O'ziga xos ijodiy ko'prik

Ko'ryapmiz, kuzatyapmiz, keyingi yetti-sakkiz yil ichida O'zbekistonning tashqi dunyo bilan, ayniqsa, mintaqamiz davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy masalalar bo'yicha olib borayotgan o'zaro hamkorlik aloqalari ko'pchilikni quvontirmoqda. Shuningdek, ushbu jarayonning ommaviy axborot vositalarida izchil yoritilayotgani alohida tahsinga loyiq.
Shu ma'noda “Farg'ona haqiqati” gazetasi ijodiy jamoasining ibratli tajribasi xorijlik hamkasblarimizda ham katta qiziqish uyg'otmoqda. Masalan, Koreya Respublikasining Seul shahri, Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi, Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda, Rossiyaning Sankt-Peterburg, Hindistonning Dehli, Misrning Qohira shaharlari, Qirg'izistonning Botken, Tojikistonning So'g'd viloyatida chop etilayotgan qator nashrlari ijodkorlari bilan o'rnatilgan hamkorlik geografiyasi yanada kengayib borayotir. Bu kabi axborot almashinuvi, tajriba o'rganish hamda birgalikda gazetalarning qo'shma sonlarini chop etish an'anasi nafaqat davlatlar, balki xalqlar o'rtasidagi ma'naviy aloqalarni ham mustahkamlash yo'lida o'ziga xos ko'prik vazifasini bajarmoqda. Asosiysi, mamlakat, viloyat, shahar-tumanlar aholisining tarixi, madaniy merosi, milliy an'ana, urf-odatlari ham shu tarzda targ'ibot etilyapti.
Xabaringiz bor, shu yilning 31 mart kuni ko'hna Xo'jand shahrida O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston davlatlari rahbarlari ishtirokida do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag'ishlangan oliy darajadagi uch tomonlama sammit bo'lib o'tdi. Bu tarixiy uchrashuvda, ta'kidlash kerakki, uchta qo'shni respublika xalqlari hayotiga bevosita daxldor qator siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy masalalar muhokama qilindi, foydali hujjatlar imzolandi.
Shu ma'noda, joriy yilning 4 aprelida O'zbekistonning Farg'ona, Qirg'izistonning Botken, Tojikistonning So'g'd viloyatlari gazetalarining qo'shma sonlari chop etilgani yuqorida biz mamnuniyat bilan ta'kidlayotgan unutilmas sammitga hamkasblarimizning tezkorlikda tayyorlagan hozirjavob tuhfasi bo'ldi, desak yanglishmaymiz. E'tiborlisi, “Farg'ona haqiqati”, “Haqiqati So'g'd”, “Botken tani” nashrlarida uchta viloyatda kechayotgan jarayonlar haqida o'zbek, tojik, qirg'iz jurnalistlarining bir sahifadan maqolalari e'lon qilindi.
Bu ibratli tajribani yana davom ettirish niyati borligini aytar ekan, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, respublika Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyat bo'limi raisi, “Farg'ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” tahririyatlari MChJ direktori Muhammadjon Obidov yaqinda farg'onalik jurnalistlardan iborat delegatsiya ishtirokida Turkiyaga ijodiy safar uyushtirilayotgani va Bursa shahrining bosh nashri bo'lmish “Oloy” gazetasi tahririyati bilan ham qo'shma son chop etishga kelishilganini ma'lum qildi.
O'ylaymizki, bunday ijodiy hamkorlik aloqalari, chin ma'nodagi bordi-keldi, salom-alikka yo'g'rilgan tajribalar boshqa OAV uchun ham jiddiy saboq, namuna bo'lmog'i kerak.
Norqobil JALIL,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.