bexabar, umrini nafsi yo'lida ganjina qidirish va yig'ishga sarflagan millat itning keyingi hamda “kalta” oyog'i bo'lib qolishi, bunday kaslar to'dasini nafsidan bo'lak narsa qiziqtirmasligi fojiasi shoirni o'rtab yuboradi.

Shavkat Rahmon ijtimoiy lirikasining eng sara namunasi bo'lmish “Turkiylar” she'rida asosiy etnik belgisi: boshsizlik va birikmaslik bo'lgan turkiy xalqlarning fojiasi laxta-laxta qonga aylangan shoir yuragining achchiq faryodi tarzida ifoda etiladi:

 

Turkda bosh qolmadi…

qolmadi dovlar…

…Tug'ildi,

Tug'ildi,

Tug'ildi qullar…

 

Sh.Rahmon millat oldiga masala qo'yishga, bugun o'zbekning ajdodlar tarixiga munosib yashay olmayotganligi sababi haqida undan so'rashga, o'rinli javob ololmagach, eli tiynatidagi illatlarni shafqatsiz tarzda ochib tashlashga o'zida kuch va haq topadi:

 

Ey, elim,

qachondir bir gala bedil

ko'ksingdan dilingni sug'urgan mahal

nega shol yuzingni burding teskari,

nega tirik qolding ichmasdan zahar?!

 

Milliy she'riyatimizdagi xalq tasvirga tortilgan bitiklarda u hamisha jabrdiyda, qurbon tarzida ko'rsatilishi odat tusini olgan bir vaqtda, itoatkorlik, munglilik, bechoralik, mushtiparlik millat uchun fazilat emas, balki illat ekanini faqat uni astoydil suygan va uning uchun chinakamiga kuygan farzandgina ochiq ayta oladi. Shavkat millatning o'zini ham qotil, ham maqtul deb biladi. Chunki qullik o'lim bo'lsa, qullikka ko'nikish o'ziga nisbatan qotillikdir. Shoirning o'zbeklarga keyingi iddaosi yanada kattaroq. U “Kenglik sog'inchi” she'rida yozadi:

 

Ey beklar,

zahar ich — o'zbeging qolib,

o'zgaga bo'ysunding,

o'lganing shuldir.

Shundanmi boshida teridan qolip

Saksovul singari mayishgan budun…

 

Shavkatning millat haqidagi she'rlari faqat mazmun ko'lami bilan emas, balki ifoda tarzi bilan ham o'ziga xos va o'ta ta'sirlidir. Bu yo'ldagi she'rlarda shoir shaxsiyatiga xos sifatlar yorqin namoyon bo'ladi. Tuyg'ular o'zining eng muvofiq va eng ma'qul ifoda shaklini topadi. Shoirning millatga qarata: “…o'lar bo'lsang, ozodlarday o'l, qolar bo'lsang, endi birikkin”, — tarzidagi xitobi o'qirmanni seskantiradi, hayotining chin ma'nosi haqida o'ylab ko'rishga undaydi. Ayni vaqtda bu fikrlarning ifoda yo'sini ham g'oyat original ekani bilan e'tiborni tortadi.

Sh.Rahmon olam manzaralarini, tafakkur xulosalarini tamomila o'ziga xos idrok etadi. Shuning uchun ham:

 

…egilgan narsalar tegar g'ashimga…

egilgan boshlarni

qilichlar kessin, —

 

deya o'zbekning keng tarqalgan mashhur maqolini inkor qiladi. U har bir o'zbekning odamga munosib tarzda mag'rur bosh ko'tarib yashashini orzulaydi. Shunga intilmaganlarni kechirgisi kelmaydi.

Shavkat Rahmonning zulfiqor ruhi bezovta kezib, sarsari izlagan uchinchi manzil Vatan edi. Shoirning Vatanga muhabbati chegara bilmaydi va u chaqirig'u undovlardan iborat emas. U harakatga, amalga qobil: “…shoir yuragimni yulib berardim, birgina Turkiston degan so'z uchun”. Ayni vaqtda u Vatan tuyg'usini o'z vaqtida, yetarli ko'lamda anglamadim, deb o'zidan yozg'iradi, chuqur iztirob chekadi. Shoir Vatanni anglash yo'lida hech kimni, jumladan, o'zini ham ayamaydi. Shu bois: “Sendan-da ulug'roq narsa yo'qligin sochim oqarganda angladim, Vatan!” — deydi o'kinch bilan. Vatan haqidagi to'xtam o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Har kishi o'z Vatanini yashab o'tishi kerak. Shoir Vatanini ichiga joylaguncha, ichdan kechirguncha, uni o'z umri bilan yashab o'tguncha, sochi oqardi.

Sh.Rahmon ko'ngil, millat va Vatan haqida hamisha anduhli yozardi. Ammo ular yorug' manzillarga intilgan nekbin solikning anduhlari edi. Shu ma'noda, shoir kelgan to'xtam ayni haqiqatdir:

 

Porlar toshga do'ngan so'zlarim,

porlar mangu odamiy ruhim,

porlar Haqqa tashna ko'zlarim,

xudo bergan mangu anduhim,

yorug' anduhim…

 

Shavkat Rahmon she'rlarini sinchiklab o'qigan odamga shoir tirik ekanligidan, bu hayotda yashayotganidan xijolat tortayotganday tuyulaveradi. Bu hol uning bitganlarida bot-bot bo'y ko'rsatadi: “Ko'proq yashab qo'ydim, shekilli”, — deydi bir she'rida. Shoir noraso elni, noravo Vatanni tashlab ketishga shoshilib yashaganday… Shundanmikan, kishi Usmon Nosirni qariya sifatida ko'z oldiga keltirolmagani kabi Shavkat Rahmonni ham yetmish besh yoshli oqsoqol sifatida tasavvur qila olmaydi. Butun bir millatu Vatanning zil dardini ortmoqlagan majruh ko'ngil bilan shuncha yil yo'l bosish osonmas, albatta.

Qo'l urgan ishiga astoydil kirishadigan Shavkat shoirgina emas, halol va zahmatkash tarjimon ham edi. Uning zahmatkashligi shunchalikki, ijodiga mehr qo'ygan Lorkaning she'rlarini oldin ruschadan o'zbek tiliga o'girib ko'rdi. Lekin sevimlisi Lorkani emas, balki uning tarjimonlarini tarjima qilayotganidan qoniqmay, atay ispan tilini o'rganishga kirishdi. Natijada tarjimalarida ispan shoiri she'rlarining ma'nosinigina emas, uning ohangi, ifoda yo'sini, tabiiy stixiyasini ham bera oldi. Shavkatning aynan Lorka she'rlariga muhabbat qo'yishi ham bejiz emas. Chunki Shavkatning o'zi kabi Lorka uchun ham she'riyat faqat ko'ngil holatlari ifodasi emas, balki ozodlik, erk, go'zallik, baxt singari ezgu insoniy sifatlarga ega bo'lish uchun kurashish vositasi edi. Lorkaning: “Ziddiyatli davrimizda ijodkor xalq kulsa kulib, yig'lasa yig'lamog'i, o'z binafshalaridan voz kechmog'i, beligacha botqoqqa botib bo'lsayam binafsha izlayotganlarga ko'maklashmog'i shart”, — tarzidagi yondashuvi shoir Sh.Rahmonning ham shaxslik belgilariga xos xususiyatlar edi. Lorka chin ijodkor o'z binafshasi (baxti, deb o'qing)dan voz kechib bo'lsa-da, xalq baxti uchun kurashayotganlarga yordam berishi kerak, deb hisoblardi.

Lorkaning deyarli barcha she'rlariga xos tabiat ko'rinishi bilan inson ruhiyati o'rtasidagi qarama-qarshilikni ko'rsatish usuliga xos jihatlarni tarjimon o'zbek tiliga ham bor jozibasi bilan ko'chira bilgan.

Sh.Rahmon o'zini ayamaydigan, zimmasidagi yukini yengillatishni o'ylamaydigan yo'l ahlidan edi. Shungamikan, u yolg'on dunyoni juda vaqtli tashlab ketdi. Ammo, yaxshiyamki, umr faqat yashalgan yillardan iborat emas. Qilgan mahsulli amallar hisob ekan.

Chinakam ijodkor bashoratchi bo'ladi. U bitganlarida bilib-bilmay, o'z qismatini bashorat qiladi. Sirli yo'sinda g'ayb olami bilan tutash, ammo yerda uning adoqsiz tashvishlari orasida yashashga mahkum ijodkor o'zgalarni-da o'zinikiday yuksak tuyg'ular og'ushida yashashga undaydi. Xayriyatki, bu olamda cheksiz to'siqlarga qaramay yuksak manzillarni ko'zlab yashay oladigan buyuk zotlar bor. Bu sertashvish dunyoning yuki shundaylar yelkasida.

Shavkat Rahmondagi baland ruh, erkin ko'ngil atrofga tiyrak nazar bilan hushyor qarash imkonini beradi. Ruh uyg'oqligi, ko'ngil erkinligi shoirga kutilmagan tashbehlarni taqdim etadi. Ruhi qolipda bo'lgan kishining fikri ham, tuyg'ulari ham bo'g'ovda va uning yaratiqlari esa qafasbop bo'ladi. Chunki fikr ham, tuyg'u ham yaratiq sifatida yaratuvchisi darajasidan ortiq bo'lolmaydi. Shavkat Rahmon erkin ruh kishisi o'laroq qalb qiynoqlari, ruhiy iztiroblariga qaramay, ezgulikka umid qila oldi:

 

...Biroq yerda mangu yashaydir

ko'hna yuzim, o'ychan ko'zlarim,

demak, o'lmas bu dunyoda hech

xudo bergan ezgu so'zlarim…

 

O'tyurak shoir va dilbar shaxs Shavkat Rahmonning ezgu so'zlari o'zbek bilan birga mangu yashayajak!

Qozoqboy YO'LDOShEV,

pedagogika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 2 =