Ko'ngilni havolantirish — saodatdir

Men ko'p yillardan beri radio eshitaman. Ishxonamda radio bor. Men sizga aytsam, musiqa tinglash masalasida ba'zilardek emasman. Otajon Xudoyshukurov aytgan “Xorazm segohi”, “Katta suvoralar”ni tinglash uchun hamma ishlarimni yig'ishtirib qo'yaman. Dilnura Qodirjonovaning avjlari ham meni hayratga soladi.

Men aytaman: endi bu avjlarga hech kimning qo'li yetmasa kerak. Dilnura mumtoz qo'shiqlar ijrosini shu darajada yuksakka olib chiqdiki, uning poyida hali ko'p yillar ming'irlab yursalar kerak. Sizga yana bir gapni aytaymi? Otajon Xudoyshukurovning, Dilnura Qodirjonovalarning avjlari odamning ko'nglini tog'day ko'taradi! “Ko'taradi” degan ibora juda g'arib. Bunday qo'shiqlarni eshitgan odam havolanadi: ana shu ibora to'g'ri! Ko'ngilni havolantirish esa saodatdir: men har safar “Lison ut-tayr”ning oxiriga borganda shunday kayfiyatga tushib qolaman. Vujudimga allaqanday kuch quyilib kela boshlaydi. Ko'ngilning havolanishida esa gap ko'p: qo'ltig'ingizdan go'yoki qanot o'sib chiqadi, odim otganingizda oyog'ingiz yerdan uziladi, osmonu falaklarga uchgingiz kelaveradi.

Qaysidir yili Zayniddin Zidan sarkorligida farang futbolchilari jahon chempioni bo'lishdi: xalq bundan havolanib ketdi va mamlakat bo'yicha mehnat unumdorligi yigirma foizga o'sdi! Axir Forobiy hazratlari “Navro'zi olam”i bilan kun sayin yurt firog'ida tonglari sarg'ayib borayotgan tutqunlarni davolaganligi ham bizga manbalardan ma'lum-ku!

Men aytaman: maromiga yetkazib ijro etilgan mumtoz ashula go'yo zikrday! Shuning uchun unga daxl qilish, o'zining holidan bexabar qo'l urish, uning o'ziga… moslashtirib ijro etish xalqning yuragiga burov solish bilan barobar gunohdir, gumrohlikdir!

Yaxshi gapning, yaxshi so'zning, yaxshi ashulaning g'amxo'ri, ichkuyari bor: muxlislari – xalq! Bashariyat tarixi ko'z ko'rib, quloq eshitmagan yuksalishlar qurshovida. Bu holatlar osoyishtaligimizni ta'minlab beradi, degani emas. Aksincha, mavjud harakatdagi tizim faoliyatiga turli yo'llar bilan raxna solishga urinishlar bo'lishi shubhasizligini anglatadi. Biz istaymizmi-yo'qmi, bu ko'hna olam shunday yaralgan. Ona tuprog'imiz o'z-o'zidan obod bo'lmagan. Odamlar ishonchini qozonib, ularning qora qozoni qaynab turishini ta'minlashning o'zi ulkan baxt. Hozir ham qiyinchilik damlarini yodga olsam, badanim seskanib ketadi. Boisi, ko'pchilikning keyingi taqdiri qanday kechar ekan, degan o'y bilan yashaganman. Og'ir sinovli yillar davrida hokimiyat tizimida oddiy xodim bo'lib ishlash ham kishiga jiddiy mas'uliyat yuklardi. Biroq menga odamlarning taqdiri bilan bog'liq mas'uliyatli vazifa ishonib topshirilgan edi-da. “Mana, senga to'kin hayot, mana, maqsading sari oydin yo'l, qani, marhamat!” demagan hech kim. Hammasi boshidan boshlangan: el dardiga malham bo'lish uchun bor imkondan foydalanishga harakat qilingan edi. Bu gaplarni shunchaki aytib bo'lmaydi. O'tgan asrning 30-40 yillari. Qahatchilik — naq jahannam olovini purkardi. Yo'qchilikning nafasi bosh suqmagan ostona qolmagandi. Shunda xalq jipslashdi, qo'lni qo'lga berib, birgalikda manzil tomon harakat qilindi. Shuning uchun ham ellar, xalqlar jasorati, mardligi bois fashizm ustidan ham g'alaba qozonilgan edi. Bu bilan butun insoniyat ulug' fojiadan asrab qolingan edi desak ham xato bo'lmaydi. Tahlikali kezlarda men Vatanim uchun nima qilishim kerak, degan o'y barchaning qalbiga muhrlandi. Ayni ushbu pallalarda xalqning matonati yana bir karra ko'rikdan o'tdi. Ha, bu gaplar Vatan uchun jonim fido, degan har bir kishi uchun ibratdir.

Unutmaslik lozimki, Mustaqillik, erkinlikka shunchaki erishilmagan, bu yo'lda chekilgan hasratlar yuzaki to'qima yoki afsona emas. Aksincha, yo'lga chiqqan karvonimiz bilan jahonga bo'y ko'rsatdik. Aytish mumkinki, bu — mustaqilligimizni g'oyatda qadrlashga hamda shu el uchun bor g'ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga chorlaydi. Eng oliy ne'mat, baxt aslida shu emasmi?!

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

Denov tuman Ma'naviyat va

ma'rifat bo'linmasi

rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 3 =