Yaxshi sarlavha — yarim muvaffaqiyat

Aslida yaxshi sarlavha ma'lum bir vaqt sarflab yozilgan maqolaning mazmun-mohiyatini belgilaydi. Shuning uchun muallif maqolani yozib bo'lganidan keyin uni qayta-qayta o'qib, shunchaki jo'nlikdan qochib, orginallikka intilgan holda mushtariyning e'tiborini torta oladigan shakldagi sarlavhani tanlashi lozim. Gazeta yoki jurnalni qo'liga olgan kishi sahifalardagi maqolalarga ko'z yugurtiradi va o'zi kutmagan ajoyib sarlavhani ko'rganida, bu maqolaga nega bunaqa sarlavha qo'yilibdi, shuni bir o'qib chiqay-chi, deya alohida qiziqish bilan tezda mutolaaga   kirishadi.

Avvalgi yillardagi matbuot orqali barchamizga yod bo'lib ketgan “Fidoyi pedagog”, “Ezgulikka baxshida umr”, “Mehnatdan baxt topib…”, “Barakali hosil uchun”, “Ilm yo'lida zahmat chekib…”, “Sevimli kasbini ulug'lab…”, “Vazifalar belgilab olindi”, “Rahbar mas'­uliyatli bo'lsa…”, “Izlanganga tole yor”, “Uyushqoqliq bilan” kabi sarlavhalarning davri endi o'tdi. Zamon o'zgarishi bilan har bir sohada muhim yangilanishlar sodir bo'layotgan ekan, biz jurnalistlar ham yozayotgan maqolalarimizda avvalo, siyqa jumlalarni qo'llamasligimiz, faqat eng zarur fikrlar bilangina bitiklarimiz o'qishli bo'lishiga harakat qilishimiz kerak.

Gazetalarni varaqlaganimda e'tiborimni tortgan ayrim sarlavhalarni misol tariqasida keltiraman. Viloyatimizda ijod qilayotgan tajribali jurnalist Muhammadali Ahmad ko'plab muvaffaqiyatlarga erishgan nogiron sportchi ayol haqida yozgan maqolasini “Matonatning nomi — Natalya” deb atagani e'tiborli. Bunday sarlavhalar sarlavha tanlashda noan'anaviy uslub qo'llanganidan dalolat beradi. Gazetalar sahifalaridan o'rin olgan ayrim maqolalarning sarlavhalaridan esimda qolganlari ushbular: “Yangi O'zbekiston bog'iga tashrif: hayajon va hayrat”, “Hojilik unvonmi yoki martaba?”, “Diplomga “Dunyoqarash” degan kitob qo'shib berilmaydi”, “O'ynab gapirsang ham o'ylab gapir”, “Kuyayinmi-kulayinmi?”, “Yig'layotgan oriyat”, “O'sma endi faqat qoshga qo'yilmaydi”, “Odinaning yangi nomi — “Kitoboy”.

Demak, avvalo, yozilishi jarayonida muallifning o'zi tomonidan jumlalar qayta-qayta tahrir qilinib, matnlarga sayqal berilib, stilistik, imloviy, uslubiy, punktuatsion jihatdan kamchiliklardan xoli bo'lgan maqolaning muvaffaqiyatini yaxshi o'ylab topilgan sarlavha ham belgilashini chuqur anglashimiz lozim. Vaholanki shunchaki loqaydlik bilan munosib topilgan jo'n sarlavha hatto yaxshi   yozilgan mazmundor maqolaning ham yutug'iga soya solishi shubhasiz.

Hasan ABDUVOHIDOV,

                                           “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =