Xorazmda qora guruch

Xitoydan olib kelingan yangi sholi navidan

mo'l hosil olindi

Urganch tumanida faoliyat olib borayotgan “Xorazm nurli zamin” fermer xo'jaligi rahbari Dilshodbek hamisha izlanishda, nimanidir kashf etish orzusi bilan harakat qiladi. Qandaydir yangilik yaratishga intiladi. U Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safariga borganida mazkur davlatda qishloq xo'jaligi sohasida qanday ekinlar ekilayotgani bilan qiziqib, soha vakillari bilan suhbatlashdi va Xitoyda yetishtiriladigan qora guruchga alohida e'tibor qaratdi. Dilshodbek Norboyev xitoyliklar bilan muloqotda “Ushbu guruch urug'idan Xorazm viloyatiga olib borib eksa, vohaning iqlim sharoitiga to'g'ri keladimi?” deb so'radi. Mezbonlar unga, albatta, yaxshi hosil olishi haqida aytishdi. Dilshodbek ushbu guruch urug'larini o'zi bilan birga olib keldi va ekishga qaror qildi.

Natija kutilganidek bo'ldi. Bir tekis ko'kargan sholi maysalarining o'sishidan ko'ngli to'lgan Dilshodbek ularni yanada yaxshilab parvarishlashga kirishib ketdi.

Nihoyat, jo'jani kuzda sanaydigan palla yetib keldi. Guruch barvaqt pishib yetildi va yaxshigina hosil olindi.

Xo'sh, qora guruchning oq guruchga nisbatan qanday afzalligi va shifobaxshlik xususiyatlari bor?

— Qora guruchning o'zimiz iste'mol qilib kelgan oq guruchga nisbatan ancha afzalliklari bor ekan. Uning tarkibida oqsil va antioksidantlarga boy moddalar bisyor ekan. Shu jumladan, temir, sink, magniy, V vitamini mazkur guruch tarkibida juda ko'pligi hayratda qoldiradi. Eng muhimi, mazkur ozuqa bugungi kunda qon bosimidan shikoyat qiladigan insonlarga, ayniqsa, asqatadi. Qora guruch qon bosimini me'yorda ushlash bilan birga immunitetni mustahkamlashda ham kuchli ta'sirga ega. Bundan tashqari, diabet yoki xolesterindan aziyat chekadigan kishilar uchun juda shifobaxshdir. Ta'kidlash joizki, qora guruch sog'lom ozuqa bo'lganligi bois Xitoy, Yaponiya va Koreya davlatlarida ham sevib iste'mol qilinar ekan.

Ayni paytda qora guruch dunyodagi qimmatbaho don mahsulotlaridan biri sifatida qadrlanishi bejiz emas.

Dilshod Norboyevning tashabbusi bilan qora guruch ayni paytda tajriba sifatida ekilgan bo'lsa ham, kelgusida vohaning iqtisodiy jihatdan yuksalishiga ulkan hissa qo'shishi shubhasiz. Agar bu nav keng miqyosda yetishtiriladigan bo'lsa, Xorazm vohasida eksport qilinadigan xaridorgir mahsulotlar soni yana bittaga ko'payadi hamda xalqimiz farovonligiga mustahkam zamin yaratadi.

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + 4 =