Buyuklik baxti

Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko'lamli islohotlar 

Yangi O'zbekiston davrini boshlab berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma'rifiy va madaniy muhit paydo bo'ldi.

Buyuklik, buzrukvorlik — inson xislati va fazilatlarining muazzamligi demak. Har bir inson o'ziga xos ravishda buyuklikka da'vogar va egalik qilish huquqiga muyassarman deb hisoblaydi. Ammo bu shunchaki sodir bo'ladigan gap emas. U bunga munosib yoki muyassar bo'lishi uchun umri davomida halol va pokiza kurashib erishadi. Buyuk insonga, buyuk zotga aylanish — bu jasorat ila mehnat qilish, shu maqom talablarini tartib-qoidaga ko'ra bajarish shart deganidir.

Demak, millatga nisbatan buyuklik ham bu jasurlik ila matonat ko'rsatish, qahramonlik shon-shuhratini egallash mezoni bilan o'lchanadi.

Agar jahonda tan olingan 300 ga yaqin millat mavjud bo'lsa, ulardan sanoqlilari buyuklik maqomiga erishgan hisoblanadi. Aytish joizki, jahon standarti va maqomi kabi qat'iy o'lchovlar borki, bu mezondan o'tish shartdir. Chunonchi, buyuk xitoy, buyuk hind, buyuk rus, buyuk arab, buyuk turk, buyuk ispan, buyuk nemis, buyuk fransuz, buyuk ingliz, markaziy osiyoliklar ham o'zlarini buyuklar safiga kiritadilar. Yana 20, 30 ta davlat millatlarini aytish mumkin.

“Millat borki, ularning deyarli hammasi buyuk va ulug'lik toifasiga kirishga urinadi”, deguvchilar ham bor.

Inson muammosini o'rganishdan ko'zlangan maqsad, uning o'zligini anglashiga, o'z “men”iga erishishiga “yordamlashish”, yana ham aniqrog'i — uning shaxs darajasiga ko'tarilishi bilan bog'liq imkoniyatlarni izlab topishdan iborat. Chunki inson dunyoga kelib, ulg'ayish jarayonlarida turli ijtimoiy munosabatlarga kirishadi, uning ehtiyoj va manfaatlari shakllanadi. Biroq har doim ham ehtiyojlarning barchasini qondirish imkoniyati yo'q. Buning asosiy sababi ularning cheksizligi va bepoyonligidir. Bu, bir tomondan, ehtiyojlar va manfaatlarning cheksizligi bo'lsa, ikkinchi tomondan, davrning o'zi ham doimiy rivojlanish va o'zgarishda ekanligi bilan bog'liqdir.

Ehtiyoj va manfaatlarni muvozanatga keltirish hamda insonning o'zini o'zi anglashiga yordamlashish, unda barcha munosabatlarni insoniyat shaxs, kishi darajasiga ko'tarilish asosi sifatida qarash kerak.

Taniqli faylasuf olim Sa'dulla Otamurodov bu borada: “Insonning “men”i turli munosabatlar orqali namoyon bo'ladi, ulardan biri bu insonning o'z millati vakili ekanligini anglashi va unga bo'ladigan mas'uliyatidir”, deb qayd qilsa, Kembrij universiteti professori Ernest Gellnerning fikricha, “amalda millat bor-yo'g'i davlat kabi tasodif, ular umumiy zaruriyatdan kelib chiqadi”.

Ovro'pa mamlakatlarining aksariyati elektron pasport tizimi tashkil etilganligi munosabati bilan 17 ta davlatda pasportlardagi “millat” grafasi olib tashlangan. Ularda fuqarolik insonning asosiy “belgisi” sifatida amal qilmoqda. Umuman, bu tartibga o'tish insonlarning o'z “millati”dan “voz kechishi”ga olib keladimi? Bugun ma'naviy qashshoqlikni o'z boshidan kechirayotgan G'arbga taqlid qilib yashash umumiy tamoyilga aylanishi kerakmi? Ularning pasportlaridan “millat” grafasini olib tashlashidan ko'zlangan maqsad, insonlarni millatdan mahrum qilib, ularning ma'naviyatga, insoniylikning oliyjanob tuyg'ulari va go'zallikka bo'lgan qarashlarini bir qolipga solishga qaratilgandir.

Aslida, falsafiy mantiqiy tafakkur nuqtai nazaridan qaralganda, nega biz ana shunday qarashlarga oxirgi “nuqta”ni qo'yishimiz kerak? Millat ham inson kabi tabiat va ilohiy qudratning mahsulidir. Bu barcha fanlarning faol ishtirokida o'rganilishi zarur bo'lgan muammolardan biri. Bunday ehtiyojning ikkita sababi bor. Bu, bir tomondan, insonning barkamollik darajasiga ko'tarilishi, unga istiqbol oldidagi mas'uliyatini anglatish, ikkinchi tomondan, muhimi, insonlarning o'zaro begonalashuvi jarayonlarining oldini olish bilan bog'liqdir.

“Hozirgi paytda insonlarda “biz”dan ko'ra, “men”lik ruhiyati kuchayib bormoqda. Bugun begonalashuv jarayoni yagona “yo'nalish” sifatida shakllanmoqda. U insonning o'zidan boshlab to barcha ijtimoiy munosabatlargacha keng qamrovli jarayon sifatida ketayotganligini kuzatish mumkin. Fikrimizcha, shunday imkoniyatlardan biri insonning millatga mansublik omili bo'lib hisoblanadi. Millatga mansublik shunday ulug' tuyg'uki, uni anglash turli qarashlarga ega bo'lgan insonlarni bir tanu bir jon qilib birlashtiradi. Aslida, millat ana shunday insonlar orqali real namoyon bo'ladi. Insonga xos bo'lgan g'urur, or-nomus, iftixor, “menlik”, his-hayajon, muhabbat, g'azab kabilar ana shu insonlar vositasida o'z ifodasini topadi”, deb qayd etadi S.Otamurodov. Agar ular har bir insonga xos individual holatda amal qilsa, millatda ularning o'ziga xos uyushgan holatida namoyon bo'ladi. Shu tariqa ular individuallikdan umumiylikka aylanib boradi. Eng asosiysi, bu jarayon tabiiy kechadi, unga kimdir ko'rsatma berishiga zarurat qolmaydi.

Insonning ijtimoiy maqomi, uning umuminsoniy qadriyat sifatidagi ko'rsatkichlarini baholashda nimalarga ustuvorlik berilishi to'g'ri bo'ladi, degan savol qo'yiladigan bo'lsa, albatta, uning moddiy va ma'naviy mavjud ekanligiga shubha tug'ilmaydi. Chunki inson ijtimoiy munosabatlarga kirishar ekan, nafaqat oila a'zosi, davlat fuqarosi, jamiyat a'zosi yoxud u yoki bu mulkka, ijtimoiy guruhga daxldor shaxs, shuningdek, u bir xil keng ma'nodagi moddiy va ma'naviy umumiylikdagi aholining “uyushma”siga ham mansubdir. “Uyushma”ga kim yetakchilik qiladi, degan savolga javob izlaganimizda, ularni o'zaro bog'lab turadigan botiniy kuchga, qudratga ko'proq ustunlik berish juda zarur bo'ladi.

Odam bolasi inson bo'lib dunyoga kelarkan, millatning qandaydir ichki madaniy-ma'naviy “element”lari va ruhiyati hamda o'ziga xosligini ona qornidayoq — oziqlanish va ulg'ayish jarayonida o'zida shakllantira boshlashi mumkin-ku! Yana ham aniqrog'i, u insonga “qon bilan kirib”, jonda amal qilishiga aylanadigan ilohiy va tabiiy kuch-qudratdir.

Islom olamining bebaho va benazir kitobi Qur'oni karimda ham “inson dunyoga buyuk, buzrukvor, muazzam, ulug' bo'lib keladi”, deyilgan. Qani, bu fikrga biror raddiya bormi? Taftish qila olasizmi?

Shunday. Tug'ilish… Insonning dunyoga kelishining o'ziyoq buyuklik, ulug'likning ibtidosi-ku! Bu yog'i peshonasidan ko'radi, degan quyma gap ham bor. Bu yog'i qorong'i va mavhum. Chaqaloqni nimalar kutyapti? Allohning, buyuk taqdirning ishi! U unib-ulg'aysin, bir gap bo'lar deguvchilar — mislsiz darajada o'nglab bo'lmaydigan xatoga yo'l ochib beradilar!

Shu tobda bosh o'lchov mezoni: tarbiya, tarbiya va yana tarbiya hammaning, barchaning ishi ekanligi unutilib, oddiy holatga o'tiladi: eti qotsin, suyagi mustahkam bo'lsin. Tetapoya bo'ldi, yurib ketdi, tili ravon va hokazo. Oddiylik, beparvolik shundaki: bir gap bo'lar…

Bola ona allasidan milliy ruh tarbiyasini oladi. Milliylik — bu o'zbeklik, o'ziga beklik; millati tojik bo'lsa, uning-da o'ziga xosligi va mosligi, bir-biridan go'zal urflari bor; qozoq bo'lsa, mardi maydon, bir-biridan go'zal ona allalari, o'zining keng sarhadlari — qir-adirlar, yaylovlari bor; rusga kelsak, sho'x-shodon onalari, buva-buvilari, opalari erkalab aytgan dil so'zlari ila bolalari bag'rining kengliklari…

Bu har millatning o'ziga xos yana sir-asrorlari borki, Shavkat Mirziyoyev ming bora ta'kidlaganlaridek, asos o'zagi — tarbiya, tarbiya yana bir marta tarbiya!

Jahon ahli — butun millatlar, xalqlar, elatlar o'z farzandlari, dilbandlariga qanday tarbiya va ta'lim berishning tamal toshini qo'yadilar. Bu yog'i jahon afkor ommasiga bog'liq. Jahon xalqlarining o'nlab, yuzlab aforizmlari bunga misol: “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, “Bola tarbiyasi oiladan, mahallasidan boshlanadi”, “Tarbiyaning bosh o'lchovi buyuklikka da'vogarlik”, “O'zingni, oilangni, yurtingni asra”, “Tarbiya — najotda, ta'lim — najotda, hayot — najotda” va hokazo.

“Tarbiyaning asosi — milliylikda, milliy ruh va g'oyaviy mafkurada” degan gap ham bejiz aytilmagan. Demak, olam va odamlar shu ruhni his qilib yashaydilar.

Buyuklik, ulug'vorlik negiz-asosi buyuk tarbiyadan boshlanishini e'tirof etdik. Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev qat'iyatli inson, metin va bukilmas siyosiy iroda sohibi ekanligini tasdiqladi. Yoxud daho inson, siyosiy milliy yetakchimizning xalqparvar rahbar, yuksak salohiyatli haqiqiy islohotchi ekanligiga ishonchim komil.

O'rnak-namuna va jadid bobolardan ibrat olmay — yangi O'zbekistonni qanday barpo etamiz?! Insonni, shaxsni o'rganish hamda ilmiy ta'rif-tavsif berish muammosi insonshunoslik bilan bog'liq ijtimoiy-gumanitar fanlarning barcha sohalari uchun abadiy jumboq, cheksiz-chegarasiz munozaralar olami. Kishilik jamiyatida ne-ne olimlaru fozillar, donishmandu allomalar inson shaxsining mohiyati uning paydo bo'lishi, ulug'ligi va buyukligi to'g'risida jamiyat sarvari va sardori sifatidagi voqeligini munozara qiladi, mushohada yuritadi, o'rganadi va tadqiq etadi.

Dunyo xaritasida O'zbekiston degan davlat paydo bo'lganini, jahon sahnida o'zbek bayrog'i hilpirashini ko'rish, madhiyamiz yangrashini eshitish, jahonga o'z so'zimiz bilan yuzlanish, o'z “men”imizni namoyon etish, ona tilimizda so'zlash — ko'yingki, o'zligimizni ko'rsatish hissini tuyish — buyuklik baxti nasib etdi! Bularning hammasi mustaqillik, ayniqsa, so'nggi to'qqiz yil ato etgan buyuklik, yangi tarix yaratayotgan yetakchi millat baxtidir.

Karim NORMATOV,

O'zbekiston Respublikasi

Harbiy xavfsizlik va mudofaa

universiteti professori,

tarix fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + four =